Nasafiylarining pedagogik qarashlari
Download 0.51 Mb.
|
MAJMUA NASAFIY ALLOMALAR
O‘N TO‘RTINCHI HIKOYAT
Sichqonlarni bo‘g‘ib o‘ldirgani uchun mushukni lavozimdan chetlatishgani xususida To‘ti hikoya qila boshlabdi. Bir qalin o‘rmonda bir yo‘lbars yashar ekan. U qaribdi, sharti ketib, parti qolibdi, barcha tishlari tomir-pomiri bilan tutday to‘kilibdi. Go‘sht yegan vaqtlarida paylar uning tanglayiga yopishib qolar ekan. Shu o‘rmonda sichqonlar ko‘payib ketibdi. Tunda yo‘lbars pinakka ketganida, sichqonlar yugurib kelar ekan-da, uning milklaridan paylarni tortqilab olisharkan, keyin ularni yeb qorin to‘yg‘azisharkan. Bundan yo‘lbars bezovtalanib, uyg‘onib ketarkan. Oxiri u boshqa hayvonlarga buyruq beribdi: Shunday qilinglarki, sichqonlar meni bezovta qilmasin va men tinch uxlay. Shunda tulki panjalarini chalishtirib, ta’zim qilibdi-da, bunday debdi: Olampanoh, fuqarolaringiz ichida mushuk bor, uni posbonlik lavozimiga tayinlab qo‘ying, shunda tun bo‘yi tinch yotib uxlaysiz. Tulkining gapidan yo‘lbars suyunib ketibdi. U mushukni chaqiribdi va posbonlik lavozimiga tayinlabdi. Mushuk jon-jahdi bilan xizmat qilishga tushib ketibdi. Unga ko‘zlari tushishi hamon sichqonlar butalar orasiga kirib, g‘oyib bo‘lar ekan. Yo‘lbars tunda mazza qilib uxlabdi, mushukning lavozimini yana ko‘taribdi. Ammo,bu mushuk o‘lguday ayyor ekan, u sichqonlarni faqat uzoqdan turib qo‘rqitar ekan, ammo hech qachon ularni tutib yemas ekan. U bunday deb o‘ylar ekan: ”Bu lavozimga men sichqonlar tufayli ega bo‘ldim. Bordi-yu, men ularni yesam , yo‘lbarsga keragim bo‘lmay qoladi va meni ishdan haydaydi”. Shu tariqa u qattiq parhez qila boshlabdi, bitta ham sichqonni tutib yemabdi. Ammo bir kuni xudo uning aqlini xiralashtiribdi. u yo‘lbarsning oldiga yangi tug‘ilgan mushukvachchasini olib kelibdi-da, odob bilan panjalarini qovushtirib debdi: Bugun ish bilan bir joyga borishim kerak edi. Ijozat etsalar, men o‘rnimga bu yerda bolamni qoldiray, ertaga ertalab tag‘in o‘zim hazratimning xizmatlarida hozir bo‘lurmen. Uning so‘zlari yo‘lbarsga ma’qul bo‘libdi va mamnuniyat bilan mushukka ruxsat beribdi. Shunday qilib ona mushuk ish bilan ketibdi, bu yoqda mushukvachcha sichqonlarning qironini keltira boshlabdi, sichqon deganning qorasini ko‘rdi deguncha shappa tutib olib jig‘ildoniga uraveribdi, qorni to‘ygandan keyin esa bo‘g‘ib tashlayveribdi. Xullas, bir kunning ichida bitta ham sichqon qolmabdi. Ertasiga ertalab ona mushuk qaytib kelibdi, qarasa barcha sichqonlar o‘lib yotganmish. Shunda u o‘zining boshiga urib qichqiribdi. Hoy yaramas! Nima qilib qo‘yding? Nega barcha sichqonlarni bo‘g‘ib o‘ldirding? Agar ular bo‘lmaganida, men shunday obro‘ga ega bo‘larmidim? Ketayotganingizda o‘zingiz bunday qilma deb qulog‘imga aytib qo‘ysangiz bo‘lmasmidi? – miyovlabdi mushukvachcha. Xullas, laqmalik qilib qo‘yganidan ona mushuk qattiq pushaymon bo‘libdi. O‘rmonda bitta ham sichqon qolmabdi degan xabar yo‘lbarsning qulog‘iga yetib boribdi. Shunda u mushukni lavozimidan bo‘shatib yuboribdi. To‘ti hikoyasini shu yerda tugatibdi. Download 0.51 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling