4.Markaziy bankning ‘davlatning banki’ funksiyasi; rasmiy oltin- valyuta zaxiralarini boshqarish funksiyasi.
Markaziy bank, davlat banki sifatida, Davlat byudjetining kassali
bajarilishini amalga oshiradi, davlat organlarining naqd pulsiz operatsiyalarini ma’lum qismini amalga oshiradi, hukumatning tashqi qarzlarini to‘lashga xizmat qiladi, byudjet defitsitining ma’lum qismini qoplashga va boshqa davlat muassasalarining xarajatlarini moliyalashtirish maqsadlariga qisqa muddatli kreditlar beradi. Hamda hukumatga pul-kredit va valyuta masalalari bo‘yicha maslahatlar beradi.
Masalan, Bundesbank davlat banki sifatida Federatsiyaga, ma‘muriy-hududiy bo‘linmalarga hamda Federatsiyaning parabyudjet fondlariga kreditlar berish huquqiga ega. Bu kreditlar hajmi cheklangan bo‘lib, qisqa muddatli xarakterga egadir.
Davlat banki sifatida Bundesbank, hukumat nomidan uning obligatsiyalarini, moliyaviy veksellarini sotadi va ularni sotish uchun e‘lon qiladi. U federal zayomlar kursini barqaror darajada saqlanishi uchun javobgar hisoblanadi.
Markaziy bank davlatning asosiy bankiri va hukumatning moliyaviy maslahatchisi bo‘lib hisoblanadi. Bu borada:
hukumat miqyosidagi tashkilotlarning hisob raqamlarini yuritadi;
davlat zayomlarini chiqarish, saqlash va ular bilan tegishli operatsiyalarni amalga oshiradi;
hukumatga kredit beradi;
davlatning oltin-valyuta va qimmatbaho toshlardan iborat rezervini o‘zida saqlaydi va boshqaradi;
mamlakat miqyosida valyuta kursini o‘rnatadi, foiz siyosatini yurgizadi va davlatning boshqa davlatlar oldidagi majburiyatlariga javob beradi. Ular bilan korrespondentlik munosabatlarini o‘rnatadi va olib boradi.124
Markaziy bankning davlat banki sifatidagi funksiyasining muhim ko‘rinishlaridan biri hukumatning tashqi qarzlarini to‘lash jarayonida namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |