Normamatova ijtimoiy ish nazariyasi


Ijtimoiy siyosatda ijtimoiy adolat tushunchasi


Download 1.31 Mb.
bet23/94
Sana23.04.2023
Hajmi1.31 Mb.
#1391917
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   94
Ijtimoiy siyosatda ijtimoiy adolat tushunchasi.


Ijtimoiy siyosat tamoyillari ichida eng asosiy tamoyil bu ijtimoiy adolat tamoyilidir. U nafaqat ijtimoiy siyosatni balki davlat siyosatining barcha yo‘nalishlarini asosiy tamoyili bo‘lib hisoblanadi. Ulug‘ bobokalonimiz Amir Temur siyosatining asosiy tamoyili “Kuch – adolatda” deb nomlanishi bejiz emas.
Shu sababli biz adolat tamoyili to‘g‘risida batafsil to‘xtalishni lozim topdik. Ijtimoiy adolat bu jamiyatni moddiy va ma’naviy rivojlanish darajasi bilan obyektiv ravishda belgilanadigan odamlarni hayotiy ahvolidagi tenglik (va tengsizlik) o‘lchovi. Ijtimoiy adolat real xalq hokimiyatini va qonun oldida hamma fuqarolarning tengligini, millatlarning teng huquqliligini, shaxsni hurmat qilinishini va uni har taraflama rivojlanishi uchun sharoit yaratilishini qamrab oladi. Bu keng ijtimoiy kafolat hamdir. Ish bilan ta’minlash, ma’lumot olish, madaniy, tibbiy xizmat olish va uy-joyga ega bo‘lish, keksalarga, onalik va bolalikka g‘amxo‘rlik qilish kafolatidir. Davlat ijtimoiy siyosatining muhim vazifalaridan biri bu ijtimoiy munosabatlarning barcha sohalarida ijtimoiy adolat tamoyilini to‘liq amalga oshirishdan iborat. Ijtimoiy adolat faqatgina odamlarning ongida mavjud bo‘lmaydi. Balki u tarixiy xarakterga ega bo‘lib olg‘a rivojlanib borayotgan real ijtimoiy munosabatlarni aks ettiradi. Ijtimoiy adolat bunday munosabatlarni yo konservativ yo progressiv tomondan mafkuraviy ifodalash bilan xarakterlanadi. Yunonlar va rimliklarning adolatlari qulchilikni adolatli deb hisoblashidir. Fransiyadagi buyuk burjua revolyutsiyasi (1789-1794) adolatsiz deb topilgan feodalizmni tugatishni talab qilgan.
Ijtimoiy adolat mehnatkash xalq tomonidan yaratiladigan boylikni mulkdorlar tomonidan o‘zlashtiriladigan, ijtimoiy jihatdan adolatsiz bo‘lgan ishlab chiqarish usulini tugatish to‘g‘risidagi xalq talabini mafkuraviy asoslanishi bo‘lib hisoblanadi.
To‘liq ijtimoiy tenglikka yetishish, binobarin, undan to‘liq ijtimoiy adolatga yetishish yo‘lidagi tarixan zarur etap – bu demokratik jamiyatdir.
Ijtimoiy adolat jamiyatning rivojlanishi va takomillashib borishini qudratli omilidir. Demokratik jamiyat – odamni mehnatga, sog‘liqni saqlashga, ma’lumot olishga, uy-joyga, ijtimoiy ta’minotga bo‘lgan muhim hayotiy ehtiyojlarini qondirilishini ijtimoiy kafolatini o‘zida mujassamlagan ijtimoiy adolatli tuzumdir. Unda sun’iy tenglashtirish va ijtimoiy parazitizmni har qanday shakllari tan olinmaydi, mehnatga qarab taqsimlash tamoyiliga amal qiladi. Bu jamiyatda odamning qobiliyati mehnati, malakasi va iqtidori qadrlanadi va moddiy-ma’naviy jihatdan munosib taqdirlanadi.
Ijtimoiy adolat ijtimoiy – iqtisodiy kategoriya bo‘lgani kabi xuddi shunday bu axloqiy-huquqiy kategoriya hamdir. U odamlarni xohish va imkoniyatini, erkinlik va mas’uliyatini, huquq va majburiyatini, odamlarning xizmatini va jamiyatdagi o‘rnini munosibligini anglatadi. Bundan tashqari ijtimoiy sohada ma’lum bir axloqiy normalar hukmronlik qilishi kerak-ki, zarur bo‘lganda bu normalar o‘zgalar manfaatini (yordamga muhtojlar manfaati) ustivorligini ta’minlashi lozim.
Insoniyat jamiyati rivojlanib borishi bilan kishilarning ijtimoiy birlashmasi takomillashib, davlat vujudga keldi va odamlarning sotsial muammolari himoya ostiga olina boshlandi. Jamiyat rivojlanib borishi bilan davlatning sotsial himoyasi kuchayib bora boshlaydi. Davlat qanchalik boy bo‘lsa, uning sotsial himoyasi ham shunchalik kuchli bo‘ladi.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, inson hayotini va birinchi navbatda yordamga muhtojlar hayotini farovon qilishga qaratilgan ijtimoiy siyosat vazifalarini samarali hal qilishda yuqorida qayd qilingan omillar, ayniqsa, ijtimoiy adolat tamoyilining roli muhim ahamiyatga ega. Faqat demokratik, huquqiy davlatgina bunday tamoyillarga rioya qilib, xalq hayotini farovonligini ta’minlashi mumkin.

Harakatlar strategiyasi”ning ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari.




Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotning barcha sohalarini erkinlashtirish asosiy maqsad qilib olingan muhim hujjatlar – “O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021–yillarda yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi” va O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustivor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari ijtimoiy hayotda muhim voqelik bo‘ldi.
Mazkur hujjatlarda qayd etilganidek mamlakatimizni rivojlantirishning to‘rtinchi yo‘nalishi “Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” deb nomlanib, dolzarb vazifalarimiz sifatida yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini, eng avvalo, o‘rta maxsus va oliy o‘quv muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, mehnat bozori mutanosibligini va infratuzilmasinini innovatsion g‘oyalar asosida rivojlanishini ta’minlash, ishsizlik darajasini kamaytirish deb ko‘rsatilgan. Shu tufayli, O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilishni demografik omillar asosida amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish nazarda tutilgan1.
“Harakatlar strategiyasi”da aholini ijtimoiy muhofaza qilish, ularga qulay ish sharoitlarini yaratib berish chora-tadbirlarini amalga oshirish ustivor yo‘nalishlardan biri bo‘lib hisoblanadi. Zero, aholini ijtimoiy himoya qilishda demografik jarayonlar, ularni o‘rganish bilan uyg‘un olib boriladi. Negaki, aholi soni ko‘payishini hisobga olmasdan turib, taraqqiyotni ta’minlab bo‘lmaydi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi aholisi 32,5 million kishini tashkil etadigan bo‘lsa, shundan 18 million 657,7 nafari, boshqacha aytganda, 57,8 foizi mehnatga layoqatli kishilardir. Bu ko‘rsatkich jahonnning iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarida 37-42 foizni tashkil qiladi. Demak, bizda nafaqat yer osti va usti boyliklari, balki mehnat resurslari ham yetarli. Shu jumladan, jami aholining 33,3 %ni 16 yoshga to‘lmaganlar tashkil etsa, 28,8%i 16-29 yoshdagilardan iboratdir1. Shu bois, ijtimoiy ish va tarixiy demografiya mavzusini o‘rganish nihoyatda dolzarbdir.
O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi tarixini o‘rganish ko‘rsatadiki, bu soha ijtimoiy institut sifatida tabora rivojlanib bormoqda. Ijtimoiy himoya odamlar ijtimoiy xatti-harakatining barqaror shakllarini belgilovchi tamoyillar, ijtimoiy me’yorlar, ijtimoiy muassasa va tashkilotlar majmui bilan tavsiflanadi. Uning shakllanishi va rivojlanishi ko‘p jihatdan jamiyatdagi mavjud ijtimoiy jarayon va hodisalar mazmuniga, mavjud aholining o‘sishi yoki kamayishi tendensiyalari yo‘nalishlariga, shakllari va ularning demografik metodlarini belgilovchi iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy, axloqiy-psixologik omillariga bog‘liqdir. Shuningdek, ijtimoiy soha mutaxassislari uchun ham ijtimoiy ish va tarixiy demografiyaga oid ma’lumotlarning nihoyatda zarurligini alohida e’tirof etmoq lozim. Buni ijtimoiy ish ta’limi jahondagi barcha rivojlangan davlatlarda rivojlanib borayotganligidan ham bilsak bo‘ladi.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini ta’minlash uchun muhim poydevor bo‘ldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.
Iqtisodiyotda ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan boshqaruv tizimidan mutlaqo voz kechilib, bozor islohotlari bosqichma-bosqich amalga oshirilgani va pul-kredit siyosati puxta o‘ylab olib borilgani makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyotning yuqori sur`atlar bilan o‘sishini, inflyatsiyani prognoz ko‘rsatkichlari darajasida saqlab qolishni ta’minladi hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakatini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar va qulay sharoitlar yaratilishiga xizmat qildi.
Olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida:
- davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning hamda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish;
-qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga yo‘naltirilgan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samarasini oshirish, sud jarayonida tortishuv tamoyilini to‘laqonli joriy etish, yuridik yordam va huquqiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash;
-iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga yo‘naltirilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish;
-ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoyasi va sog‘lig‘ini saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish;
-xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishga yo‘naltirilgan davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash.
“Ijtimoiy sohani rivojlantirish” deb nomlangan to‘rtinchi yo‘nalish aholi bandligini oshirish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va ularning salomatligini saqlash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiyalash, aholini elektr energiya, gaz bilan ta’minlashni yaxshilash, aholining muhtoj qatlamlariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam sifatini oshirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi maqomini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, maktabgacha ta’lim muassasalarining qulayligini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim sifatini yaxshilash hamda ularni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Xususan, hududlarni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha qariyb 25 mingta investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarish hisobiga 256,4 ming ish o‘rni tashkil etish orqali aholini ish bilan ta’minlash dasturlarini to‘liq ijro etish nazarda tutilgan. Ishsizlik darajasi eng yuqori bo‘lgan mintaqalarda 46,8 ming yangi ish o‘rni tashkil etish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun ta’lim muassasalarining 10 ming nafar bitiruvchisiga kreditlar ajratish rejalashtirilmoqda.
Katta yoshli avlodni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy nafaqalar berish tartibini takomillashtirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish chora-tadbirlari kiritilgan. Jumladan, 78 ta tuman tibbiyot birlashmasini, 7 ta shahar va 2 ta viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini qayta qurish, tez tibbiy yordam xizmatini 1200 ta maxsus avtotransport bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.
Qishloq joylarda 15 mingta arzon uy-joy, 415 kilometrlik suv ta’minoti quvurlari, 316 kilometrlik gaz ta’minoti quvurlari va 291 kilometrlik ichki yo‘llar qurish rejalashtirilgan. Aholiga transport xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida 86 ta yangi avtobus yo‘nalishini joriy etish va 537 ta zamonaviy avtobus xarid qilish nazarda tutilmoqda.
“Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish” deb nomlangan beshinchi yo‘nalish doirasida respublikaning konstitutsiyaviy tuzumini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish, kiberxavfsizlik sohasida axborot, normativ-huquqiy asoslar tizimini takomillashtirish, aholini favqulodda vaziyatlardan xabardor qilish tizimini tashkil etish va rivojlantirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, shuningdek, Millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari konsepsiyasini hamda Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy hamkorlar bilan siyosiy-diplomatik sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga doir “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, O‘zbekistonning xorijiy hamkorlar bilan 2017-yilga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik va moliyaviy-texnik hamkorligini tubdan rivojlantirish va kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Davlat dasturining yuqorida qayd etilgan barcha chora-tadbirlarini amalga oshirishga 37,7 trillion so‘m va 8,3 milliard AQSh dollari yo‘naltiriladi.
Kelgusi besh yilda mamlakatni rivojlantirishning strategik va ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida Farmon asosida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tuzilmoqda.
Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlar to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qilish Harakatlar strategiyasi beshta yo‘nalishining har biri bo‘yicha tuzilgan komissiyalar zimmasiga yuklatilgan.
Ushbu komissiyalar zimmasiga nafaqat yuqorida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirish, balki 2017-2021–yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tegishli yillik davlat dasturlari loyihalarini tayyorlash ham yuklatilmoqda.
Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasining mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalash, rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, qonun ustuvorligini, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlat chegaralarining daxlsizligini, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash yo‘lidagi shaxdam harakatlariga yangi kuch bag‘ishlaydi.



Download 1.31 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   94




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling