3
SO‘Z BOSHI
Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lgan qurilish strukturasida
muhim o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Bu ishlab chiqarishga mo‘ljallanmagan
ob’yektlar miqdori oshishida, bino, inshootlar va shahar mikrorayonlarining
rekonstruksiya hajmlarining o‘sishida hamda ish sifati, atrof-muhitni himoyasi,
ob’yekt qurilishini investitsion sikli davomiyligiga qo‘yilayotgan talablarda
namoyon bo‘lmoqda. Qurilish ishtirokchilari o‘rtasida yangi munosabatlar va
raqobat elementlari paydo bo‘lmoqda. Narxlar, ish haqi va resurs iste’moli
miqyosi keskin o‘zgarmoqda.
Quruvchilarni bozor iqtisodiyoti davrida qabul qilgan tashkiliy-
texnologik va boshqaruv bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlarining natijasi
sezilarli bo‘lmoqda. Bo‘layotgan o‘zgarishlar tashkiliy-texnologik tayyorlov,
loyihalash, qurilish ob’yektidagi texnologik jarayonlarini shakllanishi va
boshqarilishi tizimidagi yangi holatlarni aks ettirishi kerak. Bu o‘zgarishlar
qurilish tarmog‘iga mutaxassislar tayyorlashda ham e’tiborga olinishi lozim.
Bu yerda zamonaviy o‘quv-uslubiy adabiyotlarning mavjudligi, uning
yangilanishi va mukammallanishi muhim ahamiyatga ega. Darslik va o‘quv
qo‘llanmalar yaratilishidagi asosiy prinsiplardan biri, bu o‘quv materialini bayon
etish va fanning tashkiliy –texnologik siklini o‘rganishda sistemalilik va
izchillikdir.
“Bino va inshootlar qurilishi” yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olayotgan
bakalavrlar “qurilish texnologiyalari” deb umumiy nomga ega, ketma-ket
o‘tiladigan fanlarni o‘rganadilar. Bunga qurilish konstruksiyalarini ishlab
chiqarish texnologiyasi, qurilish jarayonlari texnologiyasi, bino va inshootlarni
barpo etish texnologiyasi va qurilishni tashkil etish va rejalashtirish fanlari
kiradi. Oldin bu qurilish texnologiyasiga mansub o‘tiladigan fanlar yagona
majmuaning bosqichlari sifatida ko‘rilmagan va bu o‘tiladigan fanlarda izchillik
prinsipiga u qadar amal qilinmagan.
Mualliflar tomonidan yozilgan ushbu darslik “Qurilish texnologiyalari”
rubrikasiga kiruvchi kitobdir. Bu kitob nafaqat qurilish yo‘nalishlaridagi
bakalavrlarga, shuningdek magistrlarga, quruvchilarga va ilmiy xodimlarga
mo‘ljallangan. Mualliflar Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti “Bino va
sanoat inshootlari qurilishi” kafedrasi dotsenti, t.f.n., E.M.Maxamataliyev
hamda Toshkent arxitektura-qurilish instituti “Bino va inshootlar “ kafedrasi
mudiri, t.f.n., dots. S.S.Sayfiddinovlarga qo‘lyozma taqriz yozganliklari uchun
cheksiz minnatdorchilik bildiradilar.
4
KIRISH
Jamiyat taraqqiyotida qurilish asosiy ishlab chiqarish sohalaridan biridir.
Qurilish ishlab chiqarishining natijasida, tugallangan qurilish mahsuloti −
funksional mo‘ljalga ega bo‘lgan bino va inshootlar yaratiladi. Bino va
inshootlar konstruksiyalarining xilma-xilligi keng miqyosda qurilish
texnologiyalarining yaratilishi va qo‘llanilishini taqoza qiladi. Har bir qurilish
texnologiyasining yetakchi elementi bu − qurilish jarayonidir. Qurilish
jarayonlarining
nazariy va amaliy asoslari
“Qurilish jarayonlari texnologiyasi”
fanida o‘rganiladi.
Qurilish texnologiyalarining
tarkibi va strukturasi
“
Bino
va inshootlarni barpo etish texnologiyasi” fanida ko‘rib chiqiladi. Bu fanni
o‘rganish qurilish materiallari va buyumlari, bino va inshootlarning arxitektura-
rejaviy yechimlari, konstruktiv tizimlari, qurilishni tashkil etish va boshqarish,
qurilish mashinalari, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi
sohalarida o‘rganilgan ilmlarga asoslanadi.
“Bino va inshootlarni barpo etish texnologiyasi” fanida o‘rganiladigan
qurilish texnologiyalari o‘z ichiga bino va inshootlarni yig‘ma, monolit, yig‘ma-
monolit va g‘isht konstruksiyalardan barpo etishdagi texnologiyalarini oladi.
Qurilish ishlab chiqarish texnologiyalarining soni ko‘p, ular doimo yangilanib,
taraqqiylashib rivojlanmoqda. Qurilish texnologiyalari mukammallanishining
asosiy
yo‘nalishlari
resurstejamkorlik,
qurilish
texnologiyalarini
moslashuvchanlik darajasini oshirish, ularning xavfsizligi, sifati, atrof-tabiat va
ijtimoiy muhitga bo‘ladigan ta’sirlarni kamaytirishdan iboratdir. Bu darslikning
o‘ziga xos xususiyatlaridan biri, unda zamonaviy bino va inshootlarni barpo
etishning keng ko‘lamdagi sharoitlari ko‘rib chiqilgan. Suningdek, zamonaviy
qolip turlari va sistemalarining qo‘llanilishiga keng e’tibor qaratilgan. Ushbu
darslikda “Bino va inshootlarni barpo etish texnologiyasi” o‘quv kursining
asosiy beshta bo‘limi ketma-ket ko‘rib chiqilgan: qurilish texnologiyalarining
asosiy qoidalari; bino va inshootlarni yer osti qismini barpo etishning o‘ziga xos
xususiyatlari; bino va inshootlarni yig‘ma konstruksiyalardan barpo etish;
binolarni monolit temirbetondan barpo etish; ishlab chiqarishning tabiiy-
noqulay sharoitlarida bino va inshootlarni barpo etish texnologiyasi.
Darslik ikki qismdan iborat bo’lib, unda qurilish texnologiyalarining
asosiy qoidalari; bino va inshootlarni yer osti qismini barpo etishning o‘ziga xos
xususiyatlari; bino va inshootlarni yig‘ma konstruksiyalardan barpo etish (bir
qismi) yoritilgan.