Okoz: 09. 00. 00. 00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09. 02. 00. 00 Raqobat to‘g‘risida qonunchilik. Tabiiy monopoliyalar / 09. 02. 04. 00 Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik] [tsz
Download 112.42 Kb.
|
321 25.06.1997
[OKOZ: 1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.02.00.00 Raqobat to‘g‘risida qonunchilik. Tabiiy monopoliyalar / 09.02.04.00 Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik] [TSZ: 1.Iqtisodiyot / Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori MONOPOLIYAGA QARShI QONUN HUJJATLARINI BUZGANLIK TO‘G‘RISIDA ISh QO‘ZG‘ATISh VA ULARNI KO‘RIB ChIQISh TARTIBINI TASDIQLASh HAQIDA LexUZ sharhi Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 12-oktabrdagi 225-sonli “Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan. “Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi: 1. Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi tacdiqlansin (ilova qilinadi). 2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi mazkur Tartibning barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar ijro etishi uchun yetkazilishini ta’minlasin. 3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. SULTONOV Toshkent sh., 1997-yil 25-iyun, 321-son Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 25-iyundagi 321-son qarori bilan TASDIQLANGAN Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish TARTIBI Mazkur Tartib “Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan hamda monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzish faktlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish va tegishli qarorlar qabul qilish tartibotini va muddatlarini tartibga soladi. Tartib: — monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibini; — monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzishni to‘xtatish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berish tartibini; — monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarimalar solish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibini; — monopoliyaga qarshi davlat organining qarorlari ustidan shikoyat qilish tartibi va asoslarini nazarda tutadi. I. MONOPOLIYAGA QARShI QONUN HUJJATLARINI BUZGANLIK TO‘G‘RISIDAGI IShLARNI KO‘RIB ChIQISh VA KO‘RSATMALAR BERISh TARTIBI 1. Monopoliyaga qarshi davlat organi yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilganligi to‘g‘risidagi ishlarni o‘z vakolatlari doirasida ko‘rib chiqadi. 2. Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik to‘g‘risidagi ishlar xo‘jalik yurituvchi subyekt, davlat boshqaruvi organlari va davlat hokimiyati organlari joylashgan joydagi monopoliyaga qarshi davlat organi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Monopoliyaga qarshi davlat organi o‘z vakolatlari doirasida har qanday ishni ko‘rib chiqish uchun qabul qilishga haqlidir. Oldingi tahrirga qarang. 3. Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasida Qo‘mita raisi (uning o‘rinbosari), boshqarmalar boshliqlari va mutaxassislaridan iborat tarkibda komissiya tashkil etiladi. (3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 12-avgustdagi 196-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2005-y., 32-33-son, 251-modda) Qo‘mitaning hududiy boshqarmalarida hududiy boshqarma boshlig‘i (uning o‘rinbosari), boshqarma mutaxassislaridan iborat tarkibda komissiya tashkil etiladi. Qo‘mitada raisning monopoliyaga qarshi qonun hujjatlariga rioya qilish masalalariga mutasaddi bo‘lgan o‘rinbosari (u bo‘lmagan paytda boshqarma boshliqlaridan biri), hududiy boshqarmada boshqarma boshlig‘i (uning o‘rinbosari) komissiya raisi hisoblanadi. Muayyan ishni ko‘rib chiqish uchun komissiya a’zolarining shaxsiy tarkibi rais tomonidan ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi ajrimda belgilanadi. Qo‘mita (hududiy boshqarma) komissiyasi a’zolarining umumiy soni uch kishidan kam bo‘lmasligi kerak. 4. Monopoliyaga qarshi davlat organi monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik to‘g‘risidagi ishlarni tayyorlashda, ko‘rib chiqishda, shuningdek qarorlarni va ko‘rsatmalarni ijro etishda: — xo‘jalik yurituvchi subyektlardan, davlat boshqaruv organlari, mahalliy hokimiyat organlaridan tanishish, nusxa ko‘chirish va ularni ish materiallariga qo‘shib qo‘yish uchun zarur materiallar va hujjatlarni so‘rab olishga; — ariza beruvchi, shuningdek o‘zlariga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan xo‘jalik yurituvchi subyekt, boshqaruv organlari vakillari bilan suhbat o‘tkazishga; — xo‘jalik yurituvchi subyektlardan, boshqaruv organlaridan, shuningdek ularning mansabdor shaxslaridan ish mohiyati bo‘yicha tushuntirish xatlari olishga; — manfaatdor shaxslarni ishda qatnashishga jalb etishga; — ekspertlar va mutaxassislarni ishni ko‘rib chiqishda qatnashishga jalb etishga; — xo‘jalik yurituvchi subyektlarni va boshqaruv organlarini ularning monopoliyaga qarshi qonun hujjatlariga rioya qilishlari bo‘yicha tekshirishlar o‘tkazishga haqlidir. Monopoliyaga qarshi davlat organi ish mohiyatini, ishda qatnashayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlarini har tomonlama, to‘liq va xolis aniqlash uchun boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga haqlidir. 5. Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish uchun monopoliyaga qarshi davlat organining o‘z tekshiruvlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining arizalari hamda prokuraturaning taqdimnomalari asos bo‘ladi. 6. Ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorni monopoliyaga qarshi davlat organi komissiyasi raisi qabul qiladi. 7. Monopoliyaga qarshi davlat organi boshqarmalari (bo‘limlari) boshliqlari o‘zlariga berilgan funksional huquqlarga muvofiq monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilganligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish va uni monopoliyaga qarshi davlat organi ko‘rib chiqishi zarurligini asoslagan holda komissiya raisiga materiallar taqdim etadilar. 8. Komissiya raisi taqdim etilgan materialda bayon qilingan dalillar yetarli deb hisoblasa monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida 1-ilovaga muvofiq ajrim chiqaradi. 9. Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik to‘g‘risida ishlar monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida ajrim chiqarilgan paytdan boshlab bir oy muddatda ko‘rib chiqiladi. Ishni ko‘rib chiqish vaqti va joyi to‘g‘risida ularga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar, boshqaruv organlari, ishda qatnashishga jalb qilinayotgan shaxslar xabardor qilinadi. 10. Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik to‘g‘risida ishlar monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilishga yo‘l qo‘ygan xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki boshqaruv organi vakillari, shuningdek manfaatdor shaxslar ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Rahbarlar yoki ularning o‘rinbosarlari xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki boshqaruv organi vakillari hisoblanadilar. 11. Xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki boshqaruv organi vakillari bo‘lmagan taqdirda ish ular o‘z vaqtida xabar qilinganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan hollarda ko‘rib chiqilishi mumkin. Xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki boshqaruv organining ishni ko‘rib chiqishni keyinga qoldirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi olingan taqdirda komissiya bunday iltimosnomani qondirish yoki rad etish to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun iltimosnomani baholaydi, protokolda bu haqda tegishli yozuv qayd qilinadi. Iltimosnomani qondirish rad etilgan taqdirda komissiya ishni o‘zi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan subyektga nisbatan uning vakili ishtirokisiz ko‘rib chiqadi. Iltimosnoma qondirilgan taqdirda komissiya, ushbu bo‘limning 18-bandiga muvofiq, ishni keyinga qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Subyekt vakili ishni ko‘rib chiqish vaqti va joyi to‘g‘risida takroran xabardor qilinadi va u kelmagan taqdirda ish uning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantiriladi. 12. Komissiya majlisda quyidagi masalalarni aniqlaydi: — monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzishlar to‘g‘risida dalolat beruvchi faktlarning mavjudligi; — qonunchilik buzilishlarini ixtiyoriy tartibda bartaraf etish uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan yoki ko‘rilmagani; Monopoliyaga qarshi qonunchilik buzilishlarining mavjudligi va yo‘qligi to‘g‘risida xulosaga kelish imkonini beradigan ma’lumotlar etishmaganda yoki mavjud bo‘lmaganda ishni ko‘rib chiqish qatnashchilaridan qo‘shimcha ma’lumotlar talab qilib olinishi mumkin. Ishni ko‘rib chiqishda paydo bo‘ladigan maxsus bilimlarni talab qiladigan masalalarni tushuntirish uchun komissiya ishni ko‘rib chiqishda qatnashishga ekspertlar va mutaxassislarni jalb etishi mumkin. 13. Majlisda o‘ziga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan subyektlar vakillarining, ishda qatnashishga jalb etilganlarning, shuningdek monopoliyaga qarshi davlat organi mutaxassislarining so‘zlari tinglanadi. Subyektning vakili, shuningdek ishda qatnashishga jalb etilgan shaxslar quyidagilarga haqlidirlar: — ish materiallari bilan tanishish, davlat va tijorat siri bo‘lgan ma’lumotlar bundan mustasno; — dalillar taqdim etish; — dalillarni tadqiq etishda qatnashish; — ishda qatnashayotgan boshqa shaxslarga, ekspertlar, mutaxassislarga savollar berish; — komissiyaga og‘zaki va yozma tushuntirishlar berish; — ishni ko‘rib chiqish davomida paydo bo‘ladigan barcha masalalar bo‘yicha dalillar keltirish va mulohazalar bildirish. 14. Ishni ko‘rib chiqish komissiya raisi tomonidan olib boriladi va komissiya raisi hamda majlis kotibi imzolaydigan protokolda qayd etiladi. Majlisda ish rais tomonidan shunday tartibda olib boriladiki, bunda ishning holati eng to‘liq va har tomonlama tahlil qilinishi, qonunchilik buzilishlarining bartaraf etilishi va oldi olinishi, o‘ziga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan subyektning, shuningdek boshqa taalluqli shaxslarning huquq va manfaatlariga rioya etilishi ta’minlanadi. 15. Ishni ko‘rib chiqish quyidagi hollarda (muddatlari ko‘rsatilgan holda) keyinga qoldirilishi mumkin: — vakilning majlisga kelolmasligi munosabati bilan ishni ko‘rib chiqishni keyinga qoldirish to‘g‘risida subyektning asosli iltimosnomasi munosabati bilan; — subyektning qonun buzilishini ko‘rsatmasiz ixtiyoriy ravishda bartaraf etish to‘g‘risidagi iltimosnomasi munosabati bilan; — qo‘shimcha dalillar olish zaruriyati munosabati bilan; — komissiya fikriga ko‘ra, ishni ko‘rib chiqishga ekspertlarni jalb etish yoki boshqa shaxslarning ishtiroki albatta zarurligi munosabati bilan; — ishni ushbu majlisda hal etish mumkin bo‘lmaganda. Ishni ko‘rib chiqish keyinga qoldirilganda ishni ko‘rib chiqish muddatining o‘tishi uzilmaydi, ko‘rib chiqish tartib-qoidasi boshidan boshlanadi. 16. Ishni ko‘rib chiqish quyidagi hollarda to‘xtatilishi mumkin: — monopoliyaga qarshi mahalliy davlat organida, sudda xulosalari ishni ko‘rib chiqish natijalari uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa ish ko‘rilayotganda; — ekspertizadan o‘tkazish yoki mustaqil xolis tashkilot mutaxassisining xulosasini olish zarur bo‘lganda. Ish uni to‘xtatishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilgandan keyin davom ettiriladi. 17. Ishni ko‘rib chiqishni kechiktirish, to‘xtatish yoki qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida ajrim chiqariladi, uni komissiya raisi va a’zolari imzolashadi, uning nusxasi o‘ziga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan xo‘jalik yurituvchi subyektga yoki boshqaruv organiga, shuningdek manfaatdor shaxslarga jo‘natiladi. Ishni kechiktirish to‘g‘risida ajrim (2-ilova). Ishni to‘xtatish to‘g‘risida ajrim (3-ilova). Ishni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida ajrim (4-ilova). 18. Ishni ko‘rib chiqish qaror chiqarish bilan tugallanadi. Unda komissiya aniqlagan holatlar hamda komissiyaning ishni ko‘rib chiqish natijasidagi xulosalari bayon qilinadi. Qaror quyidagilar haqida chiqarilishi mumkin: — ko‘rsatma berish to‘g‘risida; — qonunni buzish hollari va tarkibi yo‘qligi, qonun buzilishlarning ko‘rsatma berilgungacha bartaraf etilishi, subyektning tugatilganligi tufayli ta’sir ko‘rsatish choralarini qo‘llash imkoni bo‘lmaganligi munosabati bilan ishni ko‘rib chiqishni to‘xtatish to‘g‘risida. Qaror shakli 5-ilovada keltirilgan. 19. Qarorda monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzish belgilari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atish masalalarini hal qilish uchun prokuratura organlariga va boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga materiallarni yuborish to‘g‘risida tavsiya berilishi mumkin. 20. Komissiya tomonidan qaror ko‘rib chiqilayotgan masala bo‘yicha taklif etilgan shaxslar ishtirokisiz qabul qilinadi. Qaror ochiq ovoz berish yo‘li bilan oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Rais va komissiya a’zolari ovoz berishda betaraf qolish huquqiga ega emaslar. Rais eng oxirida ovoz beradi. 21. Qaror rais va komissiya a’zolari tomonidan imzolanadi. Agar rais yoki komissiya a’zosi qarordan norozi bo‘lsa, uni imzolashga majburdir va o‘zining alohida fikrini bayon etishga haqlidir, u ishga qo‘shib qo‘yiladi. 22. Komissiya qarori ish ko‘rib chiqilgandan so‘ng darhol chiqariladi. O‘ta murakkab ishlar bo‘yicha asoslangan qarorni tuzish uch kundan ortiq bo‘lmagan muddatga kechiktirilishi mumkin, lekin qaror qismi ish ko‘rib chiqilgan majlisda e’lon qilinishi kerak. U rais va komissiyaning barcha a’zolari tomonidan imzolanishi va ishga qo‘shib qo‘yilishi kerak. 23. Monopoliyaga qarshi davlat organining qarori ko‘rsatma yozib berish uchun asos hisoblanadi. II. MONOPOLIYAGA QARShI QONUN HUJJATLARINI BUZIShNI TO‘XTATISh TO‘G‘RISIDA KO‘RSATMALAR BERISh TARTIBI 1. Monopoliyaga qarshi davlat organining ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qarori (ko‘rsatmasi) u qabul qilingan kundan besh kundan kechiktirilmay manfaatdor tomonlarga yuboriladi va u belgilangan muddatlarda ijro etilishi kerak. 6-ilovada nazarda tutilgan shakldagi ko‘rsatma komissiya raisi tomonidan imzolanadi. Qarorni (ko‘rsatmani) muddatida bajarmaslik qonunchilikda nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi. Qaror (ko‘rsatma) yuborilganligini tasdiqlovchi pochta hujjatlari yoki boshqa hujjatlar ish materiallariga qo‘shib qo‘yiladi. 2. Ko‘rsatmaning bajarilganligi subyektni tekshirish dalolatnomasi bilan yoki subyektning qonun buzilishi bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi hujjati bilan tasdiqlanadi, ular ish materiallariga qo‘shib qo‘yiladi. Ko‘rsatma bajarilgandan so‘ng ish tugallangan hisoblanadi. 3. Agar tekshirish paytida ko‘rsatmada keltirilgan qonun buzishlar bartaraf etilmaganligi yoki qonun buzishni bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rilmaganligi aniqlansa, ko‘rsatma ijro etilmagan hisoblanadi. Quyidagi hollarda ko‘rsatma qisman ijro etilmagan hisoblanadi: — ko‘rsatmaga muvofiq bartaraf etilishi lozim bo‘lgan monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzish hollarining barchasi bartaraf etilmagan bo‘lsa; — ko‘rsatmada keltirilgan barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar yoki boshqaruv organlariga nisbatan qonun buzishlar bartaraf etilmagan bo‘lsa. 4. Boshqaruv organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, mansabdor shaxslar ko‘rsatmani ijro etish muddatini uzaytirish to‘g‘risida iltimos qilishlari mumkin. Ko‘rsatilgan muddatni uzaytirish masalasi to‘g‘risidagi qarorni ishni ko‘rgan komissiya qabul qiladi. Muddatni uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma qondirilgan taqdirda komissiya ajrim chiqaradi, uni rais va komissiya a’zolari imzolaydilar. Muddatni uzaytirish to‘g‘risidagi ajrim erkin shaklda tuziladi. 5. Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalari berilgan ko‘rsatmalarning hisobini yuritadi. 6. Monopoliyaga qarshi davlat organining ayrim ko‘rsatmalari monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzishning quyidagi hollari to‘g‘risida axborotlar tushganda beriladi: — aksiyalarni, ulushlarni va boshqa ashyoviy huquqlarni sotib olishda kelishib olish mavjud emasligi; — boshqaruv organlari xo‘jalik yurituvchi subyektlarni kamsitishga qaratilgan hujjatlar qabul qilishi va harakatlar qilishi. 7. Ko‘rsatma aksiyalarning oldi-sotdi bitishuvlarini, ta’sis hujjatlarini (ustavlarni) va boshqa normativ hujjatlar va qarorlarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish asosida beriladi. Ko‘rsatma monopoliyaga qarshi qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘ygan subyektga qonun buzilishi aniqlangandan keyin o‘n kun muddatda tilxat orqali beriladi yoki pochta orqali yuboriladi. 8. Ko‘rsatma bajarilishi ustidan nazoratni monopoliyaga qarshi davlat organi amalga oshiradi. 9. Ko‘rsatmani bajarishdan bosh tortish deganda subyekt tomonidan ko‘rsatmaning bajarilmasligi yoki qisman bajarilmasligi tushuniladi. Ko‘rsatma o‘z vaqtida bajarilmasligi deganda ko‘rsatmaning unda belgilangan muddat buzilgan holda bajarilishi tushuniladi. III. MONOPOLIYAGA QARShI QONUN HUJJATLARI BUZILGANLIGI UChUN JARIMA SOLISh TO‘G‘RISIDAGI IShLARNI KO‘RIB ChIQISh TARTIBI 1. Monopoliyaga qarshi davlat organi monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari quyidagicha buzilganligi uchun: — qonun buzilishini to‘xtatish, dastlabki holatni tiklash, shartnomalarni bekor qilish yoki o‘zgartirish to‘g‘risidagi ko‘rsatmani bajarishdan bosh tortish yoki o‘z vaqtida bajarmaganligi; — monopoliyaga qarshi davlat organiga axborot berilmaganligi yoki qasddan ishonchsiz ma’lumotlar berilganligi uchun boshqaruv organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga o‘z vakolatlari doirasida jarima solishga haqlidir. 2. Jarima monopoliyaga qarshi qonunchilikda nazarda tutilgan miqdorlarda solinadi. Jarima solish to‘g‘risidagi qaror shakli 7-ilovada keltirilgan. 3. Jarima solish to‘g‘risidagi ishni to‘xtatish haqidagi qaror ajrim shaklida chiqariladi (8-ilova). 4. Jarimalar xo‘jalik yurituvchi subyekt, boshqaruv organi yoki mansabdor shaxslar tomonidan jarima solish to‘g‘risidagi qaror olingan vaqtdan boshlab o‘ttiz kun muddatda so‘zsiz to‘lanadi. 5. Jarima to‘lash muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun belgilangan tartibda penya hisoblanadi. 6. Agar jarima solish to‘g‘risidagi qarorni darhol ijro etish xo‘jalik subyektning bankrot bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa, monopoliyaga qarshi davlat organi yoki sud jarima solingan xo‘jalik yurituvchi subyektning arizasiga ko‘ra unga jarimani bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berishga haqlidir. 7. Jarima to‘lash monopoliyaga qarshi davlat organining qarorini yoki ko‘rsatmasini bajarish majburiyatidan yoki monopoliyaga qarshi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni sodir etishdan ozod qilmaydi. IV. JARIMALAR SOLISh TO‘G‘RISIDAGI KO‘RSATMALAR VA QARORLAR USTIDAN ShIKOYaT QILISh TARTIBI Boshqaruv organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, mansabdor shaxslar monopoliyaga qarshi davlat organining qaroridan norozi bo‘lishgan taqdirda bunday qarorni to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb e’tirof etish yoxud iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash bo‘yicha qarorni bekor qilish yoki o‘zgartirish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqlidirlar. Monopoliyaga qarshi davlat organining qarori (ko‘rsatmasi) ustidan bunday qaror (ko‘rsatma) chiqqan kundan boshlab bir oy davomida shikoyat qilish mumkin. 1-ILOVA
Download 112.42 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling