Navro‘Z — yasharish, yangilanish, bunyodkorlik, birdamlik va rizq-ro‘z ayyomi
Download 17.23 Kb.
|
Navro\'z
- Bu sahifa navigatsiya:
- Shodmon SULAYMONOV, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari
NAVRO‘Z — YASHARISH, YANGILANISH, BUNYODKORLIK, BIRDAMLIK VA RIZQ-RO‘Z AYYOMI Bahorning ilk tongida radio, televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda Hamid Olimjonning ko‘klam nafasini, bor sog‘inchu o‘tinchlarimizni o‘zida jo etgan o‘sha mashhur satrlari yoxud mazkur she’rning qo‘shiqqa aylangan navolari yangrar ekan, beixtiyor entikib qo‘yamiz: Novdalarni bezab g‘unchalar, Tongda aytdi hayot otini. Va shabboda qurg‘ur ilk sahar Olib ketdi gulning totini. Bu satrlar biz uchun bekorga aziz va qadrdon bo‘lgan emas. Chunki ayni shu satrlar xayolimizda jonlangan lahzada ko‘z o‘ngimizda Bahor, uning bir-biridan jozibali bayramlari gavdalanadi. Ayniqsa, Navro‘z bayrami qalbimizga, ongu shuurimizga baxsh etadigan shukuhni dil-dildan tuyib, zavq-shavqqa, yorug‘ umidlarga to‘lamiz. Barchamiz orziqib kutadigan va katta xursandchilik, shodiyona bilan nishonlaydigan Navro‘z ayyomi hayot abadiyligi, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovati, ko‘p ming yillik milliy qiyofamiz, olijanob urf-odatlarimizning betakror ifodasidir. Navro‘z – yangilanish, yasharish, olamning go‘zallik va nafosatga burkanishi, ko‘ngillarning poklanishi, kecha va kunduzning tenglashuvi, yangi kun, sharqona yangi yilning boshlanishidir. Xalqimiz asrlar bo‘yi e’zozlab kelayotgan bu tarovatli ayyomning qadri va ahamiyati yildan-yilga ortib, bugungi zamon an’analari bilan boyib bormoqda. Yurtdoshlarimiz qalbida bu kun bilan chambarchas bog‘liq yuksak insoniylik fazilatlari va odamiylik xislatlari shakllangani esa Navro‘zning hayotimizda naqadar muhim o‘rin tutishidan dalolatdir. Bayram kunlari bir-biriga mehr-oqibat ko‘rsatish, qariyalar, nogironlar, yolg‘izlar va bemorlar holidan xabar olish, sumalak, ko‘k somsa, halim kabi bahoriy taomlar bilan yo‘qlash, xayriya, saxovat tadbirlarini o‘tkazish, hashar, ko‘pkari, kurash singari xalq o‘yinlari, sayillar uyushtirish, Vatanni, bahorni, ona zaminni ulug‘lovchi lapar va qo‘shiqlar kuylash shular jumlasidandir. Bu ayyomda odamlar qalbida hamjihatlik va ezgulik, mehr-shafqat tuyg‘ulari yanada jo‘sh uradi. Bobodehqon eng oliy niyatlar, umid va ishonch, yangi orzu-istaklar ila yerga baraka urug‘ini qadaydi. Buyuk ajdodimiz Abu Rayhon Beruniyning bundan ming yil avval yozgan “Hindiston” nomli asarida “Har bir xalqning udum va an’analari o‘sha xalqning yuz yillar davomida shakllangan turmush tarzi ifodasidir”, deya e’tirof etgani ham Navro‘z bilan bog‘liq udumlar xalqimiz uchun nechog‘lik aziz va ardoqli ekanligidan dalolatdir. Ayniqsa, mamlakatimiz ravnaqini yangi bosqichga ko‘taradigan joriy yilda Navro‘zi olam baxsh etgan ko‘tarinkilik o‘zgacha. Yurtimizning eng chekka ovullaridan tortib, qishlog‘u kentlarimizgacha bu ayyom munosib yutuqlar bilan qarshi olinmoqda. Diyorimizning har bir go‘shasida bahoriy yumushlar, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlandi. Navro‘zning o‘ziga xos tarbiyaviy jihati shundaki, u orqali qadimdan yoshlar kattalardan mardlik, jasorat, shijoat va qat’iyatni o‘rganishgan. Odamiylik, insonparvarlik, umumbashariy sifatlar ham ayni shu ayyom orqali navqiron avlod vakillari ongiga singdirilgan. Yurtimiz mustaqillikka erishgach, xalqimizning Navro‘z bilan bog‘liq barcha qadimiy qadriyatlari nafaqat asl qiyofasiga qaytdi, balki ularning mazmun-mohiyati yanada boyidi. Jumladan, ko‘pkari, kurash kabi milliy o‘yinlarimiz, arg‘imchoq uchish, varrak uchirish, qo‘chqor urishtirish an’analari, folklor-etnografik jamoalarning chiqishlari, lapar, o‘lan, alla ohanglari, qo‘li gul hunarmandlar yasagan rang-barang amaliy san’at namunalari namoyishi, dorboz, askiyachi va qiziqchilarning tomoshalari, mahalla-ko‘y obodligi, oilalar farovonligi, muhtoj kishilarga xayr-saxovat ko‘rsatish bilan bog‘liq udumlarning yangicha talqinlari bu bayramga yanada o‘zgacha fayz bag‘ishlab kelmoqda. Navro‘zning ezgu qadriyat sifatidagi ahamiyati bahorning ilk kunlarida o‘tkaziladigan hasharlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Unda har bir yurtdoshimiz faol ishtirok etib, mamlakatimiz obodligi va xalqimiz farovonligiga hissa qo‘shishga intiladi. Mahalla va turar joylar, muqaddas ziyoratgoh va tabarruk qadamjolar tartibga keltiriladi, ko‘cha va xiyobonlarga mevali hamda manzarali daraxt ko‘chatlari, turfa gullar ekiladi. Millati, tili va e’tiqodidan qat’i nazar, diyorimizdagi barcha yurtdoshlarimiz hamjihatlikda o‘tkazadigan bunday ezgu tadbirlar jamiyatimizdagi o‘zaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Navro‘z bilan bog‘liq marosim, urf-odatlar xalqning uzluksiz vaqt va makon oqimi tizimidagi kichik bir xalqa – bir yillik davr haqidagi bilimlari hosilasidir. Navro‘zning oddiy bayram emasligi, balki millat tarixi, falsafasi, madaniyati, folklori, adabiyoti, san’ati, mifologik va diniy dunyoqarashi, ilmiy tafakkur tarzini o‘zida mujassam etgan qomusiy ayyom ekanligi ayni shu jarayonda yaqqol namoyon bo‘ladi. Dunyoning barcha xalqlarida yilni fasllarga, mavsumlarga bo‘lishning o‘ziga xos tartibi bor. Avvalo, ko‘pchilik xalqlar o‘rtasida ikki tartibdagi taqvim amal qiladi. Biri – Quyosh taqvimi bo‘lsa, ikkinchisi Oy taqvimidir. Fasllarning almashinib turishi, kecha va kunduzning teng kelishi uzun tun va uzun kun o‘lchamlari Quyosh taqvimi uchun mezon sanaladi. Quyosh 21 martda shimoliy yarim sharga – Hamal burjiga o‘tadi, bu vaqtda kecha va kunduz har ikkala yarim sharda ham bir xil teng bo‘ladi. Ayni shu kuni shimoliy yarim sharda bahorgi tengkunlik – Yilboshi Navro‘z kiradi. Kuzgi tengkunlik 22 sentyabrda Quyosh janubiy yarim sharda Mezon burjida turadi. Xalqimiz bu kunni qadimda Somon kuni sifatida nishonlagan. 21 martdan boshlab kun uzayadi. Kunduzning yoyilib, kengayishini ifodalovchi “Yoz” (yoyilmoq, uzaymoq ma’nolarida) bu mavsumga nom bo‘lgan. Aksincha, tunning uzayib, kunduzning qisqarishi “qish” (qisilmoq, siqilmoq, toraymoq ma’nolarida) so‘zi bilan atalgan. Xalqimiz qadimda har bir mavsumning boshlanishini bayram sifatida nishonlagan. Har bir mavsum o‘z marosimi va timsollari, taomlariga ega bo‘lgan. Xalqning tabiat tartibi, mavsumlar almashinuvi haqidagi bilimlari marosimlar tarkibida timsolu ramz bo‘lib, avloddan avlodga o‘tgan. Bu raqs va qo‘shiqlarda, marosimlarda aks etgan. Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida Navro‘z haqida asosli va ishonchli ma’lumotlarni keltirgan. Bunday ma’lumotlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda, deb ta’riflaydi. Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. O‘yquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, oq, sariq, ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”. Darhaqiqat, ildizlari uzoq asrlarga borib taqaluvchi Navro‘z zamirida olam ahlini o‘zaro totuvlik, do‘stlik va hamjihatlikka da’vat etuvchi umuminsoniy qadriyatlar mujassamlashgan. Uning maftunkorligi va umrboqiyligi siri ham aynan shundadir. Shodmon SULAYMONOV, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Download 17.23 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling