Muzaffar mamatqulov navoiyshunoslik
Download 335.49 Kb.
|
portal.guldu.uz-NAVOIYSHUNOSLIK
- Bu sahifa navigatsiya:
- “Nasoyim ul-muhabbat”
- “Tarixi muluki Ajam”
Ilohi, akram ul-akramin – sen va men – gunohkor.
Ilohi, arham ar-rohimin – sen va men tiyraro‘zgor. Ilohi, agarchi jurmu isyondin o‘zga ishim yo‘q, ammo sendin o‘zga ham kishim yo‘q... “Munojot” asari mohiyatan Haq vasliga tashna, oriflik maqomiga erishgan oshiqning hissiyotlarini o‘zida aks ettirib, janriy jihatdan nazm va nasr xususiyatlarini namoyon qiladi. Asarning o‘ziga xos musiqiy ohangi, saj’ usulidan mahorat bilan foydalanilganligi uning badiiy jihatdan qiymatini oshirgan, deb aytish mumkin. Mazkur asar o‘zining g‘oyaviy va badiiy xususiyatlari bilan mumtoz adabiyotimizdagi shoh asarlari sifatida o‘z o‘rniga egadir. Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” (to‘liq nomi “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyilu-l-futuvvat” – “Mardlik xushbo‘yliklarini taratuvchi muhabbat shabadalari”) asari 1495-96 yillarda yaratilgan bo‘lib, Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns min hazarotu-l-quds” (“Do‘stlik tarovati”) asarining ijodiy tarjimasidir. Asarning tanqidiy matni muallif yashagan davrda ko‘chirilgan nusxa asosida 1996 yil Turkiya (Anqara)da Kamol Eraslon tomonidan yaratilgan. 2011 yil navoiyshunos olim H.Islomov ham mazkur asarning ilmiy-tanqidiy matnini yaratib, chop qildirdi. Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns” asarida 616 ta shayx haqida ma’lumot keltirilgan. Hazrat Navoiy bu ma’lumotlarni qayta ishlab, to‘ldirib, shayxlar sonini 770 taga etkazadi, ulardan 35 tasini avliyo ayollar tashkil etadi. Adabiyotshunos olim N.Ramazonov “Nasoyim”ning o‘ziga xos xususiyatlariga doir” maqolasida32 “Nasoyim ul-muhabbat” va “Nafohatu-l-uns”ni qiyoslar ekan, hazrat Navoiy tazkiraning kirish qismini tarjima qilmasdan o‘zi yozganini ma’lum qiladi. “Nasoyim ul-muhabbat” muqaddima (hamd, na’t va asar yozilish sababi, “Bu toifa muqaddima tamhidi”, “Bu toifa a’molu af’oli va muomilatu riyozotidin ba’zini zikr qilmoq”), 770 shayx zikrini o‘z ichiga olgan asosiy qism va xotimadan iborat. Hazrat Navoiy asarning yozilish sabablari haqida to‘xtalar ekan, Jomiy va o‘z tazkirasi o‘rtasidagi farqlarni aytib o‘tadi. Unga ko‘ra: - “Nafohat ul-uns”da Farididdin Attorning “Tazkiratu-l-avliyo” asaridagi ba’zi avliyolar tushirib qoldirilgan, Navoiy esa ularni o‘z tazkirasida zikr qilgan; - Jomiyda hind va turk mashoyix (shayx)lariga keng o‘rin ajratilmagan, lekin hazrat Navoiy mumkin qadar ularning barchasini o‘z asarida aks ettiradi; SHuningdek, shoir “Nasoyim ul-muhabbat”da Abdurahmon Jomiy va uning zamondoshi bo‘lgan valiy zotlar hayoti va faoliyatini ham yoritganini ma’lum qiladi. “Bu toifa sulukida muqaddima tamhidi” deb atalgan qismda Navoiy inson yaratilishi sababi, Allohning hikmati, payg‘ambarlar sayyidi Muhammad sallallohu alayhi va sallamning Haqqa habib ekanligi bilan bog‘liq tushunchalarni bayon qiladi. Alisher Navoiy Rasululloh sallollohu alayhi va sallamdan so‘ng payg‘ambarlik eshigi berkitilgan bo‘lsa-da, mo‘minlar pok e’tiqod, taqvo bilan Allohga do‘stlik – valiylik maqomiga erishishlari mumkin, chunki “Olimlar – payg‘ambarlarning vorislaridir”, valiy zotlarning barchasi Alloh yo‘lida sobit bo‘lgan zotlardir, ular xalqni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi, deb ta’kidlaydi. Muqaddimaning “Bu toifa a’molu af’oli va muomilatu riyozotidin ba’zini zikr qilmoq” deb nomlangan qismi avliyolarning a’moli – amallari, af’oli – fe’l-atvori, muomilotu riyozati – muomalasi (xalq bilan munosabati) va Haq yo‘lida chekadigan mashaqqatlarini yoritishga bag‘ishlangan. Unda valiy zotlar bilan bog‘liq luqma halolligi, shariatga amal qilish, imon kalimasini ruhga singdirish, besh vaqt namoz o‘qish, zakot berish, ro‘za tutish, haj qilish, odob, hilm,taqdirga rizo bo‘lish va sabr qilish, sidq – rostgo‘ylik, riyozat chekish kabi amallar keltirib o‘tiladi. Bu fazilatli amallar oddiy odamlarnikidan farq qiladi. Asarda keltirilishicha, imon kalimasi – kalimai shahodatni hamma chin dildan aytishi mumkin, lekin valiylar bu kalomni aytib, hushlarini ham yo‘qotishlari mumkin. YOki shariatda zakot molning qirqdan bir qismini faqirlarga berish bilan amalga oshirilsa, valiylar qo‘lidagi narsaning ortig‘i bilan ehson qilishni zakot deb bilishlari haqida ibratli fikrlar keltiriladi (shayx Abu Bakr SHibliyning bir faqihga bergan javobi misolida). Bundan tashqari, luqma halolligiga erishish uchun har bir valiy zot o‘z kasbi koriga ega bo‘lgan. Masalan, SHayx Abu Said Xarroz, Xoja Abdulloh Ansoriylar etikdo‘zlik, shayx Muhammad Sakkok pichoqchilik, shayx Abu Hafz Haddod temirchilik bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Islom aqidasiga ko‘ra mo‘‘jiza va karomat haqdir. Mo‘‘jiza payg‘ambarlar tomonidan Allohning qudrati bilan amalga oshiriladigan va inson aqli etmaydigan hodisalar bo‘lsa, avliyolarning bu kabi ishlari karomat deyiladi. Bular umumiy xavoriqi odat – g‘ayriodatiy, g‘ayritabiiy ishlar, deb ataladi. Masalan, duolar ijobati, g‘ayb sirlaridan ogoh bo‘lish, inson ko‘nglidagi o‘yni anglash, suv va taomsiz ro‘za tutish, bir lahzada dunyoning u chetidan bu chetiga borib qolish kabi oddiy inson aqli uchun g‘ayritabiiy bo‘lgan holatlar avliyolarga xos bo‘lib, ularni ko‘p oshkor qilmaslik valiyning yuksak maqomini bildiradi. SHundan so‘ng bevosita valiylarning nomlari va tarjimai holi bilan bog‘liq ma’lumotlar keltiriladi. Nomi zikr etilgan ilk valiy zot – avliyolar sultoni deb ulug‘langan Uvays Qaraniydir. Uvays Qaraniyning Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamga g‘oyibona oshiq bo‘lganligi, uning kuchli va mustahkam muhabbati barcha islom ummati uchun ibrat hisoblanadi. Asarda avliyolarga doir ma’lumotlar turli hajmda bo‘lib, ba’zilari haqida bir jumla bilan kifoyalanilsa, ba’zi shayxlar ta’rifiga keng o‘rin ajratiladi. Avliyolarning tarjimai holidagi ma’lumotlar muayyan mezonlarga ega emas: ayrim shayxlarning yashagan yillari, joylari, kasbi korlari va hokazolar bilan bog‘liq ma’lumotlar batafsilroq keltirilsa, ba’zilarining faqat karomat yoki o‘gitlaridan parcha beriladi. Tazkirada asosiy e’tibor valiy zotning amaliga qaratilgan. Har bir avliyo shariat hukmlarini so‘zsiz va itoat bilan ado etib, Haq vasli talabida mol-dunyo tashvishidan, o‘z borligidan mutlaqo voz kechadi. Bu dunyoga zarracha muhabbat qo‘yish Haq ishqiga soya soladi, deb e’tiqod qilinadi. Har bir avliyo haqidagi ma’lumotlar tarkibida arab tilidagi baytlar, hikmatli fikrlar berib boriladi. “Nasoyim ul-muhabbat” tarkibida tilga olingan avliyolar orasida islomdagi to‘rt mazhab boshliqlari – imom A’zam, imom Molik, imom SHofe’iy, imom Ahmad ibn Xanbaldan tortib Muhammad G‘azzoliy, Bahouddin Valad, o‘g‘li Jaloliddin Rumiy, Rumiyning o‘g‘li Sulton Valad kabi buyuk zotlar haqidagi turli qiziqarli, ibratli hikoyalarga duch kelamiz. Ushbu avliyolar haqidagi ma’lumotlar ilmiy asosga ega bo‘lib, tasavvuf tarixini o‘rganishda alohida ahamiyat kasb etadi (Masalan, Jaloliddin Rumiyga bolaligida Fariddin Attor o‘zining “Asrornoma” asarini hadya qilishi yoki SHamsiddin Tabriziy va Rumiy uchrashuvi bilan bog‘liq ma’lumotlar). Umuman olganda, hazrati Alisher Navoiyning avliyolar tarjimai holiga bag‘ishlangan mazkur “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyilu-l-futuvvat” asari shoirning etuk mutasavvif olim sifatidagi faoliyatini ko‘rsatuvchi muhim manbadir. Alisher Navoiyning olim sifatidagi faoliyati uning nafaqat tilshunoslik, adabiyotshunoslik, balki tarixshunoslikka doir asarlari bilan ham belgilanadi. U ushbu fan taraqqiyotiga o‘zining “Tarixi anbiyo va hukamo” hamda “Tarixi muluki ajam” asarlari bilan ulkan hissa qo‘shdi33. Alisher Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” risolasi islom dini manbalariga asoslangan asar bo‘lib, payg‘ambarlar – rasul va nabiylar hamda hakim zotlar – allomalar tarixiga bag‘ishlangan. SHu ma’noda asarni shartli ravishda ikki qismga bo‘lish mumkin: Anbiyo – payg‘ambarlar tarixi. Hukamo – hakim zotlar tarixi. Dastavval, Odam Ato (a.s.) qissasi hikoya qilinadi. Unda Odamning yaratilishi, Iblisning Oliy Dargohdan quvilishi, so‘ng Odam va Momo Havvoning er yuziga tushirilishi bilan bog‘liq hikoyalar keltiriladi. Hazrat Navoiy payg‘ambarlarni an’anaga binoan ikki guruhga bo‘ladi: rasul va nabiylar. Rasullarga Alloh kitob va sahifa nozil qilgan bo‘lib, ular “mursalin” nomi bilan ataladi. Nabiylar esa faqat vahiy olgan payg‘ambarlar bo‘lib, ularga kitob nozil qilinmagan (tushirilmagan). Alisher Navoiy payg‘ambarlar haqida so‘zlab, ularning yashagan davrlariga to‘xtaladi, aniq yillarni keltiradi (Masalan, Mahoyil binni Qinon 865 yil yashagan). SHuningdek, payg‘ambarlarning ahli ayoli, farzandlari, kasbu kori haqida ma’lumot beriladi. Payg‘ambarzodalarning hammasiga ham payg‘ambarlik maqomi berilmagan, ularning ba’zilarigagina Allohdan vahiy tushgan. Masalan, Odam Atoning nevarasi Anush, uning o‘g‘li Qinon kabilar bu sharafga noil bo‘la olmaganlar. SHu tariqa muallif oltmishdan ziyod payg‘ambar va payg‘ambar avlodlarining hayoti, tarjimai holini batafsil yoritadi. Zikr etilganlar sirasida “Qur’on”da nomi tilga olingan barcha payg‘ambarlar, Luqmoni Hakim, Zulqarnayn kabi vahiy tushgan yo tushmagani ixtilofli bo‘lgan valiy zotlarni ham ko‘rishimiz mumkin. Mazkur asarda bir zamonda bir necha payg‘ambarlar yashagani ham aytiladi. Masalan, Ishoq (a.s.) vafot etgan yili YUsuf (a.s.)ning Misr hokimi bo‘lgani va hokazo. SHuningdek, “Qur’on”da tilga olingan “Ashobi kahf” qissasi ham mazkur asardan o‘rin olgan. Payg‘ambarlar qissasi hajman o‘zaro farqlanadi. Ba’zi payg‘ambarlar, masalan, Xizr (a.s.) haqida qisqa ma’lumot bilan cheklanilsa, YUsuf (a.s.), Ibrohim (a.s.), Muso34 (a.s.) va Iso (a.s.)larning hayotiga doir juda ko‘p voqealar bayon qilinadi. Alisher Navoiy YUsuf (a.s.) haqidagi qissani bayon qilishga kirisharkan, Firdavsiy Tusiy va Abdurahmon Jomiylar ham mazkur mavzuda doston yozganlarini aytib, o‘zining ham turkiy tilda masnaviy yozish niyati borligini bildirib o‘tadi. Mazkur qismda keltirilgan ma’lumotlarning bosh manbasi Qur’oni karim bo‘lib, muallif o‘z fikrlarini asoslash uchun muayyan oyatlarni havola qilib boradi. YAna bir e’tiborli jihati, Alisher Navoiy payg‘ambarlarning iymoni, sabri va yuksak fazilatlarini alohida tasvirlaydi. Masalan, Ayyub (a.s.)ning boshiga tushgan tashvish va balolar ham uni Allohga ibodat qilishdan to‘smaganini aytarkan, bu bilan sevgi va do‘stlikning sobit bo‘lishi haqidagi g‘oyalarini bayon qiladi. Asarda har bir payg‘ambar qissasidan so‘ng muayyan she’riy parchalar keltiriladi. SHoir ularni “masnaviy”, “ruboiy”, “bayt”, ba’zan esa “she’r” yoki “nazm” nomlari ostida berib boradi. Mazkur she’riy parchalarda qissasi hikoya qilingan payg‘ambar nomi tilga olinadi va falsafiy xulosalar chiqariladi. Alisher Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” asarining ikkinchi qismi hukamolar tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu qism umumiy asarning taxminan to‘rtdan bir qismini tashkil etadi. Hukamolar tarixi anbiyolarnikiga nisbatan qisqa bo‘lib, umumiy ma’lumotlar bilan cheklanilgan. Alisher Navoiy Luqmoni hakim, Fishog‘ur (Pifagor), Jomosb, Buqrot (Gippokrat), Buqrotis, Suqrot (Sokrat), Aflotun (Platon), Aristotilis (Arastu), Balinos, Jolinus (Galen), Batlimus (Ptolemey) kabi yunon faylasuflari va Sodiq, Buzurgmehr kabi fors hakimlarining, jami o‘n uch nafar olimning tarixini qisqacha yoritadi. Har bir hikoyadan keyin an’anaviy tarzda bir bayt she’r ilova qilib boriladi. Biz mazkur asardagi payg‘ambarlar bilan bog‘liq an’anaviy voqealarni “Qisasi Rabg‘uziy” va “SHajarayi turk” kabi turkiy tilda yaratilgan boshqa ko‘plab asarlarda ham uchratamiz. Umuman olganda, Alisher Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” asari din tarixiga bag‘ishlangan asar bo‘lib, bu o‘rinda muallif din tarixi hamda yunon falsafasi bilimdoni sifatida namoyon bo‘ladi. Alisher Navoiyning “Tarixi muluki Ajam” (“Arab bo‘lmagan shohlar tarixi”) asari o‘z davri nuqtai nazaridan ilmiy dalillarga asoslangan risola hisoblanadi. Asarda Eron va Turon mulkida hukmronlik qilgan to‘rt sulola: peshdodiylar, kayoniylar, ashkoniylar, sosoniylar tarixi batafsil hikoya qilinadi. An’anaga muvofiq tarix Odam Ato (a.s.) davriga bog‘liq ravishda talqin qilinadi. Alisher Navoiy mazkur asarda “Nizom ut-tavorix”, “Jome’ ut-tavorixi Jaloliy”, “Nasihat ul-muluk”, “Jovidon xirad”, “Odob ul-arab va al-furus”, “Guzida”, “Muntaxab”, “Devon un-nasab” kabi manbalardan foydalanadi va Banokatiy, imom Muhammad G‘azzoliy, Tabariy, Bu Ali Miskavayh, Qozi Barzoviy kabi tarixchi olimlarning nomlarini keltirib, ma’lumotlarni ularning asarlaridan olganini aytib o‘tadi. SHoirlardan Abulqosim Firdavsiy va uning “SHohnoma”siga ko‘proq murojaat qiladi. Iskandar haqidagi qissada esa xamsanavislar Xusrav Dehlaviy, Nizomiy Ganjaviylarning qarashlarini keltirib o‘tadi. Alisher Navoiy masalaga nuktadon muarrix – tarixchi olim sifatida yondashar ekan, har bir ma’lumotning aniq va asosli bo‘lishiga alohida e’tibor qaratadi. Alisher Navoiy peshdodiylar sulolasiga mansub 11, kayoniylar sulolasidan 9, ashkoniy sulolasidan 15, sosoniylar sulolasidan 28, jami to‘rt suloladan 63 hukmdorning nomlari, ularning tarjimai holi, hayoti va yuritgan siyosatiga doir ma’lumotlarni taqdim etadi. Deyarli har podshoh qissasidan keyin an’anaga muvofiq “she’r” nomi ostida qissa mazmuniga uyg‘un baytlar ilova qiladi. Bundan tashqari, to‘rt sulola hukmdorlari haqidagi qissalarning so‘nggida ham umumiy yakunlovchi masnaviylar mavjud. Alisher Navoiy mazkur asarida tarixga oid juda qiziqarli va ahamiyatli ko‘plab ma’lumotlarni beradi. Balx, Bobil, Nishopur, Marv, Samarqand va yana o‘nlab shaharlarni bunyod qilgan shohlar, Navro‘z bayramining kelib chiqishi, ro‘zaning paydo bo‘lishi, butparastlikning sabablari bilan bog‘liq voqealar shular jumlasidandir. Hazrat Navoiy shohlar haqida so‘zlar ekan, adolatli sultonlarni olqishlaydi, ularning xayrli taqdirini mamnuniyat bilan hikoya qiladi, zolim va mustabid hukmdorlarga salbiy munosabat bildirib, ularning ayanchli kechmishiga ibrat nazari bilan boqishga undaydi. Masalan, Jamshid haqidagi hikoyada shoh Jamshid dastlab adolatli hukmdor bo‘lganligini, keyinchalik esa o‘z qudratiga ishonib, kibru havoga berilganligini va odamlardan o‘ziga sig‘inishini talab qilganligini qoralaydi. Alisher Navoiy No‘shiravoni Odil haqida ma’lumot berar ekan, uning sosoniylar sulolasiga mansub o‘n to‘qqizinchi hukmdor ekanligini, otasining ismi Qubod bo‘lganligini aytib, No‘shiravonning adolatiga alohida urg‘u beradi va bir qator mashhur hikoyatlarni ilova qiladi. Hikoyatlardan birida aytilishicha, No‘shiravon davrida bir kishi bog‘ sotib oladi. Bu bog‘dan xazina topib olgach, bog‘ sotgan kishining oldiga borib, oltinlarni unga bermoqchi bo‘ladi. Bog‘ni sotgan odam: “Bog‘ga qo‘shib, erni va undagi hamma narsani senga sotganman, oltinlar senga tegishli”, – deb javob beradi. Ularning bu “mojarosi” No‘shiravonning qulog‘iga ham etib boradi va u ikki kishini chaqirib, quda bo‘lishni va xazinani barpo etilajak yangi oilaga berishni maslahat beradi. Bu hikoyatda hukmdor adolatli bo‘lsa, xalqda ham insofu iymon bo‘ladi, degan falsafiy xulosa mavjud. Alisher Navoiy Iskandar haqida to‘xtalar ekan, uning tarixi ixtilofli ekanligini aytadi va garchi u kayoniylar sulolasi vakili sifatida keltirilsa-da, bu borada ham turli taxminlar mavjud, deb ta’kidlaydi. SHoir Iskandar va uning tug‘ilishi, nasl-nasabi to‘g‘risida gapira turib, Xusrav Dehlaviyning “Oyinayi Iskandariy” va Nizomiy Ganjaviy “Iskandarnomasi”dagi ma’lumotlarni o‘zining “Saddi Iskandariy”sida keltirgan ma’lumotlari bilan qiyoslaydi. O‘rtadagi farqlarni aytib o‘tadi. Samarqand, Hirot, Marv va Isfahonni Iskandar bunyod qilgani bilan bog‘liq ma’lumotlarni ham keltirib o‘tadi. Navoiy nomlarini keltirgan 63 hukmdor ichida uch ayol podshoh ismi ham zikr etilgan bo‘lib, ulardan biri kayoniylarning oltinchi hukmdori Humoy yoki Humondur. U kayoniylar hukmdori Bahmanning ayoli bo‘lib, shoh vafot etganda homilador edi. Bahman jon berish paytida tojini ayolining qorniga qo‘yadi va olamdan o‘tgach, arkoni davlat Humoyni podshoh qilib ko‘taradi. Humoy o‘g‘il farzand ko‘rgach, saltanatga mehri zo‘rligi yoki o‘g‘lining xavfsizligini o‘ylab, uni sandiqqa solib daryoga oqizadi va sandiqqa o‘g‘lining podshohzoda ekanini anglatuvchi yoqutlarni ham soladi. Taqdir taqozosi bilan o‘g‘li ulg‘ayib, onasini topadi. Humoy unga davlat boshqaruvini topshiradi. Alisher Navoiy tilga olgan keyingi ikki ayol podshoh sosoniylarning 27- va 28-hukmdorlari Turondo‘xt va Ozarmdo‘xtdir. SHoir ularning taxtga chiqishi va hukmdorlik davri bilan bog‘liq qiziqarli faktlarni keltiradi. Bu ikki ayol podshoh opa-singil bo‘lib, 23-podshoh Xusrav Parvizning qizlari edi. Alisher Navoiy “Tarixi muluki Ajam” asari orqali tarix bilimdoni qiyofasida namoyon bo‘ladi. Asardagi yuzlab geografik nomlar, yuzlab shaxslarning ismi-sharifi hamda yuzlab voqealar muallifning kuchli xotirasidan ham darak beradi. Asarning xotimasi masnaviy tarzida bo‘lib, 50 baytdan iborat. Unda Navoiy bevosita SHoh G‘oziy – do‘sti Sulton Husayn Boyqaroga murojaat qiladi. Uning adolati va saxovatini, inson sifatidagi yuksak xulqini madh qiladi. SHohni yagona javharga qiyoslaydi va shuning uchun ham unga “Nazmu-l-javohir” asarini bag‘ishlab yozganini aytadi. Va aynan Husayn Boyqaro tarixini bitish niyati borligini bildiradi: Download 335.49 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling