Umumiy pedagogik tahlil. Umumiy pedagogik tahlil – darsdagi hamma jihatlarning qisqa va yengil ko‘rinishdagi tahlilidir.
O‘qituvchi darsiga kirishdan oldin yoki darsi kuzatilgach, uning sinf qaydnomasini yuritish, o‘quvchilarning daftarlarini tekshirib borishning ahvoli, ota-onalar bilan olib borilgan ishlari kabi barcha faoliyatdagi yutuq va kamchiliklarni tahlil etilgan darsdagi yutuq, kamchiliklar bilan teng ko‘rsatib o‘tish foydalidir.
Darsni umumpedagogik jihatdan tahlil qilganda quyidagilar hisobga olinadi:
dars jihozlari;
dars bosqichlaridan to‘g‘ri foydalanish;
o‘qituvchining pedagogik-psixologik jihatdan namunali shaxs darajasiga ko‘tarila olishi;
o‘quvchi bilimiga qo‘yiladigan bahoning xolisona, izohli bo‘lishi;
o‘quvchilar intizomi;
o‘qituvchining o‘quvchiga bergan savollari;
o‘quvchining o‘qituvchiga bergan savollari.
Umumiy pedagogik tahlil sohasidagi tajribalardan kelib chiqib, quyidagi maslahatlarni doimo yodda tutmoq kerak:
Berilgan savolga darrov javob ayta olmaydigan o‘quvchi uchun bir oz qo‘shimcha vaqt berilishi lozim.
Javobni boshlashda qiynalgan o‘quvchiga o‘qituvchining yordam berib yuborishi o‘rinlidir.
O‘quvchi bilimiga qo‘yilgan bahoni albatta sharhlash kerak.
Muomala va muloqotda ehtiyotkor bo‘lish lozim.
O‘z darsini o‘zi tahlil qilish. (Audio tahlil) Darslar faqat o‘zgalar tomonidan tahlil qilinibgina qolmay, ular dars olib borgan o‘qituvchining o‘zi tomonidan ham tahlil qilinishi mumkin.
Kamchiliklarni tuzatish, o‘z darsini qayta ko‘rish maqsadida o‘qituvchi darsdan chiqqach, dars jarayonini to‘la eslashga harakat qiladi. Har bir dars bosqichida bajarilgan ishlar, qo‘llanilgan usullarni tahlil qiladi, ularni nimalar bilan to‘ldirish kerakligini aniqlaydi.
O‘z darsini o‘zi tahlil qilish davomida erishilgan yutuqlarini yaqqol ko‘rish va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun ilg‘or tajribali o‘qituvchi darslariga kirib, o‘z darslari bilan taqqoslashi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |