Obraz, voqea va xodisalarni fantastik uydirmalar fonida hikoya qiluvchi ertaklar sehrli ertaklar deb nomlanadi


Download 15.67 Kb.
Sana19.06.2023
Hajmi15.67 Kb.
#1626577
Bog'liq
SEHRLI ERTАKLАR


SEHRLI ERTАKLАR
Obraz, voqea va xodisalarni fantastik uydirmalar fonida hikoya qiluvchi ertaklar sehrli ertaklar deb nomlanadi.
Sehrli ertaklar syujet tuzilishi, gʼoyaviy mazmuni va obrazlar talqiniga koʼra ikki tipga boʼlinadi. Biri — sehrli ertaklarning pahlavonlik tipi va ikkinchisi — sehrli-sarguzasht tipi.
Sehrli ertaklarning eng qadimiy namunalarini pahlavonlik tipidagi ertaklar tashkil etadi. Shuning uchun ham mazkur tipdagi ertaklarning poetikasi, gʼoyaviy mazmuni va obrazlar talqini nisbatan alohidalik kasb etadi. «Pahlavon Rustam», «Gʼulom polvon», «Qahramon», «Loʼnda polvon» singari ertaklar ana shular jumlasidandir.
Pahlavonlik tipidagi ertaklar qadimiy mifologik bosqichning namunasi sifatida yuzaga kelgan. Shuning uchun ham ertak epizodlari, aniqrogʼi, strukturasini tashkil etgan motivlar asosida dual tushuncha va uning otashparastlik dinidagi yarim xudolar, ibtidoiy marosim va urf-odatlar oʼz ifodasini topgan. Voqea va hodisalar koʼproq feodal-patriarxal jamiyat tartibot-lari asosida bayon etiladi. Bir-biriga qarshi qoʼyilgan mifologik subʼektlarning biri (Аxuramazda) pahlavon qiyofasida, ikkinchi (Аxriman) ajdar, dev yoki xtonik shaklida ifodalangan gʼayri tabiiy kuchlar timsolida namoyon boʼladi. Syujet yaratuvchi motivlar esa pah-lavon kuch-qudratini ideallashtiradi. Аyniqsa, pahlavonning gʼaroyib tugʼilishi va moʼʼjizali tarzda oʼsishi; «alp», «botir», «polvon» atalish, jangovar ot tanlashi motivlari syujetning ekspozitsion qismini zoʼr kuch-qudrat koʼrsatishi, ajdar yo dev ustidan gʼalaba qilishi motivlari esa epik qismni tashkil etadi. Bundan tashqari, ibtidoiy ekzogamiya nikohi bilan bogʼliq boʼlgan anʼanalar va pahlavonlar maqsadi bilan bogʼliq boʼlgan voqea va hodisalar mazkur tip ertaklarning yetakchi motivlari sanaladi.
Fantastik uydirmalar har bir voqea va hodisa talqinida namoyon boʼladi. Masalan, pahlavon bolaning oʼsishi reallikka toʼgʼri kelmaydi: «bola soatlab oʼsa boshlabdi». Bolaning notabiiy oʼsishi uning tengi yoʼq pahlavon boʼlib yetishishidan darak beradi. Dahshatli qiyofada ifodalangan mifologik personajlar — ajdar va devlar asosan salbiy jihatdan tasvirlanadi va bosh qahramon intilishlariga qarshi qoʼyiladi. Ibtidoiy tasavvur va diniy tushunchalar bilan bogʼliq boʼlgan mazkur personajlar yorugʼlik va ezgulik kushandasi, qonxoʼrlik va yovuzlik timsoli sifatida namoyon boʼladi. Ularni yengib oʼtish ideal pahlavonning zoʼr kuch-qudratga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Pahlavon qudratini sinash, jismoniy kuchlar musobaqasi sehrli ertaklarning yetakchi motivlari hisob-lanadi. Jismoniy kuchlar sinovi asosan aka-ukalar yoki qahramon bilan devlar oʼrtasida sodir boʼladi. Zoʼr kuchni aniqlash koʼproq ogʼir predmetni koʼtarish yoki osmonga irgʼitish, kurash tushish shaklida oʼtkaziladi. Baʼzan pahlavon ajdar yoki dushman polvoni bilan toʼqnashadi. Sinoz motivida pahlavonning kuch-qudrati mubolagʼalashtiriladi va gʼalaba qilgan pahlavon «alp», «polvon», «botir» ataladi.
Xullas, mazkur motivlarda ibtidoiy tushunchalar zoʼr kuch-qudrat haqidagi orzu-umidlarning obrazli ifodasi, ayni paytda, poetik transformatsiyasidan iborat. Motivlarda «alp», «polvon», «botir» kabi sifatlar orqali bir butun umumlashma qiyofa belgilanadi, biroq pahlavon tashqi qiyofasi tasvirlanmaydi.
Dahshatli kuchlarga qarshi jang qilish, kurash tushib yengish, ajdar uchun olib ketilgan qizlarni qutqarish, elat va xalq himoyasi kabilar pahlavonlik tipidagi ertaklarning tematikasiii tashkil etadi. Ularda syujet mukammal ishlangan. Syujet yaratuvchi motivlar funktsiyasi konkret ifodalangan boʼlib, bu funktsiyalar pahlavon qiyofasini oydinlashtirish va ideallashtirishdan iborat. Ekspozitsiya va syujetning asosiy qismlari pahlavon biografiyasi bilan bogʼlanadi. Syu-jet motivlari talqinida koʼproq mubolagʼa, oʼxshatish va sifatlash kabi poetik vositalar hal qiluvchi rolь oʼynaydi. Аytish kerakki, pahlavonlik tipidagi ertaklarda harakat motivlari hal qiluvchi rolь oʼynaydi.
Sehrli-sarguzasht tipidagi ertaklar esa katta oʼrin egallaydi. Bu xil ertaklarda fantastik uydirmalar va sehrli predmetlar asosiy oʼrin tutadi. Koʼpchilik motiv va epizodlarning xarakterli tomoni shundaki, ular koʼproq bordan yoʼq, yoʼqdan bor boʼlish hamda bir shakldan ikkinchi shaklga aylanish kabi gʼayri tabiiylik kasb etadi va feodal munosabatlar qolipida hikoya qilingan voqealardan iborat. O’gaylik va kamsitilgan kishilar, podsholar va podshohlik tuzumi, shahzoda, malika, jallod, qahramonning taxtga oʼtirishi, adolat va adolatsiz shohlar, uzoq oʼlkalardan qayliq izlash, yer ostiga tushish yoki osmon ustiga chiqish, yalmogʼiz bilan toʼqnashuv kabi motivlar syujet asosini tashkil etadi.
Sehrli-sarguzasht ertaklarning qahramonlari sirli kuchga ega emas, aksincha sirli kuchga ega boʼlgan sehrli predmetlar yordamida harakat qiladi. Syujet voqealarida tilsimli predmet, sirli hayvon, parranda va darrandalar qatnashadi va ularga gʼayri tabiiylik bagʼishlaydi. Tilsimli predmetlar sirasiga qilich, uzuk, yonar tosh, oyna, taroq, qayroq, juvoldiz, toʼqmoq, qovoq, dasturxon, nina, olma kabilar mansub. Sirli toʼqmoq, qovoq, yogʼoch ot, pichoq, semurgʼ, bulbuligoʼyo, anqo, humo, baxt.
Sehrli-sarguzasht tipidagi ertaklar oʼziga xos obraz va personajlar galereyasi bilan ajralib turadi. Bular: yalmogʼiz, shum kampir, maston, jodugar, sehrgar, pari, kenja botir, shahzoda, podsho, vazir, ulamo, yaso-vul, bakovul, malika, savdogar, baqqol, folchi, shayx, semurgʼ, bulbuligoʼyo, anqo, humo, baxt qushi, uchar ot, kiyik, it, mushuk, maymun, devbachcha, ilon ogʼa. kaptar, oltin baliq, oynai jahon, sirli qilich, ochil dasturxon, qaynar xumcha, uzuk, gul, daraxt, qirq hujra, nina, taroq, qarchigʼay va boshqalar.
Sehrli ertaklar oʼzida totem yoki hayvon kulti bilan bogʼliq holda yuzaga kelgan arxaik personajlar(«Аyiq polvon», «Choʼloq boʼri», «Boʼri qiz», «Ilon pari», «Ilon ogʼa»)ni saqlagan. Bu xil personajlar ertak syujetida turli xil gʼayri tabiiy motivlarni bunyod etgan. Har bir personaj — bosh qahramon homiysi, ideal orzular timsoli sifatida namoyon boʼladi, mardlik va qahramonlik, toʼgʼrilik va adolatparvarlik, chin sevgi-sadoqat va vafodorlikni hikoya qiladi.
Bu xil ertaklar syujeti sodda, ravon, dramatik epizodlarga boy,taʼsirchan boʼlib, uch qismdan iborat boʼlgan voqealar tizmasidan tashkil topgan. Syujetning ekspozitsiya qismi koʼproq qahramonning toshga aylanishi yoki tosh bagʼrida gʼoyib boʼlishi, parizodni koʼrib hushdap ketishi, u yoki bu sehrli predmetning gʼoyib boʼlishi, qizning kaptar, kaptarning qizga aylanishi kabi si-tuatsiok motivlar asosiga quriladi. Bu xil motivlar asosini tashkil etgan tabu va magiya, animistik eʼtiqodlar ibtidoiy inson tafakkuri bilan bogʼliq boʼlgan dunyoqarashning obrazli ifodasidir. Situatsion motivlar ertak syujetida tilsim va tilsimoti, aniqrogi, fantastik uydirmalarni vujudga keltiradi. Fantastika mazkur qismda hal qiluvchi rolь oʼynab, maʼlumot €erish vazifaoini ado etadi va navbatdagi sarguzasht voqealar uchun yoʼl ochadi, syujet dinamikasini taʼminlaydi.
Syujetning sarguzasht qismi ayriliq hamda sehrli predmetlarni olib kelish; yalmogʼiz va jodugar bilan olishish, oʼlib tirilish, sirli suv va boʼriga aylanish, quyosh oldiga chiqish, yer ostiga tushish, yor bilan topishish kabi harakat va situatsiyalarni izohlovchi motivlar asosiga qurilgan.
Bu tipdagi ertaklarning nisbatan keyingi namunalari («Baxtli kal») va ularning syujet voqealarini tashkil ztgan konflikt ijtimoiy-siyosiy maʼnoni kasb etib, feodal illatlarini fosh etadi, maʼnaviy goʼzallikni ulugʼlaydi.
Syujet yaratuvchi yetakchi motivlar qadimgi dunyoqarash — magiya, tabu, totemistik, animistik tushunchalar, har xil urf-odat va marosimlar zamirida tashkil topgan.
Tilsimli predmet va tilsimotlar koʼproq syujetning asosiy qismini tashkil etadi va mazkur tipdagi ertaklarning asosiy komponentlaridan biri sifatida namoyon boʼladi. Tilsimli predmet va personajlar fantastik voqealarni yuzaga keltirib, taʼsirchanlikni orttiradi va sehrli-sarguzasht ertaklarga xoslikni taʼminlaydi. Ertaklarda tilsimli predmet va sirli uydirmalar voqealarni harakatga keltiradi, voqea va hodisalar rivojini taʼminlaydi.
Zulm va zoʼrlikni inkor etish, toʼgʼrilik va adolatni maʼqullash sehrli-sarguzasht ertaklarning gʼoyaviy mazmunini tashkil etadi. Sehrli-sarguzasht ertaklarda pahlavonlik tipidagi ertaklarda boʼlganidek bosh qahramon biografiyasi (ajoyib tugʼilish, yoshlik, yigitlik chogʼlari, jangovarlik yillari) berilmaydi, biroq uning baʼzi bir belgilari koʼzga chalinib qoladi. Ular quyidagicha anʼanaviy formulalarda ifodalanadi: «Botir kamondan yoy otishni, otda yurishni oʼrgana boshlabdi», «Qiz oʼn toʼrt kunlik ondek toʼlishgan». Bu xil anʼanaviy formulalarda hunar oʼrganish va goʼzallik, mehnatsevarlik kabi axloq normalari jam boʼlgan.
Bosh qahramon—kenja, shahzoda, baliqchi, ovchi, toʼquvchi, naqqosh, qahramon botirlar hayotiy sotsial tiplarning sintezisifatida tashkil topgan va poetik talqinda kuchsiz, irodasiz, lavangsifat taʼriflansada, aslida epchil, irodali, tadbirkor qiyofada tasvirlangan. Qahramon oʼz kuchi bilan emas, tilsimli predmetlar, sehr-jodu yordamida gʼalaba qiladi»
Ertak kompozitsiyasi barqaror boʼlib, uning elementlari (tugun, kulminatsiya, yechim) aniq va loʼnda ifodalangan. Tugun koʼproq syujetning ekspozitsiya qismida paydo boʼladi, gʼayri tabiiy fonda ifodalanadi.
Sotsial tabu bilan bogʼliq voqealar rivoji sarguzasht qism kulminatsiyasida tilsim sirlarini oydinlashtiradi. Yechimda fantastik uydirmalar fonida ifodalangan tilsimli predmetlar faoliyat koʼrsatadi.
Demak, sehrli ertaklar va ularning turli xil namunalari real voqea va hodisalar, urf-odat, marosimlarga nisbatan ideologik munosabatning natijasi sifatida yuzaga kelgan va shakllangan. Tasvir printsiplari esa fantastik uydirmalarga asoslanadi, taʼlimiy-estetik funktsiya ado etadi.
Download 15.67 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling