MUSTAQIL ISHI Qabul qildi: Gulzina Ravshanova Bajardi: Jumanazarova Aziza
Mavzu:''Davlat tili haqida''gi Qonun va uning ijrosi: muammo va yechimlar
Reja - 1.''Davlat tili haqida''gi Qonun va uning ijrosi
- 2 Davlat tili to‘g‘risida qonunchilikdagi muammo va yechimlar
- 3. Xulosa va takliflar
2019 yil 21 oktabr kuni Davlatimiz rahbari “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi. Unga muvofiq 21 oktabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. “Davlat tili haqida”gi qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmaganini ham, mustaqillik yillarida o‘zbek tilini davlat tiliga aylantirish yo‘lida amalga oshirilgan qator chora-tadbirlarni ham xalqimiz juda yaxshi biladi. Ammo ushbu o‘tgan yillar ichida o‘zbek tili chindan ham davlat va xalq tili darajasiga erisha oldimi? Bu savol bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. - Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan, yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish bo‘yicha Atamalar komissiyasi tashkil etildi. Bu muhim hujjatning qabul qilinishi davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, bu sohada yana bir muhim qadam qo‘yildi. Chunki O‘zbekistonda shu vaqtgacha davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshiradigan yagona, mustaqil va markazlashgan tuzilma yo‘q edi. Biroq oldimizda bir qancha o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjud. “Davlat tili haqida”gi Qonunning bir qator normalari deklarativ va umumiy xarakterga ega bo‘lganligi sababli ko‘zlangan maqsadga to‘la erishishning imkoni bo‘lmayapti.
Xususan, “Davlat tili haqida”gi Qonunning (keyingi o‘rinlarda Qonun) 8-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinadi”, deb belgilangan bo‘lsada, ayrim sohalardagi davlat idoralarida hujjatlarni davlat tilida qabul qilish yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Bu esa ayrim hollarda jismoniy va yuridik shaxslarga noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. - Shuningdek, Qonunning 10-moddasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkinligi belgilanganligiga qaramasdan, ayrim sohalarda statistika va moliya hujjatlari, shartnomalar talab darajasida davlat tilida yo‘lga qo‘yilmagan. Xususan, ayrim xizmat ko‘rsatish sohalari (kommunal, internet xizmatlari va x.k.) tomonidan shartnoma, dalolatnoma, ogohlantirish xati kabi hujjatlar ko‘pincha davlat tilida rasmiylashtirilmayotganini ko‘rish mumkin. Qonunning 20-moddasida lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin deb belgilangan bo‘lsada, mazkur qoidaga har doim ham amal qilinmayapti. Xususan, ayrim savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohlari tomonidan bevosita yoki internet tarmoqlari orqali berilgan lavhalar va e’lonlarda davlat tili talablariga rioya qilmaslik holatlarini kuzatish mumkin.
- Masalan, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi savdo do‘konlari, umumiy ovqatlanish joylarida va ularning internet saytlarida xorijiy tilda yozilgan “mi otkrilis”, “rasprodaja”, “skidka”, “dostavka”, “sale” kabi so‘zlarni ko‘p uchratish mumkin. Vaholanki, o‘zbek tilida “chegirma”, “yetkazib berish”, “arzon narxda” kabi ushbu so‘zlarning muqobillari mavjud. Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining hujjatlarida o‘zbek tilida o‘rindoshi mavjud bo‘lgan so‘zlardan foydalanmasdan xorijiy atamalarni (termin, shtat, komissiya va boshqa shu kabi so‘zlarni) qo‘llash holatlarini ham uchratish mumkin. Bu kabi holatlarning mavjudligi, o‘z navbatida, davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish va shu orqali uning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish hamda mustahkamlash lozimligini anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |