Normamatova ijtimoiy ish nazariyasi


Ijtimoiy ishni o‘rganishda umumiy va tizimli yondashuv


Download 1.31 Mb.
bet4/94
Sana23.04.2023
Hajmi1.31 Mb.
#1391917
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   94
Ijtimoiy ishni o‘rganishda umumiy va tizimli yondashuv.


Ijtimoiy xizmatga talab minglab yillar avval vujudga keldi. Lekin, bu soha mutaxassislarini maxsus tayyorlash XIX asr oxiri va XX asr ibtidosida boshlandi. Sho‘rolar tuzumi o‘zining insonparvarligi bilan har qancha maqtansa-da, amalda insonparvarlik yaqqol namoyon bo‘ladigan soha – ijtimoiy xizmat bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga kirishmadi ham. Buning oqibatida ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmat sifati bo‘yicha sho‘rolar tuzumi va uning xarobalarida vujudga kelgan mamlakatlar G‘arb mamlakatlaridan ancha orqada qolib ketdi.
O‘zbekistonda ijtimoiy xizmat va umuman ijtimoiy sohaga qadimdan katta e’tibor berib kelingan. Qariyalarni hurmatlash, yetim-yesirlarning boshini silash, muhtojlarga yordam ko‘rsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan hisoblanadi. Islom dini xalqimizning bu qadriyatlarini yana ham yuksakka ko‘tardi. Asosiy e’tiborni sinfga va jamoaga qaratib alohida insonni mensimagan sho‘rolar davrida esa bu qadriyatlar xira tortdi. Istiqlol esa xalqimizga qadimiy qadriyatlarni qaytarib berdi.
O‘zbekistonda ijtimoiy ta’minot bo‘limlari, mehribonlik uylari, nogironlar uylari, turli jamg‘armalar va ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi boshqa ko‘plab davlat va nodavlat tashkilotlar mavjud. Ayni paytda, mamlakatimizda o‘ziga xos institut-mahalla tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmat shakllari ham mavjudki, u boshqa mamlakatlarda uchramaydi.
2.Ijtimoiy ishni o‘rganishda umumiy va tizimli yondashuv.
Turli shakllar va nomlar bilan ataladigan ijtimoiy ishchi kasbi turli tarixiy va turli madaniy-tarixiy davrlardan buyon ma’lum. Ijtimoiy ishning birinchi marta tilga olinishi eramizdan avvalgi 1750-yilga taalluqlidir. Bu vaqtda Bobilda adolat kodlari – fuqarolik aktlari yaratilgan bo‘lib, ular odamlarni o‘z yaqinini sevishga, kambag‘allar to‘g‘risida qayg‘urishga chorlaydi. Qadimgi Gretsiyada ijtimoiy ish “filantropiya” (yunon tilidan tarjima qilinganda “insoniyatga nisbatan muhabbatni ifodalash” ma’nosini bildiradi) Rimda esa “xalq an’anasi” sifatida ma’lum bo‘lgan. Qadimgi inklar yordam berish jarayonini “minka” deb, ma’jusiy slavyan qabilalari “slepnya” deb ta’riflaganlar. Rossiyada ijtimoiy ish 1864-yildagi yer islohotlarini o‘tkazish davrida paydo bo‘ldi, lekin u paytda bu nom bilan atalmagan edi. Ijtimoiy xizmatchilarning e’tiborini ko‘rlarga, kambag‘allarga, qarovsiz bolalarga, zotsiz va boshpanasiz yoshi katta odamlarga qaratish bo‘yicha funksiyalarni maxsus vakillar bajarganlar. Bu faoliyatning muvaffaqiyati, boshqa istalgan har qanday faoliyatdagi kabi, odamlarning bilimlariga, hayotiy tajribasiga va kasbiy mahoratiga bog‘liq edi.
XX asrda sobiq SSSRda ijtimoiy xizmatchilarning vazifalarini kommunistik partiya va kasaba uyushmasi vakillari hamda ijtimoiy sohani turli muassasalarining xizmatchilari bajarganlar. Ijtimoiy ishga kasb sifatida o‘qitish Rossiyada XX asrning 80-yillari oxirlarida boshlangan bo‘lib, o‘shandayoq turli muassasalarga bo‘ysunishiga bog‘liq ravishda ko‘plab ixtisoslikni o‘z ichiga olgan yangi integratsiyalashgan kasb “ ijtimoiy ish“ paydo bo‘ldi.
Ijtimoiy ish xodimlarini kasbiy tayyorlashning birinchi dasturlari XIX asr oxirida Amsterdamda, keyin Berlinda, Londonda paydo bo‘ldi, bu ijtimoiy ishning kasbiy darajaga o‘tishini anglatardi; bunda ijtimoiy tashxis qo‘yishda va ijtimoiy ish usullari va vositalarini tanlashda umumiy axloqiy mezonlarga emas, balki ilmiy asoslangan kasbiy yondashishga amal qilinadi. Ijtimoiy ko‘mak natijasi insonning o‘zini ham, ijtimoiy muhitning ham o‘zgarishlari hisoblanadigan tadbirlar majmui hisoblana boshladi. XIX asr davomida ijtimoiy xizmatchilar tomonidan asosiy, ya’ni insonning ijtimoiy xastaliklarini davolash uchun shaxsning imkoniyatlari va uning ijtimoiy muhitini, eng avvalo uning oilasini erkinlashtirish va rivojlantirish, yuksaltirish kerakligi haqidagi bosh tezis qaror topdi.
Jahon amaliyotidagi zamonaviy yondashish ijtimoiy ish ijtimoiy o‘zgarishlarni amalga oshirish yo‘naltirilgan faoliyat shakllaridan biri ekanini aniq-ravshan tushunishdi. Shu nuqtai nazardan ijtimoiy ish jamiyatdagi ijtimoiy kataklizmlarni va ziddiyatlarni qat’iy to‘xtatib turadigan vosita hisoblanadi va unga jamiyat va davlat qanchalik ko‘p mablag‘ ajratsa, u shunchalik samaraliroq bo‘ladi. Demak, jamiyatning katta qismini oldindan tayyorlamasdan va roziligini olmasdan ijtimoiy qayta taqsimlashga yo‘g‘rilgan zamonaviy Rossiyaga tadbiq qilinsa, ijtimoiy xizmatlarning jadallik bilan rivojlanishi, ijtimoiy ishga jamoat birlashmalarini, xayriya jamg‘armalarini, ijodiy va kasbiy ittifoqlarni, konfessiyalarning qo‘shilishi siyosiy masala va ayni paytda milliy xavfsizlik sohasidagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir.
Ijtimoiy ish boshiga kulfat tushgan odamlarga yordam berish bilangina chegaralanadi, deb o‘ylash noto‘g‘ri. Chunki u ijtimoiy nazoratning eng nozik vositalaridan biridir. G‘amxo‘rlik qilish va nazoratning funksiyalari o‘rtasidagi ziddiyat, yordamning har qanday turida nazorat qilish elementlarining muqarrar mavjud bo‘lishi – ijtimoiy xizmatchilar har doim to‘qnash keladigan dilemmalardan biridir. Bu dilemma yana bitta jiddiy muammo bilan, ya’ni: ijtimoiy xizmatchi birinchi navbatda kimning manfaatlarini himoyalaydi – davlatningmi, ish beruvchiningmi, mijozningmi yoki umuman jamiyatning? degan masala bilan ham bog‘liq. Kasbiy qadriyatlar tizimi nuqtai nazaridan, ijtimoiy xizmatchi eng avvalo mijoz manfaatlarini undan keyin jamiyat va undan ham keyin esa o‘zining tashkiloti va davlat manfaatlarini ifodalashi kerak. Ustuvorliklarning bunday tizimini hayotga tadbiq etish har doim ham yengil ko‘chmaydi. Ko‘pincha ijtimoiy xizmatchiga hamkasblarining qo‘llab-quvvatlashi va umuman kasbiy hamjihatlikka tayangan holda ular uchun kurashishga to‘g‘ri keladi.
Bugungi kunda “ijtimoiy ish” kasbiga ko‘plab va turfa mutaxassisliklar ko‘lami mos keladi: ijtimoiy pedagog-psixolog; etnolog; ijtimoiy huquqshunos, ekolog, valeolog, ijtimoiy animator, gerontolog, yanada torroq mutaxassisli ijtimoiy xizmatchilar (qochqinlar, nogironlar, “xatar guruhlari” bilan ish olib boradigan mutaxassislar, tibbiy ijtimoiy xizmatchi va boshqalar) yoki ma’lum muassasalarda (maktabdagi, ishlab chiqarishdagi ijtimoiy xizmatchi), mikromuhitning maxsus sohalaridagi (qabiladagi, qishloqdagi ijtimoiy xizmatchi; harbiy sohadagi ijtimoiy xizmatchi; favqulodda vaziyatlardagi ijtimoiy ish; ijtimoiy ishni tashkil etish).
Ijtimoiy ishning asosiy maqsadi – farovonlik to‘g‘risida qayg‘urish va shaxsning, oilaning, jamiyatning imkoniyatlari va qobiliyatlarini me’yordagi ijtimoiy faoliyatga yo‘naltirishdir. Ijtimoiy pedagoglar, ijtimoiy xizmatchilar odamlar baxtli bo‘lishi, o‘zlarining hayotidan (oilasidan, ishidan, ma’lumotidan, sog‘lig‘idan, maoshidan, uy-joyidan, dam olishi) ko‘ngli to‘lishi uchun barcha zarur narsalarni bajaradilar.
Maqsadga erishish yo‘lari:

  • mijoz bilan tanishish (jamiyat ham, ijtimoiy guruh ham, inson ham “mijoz” bo‘lishi mumkin), vaziyatni baholash;

  • imkoniyatlarni aniqlash, muammolarni, muhtojliklarni differensiatsiyalash;

  • kuzatish va g‘amxo‘rlik qilish.

  • yaqinlariga nisbatan muhabbat, qayg‘urish, hamdardlik;

  • befarq bo‘lmaslik;

  • mijozning ichki salohiyatiga, vaziyatni o‘zgartirish imkoniyatiga ishonch;

  • yordam berish va qurbon berish istagi;

  • bilimlarni jamlash;

  • tajribaga ega bo‘lish;

  • ijtimoiy ijod.

Ijtimoiy ishni tashkil etish va boshqarish sohasida band bo‘lgan xizmatchi ijtimoiy yordamning turli xil muassasalari bilan ishlashi, turli ko‘rinishdagi ijtimoiy ishlar olib borishiga to‘g‘ri keladi. Turli muassasalarda ijtimoiy yordam tashkilotchilarining ishida o‘ziga xosliklar ham mavjud bo‘lib, ular avvalo ijtimoiy ishning quyidagi yo‘nalishlarida namoyon bo‘ladi:
a) oilaga yordam berish;
b) ekstremal vaziyatlarda va “xatar guruhlar” bilan ishlash;
v) sog‘liqni saqlash tizimida ishlash;
g) ta’lim sohasida ishlash;
d) bandlik xizmatlarida ishlash.
Ijtimoiy ishdagi muhim jihat – biz ko‘pincha boshqa odamlar uchun nima kerakligini hal qilish huquqiga ega emasligimizni anglashga, ularning o‘zlari mavjud variantlardan eng maqbulini tanlashga izn berishimizga bo‘lgan ishonch. Odatda, ularning mavjud muqobilliklarni anglab yetishida, xulq-atvorning mavjud variantlaridan har biring qiyosiy ustunliklari va kamchiliklarini baholashda, qarorlarni ongli va oqilona qabul qilishda yordam kerak bo‘ladi.
Bunday yondashuv davlat vakillari odamlarning o‘zini qanday tutishlari lozimligini zo‘rlik bilan tushuntirish, ularga yordam ko‘rsatish xarakterini belgilashda o‘zlarining tavsiyalarini tiqishtirish an’anasi bilan bog‘liq avtoritar yondashuvdan keskin farq qiladi. Mushkul ahvolga tushib qolgan odamlarga o‘zlarining his-tuyg‘ularini ifodalash, tanglik holatidan chiqish yo‘llarini topish, tegishli qaror qabul qilish va uni hayotga tadbiq etishda yordam berish uchun avtoritar ish usullaridan voz kechishdan tashqari har bir odam o‘z hayotini o‘zi muvaffaqiyatli tarzda tashkil etish huquqiga egaligi va layoqatliligiga chindan ishonish ham zarur.
Ijtimoiy ish kasbgina emas, balki ruhiy holat hamdir. Ba’zi bir mutaxassislar unga, bu ishga tegishlilik va sadoqatlilik hissiyotlarini beradigan sifat kabi qaraydilar, usiz azob chekayotgan odamlar bilan, ba’zida yechilmaydigan muammolar bilan, o‘zining hayotida ko‘p narsalarni yo‘qotgan odamlar bilan muloqot qilish mumkin emas yoki juda qiyin.
Shaxsning kasb cho‘qqilari sari o‘zini-o‘zi harakatlantirishi beshta asosiy bosqichlarni (E. Zeer bo‘yicha) o‘z ichiga oladi:

  1. optatsiya – kasbiy va shaxsiy niyatlarni shakllantirish, shaxsiy-psixologik xususiyatlarni inobatga olgan holda kasbni ongli ravishda tanlash;

  2. kasbiy tayyorgarlik – kasbiy yo‘naltirilganlik, kasbiy bilimlar va ko‘nikmalar tizimini shakllantirish, kasbiy vaziyatlar va vazifalarni nazariy va amaliy yechish tajribasini orttirish;

  3. kasbiy moslashish – kasbga kirishib ketish, yangi kasbiy rolni o‘zlashtirish, kasbiy o‘z-o‘zini belgilash, shaxsiy va kasbiy sifatlarni shakllantirish, kasbiy faoliyatni mustaqil bajarish tajribasini to‘plash;

  4. professionallashuv – kasbiy mavqeni shakllantirish, shaxsiy va kasbiy muhim xossalarni va bilimlarni biriktirish va mustahkam tarkibiy shaklda uyg‘unlashtirish, kasbiy faoliyatni malakali mutaxassis sifatida bajarish;

  5. kasbiy mahorat – kasbiy faoliyatda shaxsiyatni namoyon qilish, o‘zini-o‘zi ro‘yobga chiqarish.

Hozirgi vaqtda dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida ijtimoiy xizmatchining quyidagi kasbiy rollari farqlanadi (Справочное пособие по социалной работе / Под. ред. A.M.Панова, Э.И. Холостовой. M.: “Юрист”, 1997):

  • mijozni aniqlovchi (Outreach Worker): qiyinchilikni boshidan kechirayotgan yoki tavakkalchilik holatida bo‘lgan odamlarni yoki odamlar guruhini aniqlaydi. Maqsad – muammolarni yaratuvchi atrof-muhit sharoitlarini aniqlash, payqash;

  • baholovchi (Evaluator): axborotni yig‘adi, odamlarni, jamoaning muammolarini baholaydi. Maqsad – axborotlarni yig‘ish va qayta ishlash;

  • axborot menejeri (Data Manager): mijoz to‘g‘risida olingan ma’lumotlarni tahlil va tasnif qiladi. Maqsad – harakat uchun qaror qabul qilishga ko‘maklashish;

  • broker (Broker): odamlarni mijoz muammolarini hal qiladigan xizmatlarga yo‘naltiradi. Maqsad – ijtimoiy xizmatlarning ishini muvofiqlashtirish, odamlarga o‘zlarining salohiyatidan foydalanish imkonini berish;

  • vositachi, bufer (Mediation): nizoga kirishgan tomonlar: ikki odam, odam va guruh yoki ikki guruh o‘rtasida turadi. Maqsad – kelishmovchiliklarni yo‘qotish va odamlarni birgalikda samarali ishlashga o‘rgatish;

  • safarbar etuvchi (Mobilizer): odamlar guruhi harakatini muammoni hal qilish maqsadida tashkil etadi. Maqsad – muammolarni hal etish uchun mijozlarning kuchlarini birlashtirish;

  • advokat, himoyachi (Advosate): yordamga muhtoj odamlarning huquqlari uchun kurashadi. Maqsad – xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, mijozlarga yordam berish, qonunlarga va ijtimoiy ishning mavjud bo‘lgan amaliyotiga o‘zgartirishlar kiritish;

  • o‘qituvchi (Teacher): insonlarga axborot va bilimlar beradi. Maqsad – insonlarga o‘zlarining muammolarini mustaqil yechishlarida, bilimlarini rivojlantirishda yordam berish;

  • axloq-odobni tuzatuvchi (Behaviour Change): odamlar yoki guruhlar axloq-odob stereotiplariga, ko‘nikmalariga va idrok etishlariga o‘zgartirishlar kiritadi. Maqsad – mijozni psixologik-pedagogik tomondan qo‘llab-quvvatlash;

  • hamjamiyatni loyihalovchi (Community Planner): guruhlarni, agentliklarni, xizmatlarni, hukumatlarni rejalashtirishda, ularning faoliyat dasturlarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda yordam beradi. Maqsad – ijtimoiy ishni dasturlash;

  • maslahatchi (Counsultant): boshqa ijtimoiy xizmatchilarga yoki xizmatlarga yordam ko‘rsatadi. Maqsad – ijtimoiy ishning mutaxassislariga mijozlarning muammolarini hal qilishdagi bilimlarini oshirishda yordam berish;

  • ma’mur (Administrator): muassasaga yoki hamjamiyatga tashkiliy va moliyaviy yordamni muofiqlashtiradi. Maqsad - boshqaruv qarorlari qabul qilish.




Download 1.31 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   94




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling