Mustaqillik yillarida Mirzo Ulug`bek, Shoxrux Mirzo, Bobur
Download 24.57 Kb.
|
Mustaqillik yillarida Mirzo Ulug`bek, Shoxrux Mirzo, Bobur
Mustaqillik yillarida Mirzo Ulug`bek, Shoxrux Mirzo, Bobur Shohrux Mirzo Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li bo‘lib, 1377 yil 20 avgust, payshanba kuni olamga kelgan. Tarixchi Xondamirning bergan ma’lumotiga qaraganda, Shohruxning onasi Tag‘oy Turkon og‘o Sohibqironning xos kanizaklaridan bo‘lib, Amir Temur keyinchalik uni o‘z nikohiga kiritgan. Shunday bo‘lsa ham Shohruxni Saroymulk xonim tarbiyalab voyaga yetkazgan. Shohrux Mirzo yoshligidanoq ahkomi shariatga qattiq rioya qilib, diniy kitoblarga qiziqqan. U 20 yoshigacha otasi Sohibqiron qavatida bo‘lib, harbiy yurishlarda, jumladan, Falastin yurishida ham faol qatnashgan. Amir Temur 1397 yilda unga Xuroson, Seyiston va Mozandaron hokimligini bergach, to 1405 yilgacha Xuroson hukmdori degan nom bilan kifoyalanadi. . Fasih Xavafiyning yozishiga qaraganda, Shohrux Mirzo Hirotning nufuzli xo‘jazodalari rahnamoligida Xuroson hokimligini boshqargan. Amir Temur vafotidan so‘ng Shohrux Mirzo taxtga da’vogarlar qatorida valiahd Pir Muhammad Mirzo bilan ittifoq tuzib, samarqand hukmdori Xalil Sultonga qarshi kurashadi. 1407 yili Pir Muhammad Mirzoning fojiali o‘limidan so‘ng yakka o‘zi kurashni davom ettirib, 1409 yili Xalil Sulton ustidan qo‘li baland kelib, taxtni qo‘lga kiritgach, Movarounnahrni to‘ng‘ich o‘g‘li Ulug‘bek Mirzoga, Balxni ikkinchi o‘g‘li Sulton Ibrohim Mirzoga, Hisorni marhum Muhammad Sulton Mirzoning o‘g‘li Muhammad Jahongir Mirzoga, Farg‘onani esa marhum akasi Umarshayx Mirzoning o‘g‘li Ahmad Mirzoga in’om qilib, o‘zi Hirotga qaytib ketadi. Shohrux Mirzo asta-sekin o‘z akalari Jahongir, Umarshayx va Mironshohlarning avlodini har xil yo‘llar bilan o‘ziga tobe qilib, Movarounnahr, Ozarbayjon, Iroq, Xuroson va Shimoliy Afg‘onistondan iborat katta bir davlat jilovini o‘z qo‘liga kiritib, Hirotni o‘zining poytaxti deb e’lon qiladi va «ulug‘ xoqon» sifatida saltanatni boshqarishga kirishadi. Shohrux Mirzo ko‘p vaqtini toat-ibodat va kitob mutolaasiga sarflarkan, devon va saltanatni boshqarishda o‘ktam va tadbirkor xotini Gavharshod begim faol ishtirok ettan. Shohrux Mirzo ixlos va niyozmandlik yuzasidan darveshlar hamda go‘shanishinlarga iltifotlar ko‘rsatib, Hirotning Jome’ masjidida juma namozini xaloyiq bilan birga o‘qirdi. Juma namozlarining birida (1427 yil 21 fevral) Ahmad nomli kimsa masjid ichida Shohrux Mirzoga pichoq sanchadi. Ahmad o‘sha zahoti qatl etiladi. Tabiblarning jonbozligi bilan qilingan muolajadan so‘ng zaxm bitib, Shohrux Mirzo tuzalib ketadi. Shohrux Mirzo umrining oxirigacha o‘z o‘rniga valiahd tayinlashga ikkilanib yuradi. 1446 yili Shohrux Mirzo o‘z nabirasi, Qazvin, Ray va Qum viloyatlari hukmdori Sulton Muhammadga qarshi yurish boshlaydi. Chunki Sulton Muhammad bobosi Shohrux Mirzoga qarshi bosh ko‘tarib, Hamadon va Isfahonni bosib olib, Sherozni qamal qilgan edi. Shohrux Mirzo qo‘shini g‘arbiy Eronda hech qanday qarshilikka uchramaydi. Nimagaki, bobosining kelayotganini eshitgan Sulton Muhammad Sheroz qamalini bo‘shatib, toqqa qochgan edi. Qo‘zg‘olon aybdorlari ayovsiz jazolanadilar. Mazkur harbiy yurishdan qaytayotganda Shohrux betoblanib, 1447 yili Ray viloyatida, 70 yoshida vafot etadi. Xuroson Shohrux Mirzo davrida siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan ancha rivojlandi, ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi. Masjidlar, madrasalar, xonaqohlar, rabotlar, sardobalar, qishloq va qo‘rg‘onlar qurilib, mazkur qurilishlar vaqf mulklari bilan ta’minlandi. Shohrux Mirzoning mo‘tadil ichki va tashqi siyosati Xurosonda tinchlikning barqaror bo‘lishiga olib keldi. Bu davrda tijorat, hunarmandchilik, dehqonchilik yuqori darajaga ko‘tarila boshladi. Ayniqsa, hunarmandchilik, to‘qimachilik, me’morchilik, o‘ymakorlik, xattotlik, muqovasozlik hamda qog‘oz ishlab chiqarishga katta e’tibor berildi. Shuningdek, metallni qayta ishlash, qurilish asbob-uskunalarini tayyorlash, kulolchilik san’ati o‘sdi. Bulardan tashqari zargarlik, kashtado‘zlik, kandakorlik, shohi va boshqa xil matolar to‘qib chiqarishga e’tibor kuchaydi. Jumladan mahalliy va xorijdan olib kelingan xomashyolardan banoras, atlas kabi matolar ishlab chiqarila boshlandi. Shu kasbning mohir ustalari yetishib chiqdi. XIV—XV asrlarda Xurosonda kulolchilik san’ati sopol buyumlar bilan bir qatorda suv inshootlarida, ulkan binolar qurilishida ishlatiladigan sopol quvurlar, xilma-xil shakl va ranglar bilan jilolangan sopol koshinlar ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yildi. Shohrux Mirzo mamlakat istiqbolini ko‘zlab Xitoy va Hindiston hukmdorlari bilan diplomatik munosabatlarni yaxshilashga harakat qildi. Mazkur mamlakat elchilari Samarqand va Hirotda, o‘z navbatida G‘iyosiddin Naqqosh rahbarligida Xitoyda, Abdurazzoq Samarqandiy boshchiligidagi elchilar Hindistonda bo‘ldilar. Shohrux Mirzo Hirot shahar qal’asining janub tomonida (1410— 1411) madrasa va xonaqoh bino qildirdi. Bu paytda poytaxt Hirot va umuman Xurosonda madaniy va maishiy qurilishlar keng quloch yozadi. Hirotda bir necha shifoxonalar mavjud bo‘lib, bularning qatorida yana ikkita «Dorushshifo» quriladi. Bu shifoxonalarning bittasi Shohruxning uchinchi xotini Mulkat og‘o (Mulk og‘o) tarafidan, ikkinchisi esa Shohruxning nabirasi Alouddavla (1417—1460) tomonidan qurdirilgan edi. Mulkat og‘o ham Gavharshod begim kabi Hirotda «Dorulhadis» nomli xonaqoh, ikkita hammom, Hirotdan 8 farsax narida, Amudaryoga boradigan yo‘l ustida bitta rabot, Balx shahrida bir madrasa qurdirdi. Shohrux davrida Hirotda qurilgan eng katta yodgorliklardan biri malika Gavharshod begim tarafidan qurdirilgan ulkan madrasa va mazkur madrasa yonida qad ko‘targan xonaqohdir. Bu binolar 1417 yilda boshlanib, 1437 yilda qurib bitkazilgan. Mazkur madrasa va xonaqoh hozirgi kungacha yetib kelgan bo‘lib, xonaqohga uning ayrim o‘g‘illari, Gavharshod begim va boshqa Temuriy shahzodalar va malikalar dafn etilgan. Shohrux Mirzo saroyida xizmat qiluvchi amaldorlar, beklar, sarkardalar o‘z nomlarini abadiylashtirish maqsadida bir qator madaniy va maishiy binolar qurdirishgan. Chunonchi, Hirotning Xiyobon mavzeida Qurbon Shayx, Feruzshoh, Chaqmoq Shoh, Alayh Ko‘kaddosh madrasalari qad rostlagan edi. Bu madrasalarda diniy bilimlar bilan bir qatorda tilshunoslik, adabiyot, tarix, jug‘rofiya, handasa, riyoziyot, falakiyot kabi ilmlar o‘qitilardi. Bulardan tashqari, falsafa, mantiq va musiqa ilmi ham ancha rivojlangan edi. Hirot qadim zamonlardan turli-tuman diniy va ilmiy kitoblarga boy shaharlardan hisoblangan. Shohrux Mirzoning o‘zi ham kitobga o‘ch kishi bo‘lib, o‘zining boy shaxsiy qutubxonasi, o‘g‘li Boysung‘ur Mirzoning ham ajoyib kutubxonasi bo‘lgan. Bu kutubxonalar qimmatli asarlarga boyligi va xilma-xilligi bilan shuhrat qozongan. Samarqand shahridagi tepaliklaridan birida g‘ayrioddiy inshoot bor. U besh asrdan ko‘proq vaqt oldin qurilgan bo'lib, Ulug‘bek rasadxonasi hisoblanadi. Bu inshoot O‘rta asr astronomiyasida katta yutuqlarga erishish imkonini berdi. Muhammad Tarag‘ay ibn Shohrux ibn Temur Ulug‘bek Ko‘ragon 1394-yilda Amir Temurning to‘ng‘ich o‘g‘li Shohrux oilasida tug'ildi. 10 yoshida u poytaxti Samarqand bo‘lgan Movarounnahrning ulkan hududini boshqargan, ammo tarixda u qattiqqo‘l hukmdor emas, balki buyuk olim bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek dunyodagi eng ilmli insonlaridan biri va, hatto, o‘z davridan ilgarilab ketgan inson edi. Ehtimol, Ulug‘bek qilgan hamma narsani ham zamondoshlari tushunishmagan. Ulug‘bek 8 yoshida o‘zining mashhur bobosi Amir Temur bilan Kichik Osiyo va Suriyaga yurish qiladi. Bir marta Marog‘a shahrida yosh Ulug‘bek XIV asrning o‘rtalariga qadar mavjud bo‘lgan va o‘z davrining eng yirik astronomik rasadxonasi hisoblangan mashhur Marog‘a rasadxonasini ko‘radi. Unda 400 mingga yaqin qo‘lyozmalar mavjud bo‘lib, 100dan ortiq astronomlar ishlagan. Aytilishicha, o‘sha paytdan boshlab Ulug‘bek astronomiyaga juda qiziqib kelgan. Hukmdorning keng bilimi va kuchi evaziga Mirzo Ulug‘bek o‘sha paytda eng jihozlangan astronomik markazni yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Observatoriya doirasimon shaklda bo‘lib, diametri 46 metrga yetardi va balandligi o‘n qavatli bino darajasida edi. Inshoot uch qavatli bo‘lishiga qaramay, har bir qavati o‘n metrga baland edi. Ulug‘bek ichkarida meridian chizig‘i bo‘ylab kvadrant - uzunligi 64 metr bo‘lgan va 90 gradusga og‘dirib o‘rnatilgan katta uskunani qurdirdi. Teleskop ixtiro qilinishidan oldin bunday kvadrant yulduzlarning ufqdan balandligini o‘lchash va bunday o‘lchash amalga oshirilgan nuqtaning koordinatasini aniqlash uchun jihoz bo‘lib xizmat qilgan. Ulug‘bekning o‘sha davrdagi kvadranti dunyodagi eng kattasi bo‘lib, shu bois eng aniq ham edi. Rasadxona ikki qismdan iborat bo‘lib, yerosti qismi saqlanib qolgan. Mirzo Ulug'bek o‘z rasadxonasida kunu tunni o‘tkazardi. Mehnatlarining natijasi – "Gurgan Zij" yulduzlar katalogi bo‘lib, unda astronom 1018 yulduzni tasvirlab, ularni 38ta yulduz turkumiga ajratdi. Mirzo Ulug'bek misli ko‘rilmagan aniqlik bilan yulduzli yilning uzunligini 365 kun, 6 soat, 10 daqiqa, 8 soniya ekanligini hisoblay oldi, bunda xatolik bir daqiqadan kam vaqtni tashkil etdi. Shuningdek, u Yer o‘qining og‘ishini aniqladi. Ulug‘bekning hayoti davomida ilmiy ishlari butun dunyoga ma’lum bo‘lgan. U haqida Xitoyda yozishgan va gapirishgan, Ulug‘bekning astronomik hisob-kitoblaridan foydalanishgan. Oradan 200 yil o'tib, ingliz olimlari Ulug‘bekning kashfiyotlari bilan shug‘ullanishdi. Uning ilmiy asarlari lotin tiliga tarjima qilindi. Ulug‘bek nafaqat astronom, balki matematik, ma’rifatchi, shoir, tarixchi hamdir. XV asrda u insonlarni ta’limga chorlagan: "Muslimlar ham, muslimalar ham bilimga ega bo‘lishi kerak". Ulug‘bek xalqqa ma’ifat berishni juda istar edi. Shu maqsadda u madrasalar – oliy ta’lim muassasalarini qurdirdi. Buxoroda, Samarqandda madrasalar barpo etildi. Ulardan biri, eng mashhuri, Samarqandning Registon maydonidagi ansambl tarkibiga kiradi. O‘sha olis davrlarda fanga ishtiyoq xavfli mashg‘ulotga aylandi. Mirzo Ulug‘bek din peshvolarini o‘ziga qarshi qo‘ydi, harbiy yutuqlarning yo‘qligi esa uning obro‘siga putur yetkazdi. Natijada, Ulug‘bekning to‘ng‘ich o‘g‘li Abdullatif boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Ota va o‘g‘il o‘rtasidagi hal qiluvchi jang Samarqand yaqinida bo‘lib o‘tdi. Ulug‘bek qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchradi va u taslim bo‘lishga majbur edi. Abdullatifning roziligi bilan Mirzo Ulug‘bek Makkaga yo‘l oldi, ammo yo‘lda xoinlar Ulug‘bekni ushlab, hukmdorning boshini olishdi. Bu voqea 1449-yil 27- oktyabrda sodir bo‘ldi. Mirzo Ulug‘bek vafotidan keyin rasadxona yana 20 yil ishladi, ammo tez orada yopildi va bino asta-sekin qulab tushdi. Rasadxona 1908-yilda ochildi. Arxeolog Vyatkin mavjud hujjatlardan foydalanib, Samarqanddagi Ulug‘bek rasadxonasini topdi. Buyuk Amir Temurning beshinchi avlodi Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yilda Andijonda tugʻilgan. U koʻplab iste’dodlarga ega boʻlgan inson edi: Hindiston va Afgʻonistonni zabt etgan buyuk sarkarda va davlat arbobi, lirik asarini sharq she’riyatining yorqin asarlari bilan taqqoslash mumkin boʻlgan buyuk shoir, buyuk yozuvchi, geograf va tarixchi, biolog. Uning qalbida ajdodlari va zamondoshlarining ijodi alohida oʻrin egallagan. Javaharlal Neru, Mahatma Gandi kabi hind davlat arboblari va olimlari Bobur (1483-1530) hamda Boburiylar nafaqat Hindiston uchun, balki taraqqiy etgan dunyo tarixida ham katta ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etdilar. Bobur hamisha el-yurt, xalq uchun mas’uliyatni his etib kelgan. U oʻz oldiga Temuriylar davlatini barpo etish, Samarqand atrofida markazlashgan imperiya tuzish, shu tariqa Sohibqironning orzusini roʻyobga chiqarish vazifasini qoʻydi. Ammo uning istaklari amalga oshmadi. Taqdir irodasi bilan Qobulda taxtga chiqdi, Hindistonda buyuk Boburiylar imperiyasiga asos soldi. Temuriylar sulolasining buyuk vakillari hisoblanmish boburiylar tarixi hind xalqlari tarixida oʻzining munosib oʻrniga ega. G‘arbdagi boburshunos olimlardan biri ingliz olimi Valdemar Xansen oʻzining 1986 yilda Dehlida chop etilgan “Tovus toj yoki moʻgʻullar saltanati qismati” kitobida boburiylar sulolasining Hindistondagi 332 yillik faoliyatiga yuksak baho beradi: “Hindiston va uning 8 ming yillik tarixi bamisoli bir tovus boʻlsa, oʻsha koʻp ming yillik tarixdagi boburiylar sulolasining 332 yillik hukmronlik davri ana shu tovusning gultojisidir”. Hindistonda davlatchilik siyosatini mustahkamlash, mayda-mayda feodal, rojaliklarga bo‘linib ketgan yurtni yaxlit davlatga aylantirish, o‘lka viloyatlarini markaziy saltanatga birlashtirish kabi maqsadlarda Bobur Mirzo Hind zamini sari harbiy yurishlarini amalga oshirdi. 1525-yilda Bobur Rano Sango bilan ittifoq tuzib, Shimoliy Hindistonni egallash maqsadida Ibrohim Lo’diyga qarshi jangga kirdi.1525-yil kech kuzda Bobur Panjobni bo‘ysundirdi, 1526-yilda Panipat qishlog‘i yaqinidagi birinchi jangda Boburshoh qo‘shini Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning ukasi Mahmud Lo‘diy qo‘shini ustidan g‘alaba qozonib, Bengal shohi Nusratshoh bilan do‘stona aloqalarni o‘rnatdi. 1526-yil apreldagi Panipat jangida Bobur asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning 100 ming kishilik qo‘shinini o’zining 12 minglik askari bilan tor-mor qiladi hamda Dehlini egallaydi. 1527-yil martda Bobur Sikri yaqinidagi jangda rajputlar sardori Rano Sango qo‘shinini tor-mor etib, butun Shimoliy Hindiston bo‘ysundurdi. Zahiriddin Bobur Hindistonda Boburiylar imeriyasiga asos solish bilan birga, pochta-aloqa sohasiga ham jiddiy o‘zgartirishlar kiritdi, vaqt birligiga yangilik joriy etdi, arxitekturada Movarounnahr me’morlik uslublarini qo‘lladi, milliy artilleriya, harbiy-dengiz flotiga asos soldi. Buyuk Boburiylar imperiyasi davri nafaqat tarixiy ahamiyatga ega, balki Hindistonni ulkan me’moriy yodgorliklar, noyob adabiy-tadqiqot ishlari bilan boyitdi. Hindistonning Buyuk Boburiylar sulolasiga qarashli me’moriy obyektlari – Fotihpur-Sikridagi Shoh saroy majmuasi, Agra, Dehli va Lahor qirgʻoqlari saroylari va bogʻlari kabilardir. Boburiylar tomonidan yaratilgan bogʻlarning eng koʻzga koʻringan namunalari – Kashmirdagi Shalimar (1620) va Lahor bogʻlari (1642), Anantag yaqinidagi Achabal bogʻi, Chashma Shahi Bagh (1632), Kashmirdagi Nishat Bagh bogʻi (1633), Lahor, Dehli, Agra qirlari ichidagi koʻplab bogʻlar; Qobuldagi maqbara va oʻnlab bogʻlar. Bobur doimo bogʻdorchilik faoliyatiga alohida mehr berdi va Hindiston hamda Pokistonda hanuzgacha Samarqand nomi bilan mashhur boʻlgan uzumning yangi navlarini oʻstirdi. Hozirgacha uning koʻplab bogʻlari “Boburi Anguri Xudo” – “Bobur uzum bogʻlari” deb nomlanadi. Zahiriddin Muhammad Boburning Hindistonni qoʻlga kiritishi tufayli Hindistonda buyuk oʻzgarishlar sodir boʻldi, san’atda, me’morchilik va madaniyatning qator sohalarida ulkan oʻzgarishlar yuz berdi. Boburning tarixchi, geograf, etnograf, nasriy yozuvchi va shoir sifatidagi layoqati hozirgi kunda jahon sharqshunoslari tomonidan keng e’tirof etilmoqda. Tarixchi, iste’dodli soʻz san’atkori, davlat arbobi va sarkarda Bobur vafotidan toʻrt asrdan koʻproq vaqt oʻtdi, ammo uning nomi boqiydir. Hindiston boburiylardan boʻlgan Humoyun, Akbarshoh, Jahongirshoh, Shohjahon davrlarida, ayniqsa gullab-yashnadi, hududlari kengaydi. Xususan, Akbarshoh va uning nabirasi Shohjahon hind xalqining qalbidan chuqur joy oldilar. Boburshohning yuragi ba’zan Vatanni – Andijonni qoʻmsab tursa ham, vaqti soati kelib boqiy dunyoga ketgunicha hayotining qolgan qismini Hindistonda bunyodkorlik, davlat va ma’muriy ishlarni odilona hal qilish bilan oʻtkazdi. Boburiylar butun dunyoga mashhur boʻlgan tarixiy obidalarni bunyod etdilarki, ular hozirda ham dunyoni lol qoldirib kelmoqda. Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Bobur va boburiylar xalqimizning buyuk farzandlaridir. Ular oʻzlarining serqirra faoliyati va ijod durdonalari bilan jahon madaniyati tarixiga munosib hissa qoʻshdilar. Download 24.57 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling