Okoz: 12. 00. 00. 00 Axborot va axborotlashtirish / 12. 03. 00. 00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12. 03. 09. 00 Ommaviy axborot vositalaridagi axborot
Download 47.74 Kb.
|
283-XII 14.06.1991
[OKOZ: 1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.09.00 Ommaviy axborot vositalaridagi axborot (shuningdek, 13.03.19.00.ga qarang); 2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.19.00 Ommaviy axborot vositalari (radio, televideniye va boshqalar) (shuningdek, 12.03.09.00.ga qarang)] [TSZ: 1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ommaviy axborot vositalari. Noshirlik faoliyati.; 2.Iqtisodiyot / Axborot va axborotlashtirish. Elektron tijorat (hujjat aylanishi)] O‘zbekiston Respublikasining qonuni OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI TO‘G‘RISIDA LexUZ sharhi Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 26-dekabrdagi 542-I-son “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan. LexUZ sharhi O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 30-sentabrdagi 364-XII-son “O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi (asosiy qonuni)ga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan “O‘zbekiston SSR” degan so‘zlar “O‘zbekiston Respublikasi” degan so‘zlar bilan almashtirilgan. I bob. UMUMIY QOIDALAR 1-modda. Ommaviy axborot vositalari Ommaviy axborot vositalari deganda gazetalar, jurnallar, teleko‘rsatuv va radioeshittirish programmalari, hujjatli kino, ommaviy axborot tarqatishning boshqa davriy nashrlari tushuniladi. Matbuot, televideniye va radio, boshqa ommaviy axborot vositalarining tahririyatlari muayyan ommaviy axborot vositasining vakili hisoblanadilar. Tahririyat o‘z Ustavi asosida ish olib boradigan yuridik shaxsdir. Tahririyat iqtisodiy mustaqillik asosida xo‘jalik faoliyatini yuritishi mumkin. 2-modda. So‘z erkinligi va ommaviy axborot vositasi O‘zbekiston Respublikasida barcha ommaviy axborot vositalari erkindir. Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida har bir fuqaroning so‘z erkinligiga, ommaviy axborot vositalarida chiqish, o‘z fikri va e’tiqodini oshkora bayon etish huquqiga kafolat beradi. Ommaviy axborot vositalari axborotni izlash, tanlash, qabul qilish va ommalashtirishda qonunga muvofiq ish olib boradilar. Ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. 3-modda. Ommaviy axborot vositalarining tili Ommaviy axborot vositalari o‘z faoliyatlarini O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asosida olib boradilar. Jumhuriyat fuqarolarining o‘z ona tillarida axborot olish va axborot berish huquqlariga kafolat beriladi. 4-modda. So‘z erkinligini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi Ommaviy axborot vositalaridan davlat sirini yoki qonun bilan maxsus saqlanadigan o‘zga sirni ochish, mavjud davlat tuzumi va ijtimoiy tuzumni zo‘rlik bilan ag‘darib tashlashga yoki o‘zgartirishga da’vat qilish, urushni, zo‘ravonlik, shafqatsizlikni, irqiy, milliy, diniy ustunlikni targ‘ib etish, sharmsiz suratlar tarqatish uchun, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa xatti-harakatlarni qilish maqsadida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolarning shaxsiy hayotiga o‘zlarining ruxsatisiz aralashish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanish taqiqlanadi hamda qonunga muvofiq jazolanadi. Prokuror yoki tergovchining yozma ruxsatisiz dastlabki tergov materiallarini e’lon etish, nomini ko‘rsatmaslik sharti bilan ma’lumot bergan shaxsni aytish (sud oshkor etishni talab qiladigan hollar bundan mustasnodir), balog‘atga yetmagan qonunbuzarning shaxsini uning roziligisiz yoki uning qonuniy vakili roziligisiz oshkor qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib shu ishni sudda ko‘rib chiqish natijalarini oldindan aytish yoki o‘zgacha yo‘l bilan sudga uning qarori yo hukmi qonuniy kuchga kirmay turib ta’sir ko‘rsatish man etiladi. II bob. OMMAVIY AXBOROT VOSITALARINI TAShKIL ETISh 5-modda. Ommaviy axborot vositasini ta’sis etish huquqi Xalq deputatlari Sovetlari va boshqa davlat idoralari, ro‘yxatga olingan siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari, ommaviy harakatlar, ijodiy uyushmalar fuqarolarning qonunga muvofiq tuzilgan kooperativ, diniy, o‘zga birlashmalari, mehnat jamoalari ommaviy axborot vositalari ta’sis etish huquqiga egadirlar. Ommaviy axborot vositalarining biror turiga yakka hokimlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. 6-modda. Ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga olish Ommaviy axborot vositalarining tahririyati o‘z faoliyatini tegishli ommaviy axborot vositasi ro‘yxatga olinganidan so‘ng amalga oshiradi. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi ariza muassis (ta’sis etuvchi) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Matbuot davlat komitetiga topshiriladi. Ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi ariza u olingan kundan boshlab bir oy muddat ichida ko‘rib chiqilishi lozim. Chet el aholiga mo‘ljallangan ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ro‘yxatga olinadi. Ommaviy axborotni chiqarishga kirishish huquqi guvohnoma olingan kundan boshlab bir yil davomida saqlanib turadi. Bu muddat o‘tkazib yuborilgan taqdirda ro‘yxatdan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi. 7-modda. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi ariza Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi arizada quyidagilar ko‘rsatilishi kerak: 1) muassis; 2) ommaviy axborot vositasining nomi, tili (tillari), qayerda joylashganligi; 3) maqsadlari va vazifalari; 4) aholining qanday doirasiga mo‘ljallanganligi; 5) ommaviy axborot vositasini qanchalik tez-tez chiqarib turish ko‘zda tutilayotganligi, hajmi, moddiy-texnikaviy hamda pul bilan ta’minlash manbalari. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olish chog‘ida qonunga zid bo‘lmagan o‘zga ma’lumotlar ham talab qilib olinishi mumkin. Ro‘yxatga olish haqi O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartib va hajmlarda undiriladi. 8-modda. Axborotni ro‘yxatdan o‘tkazmay turib tarqatish Davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, boshqa davlat idoralari rasmiy normativ hujjatlar yoki o‘zga hujjatlar, sud amaliyotini yorituvchi byulletenlar chiqarish uchun axborotni ro‘yxatdan o‘tkazmay turib oshkora tarqatish huquqiga ega. Korxonalar, tashkilotlar, o‘quv va ilmiy muassasalar o‘z faoliyatlarida zarur bo‘lgan axborot materiallarini va hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazmay nashr etish va tarqatish huquqiga egadirlar. Ommaviy tarqatishga mo‘ljallanmagan yoki qo‘lyozma tarzida ko‘paytiriladigan bosma, audio va audiovizual mahsulotni texnikaviy vositalar yordamida tayyorlash ishlarini ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinmaydi. 9-modda. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olishni rad etish Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olish faqat quyidagi asoslarga muvofiq rad etiladi: 1) agar ommaviy axborot vositasining nomi, maqsadlari va vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, mustaqillik to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi hamda ushbu Qonunga zid bo‘lsa; 2) agar ro‘yxatga oluvchi idora ilgari xuddi shu nomdagi ommaviy axborot vositasiga guvohnoma bergan bo‘lsa; 3) agar ariza ommaviy axborot vositasining faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror qonuniy kuchga kirganiga bir yil to‘lmay turib berilgan bo‘lsa. Ro‘yxatga olishni rad etish haqidagi xabar ushbu Qonunda ko‘zda tutilgan asoslar ko‘rsatilib, yozma ravishda arizachiga yuboriladi. 10-modda. Ommaviy axborot vositasini chiqarishni yoki nashr etishni to‘xtatish Ommaviy axborot vositasini chiqarish yoki nashr etish muassisning yoki ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olgan idoraning, yoxud sudning qarori bilan to‘xtatilishi mumkin. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olgan idora yoki sud ushbu Qonunda ko‘zda tutilgan talablar bir yil davomida takror buzilgan taqdirda ommaviy axborot vositasining chiqarilishi yoki nashr etilishini to‘xtatadi. Agar ommaviy axborot vositasi bir yildan buyon chiqarilmayotgan yoki nashr etilmayotgan bo‘lsa, uni qaytadan chiqarish yoki nashr etish ro‘yxatga olingani to‘g‘risida yangi guvohnoma talab qilinadi. Muassis ommaviy axborot vositasini chiqarishni yoki nashr etishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan taqdirda tahririyatning mehnat jamoasi yoki muharrir (bosh muharrir) 5-modda va 6-modda talablari bajarilganda o‘sha nom bilan ommaviy axborot vositasini ta’sis etish masalasini qo‘yish mumkin. 11-modda. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olishni rad etganlik, shuningdek uning faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish tartibi Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olishni rad etish yoki ro‘yxatga olish uchun belgilab qo‘yilgan bir oylik muddatning davlat idorasi tomonidan bajarilmasligi, shuningdek ommaviy axborot vositasi faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror xususida muassis yoki tahririyat sudga shikoyat qilishi mumkin. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olishni rad etish yoki uning faoliyatini to‘xtatib qo‘yish haqidagi qaror g‘ayriqonuniy deb topilsa, ustidan shikoyat berilgan qaror bekor qilinadi. Sud mulkiy nizolarni amaldagi qonunlar asosida ko‘rib chiqadi. 12-modda. Ommaviy axborot vositasining tahririyat Ustavi Ommaviy axborot vositasining tahririyat Ustavi tahririyat jurnalistlari jamoasining umumiy yig‘ilishida, jamoa a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi va muassis tomonidan tasdiqlanadi. Tahririyat Ustavi muassis, muharrir (bosh muharrir) va tahririyat munosabatlarini, jurnalistlar jamoasining vakolatlarini tartibga solib turadi. Ustavga ommaviy axborot vositasining faoliyatidan tushadigan daromadni taqsimlash va undan foydalanish tartibi hamda boshqa qoidalar kiritiladi. Tahririyat Ustavi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga zid bo‘lmasligi lozim. 13-modda. Ommaviy axborot vositasining muassis, muharrir, tahrir hay’ati va noshiri Muassis ommaviy axborot vositasi faoliyatining dasturini (asosiy qoidalarini) tasdiqlaydi. Ommaviy axborot vositasini chiqaruvchi tahririyat yoki o‘zga muassasa dasturning amalga oshirilishini kasbiy mustaqillik asosida ta’minlaydi. Muharrir (bosh muharrir) ni tayinlash va bo‘shatish tartibi tahririyat ustavi va muassis tomonidan belgilanadi. Muharrir (bosh muharrir) ommaviy axborot vositasi tahrir hay’ati va tahririyati ishga rahbarlik qiladi, muassis, noshir, mualliflar, davlat idoralari, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning boshqa birlashmalari va fuqarolar bilan munosabatlarda, shuningdek sudda ommaviy axborot vositasi nomidan ish olib boradi. Muharrir (bosh muharrir) ommaviy axborot vositasining faoliyati ushbu Qonunga va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga muvofiq bo‘lishi uchun mas’uldir. Tahrir hay’ati tahririyat ustavida ko‘zda tutilgan tartibda tuziladi. Muassis, shuningdek nashriyot yoki ommaviy axborot vositasining chiqarilishini moddiy-texnikaviy jihatdan ta’minlovchi o‘zga yuridik shaxs ommaviy axborot vositasining noshiri bo‘lishi mumkin. 14-modda. Ommaviy axborot vositasi muassisi, tahririyati va noshirining ishlab chiqarish, mulkiy va moliyaviy munosabatlari Ommaviy axborot vositasining muassisi, tahririyat va noshiri o‘rtasidagi ishlab chiqarish, mulkiy hamda moliyaviy munosabatlar amaldagi qonunlar va shartnoma asosida olib boriladi. Shartnomada quyidagilar belgilab qo‘yiladi: tahririyatni saqlab turish uchun mablag‘; ommaviy axborot vositasining noshirlik faoliyatidan tushadigan foyda (daromad)ning tahririyat, muassis va noshir tasarrufiga o‘tadigan qismlari; tahririyat xodimlari uchun zarur darajada ishlab chiqarish sharoiti, turmushi va mehnat qilishi uchun ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish bo‘yicha muassis hamda noshirning majburiyatlari. 15-modda. Nashrga doir ma’lumotlar Davriy bosma nashrning har bir sonida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi lozim: 1) nashrning nomi; 2) muassis; 3) muharrir (bosh muharrir) familiyasi, ismi-sharifi yoki rasmiy taxallusi; 4) davriy nashrlar uchun chiqarilish tartib raqami hamda bosilib chiqqan sanasi, ro‘znomalar uchun esa, shuningdek, bosish uchun qo‘l qo‘yilgan vaqt; 5) aloqa korxonalari orqali tarqatiladigan davriy nashrlar uchun indeks; 6) tiraji; 7) narxi; 8) tahririyat, noshir, bosmaxona manzilgohi. Teleko‘rsatuv, radioeshittirish tahririyati har safar efirga chiqqanda, uzluksiz eshittirish chog‘ida esa — bir kecha-kunduzda kamida to‘rt marta teleko‘rsatuv, radioeshittirish tahririyati nomini e’lon qilishi shart. 16-modda. Nazorat nusxalar va taqdim etilishi shart bo‘lgan nusxalar Vaqtli bosma nashrlar bosilib chiqishi bilanoq ularning bepul nazorat nusxalari tahririyatga, muassisga, Alisher Navoiy nomidagi jumhuriyat Davlat kutubxonasiga, Kitob palatasiga, Ushbu bosma nashr ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida guvohnoma bergan idoraga yuboriladi. Matbaa nashrlarining nazorat nusxalari hamda taqdim etilishi shart bo‘lgan nusxalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi belgilaydigan tartibda boshqa muassasa hamda tashkilotlarga ham jo‘natiladi. 17-modda. Teleko‘rsatuv va radioeshittirish materiallarining saqlanishi Teleko‘rsatuv, radioeshittirish tahririyatlari eshittirish va ko‘rsatuv materiallari efirga chiqqandan so‘ng bir oy davomida saqlab turishlari, oldindan yozib olmay, efirga beriladigan eshittirishlarni va ko‘rsatuvlarni ro‘yxatga olish daftarini yuritishlari hamda bu daftarda eshittirishning mavzusini, vaqtini, eshittirish yoki ko‘rsatuv boshlangan va tugagan vaqtni, eshittirishni yoki ko‘rsatuvni olib borgan kishining familiyasi va ismini qayd etib qo‘yishlari shart. Bunday eshittirishlarni yoki ko‘rsatuvlarni ro‘yxatga olish daftari unga so‘nggi yozuv kiritilgan kundan boshlab bir yil davomida saqlanadi. Hozirgi zamon nuqtai nazaridan va tarixiy jihatdan muhim deb topilgan materiallar esa tegishli qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq doimiy ravishda saqlanishi kerak. III bob. OMMAVIY AXBOROTNI TARQATISh 18-modda. Ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini tarqatish tartibi Ommaviy axborot vositalarining mahsulotlarini noshir bevosita o‘zi yoki shartnoma asosida yoxud boshqa qonuniy asoslarda aloqa korxonalari, boshqa tashkilotlar, shuningdek fuqarolar tarqatadilar. Ommaviy axborot vositalarining mahsulotini nashrga doir ma’lumotlari ko‘rsatilmagan holda tarqatish taqiqlanadi. Ommaviy axborot vositasi mahsulotining (nashr ma’lumotlari ko‘rsatilgan) har bir ayrim sonini tarqatishga muharrir (bosh muharrir) uni chiqarishga (efirga berishga) ruxsat etganidan keyingina yo‘l qo‘yiladi. Ommaviy axborot vositasi mahsulotini qonuniy asosda tarqatishga jumladan uning tirajini yoki tirajining bir qismini tortib olish bilan to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida to‘sqinlik qilish bundan mustasno. 19-modda. Rasmiy xabarlar Davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari tomonidan ta’sis etilgan ommaviy axborot vositalari ana shu idoralarning rasmiy xabarlarini e’lon qilishlari shart. Tahririyat sud idorasining mazkur ommaviy axborot vositasi orqali e’lon qilish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi bo‘lgan, qonuniy kuchga kirgan qarorini bepul va belgilangan muddatda e’lon qilishi shart. IV bob. OMMAVIY AXBOROT VOSITALARINING FUQAROLAR VA TAShKILOTLAR BILAN MUNOSABATLARI 20-modda. Ommaviy axborot vositalari orqali axborot olish huquqi Fuqarolar davlat idoralari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar faoliyati haqidagi ishonchli ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali operativ tarzda olish huquqiga egadirlar. Ommaviy axborot vositalari tegishli davlat idoralari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan kerakli ma’lumotlarni olish huquqiga ega. Davlat idoralari, jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar ommaviy axborot vositalariga mavjud ma’lumotlarni va hujjatlar bilan tanishish imkoniyatini beradilar. So‘ralgan ma’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortganlik uchun ommaviy axborot vositasi vakili yuqori turuvchi idoraga yoki mansabdor shaxsga, so‘ngra esa O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida ko‘zda tutilgan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin. 21-modda. Muallifning materiallari va xatlaridan foydalanish Ommaviy axborot vositalarning jurnalistika, adabiyot, san’at va fan asarlaridan foydalanishiga mualliflik huquqiga rioya etilgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Qonunda o‘zga hol ko‘zda tutilgan bo‘lmasa, tahririyat rad etgan materialni ommaviy axborot vositasida majburan e’lon qildirishga hech kim haqli emas. Mushtariylarning xatlarini e’lon qilish chog‘ida xat mazmuni buzmay qisqartirish va tahrir etishga qo‘yiladi. 22-modda. Raddiya va javob huquqi Fuqaro yoki tashkilot ommaviy axborot vositasi tahririyatidan e’lon qilingan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va ularning sha’ni hamda qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan ma’lumotlarni rad etishni talab qilishga haqlidir. Ommaviy axborot vositasida huquqlari va qonuniy manfaatlari poymol qilingan fuqaro yoki tashkilot o‘sha ommaviy axborot vositasida javob e’lon qilishga haqli. Raddiya yoki javob maxsus ruknda yoki ana shu javobga sabab bo‘lgan maqola bosilgan ayni sahifada ayni harflar bilan — ro‘znomalarga raddiya yoki javob kelgan kundan boshlab bir oy muddat ichida boshqa davriy nashrlarda navbatdagi sonda e’lon qilinadi. Raddiya yoki javob radio yoki televideniye diktori tomonidan ayni programma va turkumda javob kelgan kundan boshlab bir oy muddat ichida o‘qib eshittirishlari. Javob Bilan chiqish huquqi fuqaroning o‘ziga yoki tashkilotning vakiliga berilishi mumkin. Javob matnini tahrir qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. 23-modda. Raddiya yoki javob e’lon qilish to‘g‘risidagi arizalarni sudda ko‘rib chiqish Ommaviy axborot vositasi raddiya yoki javob e’lon qilishdan bosh tortgan yoki ularni e’lon qilish uchun belgilab qo‘yilgan bir oylik muddatni buzgan taqdirda manfaatdor fuqaro yoki tashkilot ma’lumot e’lon qilingan kundan boshlab bir yil davomida sudga murojaat qilishga haqlidir. Sud raddiya yoki javob e’lon qilish to‘g‘risidagi arizani qonunlarda ko‘zda tutilgan tartibda ko‘rib chiqadi. V bob. JURNALISTNING HUQUQLARI VA BURChLARI 24-modda. Jurnalist Jurnalist deganda ommaviy axborot vositasi uchun materiallar to‘plash, tahlil qilish va tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi, u bilan mehnat yoki o‘zga shartnoma munosabatlari bilan bog‘langan yoki uning bergan vakolatiga binoan bunday faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxs tushuniladi. 25-modda. Jurnalistning huquqlari Jurnalist quyidagi huquqlarga ega: 1) axborot izlash, olish va uni ommalashtirish; 2) jurnalistik kasbi vazifalarini amalga oshirish munosabati bilan mansabdor shaxslar tomonidan qabul qilinish; 3) qonunda ko‘zda tutilgan hollardan tashqari har qanday yozuvni, kino va fotosuratga olishni amalga oshirish; 4) guvohnomasini ko‘rsatib, mitinglar va namoyishlarda, agar jurnalistning hayoti va salomatligi uchun xavfli bo‘lmasa, tabiiy ofatlar yuz bergan joylarda hozir bo‘lish; 5) olingan materiallarda ko‘rsatilgan dalillarni va tafsilotlarni tekshirish chog‘ida mutaxassislarga murojaat qilish; 6) o‘z e’tiqodiga zid keladigan materiallarni o‘z imzosi bilan tayyorlashdan bosh tortish; 7) tahrir chog‘ida mazmuni buzilgan materialdan o‘z imzosini olib tashlash; 8) mualliflik sir saqlanishini shart qilib qo‘yish. Jurnalist ushbu Qonunga muvofiq o‘ziga berilgan boshqa huquqlardan ham foydalanadi. 26-modda. Jurnalistning burch va mas’uliyatlari Jurnalist: 1) o‘zi mehnat munosabatlari o‘rnatgan ommaviy axborot vositasi harakat dasturini amalga oshirishga, tahririyat ustaviga amal qilishga; 2) o‘zi berayotgan axborotning to‘g‘riligini tekshirishga; 3) axborotni bergan shaxslarning xabar muallifini ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimosini qondirishga; 4) muharrir (bosh muharrir) yoki tahririyat bergan topshiriq qonunga zid bo‘lsa, uni bajarishdan bosh tortishga; 5) fuqarolarning huquqlarini, qonuniy manfaatlarini, milliy qadr-qimmatini, shuningdek tashkilot va korxonalar huquqlari, qonuniy manfaatlarini hurmat qilishga majbur. Jurnalist so‘z erkinligini suiiste’mol qilganligi, fuqarolarni, tashkilotlarni badnom qiladigan, haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatilganligi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi. Yuqorida ko‘rsatilgan qoidabuzarlik uchun jurnalist qonunda belgilangan tartibda ma’muriy, moddiy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Jurnalist ushbu Qonun doirasida o‘zga burchlarni ham bajaradi. 27-modda. Jurnalistlarni vakil qilib tayinlash Ommaviy axborot vositalari davlat idoralari hamda jamoat birlashmalarining idoralari bilan kelishib, ularning huzuriga o‘z jurnalistlarini vakil qilib tayinlashlari mumkin. SSR Ittifoqi, ittifoqdosh jumhuriyatlar va chet el ommaviy axborot vositalarining vakillari jumhuriyatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan boshqa davlat tashkiloti ruxsati bilan akkreditatsiya qilinishi zarur. VI bob. OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI TO‘G‘RISIDAGI QONUNLARNI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIK 28-modda. Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlikning asoslari So‘z erkinligini suiiste’mol qilish, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, fuqaroning yoki tashkilotning sha’niga hamda qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan ma’lumotlarni tarqatish javobgarlik uchun asos bo‘ladi. Jurnalistlar tomonidan sudga, tergov organlariga ta’sir o‘tkazish amaldagi qonunlarga muvofiq jinoiy, ma’muriy yoki o‘zga javobgarlikka olib boradigan asoslardir. Belgilangan qoidaga ko‘ra ro‘yxatga olingan ommaviy axborot vositalarining e’lon etilgan maqsad va vazifalarini ado etishini ta’minlash maqsadida ularni ro‘yxatga oluvchi organlar huquqiy ekspertiza o‘tkazib turishi, kasbkorlik yordamini ko‘rsatishi, axborot bilan ta’minlashi lozim. Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlik uchun aybdor deb topilgan davlat va jamoat idoralarining mansabdor shaxslari, shuningdek ommaviy axborot vositasining xabar va maqolalarning mualliflari javobgar bo‘ladilar. 29-modda. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi Davlat va jamoat idoralarining mansabdor shaxslari tomonidan jurnalistlarning kasbi bilan bog‘liq qonuniy faoliyatni amalga oshirishlariga to‘sqinlik qilinishi, jurnalistlarni axborot tarqatishga yoki tarqatishdan bosh tortishga majbur etish amaldagi qonunlarga muvofiq javobgarlikka olib keladi. 30-modda. Ommaviy axborot vositalarining mahsulotlarini qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik va tarqatganlik uchun javobgarlik Ommaviy axborot vositalarining mahsulotlarini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan yoki ularni chiqarishni yoxud nashr etishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik va tarqatganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi. (30-modda O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 6-maydagi 70-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 118-modda) 31-modda. Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatganlik uchun javobgarlikdan ozod qilish hollari Muharrir (bosh muharrir), shuningdek jurnalist ommaviy axborot vositasida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan materiallar tarqatilganligi uchun quyidagi hollarda javobgar bo‘lmaydilar: 1) agar bu ma’lumotlar rasmiy xabarlardan olingan bo‘lsa; 2) agar ular axborot agentliklari yoki davlat va ro‘yxatga olingan jamoat idoralarining matbuot xizmati orqali olingan bo‘lsa; 3) agar ular xalq deputatlari Sovetlarining sessiyalarida, jamoat tashkilotlari syezdlari, konferensiyalari, plenumlarida so‘zlagan, shuningdek boshqa holatlardagi rasmiy nutqlarning takrorlanishidan iborat bo‘lsa; 4) agar ular oldindan yozilmay efirga berilgan muallif nutqlarida yoki ushbu Qonunga muvofiq tahrir qilinmaydigan nashrda bo‘lsa. 32-modda. Etkazilgan ma’naviy zararni qoplash Ommaviy axborot vositasi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, fuqaroning sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan yoki unga mulk bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqacha zarar yetkazadigan ma’lumotni tarqatishi natijasida fuqaroga yetkazilgan ma’naviy (mulk bilan bog‘liq bo‘lmagan) zarar sud qaroriga muvofiq ommaviy axborot vositasi, shuningdek aybdor mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan qoplanadi. Ma’naviy (mulk bilan bog‘liq bo‘lmagan) zararni pul bilan qoplash miqdorini sud belgilaydi. Ma’naviy zararni pul bilan qoplash miqdori 10 ming so‘mdan oshmasligi kerak. Ommaviy axborot vositalari orqali kechirim so‘rash, xatoni oshkora tan olish orqali ham bunday ma’naviy zararning o‘rni qoplanishi mumkin. VII bob. XALQARO ALOQALAR 33-modda. O‘zbekiston Respublikasida chet el ommaviy axborot vositalari, xorijiy davlatlar diplomatiya va boshqa vakolatxonalari vakillarining faoliyati Ommaviy axborot vositalari sohasidagi xalqaro hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi tuzgan xalqaro shartnomalar asosida amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasida vakil qilib tayinlangan chet el muxbirlarining hamda chet el ommaviy axborot vositalari boshqa vakillarining huquqiy holati va kasbiga oid faoliyati, shuningdek xorijiy davlatlar diplomatiya, konsullik va boshqa rasmiy vakolatxonalarining O‘zbekiston Respublikasida axborotga oid faoliyati SSR Ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan, SSR Ittifoqi hamda O‘zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadi. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I.KARIMOV Toshkent sh., 1991-yil 14-iyun, 283-XII-son (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 8-son, 180-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 118-modda) Download 47.74 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling