8-bob. Ishonchnomani imzolash tartibi
34. Ishonchnoma loyihasi ishonchnoma beruvchiga o‘qib tanishib chiqish uchun taqdim etiladi.
Agar notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan fuqaro savodsiz, ko‘zi ojiz bo‘lsa yoki qandaydir sabablar tufayli ko‘zi yaxshi ko‘ra olmasa, shuningdek kasalligi tufayli bitimni o‘qiy olmasa, notarius unga hujjat matnini ovoz chiqarib o‘qib beradi va bu haqda hujjat matnida va tasdiqlovchi yozuvda qayd etadi.
35. Ishonchnomaning barcha nusxalarini ishonchnoma beruvchi (uning qonuniy vakili, vasiy yoki homiysi) familiyasi, ismi va otasining ismini to‘liq yozib notarius ishtirokida shaxsan imzolaydilar.
36. Ishonchnoma beruvchining (uning qonuniy vakili, vasiy yoki homiysi) kamida ikkita barmoqlari izlari maxsus moslamalarda skaner qilinadi.
Agar ularning jismoniy nuqsoni (barmoqlarning yo‘qligi, barmoq izlari yo‘qolganligi va boshqa) sababli maxsus moslamalarda ularning barmoq izlarini skaner qilish imkoniyati mavjud bo‘lmasa notarial harakatlarni imzolash jarayoni majburiy audio va videoyozuv vositalarida qayd etiladi.
37. Ishonchnomaning barcha nusxalariga notarius tegishli tasdiqlovchi yozuvni yozib, Tizimga qayd qilingan tartib raqamini, undirilgan to‘lovlar (davlat boji, gerb yig‘imi hamda huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun haq) miqdorini ko‘rsatib imzolaydi va muhrini qo‘yadi.
38. Ishonchnoma bir necha alohida varaqlarda bayon etilgan taqdirda, ular maxsus teshik ochgich (lyuvers) yordamida teshgan holda ular ip o‘tkazib tikiladi, varaqlari esa raqamlanadi hamda notarial idoraning muhri qo‘yilgan holda notariusning imzosi bilan tasdiqlanadi.
39. Tasdiqlangan ishonchnomaning bir nusxasi ishonchnoma beruvchiga beriladi, ikkinchi nusxasi notarial idorada qoldiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |