Mustaqil ish guruh: 3-4 Talaba: Murodov Ikromjon Ne’matulloyevich Mavzu
O`zbekistonning inflyatsiya ko`rsatkichi tahlili
Download 256.6 Kb.
|
Mustaqil ish
O`zbekistonning inflyatsiya ko`rsatkichi tahlili
2019 yilning avgustida iste’mol bozoridagi o‘rtacha narxlar darajasining oy davomidagi o‘sish sur’ati 2,9 %ni tashkil etdi. Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-avgust oylari davomida iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi 8,2 %ga qimmatlashdi. 2018 yilning avgust oyiga nisbatan respublika iste’mol sektoridagi o‘rtacha narxlar darajasi 16,5 %ga oshgan. 2018 va 2019 yillarning yanvar-avgust davrlaridagi oylik narxlar o‘zgarishi deyarli o‘xshash tendensiyaga ega: yanvar oyidan may oyigacha o‘rtacha narxlar darajasining ko‘tarilganligi, keyingi ikki oy davomida esa narxlar arzonlashib, avgust oyida iste’mol narxlari indeksi 100 %lik ko‘rsatkichdan yuqorini tashkil etgan. Biroq, taqqoslanayotgan davrlarning fevral-iyul oylaridagi narxlar o‘zgarishi ko‘rsatkichlari nisbatan bir-biriga yaqin bo‘lib, yanvar va avgust oylaridagi tavofut sezilarli darajani tashkil etgan (2018 va 2019 yillarning yanvar oylarida 2,7 % ga qarshi 1,5 %, 2018 va 2019 yillarning avgust oylaridagi ko‘rsatkichlar 0,3 %ga qarshi 2,9 %ni tashkil etgan). Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra inflyatsiyaning eng yuqori darajasi joriy yilning ikkinchi choragida kuzatilishi mumkin. Ayni vaqtda, 2020 yilning ikkinchi yarmida tariflar o‘sishining inflyatsiyaga ta’siri pasayib boradi va yil oxirida inflyatsiya darajasi prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqinlashadi. O‘tgan yillardagi inflyatsiya xususiyatining tahlili shuni ko‘rsatadiki, davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar va xizmatlar narxlarining muntazam tizimli ravishda oshirib kelinishi inflyatsiyaning asosiy omillaridan bo‘lgan. Ta’kidlash joizki, ushbu sohalarda narxlar shakllanishining bozor tamoyillarini joriy qilishni kechiktirish keyinchalik ham narxlarni har yil oshirib borishni talab qiladi. Bu, o‘z navbatida, qo‘shimcha inflyatsion bosimni yaratishda davom etadi va 2023 yilga kelib inflyatsiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichga – targetga erishishni qiyinlashtiradi. Narxlarning o‘zgartirishni bir bosqichda amaga oshirish orqali bozor tamoyillarini joriy etilishi inflyatsiyaga ma’lum darajada qisqa muddatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin, biroq bu, o‘z navbatida, ishlab chiqarish jarayonlarini rivojlantirish yo‘lidagi muammolarni bartaraf etishga, respublika hududlarida energiya resurslaridan foydalanish imkoniyatlarining kengayishiga hamda tovarlar va xizmatlar taklifi hajmining ko‘payishiga xizmat qiladi. Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar. 2020 yilning fevral oyida yillik inflyatsiya yanvar oyiga (14,3 foiz) nisbatan 0,8 foiz bandga va 2019 yilning dekabr (15,2 foiz) oyiga nisbatan 1,7 foiz bandga pasayib, 13,5 foizni tashkil qildi. 2020 yil fevralda bazaviy inflyatsiya 2019 yil dekabrga nisbatan solishtirganda 1,4 foiz bandga pasayib, 12,5 foizlik darajagacha tushdi. Inflyatsiya darajasining pasayishiga, birinchi navbatda, fundamental omillar, jumladan, iqtisodiyotni kreditlash hajmi va byudjet xarajatlarining o‘sish sur’atlarining sekinlashuvi, shuningdek, 2019 yilda yuzaga kelgan bir martalik omillar (o‘tgan yil yanvar oyida QQSga tortiladigan bazaning kengayishi, avgust oyida milliy valyuta kursining devalvatsiyasi hamda energiya resurslari narxining oshishi, oktabr oyida un va non narxining erkinlashtirilishi) ta’sirining qisqarishi sabab bo‘ldi. Mavsumiy tebranishlarning ta’sirining kamayishi joriy yilning yanvar-fevral oylarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqaror bo‘lishiga xizmat qildi va ushbu guruh narxlarining o‘sishi 2,4 foiznitashkil qildi (2019 yilning yanvar-fevral oylarida 4,9 foiz). Saqlash infratuzulmasining kengayishi va issiqxonalar tarmog‘ining rivojlanishi hisobiga qish oylarida meva va sabzavotlar narxining keskin oshishi kuzatilmadi. Xususan, 2019 yilning yanvar-fevral oylarida mevalar 15,6 foizga, sabzavotlar 13,8 foizga oshgan bo‘lsa, joriy yilda narxlar o‘sishi qariyb ikki barobarga pasayib, mos ravishda 7,7 foiz va 6,3 foizni tashkil qildi. 2020 yilning yanvar-fevral oylarida iqtisodiyotga ajratilgan kreditlarning o‘sish sur’ati 2019 yilning mos davriga (6,0 foiz) nisbatan 3,5 foiz bandga pasayib 2,5 foizni tashkil etdi. Kredit portfeli umumiy o‘sish sur’atining pasayishiga qaramasdan bozorning turli segmentlarida kreditlarning o‘sish dinamikasi turlicha bo‘ldi. Jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi iste’mol va ipoteka kreditlari segmentida yuqori o‘sish sur’ati (5,2 foiz) kuzatildi (umumiy kredit portfeli o‘sishining 38 foizini tashkil qildi). Ushbu kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarning nisbatan yuqori bo‘lishiga qaramasdan, ularga bo‘lgan talabning yuqoriligi quyidagilar bilan izohlanadi: iste’mol kreditlar bozori nisbatan yangi bo‘lganligi uchun uzoq yillar davomida yig‘ilib qolgan yuqori talab; iste’molchilar moliyaviy savodxonlik darajasining yuqori emasligi; eng asosiysi, mamlakatda bir necha yillar davomida yuqori inflyatsiya kuzatilganligi sababli, iqtisodiyotda yuqori foiz xarajatlarini qaytarishning qiyin bo‘lmasligi to‘g‘risidagi fikrlarning saqlanib qolishi. Xorijiy valyutadagi kreditlar foiz stavkalarining nisbatan past ekanligi ushbu kreditlar hajmining 3,4foizga oshishiga sabab bo‘ldi. Byudjet xarajatlari va iqtisodiyotni kreditlash hajmini qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan choralar muayyan darajada importga bo‘lgan talabning muvozanatlashuviga olib keldi. Xususan, 2020 yilning yanvar oyida importning yillik o‘sish sur’ati 23 foizgacha (2019 yilning yanvar oyida 43 foiz, fevral oyida 40 foiz) sekishlandi. Noaniqlik va xatarlar. Jahon iqtisodiyotida koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy muammolar O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham muayyan darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunda ta’sir ko‘lami jahon iqtisodiyotidagi xatarlarning davomiyligi bilan baholanadi. Iste’mol savatchasida sezilarli ulushga ega bo‘lgan Xitoydan import qilinadigan ayrim tovarlar hajmining qisqarishi ichki bozorda narxlarga ma’lum bosimni yuzaga keltirishi mumkin. Ichki narxlar darajasiga “koronavirus” ta’sirining bir martalik qisqa muddatli bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Xitoydan import qilinadigan tovarlar bo‘yicha qoplanmagan talab ichki ishlab chiqarishning kengayishi va boshqa davlatlardan yangi import yo‘nalishlarining yo‘lga qo‘yilishi orqali qoplanadi va natijada o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorlashadi. Ichki bozorda go‘sht va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabning sezilarli oshishiga nisbatan taklif hajmining nomuvofiq o‘sishi narxlarga ma’lum darajada bosim yaratadi. Chorvachilik sohasini tubdan rivojlantirish va bu uchun zarur bo‘lgan ozuqa bazasini shakllantirish orqali ichki bozorni uzluksiz go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash, ma’lum bir vaqtni talab qiladi. Shu bilan birga, boshqa davlatlardan (Belarus, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘izston) go‘sht importining yetarli darajada emasligi, shuningdek, go‘sht importi narxining oshishi o‘rta muddatli istiqbolda go‘sht narxiga ta’sir ko‘rsatadi. Yana bir bor ta’kidlash lozimki, transport infratuzilmasini, bozorlarda raqobatni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz gaz va elektr energiya bilan ta’minlash sohalarida zaruriy tarkibiy islohotlarni amalga oshirish inflyatsiya darajasi barqaror pasayishining asosiy omillaridan hisoblanadi. Inflyatsiya prognozi. 2020 yilning yanvar-fevral oylarida inflyatsiyaning pasayib boruvchi tendensiyasi kreditlarning yuqori o‘sishni oldini olish va fiskal intizomning kuchaytirilishi orqali iqtisodiyotda inflyatsiya bosimini va inflyatsiyaga nomonetar omillar ta’sirini pasaytirish, xususan tartibga solinadigan energiya resurslari narxlarini erkinlashtirish jarayonini kelgusi yillarga qoldirmasdan amalga oshirish mumkinligini ko‘rsatdi. Bunda, inflyatsiya darajasini prognoz doirasida ushlab turish quyidagilar omillar hisobiga ta’minlanadi: umumiy fiskal balans taqchillik, O‘TTJ daromad va xarajatlari muvozanatlashuvini ta’minlagan holda, 2020 yilda tasdiqlangan parametrlarga (YaIMga nisbatan 2,7 foiz) to‘liq mos bo‘lishini ta’minlash; banklar kredit portfelining mo‘tadil o‘sish sur’ati, ya’ni YaIMning nominal hajmi o‘sish sur’atidan oshmaydigan (25 foiz atrofida) darajada bo‘lishi hamda kelgusi davrda kredit bozorida segmentlashuv darajasining pasayishi bilan pul-kredit siyosatining joriy sharoitini saqlab qolish; tashqi qarzning muvozanatli o‘sishi, xususan, xorijiy valyutadagi kreditlar o‘sishi va iqtisodiyotdagi qarz yukining muvozanatlashuvi hamda dollarizatsiya darajasining pasayishi. Download 256.6 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling