2-§. Yong‘in va portlash xavfsizligi talablari
105. Tashkilotlarda yong‘in va portlash xavfsizligi GOST 12.1.004-91 “Yong‘in xavfsizligi. Umumiy talablari” va GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari”ga muvofiq ta’minlanishi lozim.
106. Sinovdan o‘tkazilmagan yong‘in va portlash xavfi mavjud hamda toksik xususiyatlarga ega bo‘lgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarishda qo‘llash taqiqlanadi.
107. Ishlab chiqarish binolari va xonalarining portlash jihatidan xavflilik darajalari loyiha tashkiloti tomonidan ShNQ 2.01.19-09 “Bino, xona va tashqi qurilmalarni portlash, yong‘in va yong‘in xavfliligi toifalarini aniqlash”ga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
108. Non pishirish jarayonida oldindan nazarda tutilmagan yong‘inlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir bo‘lishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
109. Tashkilot binolari va xonalari birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi zarur.
110. Shamollatish tizimlari yong‘in avtomatikasi tizimlari bilan bog‘langan bo‘lishi lozim.
111. Suv manbai yo‘laklari hamda yong‘inni o‘chirish vositalariga boradigan yo‘laklar doimo bo‘sh bo‘lishi kerak.
112 Yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan uskunalar va ish joylarida ochiq olovdan foydalanishni taqiqlovchi hamda alangalanuvchi va portlovchi moddalar bilan ishlashda ehtiyotkorlikka rioya qilish zarurligi to‘g‘risida ogohlantiruvchi belgilar bo‘lishi zarur.
113. Aralashganida portlovchi modda hosil qilishi mumkin bo‘lgan gazlarni umumiy kollektorga chiqarish taqiqlanadi.
114. Ishlab chiqarish amalga oshiriladigan bo‘limlarda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish taqiqlanadi.
115. Xodimlar bilan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi va ularga yong‘inning oldini olish bo‘yicha yo‘riqnomalar berilishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |