Nikoh marosimlariga oid tabular
Download 18.44 Kb.
|
Nikoh marosimlariga oid tabular
Nikoh marosimlariga oid tabular Nikoh bilan bog‘liq to‘y marosimlari. Nikoh to‘yi kelinni tanlash va uning uyiga sovchilikka borishdan boshlanadi. Toshkentda qarindoshlari va qo‘shnilari bilan etnik va tabaqaviy endogam nikoh ittifoqini ham qo‘llab-quvvatlaydilar. Kelinni tanlashda uning xulqi, yoshi, tashqi ko‘rinishi, yaqin qarindosh-urug‘lari muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu jarayonlar «qiz ko‘rish», «uy ko‘rish» marosimlari orqali amalga oshiriladi. Kelin tanlanganidan keyin «non sindirish», «non ushatish» marosimi o‘tkazilib, unda kelinning uyiga keksa, hurmatli ayollardan biri ikki oila birligi va kelishuvi belgisi sifatida non sindirgan. Toshkentda bu marosim asta-sekin fotiha to‘y bilan birga o‘tkaziladigan bo‘lib, unga yaqin qarindoshlar, qo‘shnilar taklif qilingan. Shu kuni kuyov tomon kelinga qalin, uning ota-onasiga esa sarpo yuborgan. Qalin, shuningdek, kuyov tomondan kelinga mahr berish odati milliy an’ana sifatida yangi ko‘rinishlar kasb etgan holda saqlanib qoldi. Qalin puli kelinni sotib olish uchun emas, balki kelin tomonning to‘y xarajatlari uchun yordam sifatida berilib, miqdori ilgarigisidan ancha kam miqdorga keldi. Mahr – kuyovning kelinga ajratgan mulki (odatda, uning yashashi uchun umrbod shaxsiy mulk tarzida berilgan uy). Nikoh to‘yining o‘zi ham bir qancha o‘zgarishlarga uchradi. Barcha tarixiy bosqichlarda to‘yning asosiy negizi diniy nikoh o‘qitish hisoblangan. SHo‘ro hukumatining taqiqlariga qaramasdan, bu marosim doim imi-jimida o‘tkazib kelingan. 20-yillarda majburiy nikoh unsuri sifatida ZAGS dan qayd ettirish, keyinchalik nikoh uylarida ZAGSdan o‘tish joriy qilingan. 80-yillarda esa Toshkentda ZAGSdan o‘tish nikoh to‘yining o‘zida ham o‘tkazila boshlandi, ayni vaqtda diniy nikoh ham o‘qitilmoqda. Qadimdan meros bo‘lib kelayotgan to‘y marosimlari islomgacha va islomdan keyingi udum, marosimlar bilan qorishib ketgan. Islomiyatdan avval ular magik xarakterga ega bo‘lgan. Jumladan, yoshlarni yomon ko‘zdan va balo-qazolardan asrash uchun gulxan atrofida aylantirishgan, boshlari uzra katta yoping‘ich tutishgan. Maxsus udumlar ikki yoshning farovon turmush kechirishlarini (yoshlarga shirinlik va tangalar sochilgan), serfarzand, uvali-juvali bo‘lishlarini (bolalarni tizzaga o‘tqazishgan, pishgan tuxum bilan mehmon qilishgan) ta’minlashi lozim bo‘lgan. «Ko‘rpa qavish», «maslahat oshi», «sabzi to‘g‘rar», «mol yoyar» va boshqa udumlarni xuddi ilgarigidek qarindoshlar, qo‘shnilar davrasida o‘tkazish an’anasi saqlanib qolgan. Shu bilan birga bu udumlarga bir qancha yangiliklar kirib kelgan, xususan to‘y tantalarida ayollar va erkaklar birga qatnashadigan, to‘yga professional artistlar taklif etiladigan bo‘ldi. Toshkentda 20-asrning 70-yillardan boshlab to‘ylar ilk marotaba restoran va kafelarda o‘tkazila boshlandi. Kelin-kuyov liboslari ham o‘zgarib, kelinlarning qalin ro‘moli o‘rnini zamonaviy moda asosida fata egalladi, biroq kuyov kiyimida milliy chopon va salla saqlanib qoldi. To‘yga taklif qilinadiganlar tarkibi ham o‘zgarib, unda qarindoshlar, mahalla, qo‘ni-qo‘shni qatorida, hamkasb va birga o‘qiydiganlar ishtirok etadigan bo‘ldi. Urushdan keyingi yillarda ko‘pgina arxaik xarakterdagi odat va udumlar, marosim ishtirokchilari tashabbusi bilan yangilariga o‘zgartirildi. 70–80-yillarda shaharning yodgorlik o‘rnatilgan joylariga gul qo‘yish, suratga tushish, video tasmaga olish, kelin-kuyovning bir-biriga uzuk taqish an’analari kirib keldi. Shuningdek, shu yillarda Toshkentda kelinga qilinadigan sep tarkibi ham an’anaviy buyumlar qatorida, servizlar, mebel garniturlari va muzlatkichlar va boshqa bilan boyitildi. Nikoh to‘yining so‘nggi bosqichi kelinning yangi oilaga kirib kelishi, qarindoshlar bilan tanishishi, «kelin salom», «bet ochar», «challar», «quda chaqiriq» bilan yakunlanadi. 20-asrning oxirlarida to‘y marosimlarining ko‘p chiqimliligi sabab Toshkentda challar va quda chaqiriq qo‘shib o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bola tug‘ilishi bilan bog‘liq marosimlar. Bunga azon, aqiqa to‘yi, soch (kokil) to‘yi, beshik to‘yi, o‘g‘il to‘yi, muchal to‘yi kabi rasm-rusumlar kiradi. Bu marosimlarda ko‘plab an’analar saqlanib qolgan. Allohga shukronalik belgisi sifatida farzand tug‘ilgandan keyin 20 kun ichida qilinadigan aqiqa to‘yi, chaqaloqqa azon aytish, chilla saqlangan. Beshik to‘yi ayollarning o‘ziga xos bayrami hisoblanib, chaqaloqning buvisi (ona tomonidan) shu kuni uni beshikka belagan. Bu tadbir, odatda, turli magik marosimlarni bajarish yo‘li bilan o‘tkazilgan. Go‘yoki, bu marosim yordamida chaqaloqning ota-onasi yovuz ruhlarni haydagan. Bolaning yovuz ruhlardan va ko‘z tegishidan saqlaydigan birlamchi tumorlar, pichoq, qalampir, isiriq va boshqalar bo‘lgan. Go‘dakning buvisi nevarasiga atalgan barcha narsa (kiyim-kechak, o‘yinchoq va boshqa)larni tayyorlagan va qarindosh-urug‘lari hamda qo‘ni-qo‘shnilari bilan birgalikda shodiyona bo‘layotgan uyga yo‘l olgan. U o‘zi bilan bayramona bezatilgan beshik va chaqaloqning ota-onasi, bobosi va buvisiga atab bosh-oyoq sarpo olib borgan. An’anaviy udumga ko‘ra chaqaloqni beshikka yotqizish, emizish va isiriq tutatishga rioya qilingan. Chaqaloq tug‘ilganidan to bir yoshga to‘lguniga qadar ham uning sog‘-salomatligini saqlash maqsadida turli urf-odat va marosimlar o‘tkazilgan. Go‘dakning birinchi qadamini qo‘yishi, birinchi tishining chiqishi va sochini birinchi marta olinishi (soch to‘yi) munosabati bilan muayyan marosimlar bajarilgan. Bola 12 yoshga to‘lishi munosabati bilan esa oila davrasida Sharq kalendariga ko‘ra bolaning birinchi muchal to‘yi o‘tkazilgan. 20-asrning 2-yarmidan e’tiboran bolaning tug‘ilgan kunini nishonlash marosimi keng tarqaldi. Insonning 50, 60, 70, 80 yoshlik yubileyini o‘tkazish ommaviylashdi. Toshkentlik o‘zbeklarning Oilaviy marosimlari ichida avvalgiday eng katta to‘y marosimi o‘g‘il to‘yi hisoblanadi. Sovet tuzumida ushbu marosimni qanchalik yo‘qotishga harakat qilinganiga qaramay u barcha oilalarda yashirin ravishda yoxud qandaydir marosimlarga (bobosining yubileyi, tug‘ilgan kun va boshqalarga) qo‘shilgan holda o‘tkazilib kelingan. O‘g‘il to‘yida ko‘plab urf-odat va marosimlar bajarilgan. Ayrim joylarda o‘g‘il to‘yi 4–5 kun davom etgan. 70–80-yillarda barcha turdagi to‘y marosimlarini o‘tkazish Toshkent aholisining ma’lum qatlami tomonidan ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilishi bilan ajralib turgan. Badavlat oilalar to‘y marosimlarini o‘tkazishda o‘zlarining moddiy imkoniyatlarini boshqalarga ko‘z-ko‘z qilish, jamiyatdagi obro‘-e’tiborlarini mustahkamlash yo‘lida foydalanganlar. Bularning barchasi aholining qolgan qatlamida norozilikni keltirib chiqargan. Davlat va jamoatchilik, mahalla ahli tomonidan ushbu tendensiya qoralanib, an’anaviy marosim mazmun-mohiyatiga ko‘pincha zid hisoblangan isrofgarchilik va dabdababozlikka chek qo‘yish to‘g‘risida chora-tadbirlar ko‘rilgan. 20-asr oxiridan boshlab Toshkentda aqiqa, beshik to‘yi va o‘g‘il to‘yi yagona tadbirga birlashtirilib, iqtisod qilingan pullarga onalar ro‘zg‘or buyumlari olishgan. Dafn va ta’ziya marosimlari. Bu marosimlardagi diniy an’analar (janoza va boshqa) sovet hukumatining taqiqlashiga qaramay aholi tomonidan o‘tkazilgan, chunki odamlarning bu an’analarga nisbatan e’tiqodi kuchli bo‘lgan. Dinga qarshi kurash odamlarning e’tiqodini so‘ndira olmadi. Ularning yashirin tarzda o‘tkazilishi dafn marosimlaridagi ayrim urf-odatlarning shaklan o‘zgarishiga olib keldi, xolos. 80–90-yillar boshlarida Toshkent aholisi tomonidan dafn-xotirlash marosimlarida uchi, yettisi, yigirmasi, qirqi, yili, hayitlarini o‘tkazish keng tarqalgan. Ular ba’zan hatto me’yoridan ortiqcha darajada ham o‘tkazilgan. 90-yillarning 2-yarmida aholining o‘z xohish-irodalariga ko‘ra ayrim urf-odatlar qisqardi va ayrimlari birlashtirildi. Toshkentda dafn marosimining birinchi oyidagi va yil marosimi o‘rniga ehson sifatida marosim o‘tkaziladigan bo‘ldi. Toshkentliklar ilgarigidek o‘tganlarni ramazon va qurbon hayiti kunlari hamda birinchi qor (qor yog‘di) va birinchi gul ochilgan vaqtda (gul) oilalari davrasida xotirlashadi va ramazon oyida iftorlik qilishadi. Toshkentda nikoh to‘yi va xatna to‘yi (o‘g‘il to‘y) munosabati bilan nahorda osh berish uzoq davrdan beri odatga aylangan. Bu odatga hozir ham muayyan o‘zgarishlar bilan amal qilib kelinadi. Jamoaviy bayramlarda har bir oila faol ishtirok etgan. Bayramlar ichida eng ommaviylashgani navro‘z hisoblanib, bu kuni sumalak, halim va chalpak kabi marosimiy taomlar pishirilgan, bazm uyushtirilib, bemorlar va qariyalar holidan xabar olingan. Toshkentda Yangi yil, Xotira va qadrlash kuni, Konstitutsiya kuni kabi yangi bayramlar ham keng nishonlanadi. 1991 yilda Toshkent aholisi hayotiga shahar maydonlarida o‘tkaziladigan Mustaqillik kuni bayrami kirib keldi. Bugungi kunda bu bayram mahallalarda, ishlab chiqarish jamoalarida va oilalar davrasida o‘tkaziladi. U o‘zbeklarning qadimiy milliy an’analari va urf-odatlarini o‘zida singdirgan va o‘zbek xalqi milliy o‘zligining shakllanishi, etnik qadriyatlari, tarixi va madaniyatiga hurmat tuyg‘usini uyg‘otishga xizmat qiladi. Download 18.44 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling