1.2 Maktab o’quvchilarining ota-onalariga pedagogik bilim berish tizimini tashkil etish.
Maktab o’quvchilarining ota-onalariga pedagogik bilim berish tizimini, usullarini ishlab chiqilsa maqsadga muvofiqdir. Ota-onalar uchun tashkil etiladigan pedagogik ma’ruzalar, suhbat va hikoya usullaridan ayrim jihatlari bilan farq qiladi. Ma`ruza uchun tayyorlangan material ilmiy-uslubiy va me`yoriy talablarga javob berishi muhim bo’lib, ko’proq tasvirlash, mushohada yuritish, muhokama qilish ustunlik qiladi va ma`ruzaning mantiqiy tomoniga e’tibor kuchliroq bo’ladi.
Targ’ibotchi-pedagogning ma’ruzaga puxta tayyorgarlik ko’rishi, ifodali nutqi, mavzuni mohirlik bilan bayon qilishi, ko’rgazmali vositalardan foydalanishi tinglovchilarning ma’ruzaga bo’lgan qiziqishini yanada orttiradi va yaxshi o’zlashtirilishiga yordam beradi.
Ma’ruza ko’pincha umummaktab mashg’ulotlarida qo’llaniladi bu esa, pedagogik tayyorgarlikning bir qator o’ziga xos xususiyatlari bilan, shu jumladan qatnashuvchilar sonining ko’pligi bilan ham bog’liqdir.
Rus pedagogi A.S.Makarenkoning fikricha, “...tarbiya san’atining kamchiligi shundaki, uni faqat tajribada o’rganib olish mumkin...”
Ma’ruza, hikoya va suhbatlar o’tkazish vaqtida ota-onalarga beriladigan nazariy ma’lumotlar doirasida, ularga o’z farzandlarini tarbiyalashda qanday foydalanish kerakligi xaqida amaliy topshiriqlar berish kerak. Pedagogik o’qishlardan olingan nazariy manbalar asosida ayrim usullardan foydalanish, ularning samaradorligini aniqlash, o’z tajribalarini umumlashtirish va farzand tarbiyasida zarur chora-tadbirlarni ko’rish maqsadga muvofiqdir.
Ota-onalar maktabi ishida pedagogik mavzulardagi munozaralardan ham foydalaniladi, mazkur usul pedagogik bilimlarni tarqatishning ta’sirchan usuli bo’lib, ota-onalar va jamoatchilik o’rtasida ommalashib bormoqda.
Munozarada muhokama qilinayotgan masala yuzasidan o’z fikr-mulohazalarini erkin ifodalash, o’z qarashlarini tanqidiy ko’rib chiqish, boshqalar bilan bahslashish, mazkur masala bo’yicha chuqurroq ma’lumotga ega bo’ylish va eng maqbul fikrni tasdiqlash imkonini beradigan vaziyatni vujudga keltiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |