Nizomiddin Mir Alisher Navoiy- shoir, mutafakkir, jahon adabiyotining yetuk siymolaridan biri, davlat arbobi, faylasuf


Download 16.75 Kb.
Sana10.04.2023
Hajmi16.75 Kb.
#1348446
Bog'liq
Alisher Navoiy oʻzbek adabiyoti va madaniyati tarixidagi ulugʻ siymolardan

Alisher Navoiy oʻzbek adabiyoti va madaniyati tarixidagi ulugʻ siymolardan biridir. Zamondoshlari uni “Nizomiddin Mir Alisher” deb ulugʻlaganlar. “Nizomiddin” - din nizomi deganidir. Koʻpincha, mansab egalariga nisbatan aytilgan “mir” - amir demakdir.


Nizomiddin Mir Alisher Navoiy- shoir, mutafakkir, jahon adabiyotining yetuk siymolaridan biri, davlat arbobi, faylasuf.
Hayot yoʻli
Alisher Navoiy 1441 yil 9 fevral kuni Xuroson davlatining poytaxti — hozirgi Afgʻoniston hududidagi Hirot shahrining Bogʻi Davlatxona mavzesida tugʻildi. Otasi Gʻiyosiddin Muhammad - Temuriylar saroyida xizmat qilgan, oʻz davrining nufuzli kishilaridan biri, oʻgʻlining tarbiyasi va taʼlimiga jiddiy eʼtibor bergan. Onasi (ismi nomaʼlum) Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi ekani aytiladi. Navoiyning ota-onasi haqida maʼlumotlar kam, u oʻz asarlarida ham qarindoshlari haqida batafsil maʼlumotlar berib oʻtmagan. Navoiyning Darvesh-ali ismli ukasi boʻlgani haqida maʼlumotlar bor.

XV asrning yetuk adabiyotshunos olimlaridan biri boʻlgan Davlatshoh Samarqandiy "Tazkirot un-shuaro" ("Shoirlar tazkirasi")da Navoiyning otasi haqida “Navoiyning otasi Abdulqosim Boburning ishonchli kishisi Chigʻatoy ulusi ulugʻlaridan edi” deya qisqacha maʼlumot berib oʻtgan. Shu bilan birgalikda u Gʻiyosiddin Muhammadning harbiy boʻlganini ham taʼkidlagan.


Boʻlajak shoirning sheʼriyatdagi birinchi ustozlari togʻasi Mir Sayyid Qobuliy va Muhammad Ali Gʻaribiylar boʻlgan. Navoiy ular haqida “Majolis-un nafois”da, xususan, Qobuliy haqida: “Yaxshi tabʼi bor erdi, turkchada mayli koʻproq erdi…” deya, Gʻaribiy haqida esa: “Xush muxovara (xushsuhbat) va xushxulq va dardmand yigit erdi. Koʻproq sozlarni yaxshi chalar erdi. Uni va usuli xoʻb erdi. Musiqiy ilmidin ham xabardor erdi…”deya qisqacha toʻxtalib oʻtgan.
1447 yilda Shohrux Mirzo vafot etadi. Temuriy shahzodalar oʻrtasida toj-taxt uchun urush ketib, yurtda talotoʻplar boshlanganda Alisher Navoiyning oilasi ham koʻp insonlar qatori yurtni tark etadi. Yoʻlda yosh Alisher buyuk tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyni uchratadi. Tarixchi Alisher bilan tanishadi, uning ilmi va farosatini olqishlaydi, duo qiladi. 1452 yili Shohruxning nabirasi Abulqosim Bobur Hirot taxtiga oʻtiradi. Gʻiyosiddin Muhammad Sabzavor shahriga hokim yetib saylanadi, biroq oradan koʻp oʻtmay vafot etadi. Bu vaqtda esa Alisher endigina 12 yoshga qadam qoʻyadi. Abulqosim Bobur Alisher va uning maktabdosh doʻsti Husayn Boyqaroni oʻz qaramogʻiga oladi. 1457-1463 yillarda Navoiy Mashhad madrasalarida taʼlim oladi.
1463 yilda esa Hirotga qaytadi. Xuroson poytaxtida Sulton Abu Said oʻz tartibini oʻrnatgan, muhim vazifalarga u bilan Movarounnahrdan kelgan kishilar tayinlangan, Alisher Navoiy ga yaqin kishilar quvgʻin qilingan, Husayn Boyqaro bilan birga ketgan togʻalari — Mirsaid va Muhammad Ali urushda halok boʻlgan, yashash uchun biron joy topish muammo edi. Alisher Navoiyning oʻsha kunlardagi ahvoli uning keyinchalik ustozi Sayyid Hasan Ardasherga Samarqanddan yozgan maktubidagi sheʼriy satrlarda nihoyatda taʼsirli va haqqoniy ifodalab berilgan.
Bu vaqtda mamlakatda taniqli shoir boʻlib qolgan Alisher Navoiyni Abu Said taʼqib qilib, Hirotdan chiqarib yuboradi. Shoir Samarqandga ketishga majbur boʻladi. Alisher Navoiy Samarqandda 1465 yildan 1469 yilning bahorigacha yashadi, Fazlulloh Abu Lays madrasasida oʻqib, turli fanlarga oid bilimlarini yanada chuqurlashtirdi.
1500 yillarda shoirning hayot sharoiti qiyinlashadi. Salomatligi yomonlashadi, biroq u ijoddan toʻxtamaydi. 1501 yil 3 yanvarda Navoiy kasallikdan vafot etadi. Butun Hirot xalqi buyuk shoiri uchun 7 kun davomida motam tutadi.
Shoir ijodiyoti
Alisher Navoiy ikki tilda mukammal ijod qilgan. Turkiy tilda “Navoiy”, forsiy tilda esa “Foniy” taxalluslarini qoʻllagan.
Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosini 4 faslga boʻlish mumkin: 1. Devonlari. 2. Dostonlari. 3. Forsiy tildagi sheʼriy merosi. 4. Ilmiy-filologik, nasriy va tarixiy asarlari.
Alisher Navoiyning oʻzbek tilida yaratgan sheʼriy merosi asosan "Xazoyin ul-maoniy" devoniga jamlangan. Asar 4 qismdan iborat. Devonning birinchi qismiga "Gʻaroyib us-sigʻar" ("Bolalik gʻaroyibotlari"), ikkinchi qismiga "Navodir ush-shabob" ("Yigitlik nodirotlari"), uchinchi qismiga "Badoyeʼ ul-vasat" ("Oʻrta yosh badialari") va nihoyat, toʻrtinchi qismiga "Favoyid ul-kibar" ("Keksalik foydalari") degan nomlar berildi. "Xazoyin ul-maoniy" inson bolasining murakkab va yuksak tafakkuri hamda behisob his-tuygʻulari bilan bogʻliq minglarcha sheʼr va oʻnlarcha sheʼr turlarini oʻz ichiga olgan majmua boʻlib, Sharq adabiyoti tarixida noyob hodisadir. Bu xil majmua Alisher Navoiyga qadar Amir Xisrav Dehlaviy tomonidangina tuzilgan. Ushbu devonga kirgan minglarcha sheʼrlarni Alisher Navoiy butun umri davomida turli sharoitlarda, har xil sabablar bilan yozgan boʻlib, ular shoir hayoti va u yashagan davr bilan sonsiz-sanoqsiz iplar orqali bogʻlangan. Alisher Navoiy "Xazoyin ul-maoniy" ga qadar "Ilk devon", "Badoyeʼ ul-bidoya", "Navodir un-nihoya" devonlarini tuzgan. "Xazoyin ul-maoniy" ana shu 3 devonga kirgan hamda "Navodir ul-nihoya" tuzilgandan keyin yozilgan sheʼrlar asosida yuzaga kelgan.
"Xazoyin ul-maoniy"dagi 4 devonning har birida 650 tadan 2600 gʻazal, umuman 4 devonda 210 qitʼa, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo, 13 tuyuq, 10 muxammas, 10 chiston, 5 musaddas, 4 tarjeʼband, 4 mustazod, 1 musamman, 1 tarkibband, 1 qasida, 1 masnaviy, 1 soqiynoma mavjud boʻlib, Sharq sheʼriyatining 16 turi namoyondir.
1472-1476-yillarda birinchi devoni “Badoyeʼ ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”) devonini shoh amri va istagi bilan oʻzi kitob qiladi. Mazkur devon 777 gʻazal, 85 ruboiy, 52 muammo, 46 qitʼa, 53 fard, 10 tuyuq, 10 lugʻz, 3 mustazod, 5 muxammas, 3 tarjeʼband, 2 musaddasdan tarkib topgan.
Alisher Navoiy butun ijodi davomida turli janr va yoʻnalishlarda salmoqli ijod qilgan. Nasrda ham, nazmda ham yetuk asarlar yaratgan. Nasrda Navoiy asosan ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-taʼlimiy va ilmiy-falsafiy, iqtisodiy yoʻnalishlarda qalam tebratgan.
Yillar

Asarlar


1499 y.

„Lison ut-tayr“

1488 y.

„Tarixi mulki ajam“

1499 y.

„Muhokamat ul-lugʻatayn“

1489 yildan soʻng

“Holoti Sayyid Hasan Ardasher”

1492 y.

„Xamsat ul-mutahayyirin“

1493 yildan soʻng

„Holoti Pahlavon Muhammad“

1498 y.

„Xazoyin ul-maoniy“

1485 yildan soʻng

“Tarixi anbiyo va hukamo”

1491—1492, 1498-1499 y.

“Majolis un-nafois”

1500 y.

“Mahbub ul–qulub”



Ushbu asarlar mutafakkirning yirik asarlaridir. Ular turli yillarda, turli yoʻnalishlarda yozilgan. Navoiyning bu qadar keng qamrovda qalam tebratganidan shuni bilish mumkinki, u nafaqat shoir, balki olim, yaʼni tilshunos, adabiyotshunos, tarixchi va faylasuf sifatida jahon maʼnaviyatiga ulkan hissa qoʻshgan.
Alisher Navoiy fors tilida ham 12 ming misradan ortiq sheʼr, muammo janri haqida "Mufradot" risolasi, "Sittayi zaruriya", "Fusuli arbaa" turkum qissalarini yaratgan, “Devoni Foniy” devonini tuzgan. Bu asarlar shoirning Hoqoniy, Saʼdiy, Abdurahmon Jomiy kabi fors adabiyotining yetuk namoyondalari bilan kechgan ijodiy bahslarida tugʻilgan. Mazmunda, badiiy ifodada Navoiyning asarlari ustozlarinikidan qolishmaydi. Jumladan, Navoiy Abdurahmon Jomiyni oʻzining ustozi, hammaslagi sifatida chuqur hurmat qilgan. Jomiy “Bahoriston” asarida shogirdi Navoiy haqida jumladan shunday deydi: “…turkiy tilda hech kim Navoiydek koʻp va xoʻp sheʼr aytmagan hamda nazm gavharlarini sochmagan edi”.
“Xamsa” haqida qisqacha
Shubhasiz, Navoiy ijodining yuksak choʻqqisi „Xamsa“ asaridir. Uning yaratilishi turkiy xalqlar adabiyotida muhim voqelik boʻlgan. Shoir birinchilardan boʻlib, turkiy tilda toʻliq „Xamsa“ yaratdi va shu bilan turkiy tilda koʻlamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi. “Xamsa” yaʼni “Besh doston” asarini yaratish - mumtoz sharq adabiyotining eng mukammal anʼanalaridan biri boʻlgan. Shu sabab ham tarixda “Xamsa” asarini yaratgan shoirlar barmoq bilan sanarli. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining muqaddima qismida bu masalaga maxsus toʻxtalib, “Xamsa” ning har bir dostoni yozilishini kunning maʼlum vaqtlarida oʻqiladigan sahar, peshin, asr, shom va xufton namozlariga oʻxshatadi.
Navoiy yoshligidanoq turkiy tilda besh doston yaratishni maqsad qilgan. Va u boshqa “Hamsa” yaratgan shoirlarga nisbatan juda qisqa muddatda, yaʼni 1483-1485 yillarda yozib tugatgan. Bu davr mobaynida shoir boshqa traktatlarni ham yaratadi.
Navoiyning “Xamsa” asari “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabaiʼ sayyor” va “Saddi Iskandariy” kabi yirik dostonlardan iborat.
52 ming misradan iborat bu beshlik 15-asr islom tafakkurining borliq va tabiat, inson va jamiyat, axloq va kamolot haqidagi oʻziga xos qomusi edi. Shoir voqealarni qadim Sharq tarixining Xusrav, Bahrom, Iskandar kabi nomlari afsonalar bilan chulgʻangan shaxslar, Layli va Majnun kabi oshiqlar hayotidan olgan. Davrning dardli masalalarini, avlodlarning orzu va armonlarini koʻtarib chiqdi. "Xamsa" zamondoshlariga nihoyatda zoʻr taʼsir koʻrsatgan. Uning ustozi Abdurahmon Jomiy uni hayajon bilan olqishladi. Sulton Husayn esa shoirni oʻzining oq otiga mindirib, jilovdorlik qildi.
Davlat va jamoat arbobi
Navoiy 1469-1472-yillarda muhrdor, 1472-1476-yillarda vazir boʻlib ishlaydi. 1487-1488-yillarda Astrobod shahriga hokimlik qiladi.
Alisher Navoiy Husayn Boyqaro saroyida yuksak vakolatli kishilardan boʻlgan. Boyqaro bolalikdagi doʻstini oʻziga bosh vazir etib tayinlaydi. Podshoh Boyqaro doimo Navoiyning maslahatlariga amal qilgan, shu sababli, u boshqargan yillar, nisbatan tinchlikda, shaharsozlik, sanʼat rivoj topgan davrlar boʻlgan. Navoiy vazir boʻlgan yillarida Hirotda obodonlik avj olgan, madaniyat rivojlangan. Shoir oʻzi bosh boʻlib, suvsiz yerlarga suv chiqargan, eski ariqlarni tozalattirgan, yangi kanallar qazdirgan. Eski binolarni taʼmirlatib, yangilarini qurdirgan. Qanchadan-qancha madrasalar, xonahoqlar soldirgan.
Jumladan “Vaqfiya” asarida Navoiy vaqf yerlari, mulklari, miqdori, foydalanish, vaqf mulki va mablagʻi evaziga quriladigan bino va inshootlar, bu yoʻnalishda madrasa va xonaqohlarda oʻrnatilgan tartiblar haqida fikr yuritgan va oʻz mablagʻlari evaziga qurdirgan xayriya muassalari, ilmiy-madaniy binolar va bogʻlarni sanab oʻtgan. Asar Navoiyning davlab arbobi sifatida va Husayn Boyqaro bilan munosabatlarini oʻrganish uchun muhim manba hisoblanadi.
Xondamirning qayd qilishicha, 80-yillar davomida Alisher Navoiy oʻz mablagʻlari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 koʻprik, 20 ga yaqin hovuz qurgan yoki taʼmirlattirgan. Ular orasida Hirotdagi "Ixlosiya", "Nizomiya" madrasalari, "Xalosiya" xonaqohi, "Shifoiya" tibgohi, Qurʼon tilovat qiluvchilarga moʻljallangan "Dorul-huffoz" binosi, Marvdagi "Xusraviya" madrasasi, Mashhaddagi "Dorul-huffoz" xayriya binosi va boshqa noyob meʼmorlik yodgorliklari bor.
Alisher Navoiy hikmatlaridan
Tilga ixtiyorsiz — elga eʼtiborsiz.
Odam — tili bilan boshqa hayvonlardan imtiyozlidir. Uning tili orqali boshqa odamlardan afzalligi bilinadi. Til — shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir. Agar nutq nomaʼqul boʻlib chiqsa — tilning ofatidir.
Kimki, yolgʻon soʻzni birovga toʻnkagay, oʻz qora yuzini yogʻga bulaydi. Ozgina yolgʻon ham ulugʻ gunohdir; ozgina zahar ham halok qiluvchidir.
Nafʼing agar xalqqa beshakdurur
Bilki, bu nafʼ oʻzungga koʻprakdurur.
Odami ersang demagil odami,
Onikim yoʻq xalq gʻamidin gʻami.
Onalar oyogʻi ostidadur
Ravzayi jannatu jinon bogʻi.
Ravza bogʻi visolin istar esang,
Boʻl onaning oyogʻin tuprogʻi.
Yigitlikda yigʻ ilmning maxzani,
Qarilik chogʻi sarf qilgʻil ani.
Navoiy gʻazal va ruboiylaridan namunalar
Gʻazallar
Qaro koʻzum
Qaro koʻzum, kelu mardumlugʻ emdi fan qilgʻil,
Koʻzum qarosida mardum kibi vatan qilgʻil.
Yuzung guliga koʻngul ravzasin yasa gulshan,
Qading niholigʻa jon gulshanin chaman qilgʻil.
Takovaringgʻa bagʻir qonidin hino bogʻla,
Itinggʻa gʻamzada jon rishtasin rasan qilgʻil.
Firoq togʻida topilsa tufrogʻim, ey charx,
Xamir etib, yana ul togʻda koʻhkan qilgʻil.
Yuzung visoligʻa yetsun desang koʻngullarni,
Sochingni boshtin ayogʻ chin ila shikan qilgʻil.
Xazon sipohigʻa, ey bogʻbon, emas moneʼ,
Bu bogʻ tomida gar ignadin tikan qilgʻil.
Yuzida terni koʻrub oʻlsam, ey rafiq, meni
Gulob ila yuvu gul bargidin kafan qilgʻil.
Navoiy anjumani shavq jon aro tuzsang,
Aning boshogʻligʻ oʻqin shamʼi anjuman qilgʻil.
Mubtalo boʻldim sanga

Koʻrgali husnungni zoru mubtalo boʻldum sanga,


Ne baloligʻ kun edikim, oshno boʻldum sanga.
Har necha dedimki kun-kundin uzay sendin koʻngul,
Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo boʻldum sanga.
Men qachon dedim: "Vafo qilgʻil manga" zulm aylading,
Sen qachon deding: "Fido boʻlgʻil manga" boʻldim sanga.
Qay pari paykarga dersen telba boʻldung bu sifat,
Ey pari paykar, ne qilsang qil manga, boʻldum sanga.
Ey koʻngul, tarki nasihat aylading ovora boʻl,
Yuz balo yetmaski, men ham bir balo boʻldum sanga.
Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,
Soqiyo, to tarki joh aylab gado boʻldum sanga.
Gʻussa changidin navoe topmadim ushshoq aro,
To Navoiydek asiru benavo boʻldum sanga.
Kelmadi
Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulroʻ kelmadi,
Koʻzlarimga kecha tong otguncha uyqu kelmadii.

Lahza-lahza chiqdimu, chekdim yoʻlida intizor,


Keldi jon ogʻzimgʻavu ul shoʻxi badhoʻ kelmadi.

Ul parivash hajridinkim yigʻladim devanavor,


Kimsa bormukim anga koʻrgannda kulgu kelmadi.

Tolibi sodiq topilmas yoʻqsakim qoʻydi qadam


Yoʻlgʻakim avval qadam maʼshuqqa oʻtru kelmadi.

Ey Navoiy, boda birla hurram et koʻngul uyin,


Ne uchunkim boda kelgan uyga qaygʻu kelmadi.
Koʻrgali husnungni zoru…
Koʻrgali husnungni zoru mubtalo boʻldim sanga,
Ne baloligʻ kun edikim, oshno boʻldum sanga.

Har necha dedimki, kun-kundin uzay sendin koʻngil,


Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo boʻldum sanga.

Men qachon dedim: vafo qilgʻil manga — zulm aylading,


Sen qachon deding: fido boʻlgʻil manga — boʻldum sanga.

Ey koʻngil, tarki nasihat ayladim avvora boʻl,


Yuz balo yetmaski, men ham bir balo boʻldum sanga.

Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,


Soqiyo, to tarki joh aylab gado boʻldum sanga.

Gʻussa changidin navoe topmadim ushshoq aro,


To Navoiydek asiru benavo boʻldum sanga.
Orazin yopqach koʻzimdin
Orazin yopqach koʻzumdin sochilur har lahza yosh,
Oʻylakim paydo boʻlur yulduz, nihon boʻlgʻach quyosh.
Qut bir bodomu yerim goʻshan mehrob edi,
Gʻorati din etti nogah bir baloliq koʻzu qosh.
Bu damodam ohim ifsho aylar ul oy ishqini,
Subhnung bot-bot dami andogʻki aylar mehr fosh.
Boʻsae qilmas muruvvat, asru qattiqdur labing,
Desam ogʻzi ichra aytur laʼl ham bor navʼ tosh.
Novaking koʻnglimga kirgach jon talashmoq bu ekin,
Kim qilur paykonini koʻnglum bila jonim talosh.
Umri jovid istasang fard oʻlki, boʻston Xizridur,
Sarvkim daʼb ayladi ozodaliq birla maosh.
Qoshi ollinda Navoiy bersa jon, ayb etmangiz,
Gar budur mehrob, bir-bir qoʻygusidir barcha bosh.
Oʻn sakkiz yosh hayratlari
Oʻn sakkiz ming olam oshubi agar boshindadur,
Ne ajab, chun sarvinozim oʻn sakkiz yoshindadur.
Desa boʻlgʻaykim, yana ham oʻn sakkiz yil husni bor,
Oʻn sakkiz yoshina muncha fitnakim boshinadur.
Oʻn sakkiz yil dema, yuz sakson yil oʻlsa, uldurur,
Husn shohi, ul balolarkim, koʻzu qoshinadur.
Hayrat etmon husni naqshidaki, har hayratki, bor,
Barchasi ezid taolo sun`i naqqoshinadur.
Tan anga siymu ichina tosh muzmar koʻnglidin,
Aqlgʻa yuz hayrat, ul oyning ichu toshinadur.
May ketur, ey mugʻki, yuz hayrat aro qolmish Masih,
Bul ajablarkim, bu eski dayr xuffoshindadur.
To Navoiy toʻkti ul oy furqatidin bahri ashk,
Har qachon boqsang, quyosh aksi aning yoshindadur.
Istadim
Qon yutub umri jahon ahlida bir yor istadim,
Lekin ul kamrak topildi, garchi bisyor istadim.
Kimga kim jonim fido aylab sogʻindim dam-badam,
Ermas erdi yorliqda chun vafodor istadim.
Bilmadim olam elida yoʻqturur mutlaq vafo,
Vahki, umri ulcha yoʻqtur sogʻinib yor istadim.
Ulki, topilmas bashar jinsida vah gʻaflat koʻrung,
Kim pari xaylida men devonai zor istadim.
Sirri ishqimni koʻngul koʻz birla fosh etmak ne tong,
Qalbu tardomanni men chun sohib asror istadim.
Shayx birla xonaqahdin chun yorugʻluq topmadim,
Dayr piri xizmatigʻa koʻyi xammor istadim.
Ey Navoiy, chun rafiqi topmadim, bu gʻussadin,
Oʻzni bekaslik balosigʻa giriftor istadim.
Meni men istagan kishi
Meni men istagan oʻz suhbatiga arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatin koʻnglum pisand etmas.
Ne bahra topqamen andinki, mendin istagay bahra,
Chu ulkim bahrai andin tilarmen bahramand etmas.
Netay huru pari bazminki, qatlim yo hayotimgʻa,
Ayon ul zahr chashm aylab nihon, bu noʻshxand etmas.
Kerakmas oy ila kun shaklikim, husnu malohatdin,
Ichim ul chok-chok etmas, tanim ul band-band etmas.
Kerak oʻz chobuki majnunvashi qotil shiorimkim,
Buzugʻ koʻnglumdin oʻzga yerga javloni samand etmas.
Koʻngul uz charx zolidin, firibin yemakim, oxir
Ajal sarrishtasidin oʻzga boʻynunggʻa kamand etmas.
Ul oy oʻtlugʻ yuzin ochsa, Navoiy tegmasun deb koʻz,
Muhabbat tuxmidin oʻzga ul oʻt uzra sipand etmas.
Ruboiylar
Gʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish,
El anga shafiqu mehribon boʻlmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,
Bulbulgʻa tikondek oshyon boʻlmas emish.

* * *
Zohid, senga — hur, manga — jonona kerak,


Jannat — sanga boʻlsun, manga — mayxona kerak.
Mayxona aro soqiyu paymona kerak,
Paymona necha boʻlsa toʻla, yona kerak.
* * *
Jondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz,
Sondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz.
Har neniki sevmak ondin ortuq boʻlmas,
Ondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz.
* * *
Gar oshiq esang mehru vafo qilma havas,
Dard istayu dafʼigʻa davo qilma havas.
Hijronu visol mutlaqo qilma havas,
Dildoringdan gʻayri rizo qilma havas.
* * *
Jonimdagi "jim" ikki dolinggʻa fido,
Andin soʻng "alif" toza niholinggʻa fido,
"Nun"i dogʻi anbarin hilolinggʻa fido,
Qolgʻon iki nuqta ikki xolinggʻa fido.
* * *
Koʻz birla qoshing yaxshi, qabogʻing yaxshi,
Yuz birla soʻzing yaxshi, dudogʻing yaxshi.
Eng birla menging yaxshi, saqoqing yaxshi,
Bir-bir ne deyin boshtin-ayogʻing yaxshi.
Dunyo tan olgan mutafakkir
Navoiy ijodi nafaqat Oʻzbekistonda, balki Yevropa, okeanorti mamlakatlarida ham yuksak qiziqish bilan oʻrganiladi. Shu sabab, adabiyotshunoslik fanidan mustaqil “Navoiyshunoslik” fani vujudga keldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Navoiy ijodi u yashab oʻtgan davrdayoq mukammal oʻrganila boshlagan va hamon oʻrganilmoqda. Uning ijodi va hayotiga bagʻishlab butun dunyoda minglab ilmiy ishlar, maqolalar, traktatlar, asarlar, filmlar, spektakllar, badiiy asarlar yaratilgan. Jumladan, oʻzbek adabiyotida yozuvchi Oybekning “Navoiy” romani, (bu roman bilan Oybek oʻzbek adabiyotida tarixiy shaxslar haqida badiiy asar yaratish anʼanasiga asos soladi) Mirkarim Osimning turkum hikoyalari mashhur. Yevropada Navoiy asarlariga qiziqish katta. Bu borada koʻplab sharqshunos olimlarning ishlari misol boʻla oladi. Chunki, uning asarlari shunchaki badiiy xayolot mahsuli boʻlib qolmasdan, sharq xalqlari tarixi va falsafasini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega.
Alisher Navoiy asarlaridagi uslub, yoʻnalishlar keyinchalik adabiyotda koʻplab oqimlar paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Buyuk sharqshunos olim Armeniy Vamberi Navoiy haqida: “hammaga maʼlum va mashhur buyuk oʻzbek shoiri” deya eʼtirof etgan. Yana bir buyuk mutafakkir, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur Navoiy haqida “Boburnoma” asarida: “Alisherbek naziri yoʻq kishi edi. Turkiy til bila to sheʼr aytubturlar, hech kim oncha koʻp va xoʻb aytqon emas”deya toʻxtalib oʻtgan.
Har yili 9 fevral - Navoiy tavallud topgan kun respublika boʻylab keng miqyosda nishonlanadi.
Oʻzbekistonning har bir burchagida Navoiy nomi bilan nomlangan maskanlar va manzillar bor. Jumladan: bir viloyat (Navoiy viloyati), shahar, (Navoiy shahri), oliy oʻquv yurti (Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti instituti), Oʻzbekiston milliy kutubxonasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Adabiyot muzeyi, Toshkentdagi Katta akademik opera va balet teatri, Sanʼat saroyi, Toshkentdagi metro bekati, oʻnlab koʻchalar va jamoa xoʻjaliklariga Alisher Navoiy nomi berilgan. Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti hamda talabalar uchun davlat stipendiyasi ham mavjud.
Respublika hududlaridan tashqari Alisher Navoiy haykallari dunyoning Moskva, Minsk, Vashington, Tokio, Boku, Dushanbe, Seul kabi shaharlarida oʻrnatilgan.
Download 16.75 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling