Mustaqillik yillarida barcha sohalar singari O‘zbekistonda qonunchilik sohasida ham ko‘plab yutuqlar qo‘lga kiritildi. Xususan qonun ijodkorligi va uni takomillashtirishga qaratilgan mustahkam huquqiy bazaning yaratilishi
Download 42.29 Kb.
|
Qonun ijodkorligi
Mustaqillik yillarida barcha sohalar singari O‘zbekistonda qonunchilik sohasida ham ko‘plab yutuqlar qo‘lga kiritildi. Xususan qonun ijodkorligi va uni takomillashtirishga qaratilgan mustahkam huquqiy bazaning yaratilishi, bu borada olib borilgan ko‘p yillik islohotlar o‘z natijalarini berdi. Bu borada eng dastlabki qadam sifatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligini e’tirof etib o‘tish lozim bo‘ladi. Zero, Konstitutsiyaning 11-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi printsipiga asoslanadi” deb ko‘rsatilgan. O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar. Qonun ijodkorligi sohasidagi eng muhim yutuqlarimizdan biri — bu ikki palatali professional parlamentning shakllantirilishidir. Chunki, qonun ijodkorligi bilan yilida 2-3 marta parlamentga kelib ketadigan deputatlar emas, balki bu ish bilan muntazam shug‘ullanadigan, bu sohaga “sho‘ng‘ib ketgan” professional deputatlar shug‘ullanishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ikki palatali tizimda shakllantirilishi bu — yuqori palata tomonidan quyi palata faoliyatini nazorat qilishni nazarda tutmaydi. Aksincha, har ikki palataning tengligi va hamkorlikdagi faoliyati, ya’ni bir kemaning ikki langari bo‘lib, muvozanatni saqlagan holda mukammal qonunlarni qabul qilishdan iborat. O‘zbekiston Respublikasining “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyati va maqsadiga ko‘ra, qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mazkur hujjat qonun ijodkorligi faoliyatining aniq yo‘nalishlarini belgilab beradi hamda qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar, shuningdek, bunday huquqqa ega bo‘lmagan holda qonun loyihalarining ishlab chiqilishi jarayonida ishtirok etuvchi ekspertlar, mutaxassislar ishining samarali tashkil etilishini ta’minlaydi. Qonun ijodkorligi sohasidagi yana bir muhim va foydali o‘zgarish — bu kelishuv komissiyasi institutining joriy etilganligidir. Bunda Senat tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasi tuziladi. Quyi va yuqori palatalar o‘rtasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan ayrim kelishmovchiliklarni samarali bartaraf etish maqsadida tuzilgan Kelishuv komissiyasi hozirgacha o‘zining ijobiy tomonlarini namoyon etib kelmoqda. Kelishuv komissiyasi qonunning yagona matnini ishlab chiqish maqsadida Senatning har bir e’tirozini alohida-alohida ko‘rib chiqadi va uning qarorlari kelishuv komissiyasi tarkibiga kirgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlarning alohida-alohida ovoz berishi orqali qabul qilinadi. Qaror, agar komissiyaning har bir palatadan saylangan a’zolarining ko‘pchiligi uni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qabul qilingan hisoblanadi. Qonun loyihasi qaysi ijtimoiy munosabatni tartibga solishga qaratilganligiga qarab shu sohada faoliyat yurituvchi tegishli davlat organi tomonidan tayyorlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasida belgilab berilgan sub’ektlar qonun loyihalarini tayyorlash va kiritishda, Konstitutsiyaning 2-moddasida ko‘rsatilganidek, xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlari nuqtai nazaridan mazkur huquqlarini amalga oshirishlari kerak. Qonunchilik jarayonida jamiyatning boshqa a’zolari ham u yoki bu tarzda ishtirok etadilar. Konstitutsiya va qonunlar fuqarolarning qonunchilik jarayonida o‘z fikr-mulohazalari bilan ishtirok etishlarini cheklamaydi, aksincha imkoniyat yaratadi. Konstitutsiyaning 35-moddasiga ko‘ra fuqarolar qonun hujjatlarini takomillashtirish yoki o‘zgartirish to‘g‘risida qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektiga takliflar kiritishlari mumkin. Zero, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasiga muvofiq, qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lmagan davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va fuqarolar qonunlar loyihalarini yoki yangi qonun qabul qilinishi, qonunga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilishi, shuningdek amaldagi qonunni yoki uning bir qismini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish zarurligi to‘g‘risidagi takliflarni qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektiga ko‘rib chiqishi uchun kiritishlari mumkin. Qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lmagan davlat organlari, nodavlat tashkilotlar yoki fuqarolar tomonidan kiritilgan qonunlar loyihalarini yoki takliflarni qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ekti o‘zi ishlab chiqayotgan qonunlar loyihalari uchun asos sifatida qabul qilishi mumkin. Download 42.29 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling