Navoiy nasri va nazmi nafosati Navoiy va tilshunoslik masalalari
Download 30.1 Kb.
|
1 2
Bog'liqShahnoza
Reja: Navoiy nasri va nazmi nafosati Navoiy va tilshunoslik masalalari Bahosiz bitiklar Sharq, xususan, o‘zbek mumtoz adabiyoti singari adabiyotshunosligi ham juda qadimiy soha hisoblanadi. O‘zbek adabiyotshunoslik ilmining paydo bo‘lishi, taraqqiyoti va o‘rganilish bosqichlari nuqtai nazaridan ham turlicha tasniflanadi. Tadqiqotlarda jadid va XX asr boshlaridan uning yangi davri yuzaga kelganligi qayd etiladi. Bu davr adabiyotshunosligi uchun xoslik Sharq va G‘arb adabiy-estetik qarashlarida sodir bo‘lgan uyg‘unlashuv hodisasidir. Shu bois adabiyotshunos yoki munaqqid uchun davr talabi bir muncha murakkab vazifalarni yuklaydi. Ayniqsa, sharqona milliylik asosida rivoj topgan adabiyotshunoslik ilmida o‘zgacha andazalarni qabul qilish va, eng muhimi, o‘sha talablarga ko‘ra fikr yuritish muqarrarligi edi. Shunday bir sharoitga mos adabiyotshunoslik vujudga keldi va uning vakillari faoliyat ko‘rsatdi. Yangi davr o‘zbek adabiyotshunosligi, tanqidchiligi va adabiyot nazariyasi tarixi taraqqiyotida Olim Sharafiddinov ilmiy faoliyati alohida o‘rin tutadi. U yangi o‘zbek adabiyotshunoslik ilmining ilk poydevorini yaratgan olimlardan sanaladi. Olim Sharafiddinov say-harakati tufayli XX asr birinchi yarmida qadimgi turkiy-o‘zbek klassik adabiyoti, mumtoz va davr adabiyoti muammolari bo‘yicha salmoqli ilmiy tadqiqotlar dunyo yuzini ko‘rdi. Umuman o‘zbek adabiyotshunosligida bo‘lgani singari Olim Sharafiddinov ilmiy faoliyati ham navoiyshunoslik bilan bog‘lanadi. Olim ijodiy tadqiqotlari asos nuqtasi navoiyshunoslik hisoblanadi. Olim Sharafiddinov mehnatlari samarasi o‘laroq yaratilgan ulkan monografik tadqiqot “Alisher Navoiy (hayoti va ijodi)” besh marta nashr etilgan va shoir shaxsiyati, adabiy merosini o‘rganishda asosiy manbalardan bo‘lib kelgan. Olim ulug‘ mutafakkir badiiy olamini navoiyshunoslik tarixi, Alisher Navoiy yashagan davr ijtimoiy-siyosiy muhiti, ijodkorning hayoti va davlat arbobi sifatidagi mavqei, ijodiyoti va poetikasi, asarlari talqini kabi masalalar doirasida tadqiq etadi. Ko‘rinadiki, Olim Sharafiddinov Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rganishda dastlab navoiyshunoslik tajribalariga murojaat etadi. Bu holat, birinchidan, aynidavrlarda yangi navoiyshunoslik jarayoni bir tarix sifatida shakllanganligini bildirsa, ikkinchidan, Olim Sharafiddinov navoiyshunoslikka o‘ziga xos uslubda yondashganligini anglatadi. Shunga ko‘ra, ushbu maqolada olimning navoiyshunoslik tarixiga oid qarashlarini va “Alisher Navoiy poetikasining ba’zi xususiyatlari to‘g‘risida” deb nomlangan tadqiqotida poetikaning nazariy va tarixiy masalalarining yoritilishini tadqiq etishga harakat qildik. Gap shundaki, Alisher Navoiy ijodi va navoiyshunoslik sohalarini alohida tushunish kerak. Ba’zi tadqiqotlarda har ikkalasi bir hodisa sifatida talqin etilishi kuzatiladi. Shoir ijodiyoti, adabiy merosi badiiy soha hisoblansa, navoiyshunoslik o‘z tarixi, taraqqiyoti va istiqbollari bilan ilmiy jarayondir. Olim Sharafiddinov nuqtai nazari bo‘yicha, ilmiy navoiyshunoslik milliy va jahoniy tarzda ikki qutb yo‘nalishida tahlil etiladi. Birinchi yo‘nalish Alisher Navoiy davridan boshlangan milliy sharqona navoiyshunoslik bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish XVIII-XIX asrlarda vujudga kelgan jahoniy G‘arb navoiyshunoslik ilmidir. Shu o‘rinda aytish kerak, Olim Sharafiddinov, avvalo, o‘z davri ilmiy-ijodiy jarayoni vakili sanaladi. U ham boshqa ijodkor va adabiyotshunoslar qatori yigirmanchi asr boshlarida tug‘ilib, dastlab Chor Rossiyasi, keyin sobiq Sovet hukumati olib borgan ijtimoiy-madaniy hayot sharoitidan nafas olgan, oktyabr inqilobi insoniyat tarixida eng maqbul yo‘l sifatida tan olishga majbur etilgan davrda yashagan. Shuning uchun olim xoh tarix, xoh adabiyot, xoh poetika haqida fikr yuritmasin, barcha masalalar ana shu g‘oya ifodasi bilan bog‘lanadi. Jumladan, navoiyshunoslik borasida ham sho‘ro navoiyshunosligini olqishlash ohanglari kuzatiladi. Buni tabiiy holat deb bilish va bugungi ilm-ma’rifat uchun samara beradigan fikr-qarashlarni e’tirof etish lozim. Shu ma’noda Olim Sharafiddinov ilmiy tajribasi yangi davr navoiyshunosligi uchun bir manba bo‘lib xizmat qiladi. Hozirda adabiyotshunoslar Alisher Navoiy ijodiyotining o‘rganilishi tarixi shoir hayoti bilan bir davrda boshlanganligini e’tirof etmoqda. Bu fikr o‘z vaqtida Olim Sharafiddinov tomonidan aytilgan edi. Olim Sharafiddinov navoiyshunoslik manbalari ikki yo‘nalishda, ya’ni biri shoir zamondoshlari xotiralari, ikkinchisi Alisher Navoiyning o‘z asarlari ekanligini qayd etadi. “Alisher Navoiyning hayoti va ijodi to‘g‘risida, – deydi olim, ko‘p qimmatli ma’lumotlar Navoiyning zamondoshlari tomonidan bizga yodgor qilib qoldirilgandir. Uning nomi deyarli XVXVI asrlarda yozilgan barcha tarixiy asarlar, tazkiralarga kirgandir. Shuningdek, Alisher Navoiyning o‘zi tomonidan yaratilgan asarlari ham shoir to‘g‘risida eng yaxshi ma’lumotlar beruvchi manba hisoblanadi” [Sharafiddinov 1978: 46]. Ko‘rinadiki, XX asr 20-30 yillaridayoq navoiyshunoslikka qo‘yilgan qadamlar chuqur ilmiy asosga ega bo‘lganligini isbotlaydi. Olim Sharafiddinov dastlab navoiyshunoslik borasida o‘z pozitsiyasini belgilab oladi. Adabiyotshunos-sharqshunos M.Nikitskiy, V.Bartold, Ye.E.Bertels, Abdurauf Fitrat, Abdurahmon Sa’diy va boshqalar ishlarini izchil davom ettiradi. Olim “Ravzat us-safo” (Mirxond), “Habib us-siyar” (Xondamir), “Tazkirat ushshuaro” (Davlatshoh Samarqandiy), “Boburnoma” (Bobur), “Badoe ul-vaqoe” (Vosifiy) kabi manbalarni o‘rganadi, ulardan Alisher Navoiy va uning zamondoshlariga doir ma’lumotlar to‘playdi. Olim Sharafiddinov navoiyshunoslikning bu kabi milliy nodir manbalari haqida fikr yuritadi. Masalan, “Tazkirat ush-shuaro” asari to‘g‘risida gapirib, “Alisher Navoiy to‘g‘risida ma’lumot beruvchi asarlardan eng eskisi Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” nomli asaridir. Bu tazkira Navoiyning hayot chog‘larida 1487 yilda yozilgan bo‘lib, Sharq va G‘arbda juda mashhurdir. Davlatshoh o‘z asarining so‘nggi qismini Alisher Navoiyga bag‘ishlagan va buyuk hurmat bilan uning hayoti, quruvchiligi va asarlari to‘g‘risida qisqa, lekin ahamiyatli ma’lumot bergandir” [Sharafiddinov 1978: 46], – deydi. Olim Sharafiddinov tarixchi Xondamirning Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rganishdagi ulkan xizmatini alohida qayd etadi. U Xondamirni Alisher Navoiyning o‘zi tarbiyalaganligini, Xondamir asarlari navoiyshunoslikda katta ilmiy ahamiyatga egaligini, Xondamir Alisher Navoiy ijtimoiy-siyosiy va adabiy faoliyatini shaxsan juda yaxshi bilganligini, “Makorim ul-axloq” ulug‘ insonning ajoyib voqealar bilan to‘la turmushiga oid mustaqil asar” ekanligini, shuningdek, tarixchi Xondamir qalamiga mansub “Habib us-siyar”, “Xulosat ul-axbor” asarlarida ham Alisher Navoiy to‘g‘risida keng va asosli ma’lumotlar berganligini ta’kidlaydi. Olim Sharafiddinov navoiyshunoslikda Bobur tomonidan yaratilgan “Boburnoma” muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qilishini uqtiradi. Shu o‘rinda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur o‘rtalaridagi munosabatga oydinlik kiritilib o‘tiladi. Bu ikki buyuk zotninghayotda uchrasha olmaganliklari eslatiladi. Shu bilan birgalikda keyingi davrlarda, va ayniqsa, G‘arb navoiyshunosligida mashhur bo‘lgan Lutf Alibek Ozarning “Otashkada”, Som Mirzoning “Tuhfai Somiy”, Rizo Qulixon Hidoyatning “Majma ul Fusaho”, Faxriy Xiraviyning “Latoyifnoma”, Mirzo Haydar Do‘g‘lotiyning “Tarixi Rashidiy” va shular qatori “Tuhfat ul-tavorix”, “Tazkirat ul-Xattotin”, “Safina-tush-shuaro”, “Safinan Xo‘shgo‘” singari asarlar shoir davri, hayoti, ijodi to‘g‘risida qimmatli manbalar ekanligi zikr qilinadi. Olim Sharafiddinov fikricha, jahon navoiyshunoslik ilmida G‘arbiy Yevropa va Rossiya olimlarining tadqiqotlari diqqatga sazavordir. Olim Yevropa ilm-fanida navoiyshunoslik uzoq tarixga ega ekanligini alohida qayd qiladi. Milliy navoiyshunoslikdan farqli o‘laroq, Yevropa olimlari “Dastlab Navoiyni o‘z asarlaridan emas, uning to‘g‘risida Sharq tarjimai holchilari yozgan asarlar (Davlatshoh Samarqandiy, Xondamir, Som Mirzo, Lutf Alibek Ozar) orqali tanigandirlar” [Sharafiddinov 1978: 47]. G‘arbiy Yevropa Sharqshunoslik ilmida XVII asr oxirlarida Alisher Navoiy hayoti va ijodi o‘rganila boshlagan. Erbelo tomonidan 1697 yilda tuzilgan Sharq qomusida Alisher Navoiy hayoti, fors va o‘zbek tilidagi asarlaridan namunalar beriladi. XVIII asrda fransuz sharqshunosi Silvester de Sasi Davlatshoh Samarqandiy, Som Mirzolarning Navoiy haqidagi qaydlarini tarjima qiladi va shular asosida o‘zi ham Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida asar yozadi. Uning fikricha, Alisher Navoiy “mashhur siyosiy arbob”, “taniqli shoir”, “adabiyotni sevganlar himoyachisi”, “Sharq adabiyoti tarixida faxriy o‘ringa loyiq”dir. XIX asrda avstriyalik olim Hammer Silvester “Eron nafis adabiyotining tarixi” asarida Alisher Navoiy asarlari ro‘yxatini beradi va “obodonchilik, quruvchilik yo‘lidagi” ishlari, “ulug‘ vazir va buyuk shoir”ligi, “fors va turk tillarida abadiy yashashi” haqida so‘z yuritadi. Ingliz turkologi Ye.F.Gibb “Usmonli poeziyasining tarixi” asarida Sulton Husayn Boyqaro saroyida ikki buyuk shoir: Jomiy va Navoiy ijod qilganligini aytadi. Bu asarda Alisher Navoiy turkiy she’riyatning yulduzi ekanligi ta’kidlanadi. Rus qomuschiligida Alisher Navoiy ijodiyoti va navoiyshunoslik borasida birinchi bo‘lib, 1835 yilda chop etilgan qomusiy lug‘atda sharqshunos P.S.Savelev ma’lumotlar beradi. P.S.Melioranskiy Brokgvuz va Yefron qomusida “Turk shevalari va adabiyoti” sarlavhali maqola chop etib, Alisher Navoiyni “turklarning chin ma’nosi bilan klassik yozuvchisidir”, deb baholaydi. Olim e’tiroficha, G‘arb olimlari Alisher Navoiy hayoti va ijodini shoirning Yevropa kutubxonalarida mavjud bo‘lgan asarlari orqali tahlil qiladi va faqat o‘sha asarlardan iqtibos-namunalar keltiradi, xolos. Bu esa navoiyshunoslikni keng qamrovli fan sifatida shakllanishidan ancha cheklab qo‘yadi. Bundan ko‘rinadiki, navoiyshunoslik aslida jahon miqyosida o‘rganilishi kerak bo‘lgan bir soha bo‘lib, uni takomillashtirish jahon ilm-fani zimmasidagi vazifadir. Buni ulug‘ shoir badiiy-ma’rifiy asarlari mazmun-mundarijasi ham talab qiladi. Chunki Alisher Navoiy fenomeni o‘zi bir alohida olam, ijodiy tafakkur, bashariy qadriyat sanaladi. Saidolim Sharafiddinov rus adabiyotshunosligida navoiyshunoslik sohasidagi birinchi tadqiqot Mixail Nikitskiy qalamiga mansub “Amir Nizomiddin Alisher, uning davlat ishida va adabiyot sohasidagi ahamiyati” mavzusidagi magistrlik dissertatsiyasi ekanligini qayd etadi. Unda shoir haqidagi tarixiy ma’lumotlar to‘planadi va Alisher Navoiy ijodi haqida ham ancha mufassal fikrlar yuritiladi. Tadqiqotda yuqorida keltirganimiz olim va ijodkorlarning qarashlariga tayanish bilan birga, mazkur mualliflar to‘g‘risida ham atroflicha so‘z yuritiladi. Bundan ko‘rinadiki, asta-sekinlik bilan navoiyshunoslik diapazoni kengayib, u sharqshunoslik, matnshunoslik asosida boyib boradi. Alisher Navoiy asarlari ro‘yxati tuziladi va navoiyshunoslik borasida shoirning o‘ziga murojaat etish tamoyillari sezila boshlaydi. Olim Sharafiddinov kezi kelganda navoiyshunoslik taraqqiyotiga xalal berayotgan omillar haqida to‘xtalib o‘tadi. Bunda u kamchilikni ziyolilar orasida masala tadqiqida birdamlik, hamjihatlik yetishmayotganligida ko‘radi. Ayni masalada hozirgi navoiyshunoslik ancha oldinga qadam tashlagan bo‘lsa-da, biroq yechimini kutayotgan muammolar bugun ham mavjudligini qayd etishimiz lozimdir. XIX asr fransuz ilmiy maktabida navoiyshunoslik jiddiy yutuqlarga erishganligi monografiyada ta’kidlanadi. Bunda “Alisher Navoiy haqida, avtorning asarlaridan namunalar bilan biografik va adabiy qaydlar” nomli 1861 yilda nashr etilgan asar muallifi M.Belen xizmatlari tilga olinadi. U forsiy va turkiy manbalardan foydalanadi, zamondoshlari e’tiroflarini tarjima qiladi, Parij milliy kutubxonasida bo‘lgan qadimiy qo‘lyozma asarlar ro‘yxatini ko‘rsatadi, “Tuhfai Somiy”ga tayanib Alisher Navoiy asarlari yozilishi tarixini aniqlaydi, “Majolis un-nafois” va “Xamsat ul-mutahayyirin”dan tarjimalar beradi. Olim Sharafiddinov M.Belen va M.Nikitskiylar bir o‘rinda “Alisher Navoiy Xusrav, Nizomiy, Jomiylar ijodiga taqlid qilgan”, degan fikrini aytadi hamda bu fikrning mutlaqo asosi yo‘q, deydi. Bu mualliflarni olim Alisher Navoiy ijodi bilan chuqur tanishmasdan chiqargan xulosalari, deb to‘g‘ri baholaydi. Kezi kelganda shuni aytish kerakki, Sharq so‘z san’ati va umuman jahon adabiyotida “nazirai benazir” (o‘xshashsiz o‘xshashlik) an’anasi nihoyatda chuqur ildiz otgan hodisa sanaladi. Bu hodisa G‘arb va zamonaviy adabiyotshunoslikda “syujet va obrazlar motivatsiyasi yoki transformatsiyasi” deb baholanadi. Jahonning juda ko‘plab durdona asarlari ayni adabiy hodisa mahsuli hisoblanadi. U antik davrdan to hozirga qadar og‘zaki va yozma adabiyotda davom etib kelayotgan adabiy prinsipdir, badiiyat qonuniyatidir. Uni anglamaslik badiiy-estetika olami jozibadorligidan mahrum etadi, hayot va adabiyot dunyosini tushunishni g‘ariblashtiradi, tafakkurdan mo’suvo qiladi. Masalan, “Yusuf va Zulayxo” yoki “Eneida” motivida bir necha yuzlab asarlar yaratilgan bo‘lib, ularning har biri alohida ijod mahsullari, so‘z san’atining betakror namunalaridir. Shu kabi Sharq xamsachiligi, dostonchiligi ham mutafakkir ijodkorlarning olam va odam haqida original badiiy-falsafiy tafakkur mahsullari sanaladi. Bu hodisa otashin Sharq lirikasiga ham xosdir. Misol uchun, g‘azal janrining o‘zini Sharq mumtoz adabiyoti ichidagi bir adabiyot deb baholash mumkin. Ularning har biri alohida g‘oyaviy-badiiy olamiga ega mustaqil va ohoriy asarlar hisoblanadi. Ayniqsa, adabiy an’analar poetikasini anglamaslik, sharqona ijod nazokatidan bebahralik noxolis xulosalar keltirib chiqaradi. Sharq va umuman ijod poetikasi haqida noto‘g‘ri qarashlarni shu tariqa izohlash mumkin. Olim Sharafiddinov navoiyshunoslik tarixida Alisher Navoiy asarlarining nashr etilishi va tarjimalari muhim bosqich bo‘lganligini alohida ta’kidlaydi. Bu masalada hozirga qadar dolzarb muammolar mavjud bo‘lib, mutafakkir asarlarini yuksak mahorat bilan tarjima qilish, matnlar asosida bexato, nuqsonsiz nashrlarini tayyorlash, dunyo miqyosida tarqalgan qo‘lyozmalari qiyosiy matnlarini yaratish mutarjimlar, sharqshunosadabiyotshunoslar, til-matnshunos va manbashunoslar zimmasiga ulkan mas’uliyatlar yuklaydi. O.Sharafiddinov Sharqda bo‘lgani kabi G‘arbda ham Alisher Navoiy asarlari nashri va tarjimalari borasida muhim ishlar qilinganini aytadi. Misol sifatida fransuz olimi Katrmerning to‘liq amalga oshmay qolgan bo‘lsa-da, bu sohada e’tiborga molik ishlarni amalga oshirganini olqishlaydi. U boy o‘zbek mumtoz adabiyotini Yevropaga tanitgan olim ekanligini qayd etib o‘tadi. Shuningdek, olim rus turkologi, professor I.N.Berezinning Alisher Navoiy asarlari tarjima va nashr masalalaridagi ishlariga yuqori baho beradi. Aynan bu olimning xizmatlari tufayli 1857 yilda Qozonda bosilgan “Turkiy xrestomatiya”ning birinchi jildiga Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, “Vaqfiya”, “Xamsat ul-mutaxayyirin”, “Munshaot”, “Mahbub ul-qulub”, “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, g‘azallar va ruboiylarini tarjimasiz beradi. Shundan keyin Yevropa va rus ilmiy matbuotida Alisher Navoiy va uning asarlaridan namunalar berila boshlaydi. Bu masalalar tadqiqida Olim Sharafiddinov ilmiy-ijodiy faoliyati, iqtidori namoyon bo‘ladi. U Sharq va G‘arb tillarini bilish bilan birga matnshunos va manbashunos ham bo‘lganligi oydinlashadi. Qolaversa, navoiyshunoslik ilmi uchun bu sifatlar hayotiy zarurat hamdir. Olim navoiyshunoslikning yana bir muhim tarmog‘iga e’tibor qaratadi. Bu leksikografiya-lug‘atshunoslik masalasidir. Ma’lumki, Navoiydan keyingi davrlarda Alisher Navoiy va umuman Sharq mumtoz hamda tasavvuf adabiyoti uchun izohli lug‘atlarga katta ehtiyoj paydo bo‘ladi. Bu mumtoz asarlar tilini tushunish bilangina bog‘liq bo‘lib qolmasdan, umuman Sharq mumtoz adabiyoti uchun xos bo‘lgan ramziy-majoziy tasvir uslubi poetikasiga taalluqlidir. Shu bois Sharqda tasavvuf va badiiy adabiyot atamaterminlari uchun maxsus lug‘atlar yaratilgan edi. Jumladan, Alisher Navoiy asarlari bo‘yicha ham lug‘atlar tuzilgan. Shunday lug‘atlardan biri samarqandlik mashhur olim Qudbiddinxon Muhiddinov tomonidan chuqur o‘rganiladi va nomzodlik dissertatsiyasi sifatida fanga taqdim etiladi. Bundan tashqari, Alisher Navoiydan keyingi davrlarda yaratilgan lug‘atlarda shoir asarlariga ko‘p bora murojaat etiladi. Bu navoiyshunoslik zabardast soha ekanligini ko‘rsatadi. Olim Sharafiddinov “Navoiy asarlaridan ayrim parcha va jumlalar Yevropa va rus olimlari tomonidan tuzilgan va nashr qilingan turli lug‘at kitoblariga kiritilgan”ligini aytadi [Olim Sharafiddinov 1978: 52]. Misol sifatida 1868 yilda V.Velyaminov-Zernov tomonidan nashr etilgan “Al-lug‘at un Navoiy val-istishhodatul-chig‘atoiyya” nomli muallifi noma’lum lug‘atni keltiradi. Unda Alisher Navoiy asarlaridan ko‘plab misollar taqdimi eslatiladi. Navoiyshunoslikning keyingi taraqqiyoti davomida bir necha bor alohida va tomlik tarzida chop etilgan “Navoiy asarlari lug‘ati”dan tashqari, lug‘atlarda ham murakkab so‘z-iboralar izohida shoir asarlaridan foydalanilganligi guvohi bo‘lamiz. Demak, navoiyshunoslik bobida ijodkor matnlari asos bo‘lgan lug‘atlar muhim o‘ringa egadir. Olim Sharafiddinov G‘arb navoiyshunoslik tarixida Alisher Navoiy lirikasi, dostonlari va boshqa xil asarlari bilan bog‘liq chalkashliklarga alohida e’tibor qaratadi. Mumtoz adabiyot tarixida mavjud ayrim asarlarning Alisher Navoiyga nisbat berilishidagi xatoliklarga to‘xtaladi. Olim shoir qalamiga mansub “Xazoyin ul-maoniy”ga kiruvchi “G‘aroyib us-sig‘ar”, “Navodir ush-shabob”, “Bado’e ul-vasat”, “Favoyid ul-kibar”, shuningdek, ilk devonlari “Badoe ul-bidoya”, “Navodir un-nihoya” haqida sharqshunos M.Nikitskiy fikrlaridagi noo‘rin qarashlarga tahrir kiritadi. Aliga nisbat beriladigan “Nasr ul-luoli” nomli hikmatlar, Farididdin Attor ijod etgan “Mantiq ut-tayr” asarlarining sun’iy ravishda Navoiyga nisbat berilishiga izoh kiritadi. M.Nikitskiy tomonidan Alisher Navoiyga nisbat berilgan “Mezon ul-avzon” va “Aruzi turkiy” ikkita asari aslida bir asar ekanligini aytadi. V.D.Smirnov, I.N.Berezin tomonidan “Maxzan ul-asror”, “Shayboniynoma”, G.Vamberi tomonidan “Yusuf va Zulayxo”, “Qissai Sayfulmuluk” asarlari ham Alisher Navoiyga nisbat berilib xatolik yuz berganligini va bu asarlar mualliflarini aniqlashtiradi. Shu o‘rinda aytish kerakki, G‘arbda Alisher Navoiy ijodi va navoiyshunoslik qamrovi kengayganligidan, fikrimizcha, boshqa asarlarni ham shoirga nisbat berish hollari uchraydi. Chunki bu davrda boshqa o‘zbek ijodkorlari Alisher Navoiyga qaraganda hali atroflicha o‘rganilmagan edi. Olim Sharafiddinov esa Alisher Navoiy haqida maxsus ilmiy tadqiqot yaratguncha o‘zbek klassik adabiyotining ko‘plab namoyandalari va asarlari xususida jiddiy izlanishlar olib boradi. Alisher Navoiy davrigacha bo‘lgan turkiy-o‘zbek adabiyotining ulkan vakillari Xo‘ja Axmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy, Burhonuddin Rabg‘uziy, Durbek, Lutfiy, Sakkokiy, Atoyi va boshqalar ijodini sobiq sho‘ro davri mafkurasi asosida bo‘lsa-da, atroflicha tadqiq qiladi. Xullas, Olim Sharafiddinov navoiyshunoslikka kattagina ilm, tajriba bilan kirib keladi va bu sohani boyitdi. U bu boradagi mehnatlari davr adabiyotshunosligi uchungina emas, balki kelgusi tadqiqotlar uchun ham manba bo‘lishini anglab ish yuritadi. Barcha davrlarda bo‘lgani kabi XX asrning boshlari va 30-40 yillari o‘zbek adabiyotshunosligida ham nazariy poetika bilan qiziqish bo‘lgan edi. O‘sha milliy uyg‘onish hamda jadid davri o‘zbek adabiyotchiligi antik va mumtoz poetika an’analarini juda yaxshi o‘zlashtirgan, shu barobarida yangi qarashlar tarafdori edilar. Ayniqsa, jadidchilik adabiyoti ijodda hurriyat, erkinlik va ozodlikka asoslangan mafkura bilan chiqadi. Bu g‘oya, albatta, ijod tabiatida bo‘lgani singari nazariyada ham ma’lum o‘zgarishlarni talab qilardi. Ayni evrilishlar talabi bilan chiqqan davr uzoqqa cho‘zilmadi, birdan sho‘ro hukumati paydo bo‘ldi va tarixni tafakkur xotirasidan uzib tashlashga chaqirdi. Natijada badiiy adabiyot ham, uning poetikasi ham tuzum siyosati yo‘lidan borishga majbur bo‘ldi. Xuddi shunday bir davrda ham adabiyotshunos va tanqidchi olimlar badiiy ijodning poetik masalalariga bag‘ishlangan tadqiqotlar yaratdilar. Olim Sharafiddinov “Alisher Navoiy poetikasining ba’zi xususiyatlari to‘g‘risida” deb nomlangan tadqiqotida aynan poetikaning nazariy va tarixiy masalalari haqida fikr yuritadi. Ushbu tadqiqotda garchi Alisher Navoiy ijodiy faoliyati bilan bog‘liq poetika masalalari to‘g‘risida mulohazalar bildirilgan bo‘lsa-da, unda turkiy-o‘zbek va umuman mumtoz adabiyot poetik olamidagi o‘ziga xosliklar ochib beriladi. Olim “Alisher Navoiy poetikasi haqida so‘zlar ekanmiz, dastlab uning zamonasida hukmron bo‘lgan poetik qanoat to‘g‘risida izoh berish zarur...chunki, o‘zbek adabiyoti va poetik tilini voyaga yetkazgan Navoiy arab, fors adabiyotining go‘zal namunalari va o‘sha zamon adabiy qanoatining ta’sirida tarbiyalandi. Navoiyning fikr va qarashlari, uning poetikasining xususiyatlari, shubhasiz, o‘zidan ilgarigi meros va zamonasidagi adabiy traditsiyani tanqidiy egallash asosida, shu bilan birga, turmushni chuqur o‘rganish, sinchiklab mushohada qilish negizida mustahkamlandi va shakllandi”, – deydi [Sharafiddinov 1978: 156]. Bundan ko‘rinadiki, muayyan ijodkor yoki asar poetikasi haqida gap ketganda, o‘tmish, davr va hayot tajribalari bilan bog‘liq badiiy-nazariy masalalar e’tiborga olinishi zarurdir. Shu bilan birga, olim qarashlaridan kelib chiqib aytish lozimki, ijodiy poetika bu, birinchidan, tarixiy an’analar mahsuli hisoblanadi. Shunga ko‘ra, olim sharqona adabiyot nazariyachilari sifatida Alisher Navoiygacha bo‘lgan turli davrlarga mansub qator olimlar nomini sanab o‘tadi. “Masalan, – deydi olim, VIII asrda yetishgan Xalil ibn Axmad, XII asrda yetishgan Nizomiy Aruziy Samarqandiy, XIII asrda yetishgan Shamsqays Xo‘ja Nasr Tusiy, XIV asrda Ibni Xaldun va boshqalar mana shu poetikani to‘ldirgan, sharh qilgan, detallashtirgan kishilar edilar” [Sharafiddinov 1978: 157]. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Sharq adabiyoti poetikasi masalalari nazm zamirida shakllangan edi. Bu nasr yo‘q edi, degani emas, aksincha boshqa xalqlar adabiyoti kabi Sharqda ham ulkan nasriy adabiyot an’anasi mavjud bo‘lib, hatto u she’riyatning paydo bo‘lishi va taraqqiyotini belgilab beradi. Biroq nazmga doir nazariy qarashlar, poetik qonuniyatlar bo‘yicha Sharqda ko‘proq mukammal asarlar yaratilgan edi, nasrga esa badiiyatdan ko‘ra hayotiylik, voqelik ifodasi, deb qaraladi. Olim Sharafiddinov ayni haqiqatni his etib, Ibni Xaldunning “Nazm va nasrda badiiylik ma’noga oid emas, balki so‘zlarning shakllanishiga oiddir, ma’no shunga ergashadi. Ma’no emas, so‘z asldir. Nutq so‘zlardan iborat, ammo ma’no ko‘ngildagi narsa bo‘lib, u har kimda bor. Har fikr egasi u ma’nolarni o‘zi istagancha aylantira oladi. Bu san’atga muhtoj emas”, – degan fikrini keltiradi [Sharafiddinov 1978: 157]. Shuning uchun mumtoz poetika, avvalo, shoir shaxsi va she’r tiynatiga e’tibor qaratadi. Buni to‘g‘ri anglagan Olim Sharafiddinov Aruziy Samarqandiyning adabiyot nazariyasiga bag‘ishlangan “Chahor maqola” asarida shoir haqida aytilgan “eski shoirlar she’rlaridan 20 ming bayt yod bilishi”, “zamona shoirlaridan 10 ming bayt yodlashi”, “ustodlar devonlarini doimo o‘qishi”, “she’rning turli navlarini anglashi”, “badiiy asarga ko‘ngil qo‘yishi”, “she’rning ayb va hunarini bilishi”, “aruz ilmini, mantiq, leksika, stilistika, tarjima ilmlarini o‘rganishi” kabi talablarni badiiy mahorat shartlari sifatida keltiradi. Bu shoirlik san’ati talablari XII asrda qo‘yilgan bo‘lsa, ular keyinchalik yanada mukammallashib boradi, shoirga nisbatan talab va taklif kuchayadi, she’r ohang va ritmga asoslangan badiiy nutq bo‘lib qolmasdan, balki ilm va mantiqqa, falsafa va hikmatga yo‘g‘rilgan yuksak san’at turi sifatida baholanadi. Aruziy Samarqandiydan bir asr o‘tib, Shamsqays Tusiy shoir bo‘lish uchun mufradot lug‘atini, so‘z tarkiblarini, she’r asoslarini, nazm yo‘llarini, madh va tavsiflarni, ochiq va pardalab so‘zlash, o‘xshatish va tajnis, majoz va istioralar, aruz va qofiya ilmi, bahr va vaznlar va hokazolarni chuqur bilishi kerakligini aytadi. Bundan tashqari, badiiy til va uslub masalalaridagi fikrmushohadalar she’ru shoirlik bobida hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan qimmatli qarashlar hisoblanadi. Mumtoz poetika masalasida Olim Sharafiddinov e’tibor qaratgan bir jihat ma’shuq va yuz, ko‘z, qosh, lab, xol, soch, gajak, tish, kiprik, qomat, zulf, baqbaqa singari uzvlar obraz-timsollari talqini masalasidir. Bizga ayonki, mumtoz she’riyat boy ramziy-majoziy timsollar, ifodalar olami bilan ziynatlangan poetik qurilmadir. Unda ma’shuq va uzvlar ramziy tasviri an’ana sifatida barcha shoirlar ijodida keng ko‘lamda qo‘llanadi. Olim shuni nazarda tutib, “Shoir sevgilisi to‘g‘risida gapira boshlagach, uning xotiriga juda ko‘p ishlatiladigan but, sanam, nigor, hur istioralari tushadi, bu istioralarni ko‘pincha ma’lum sifat bilan ishlatishni unutmaydi. U holda sevgili: buti chin, buti samintanga aylanadi. Soch ta’rifida... “zulf” katta o‘rin tutadi. Xalqai zulf tuzoqqa, xol esa donaga o‘xshatilib, oshiq dona uchun tuzoqqa tushgan parranda bilan qiyos qilinadi. Sochning rangi qora, o‘zi hidli bo‘lishi kerak. Bundan soch to‘g‘risida mushk, tun, mushki xo‘tan ta’riflari tug‘iladi, ba’zan u qoralikda qarg‘a qanotiga o‘xshatiladi... gajaklar muakrab sifatini chaqiradi yoki u, j, g, i singari arab harflariga o‘xshatiladi. Gajaklar to‘zg‘isa, zirixi anbar bo‘ladi yoki ularni shamol to‘zg‘itib titratsa, oshiqi notinchga aylanib, o‘zini unga uradi. Ba’zan esa yuzni bekitib hijobga aylanadi. Peshona gajagi bulut, rayhon dasta, maysaga o‘xshatiladi. Yuz to‘g‘risida o‘xshatishlar rangi va porloqligi bo‘yicha bo‘ladi. Rangi: lola, lola barg, dulola, lola had, gul xayri...porloqligi: oftob, oftobi tobon, moh munavvar...mohi anvar, qora zulfli oy kabi o‘xshatish, istioralarni chaqiradi. Lab – o‘z rangi, porloqligi bilan may, yoqut, anor, shirinligi bilan shakar, qand bo‘ladi. Bo‘sa – kasalga “darmon” istiorasida beriladi, u ... g‘uncha, nuqtai mavhum bo‘ladi. Tishlar – inju, marvarid deb tasvirlanadi. Ko‘z – qora va katta bo‘lishi kerak. Chashmi siyoh, shahlo ko‘z – ohu chashm deb ta’riflanadi. Qoshlar – kamon, shuning uchun zahri olud. Ba’zan munkarnakirga aylanadi, chunki imon so‘raydi. Kipriklar – o‘q, xadang Qomat – to‘g‘ri va kelishgan bo‘lgani uchun sarv, sarvi samin, alif (oshiq qaddi esa dol). Baqbaqa – seb, olma. Xol – mushk, kavkab. Bel va uning nozikligi to‘g‘risida mo‘rchamiyon, log‘armiyon, soch mo‘y kabi istiora va o‘xshatishlar kiradi”, – deydi [Sharafiddinov 1978: 158]. Gap shundaki, adabiyotshunos mumtoz poetika timsol-ramzlar talqinini maxsus terminlar, deb bilishi asosli, biroq ular tashqi zohiriy ifodalariga qarab baholanishi munozarali qarashlarga olib keladi. Bu poetik qarashlarda muayyan chegaralanganlik, biryoqlamalik va noxolislikni keltirib chiqaradi. Olim Sharafiddinov bunday timsollar tufayli “she’rning tematik, mazmun, obrazlar jihatidan ramkasi torayadi, imkoniyati cheklanadi, takror yuzaga keladi”, deganida xuddi shunday holat kuzatiladi va ular ko‘p ma’noliligi, mazmundorligi, botin ifodalari nihoyatda rang-barang ekanligi e’tibordan soqit qilinadi. Aslida mumtoz she’riyatda uzvlar poetikasi she’riyat mazmun-mundarijasi kengayishiga, obraz-timsollar olamining boyishiga, badiiy-estetik fikrlar ufqining chegara bilmasligiga, ifoda va tasvirda betakrorlikka xizmat qiladi. Misol uchun, Alisher Navoiy lirikasida “xol”, “ko‘z” yoki “lab” timsollari qancha ishlatilsa, ularning har biri badiiy matn tarkibida shuncha yangi so‘z, o‘zga ifoda hisoblanadi. Mumtoz poetikada she’r bu tarzda ko‘p ma’no va ohang kasb etishi bir tomondan irfoniy talqin jozibadorligi tufayli yuz beradi. Bugungi adabiy-nazariy qarashlar Olim Sharafiddinovning poetik qarashlaridagi mana shu jihatlarni tanqidiy ko‘zdan kechirishi ham lozim, deb o‘ylaymiz. Olim Sharafiddinovning mumtoz poetika to‘g‘risidagi qarashlarida “nazm shakllari” (lirik janrlar) masalasi alohida o‘rin tutadi. U mumtoz she’riyat janrlaridan g‘azal, ruboiy, masnaviy va boshqalarning poetik o‘ziga xosliklari haqida so‘z yuritadi. Musammat shakllari bo‘lgan musallas, murabba’, muxammas, musaddas, musabba’, musamman, muashshar hamda taslis, ta’rix, taxmis, tasdislar mazmuniy-shakliy jihatlari borasida to‘xtaladi. Shuningdek, qasida, qit’a, mustazod, tarji’band, tarkibband singari she’riy shakllar atrofida mulohazalar bildiradi. Ularning aruz va qofiya ilmi qonuniyatlariga bo‘ysunishini ta’kidlaydi. Bu janrlarni yuksak cho‘qqiga ko‘targan ijodkorlarni ta’rif etadi. Biroq Olim Sharafiddinov fikricha, bu janrlar o‘rta asrlar adabiy-ilmiy qarashlarida vazn, hajm, mavzu, qofiya masalalarida “o‘zgarmagan”, “qotib qolgan” deb baholanishi ham nazariy jihatdan bahslidir. Masalan, g‘azal “nazariyasiga ko‘ra, 5 baytdan 15 baytgacha bo‘lishi shart, qofiyasining tuzilish tartibi matla’ning qofiyadosh bo‘lishi va bu qofiyaga juft misralarning ergashuvi lozim, temasi “ishq va sharob qo‘shig‘i” shaklida qat’iylashgan” yoki ruboiy “mutlaqo 4 misradan iborat”, “hazajning “axram” va “axrab” turlaridan chiqqan”ligi aytiladi. Xuddi shunday masnaviy ham “etti vazn bilan yoziladi”, “tavhid, munojot, na’t, me’roj, zamon podshohini maqtash, so‘z ta’rifi va ustoz shoirlarga madhiya, o‘g‘liga nasihat, kitobning yozilishi sababi...larsiz masnaviy yozish nuqson hisoblanadi” [Sharafiddinov 1978: 160]. Bunday qarashlar boshqa janriy shakllarga nisbatan ham bildiriladi. Gap shundaki, mumtoz she’riyat janr-shakl va mazmun mohiyati bilan insoniyat badiiy tafakkuri tarixida erishilgan eng yuksak yutuqlar hisoblanadi. Hozirga qadar uni takrorlay oladigan va hech bo‘lmasa unga taqlid qila oladigan biror poetik san’at namunasi yaratilgan emas. Bu o‘rinda olim, birinchidan, qadimiy an’analarni yangilash tarafdori sifatida ko‘rinadi. O‘z vaqtida Cho‘lpon ham mumtoz adabiyotdagi “bir xillik” haqida fikr yuritgan edi. Unga taniqli olim Ibrohim Haqqulov o‘z munosabatini bildirdi. Albatta, Cho‘lpon va Ayn (Olim Sharafiddinov) fikrida katta farq bor. Cho‘lpon an’analarni zamon ruhida, jahoniy miqyosda, ozod o‘lka va tafakkur zamirida yangilanishini istaydi. Olim Sharafiddinov esa muayyan ma’noda sho‘ro g‘oyalarini yangilik deb qabul qiladi. Ko‘rinadiki, Cho‘lpon davrida milliy ozodlik va hurriyat, Ayn davrida sho‘ro tuzumi va mafkurasi yangilanish deb anglangan. Shu nuqtai nazardan mumtoz she’riyat poetikasi “bir xil” va “qotib qolgan” deb baholanadi. Uning ichidagi jo‘shqinlik, botiniy yangilanish, ruhiy erkinlik, ma’naviy ozodlik kabi motivlar e’tiborsiz qoladi. Bugungi kun badiiy-estetik qarashlari jihatidan olib qaraydigan bo‘lsak, mumtoz she’riyatimiz janr-shakllarida ham, mavzu-g‘oyalarida ham o‘zgarishlar, uyg‘oqlik ufurib turganligi namoyon bo‘ladi. Chunki mumtoz she’riyat botinida asrlar davomida yashab kelayotgan ilohiy-bashariy qadriyatlar o‘tgan zamonlar uchun ham, bugun ham, kelajakda ham barhayot bo‘lib qoladi. Cho‘lpon o‘z fikrlarini davom ettirib, hind xalqining vijdoni, xalqaro Nobel mukofoti sovrindori Robendranat Tagorni yangi adabiyot timsoli sifatida ko‘rsatadi. Olim Sharafiddinov esa mumtoz she’r poetika dunyosidagi o‘zgarmas qonunlar Alisher Navoiy siymosi tufayli yangilanganligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, Alisher Navoiy “o‘zidan ilgarigi, o‘z zamonasidagi adabiyotni, fors, arab adabiyotini, folklorni, turmushni yaxshi o‘rganib, biri-biridan uzoq va ko‘pincha biri-biriga qarama-qarshi bo‘lgan til va uslub elementlarini bir-biriga uzviy bog‘lab, yangi sifatli asarlar, to‘g‘risi, yangi adabiyot yaratgan edi. Uning ijodiyotida badiiy merosning xislatlari, bir tomondan, mantiqiylik, ratsionalizm, ikkinchi tomondan, romantik poeziyadagi hissiylik, lirik tugallik go‘zal ravishda biri-biri bilan qo‘shilib, biri-biriga singib ketgan edi. Navoiy xilma-xil temalarni poeziya maydoniga tortdi... Har bir janrning ichki ramkasini, hajmini kengaytirdi. Navoiy o‘z zamonida hech kimga muyassar bo‘lmagan porloq, to‘laqonli, jozibador chuqur mazmunli she’riyat namunasini yaratdi...Navoiy buyuk novator, original, o‘z asrining an’analarini yorib chiquvchi buyuk shoir sifatida gavdalanadi” [Sharafiddinov 1978: 161-162]. Bulardan ko‘rinadiki, Olim Sharafiddinov mumtoz adabiyot-she’riyat poetikasi xususida fikr yuritganda, Alisher Navoiy lirikasini shu poetik olamning cho‘qqisi, deb biladi. Sharq badiiyat ilmi Alisher Navoiy she’riyatida o‘zining tom ma’nodagi yuksalish bosqichiga ko‘tarilganligini qayd etadi. Albatta, u o‘z davri adabiyotshunosi va nazariyotchisi sifatida sho‘ro mafkurasi doirasida fikr yuritadi. Bu mafkura iskanjasidan chiqib keta olmaydi. Shunday bo‘lsa-da, barcha davrlar va talqinlar talablariga javob bera oladigan mutafakkir alloma Alisher Navoiy dahosi olim qarashlarini haqiqat mezonlaridan uzoqlashib ketishiga yo‘l ham qo‘ymaydi. Shu ma’noda Alisher Navoiy siymosi va ijodiyoti haqidagi turli zamonlarda berilgan baholar, nuqtai nazarlar, qarashlar qadru qimmati bilan e’tiborlidir. Xulosa qilib aytilganda, adabiyotshunoslikda Olim Sharafiddinov xizmatlari alohida ehtiromga loyiqdir. Uning ilmiy-ijodiy faoliyati markazini navoiyshunoslik va Alisher Navoiy ijodi tashkil qiladi. Olim badiiy-estetik tafakkuri shu buyuk siymo asarlari bilan shakllanadi. Shu bois bugungi kunlarda ham Olim Sharafiddinovning badiiy-estetika va ayniqsa, navoiyshunoslik haqidagi qarashlari nufuzi so‘ngan emas, balki katta ilmiy ahamiyatini saqlab qolmoqda. Olim Sharafiddinovning mumtoz, xususan, Navoiy poetikasi haqidagi qarashlari bu borada yangi adabiyotshunoslik ilmining dastlabki kuzatishlari va ilk tajribasi sifatida ham muhimdir. Undagi nazariy-tarixiy poetika masalalari uchun maqbul va manzur jihatlarni bugungi qarashlar nuqtai nazari bilan qabul qilish, lozim o‘rinlarda saralash foydadan xoli bo‘lmaydi. Download 30.1 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling