O’pka shomollashi
Pnevmoniya o`pka yallig`lanishi kasalligi bo`lib, odamdan odamga yuqmaydi. Xastalik bakteriya (pnevmokokk, streptokokk, stafilokokklar) va viruslar sabab yuzaga keladi. Eng muhim omil esa organizm immun tizimining susayishidir.
Grippga qanday bog`liqligi bor?
Har bir inson organizmida shartli potogen mikroblar bo`ladi. Gripp yuzaga kelganida tabiiyki immunitet sustlashadi. Agar davolangach ham immunitet tiklanmasa, ushbu mikroblar qo`zg`alishi va pnevmoniyaga sabab bo`lishi mumkin. Shu bilan birga, ORVI, elvizakda qolish, surunkali o`pka kasalliklari asoratlari ham zotiljamga olib kelish ehtimoli yo`q emas.
Shamollashdan farqi qanday?
Boshlang`ich belgilari gripp va shamollashga o`xshash bo`ladi. Ya`ni et uvishishi, holsizlik, bosh va mushaklardagi og`riq, burun bitishi va yo`tal singari. E`tibor bergan bo`lsangiz, gripp holatida yuqori nafas yo`llari, burun bitishi, tomoqda og`riq, quruq yo`tal kuzatiladi. Agar pnevmoniya boshlangan bo`lsa, yo`tal o`pkadan chiqadi. Balg`am ajralishi kuchayadi. O`pkada xirillash eshitiladi.
Yosh tanlaydi?!
Ba`zi manbalarda pnevmoniya bolalar va keksalarda ko`proq uchraydi, deyiladi. Mutaxassislar bu kabi fikrlarni inkor etib, xastalik yosh tanlamasligi, biroq kichkintoylar va qariyalarda tez rivojlanishi bilan xavfliligini ta`kidlashadi. Bir yoshgacha bo`lgan bolalarda aniqlangan pnevmoniya darhol muolajaga yo`naltirilishi keyingi asoratlardan himoyalanish uchun ham muhimdir. Qariyalarda esa pnevmoniya yurak faoliyatiga salbiy ta`sir etishi mumkin. Shu bois asosiy muolaja vaqtida ushbu a`zoga ham e`tibor qilinadi.
Shifoxonada davolanish majburiymi?
Zotiljamning engil, og`ir ko`rinishlari bor. Shifokor bemorning umumiy holatini o`rganib chiqib, o`pkaning rentgent tekshiruvi hamda boshqa zarur tahlillarni o`tkazadi. Xastalik aniqlangan turiga ko`ra muolaja qilinadi. Pnevmoniyaning engil ko`rinishlarini ambulator sharoitda davolash mumkin. Ammo asoratlarining oldini olish maqsadida imkon qadar shifoxonada davolanish tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |