7-§. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qo‘yish shart-sharoitlari
33. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qo‘yish oldidan quyidagilar tekshirilishi zarur:
ish joyining mazkur Qoidalarda belgilangan sanitariya va gigiyena, xavfsizlik talablariga, shuningdek shovqin va tebranishga, shamollatish va isitishga qo‘yiladigan talablarga muvofiqligi;
xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish, ularga yo‘l-yo‘riq berish va salomatligini nazorat qilish davriyligiga amal qilinganligi;
texnologik jarayonlarda ishtirok etuvchi asbob-uskunalar va ularning himoya vositalari sozligi;
jamoaviy himoya vositalarining sozligi, xodimlarning yakka tartibdagi himoya vositalariga egaligi.
8-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
34. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.
35. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash muassasasi bilan birgalikda har yili davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlashi zarur.
36. Tibbiy ko‘riklar tashkilotga tibbiyot xizmati ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, agar ular bo‘lmagan taqdirda tashkilot joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasasi tomonidan o‘tkaziladi.
37. Tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan bo‘yin tovlagan xodimlarni ish beruvchi ishga qo‘ymaslikka haqlidir.
38. Tashkilot rahbariyati o‘z xodimlarining majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi uchun va majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarni ishga qo‘yish natijasida fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo‘ladilar.
39. Xodimlarni sog‘lig‘ining holati tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarga qo‘yish taqiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |