Navoiyning sarguzasht-falsafiy dostonlari
Download 232.06 Kb. Pdf ko'rish
|
NAVOIYNING SARGUZASHT-FALSAFIY DOSTONLARI
NAVOIYNING SARGUZASHT-FALSAFIY DOSTONLARI Tohirov S.Q. Agar “Farhod va Shirin” hamda “Layli va Majnun” dostonlarini ISHQ konsepsiyasi birlashtirib turgan bolsa, “Xamsa”ning so’nggi ikki dostonini birlashtirib turadigan asosiy masala hukmdor ma’naviyati va falsafasi yoxud shoh timsollarining bosh qahramon qilib olinganidir. Bahrom ibn Yazdijurd (Bahromi Go’r, Varaxran V) sosoniylar xonadonining vakili bo’lib, 421-439 yillarda Ajamning podshohi edi. Alisher Navoiy o’zining "Tarixi muluki Ajam" asarida o’sha davrdagi tarixchilar dunyoqarashi asosida Bahrom binni Yazdijurd haqida ma`lumot bergan (16-tom, 234-237-betlar). Garchi Bahrom tarixiy shaxs bo’lsa-da, ammo u og’zaki va yozma adabiyotda tarixiy shaxslikdan ko’ra badiiy obraz-timsol sifatida ko’proq mashhurdir. Shuning uchun uning "sarguzashtlari" shunchaliк badiiylashtiriladiki, natijada, tarixiylik o’rnini badiiylik egallab boradi. Bu holni Abulqosim Firdavsiy "Shohnoma"sidagi Bahrom va Ozoda haqidagi, Nizomiy Ganjaviy "Haft paykar"idagi Bahrom va Fitna, Xusrav Dehlaviy "Hasht bihisht"idagi Bahrom va Dilorom to’g’risidagi qissalarda ham kuzatish mumkin. Iskandar (Aleksandr Makedonskiy) eramizdan oldingi IV asrda (356-323) yashagan mashhur sarkarda va jahondordir. Ammo Sharqda Iskandar o’z tarixiy "qolipini"gina saqlab qolib, adib va shoirlar asarlarida badiiyat qonuniyatlari hamda yozuvchi adabiy-estetik niyatlari asosida yaratilgan badiiy obrazdir. Bu badiiy obraz-Iskandar qaysi davrda yaratilgan bo’lsa, ana shu davr talab va ehtiyojlari asosida o’ziga xos tarzda yaratiladi. Natijada Firdavsiy ham, Nizomiy ham, Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiy ham o’zlari istagan Iskandar badiiy obrazini chizdilar. Alisher Navoiy ham ana shu uslubni davom ettirdi. Shuning natijasida, Alisher Navoiy Iskandarni XV asrda yashab ijod etgan shoir nuqtai nazaridan qalamga oldi va talqin etdi. Alisher Navoiy "Xamsa"sining to’rtinchi dostoni "Sab`ai sayyor" (yetti kezuvchi-sayr qiluvchi) deb ataladi. Asarning bunday nomlanishi sababini shoir shunday izohlaydi: Lutf bu nazm aro bag’oyatdur, G’araz ammo yetti hikoyatdur. Chunki qoyil yetti musofir edi, Ki alar sayr ishiga mohir edi, Bo’ldi chun bu raqam ishi tayyor, Qo’ydum otini "Sab`ai sayyor". (MAT, 10-tom, 409-bet) Dostoni hijriy 889 yilning jumodiyussoniy oyida-melodiy 1484 yilning iyun oyida yozib tugatilgan: Garchi tarixi erdi sekiz yuz, Sekson o’tmish edi yana to’qquz. Oyi oning jumodiyussoniy, Panjshanba yozildi unvoni. 31 bob, 5009 baytdan iborat bo’lgan doston aruzning xafifi musaddasi maxbuni mahzuf (maqsur, abtar, abtari musabbag’) vaznida yozilgan. “Saddi Iskandariy” 1484 yilning ikkinchi yarmida (taxminan noyabr oylarida) yozib tugatilgan. Bu holni Alisher Navoiyning shaxsiy kotiblaridan biri bo’lmish Abduljamilning yaxlit "Xamsa"ni 1484 yilda ko’chirgan va hozirda O’z RFA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutiga saqlanayotgan nusxasi ham tasdiqlaydi. Bunga ilova tarzida shuni ham eslatish joizki, Abdurahmon Jomiy o’zining "Xiradnomai Iskandariy" dostonini 1484 yilning 28 dekabrida yozib tugatgan edi. Ayni ana shu dostondan Alisher Navoiy "Xamsa"siga Abdurahmon Jomiy tomonidan berilgan yuksak baho o’rin olgan: Falak ofarinho dar on kilk bod, Ki on naqshi matbu’ az on kilk zod. Bu qalamga falakdan ofarinlar yog’ilsin. Undan misli korilmagan go’zal naqshlar olamga keldi. "Saddi Iskandariy" Navoiy “Xamsa”si tarkibidagi hajman eng katta doston bo’lib, 89 bob 7215 misra (14430 misra)dan iborat. Doston an’anaga muvofiq aruzning mutaqoribi musammani mahzuf (Fa’uvlun fa’uvlun fa’uvlun fa’ul) vaznida bitilgan. «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarida o‘zining turkiy va forsiy merosini tilga olib, «Xamsa»ning har bir dostonini yozishda unga madad bergan manbalarni e’tirof etadi. Jumladan: Yana chun «Sab’ayi sayyor» rasadin zamirim bog‘labdur, Ashraf «Haft paykar»ining etti hurvashin peshkashimg‘a yarog‘labtur. Yana chun «Sadi Iskandariy» asosin xotirim muhandisi solibdur, Hazrati Maxdum «Xiradnoma»sidin ko‘si isloh va imdod cholibtur». Bundan kelib chiqadiki, ushbu dostonlarning yozilishida Ashraf Marog’aviyning “Haft avrang” hamda Abdurahmon Jomiyning “Xiradnomai Iskandariy” dostonlari ta’siri mavjud. Biroq Abdurahmon Jomiy asarlari masalasida bevosita emas, bilvosita tushunish lozim. Ya'ni “Xiradnoma”ning o’zi emas, Hazrat Jomiyning o’ta muhim maslahatlari Navoiyga turtki bergan. Download 232.06 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling