Ona tilim, sen borsan,shaksiz


Download 16.51 Kb.
Sana22.10.2023
Hajmi16.51 Kb.
#1715987
Bog'liq
Ona tilim,sen borsan,shaksiz!



Ona tilim, sen borsan,shaksiz...
Tafakkur...Uning sarhad bilmas olami.Insonning xayolot olami uni turli chorrahalarga olib boradi.Men tafakkur qanotlarida bugun essey yozish uchun,aynan, tilimiz xususiyatlari tomon sayr qilmoqchiman.Chunki,millatimiz koʻzgusi, tuganmas ma'naviyat sarchashmasi, xalqimizning bu dunyodagi oyina hayoti , shubhasiz-milliy tilimizdir.
Ming yillarkim,bulbul kalomi ,
Oʻzgarmaydi,yaxlit hamisha,
Ammo shórlik tótining holi,
Ôzgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim, sen borsan, shaksiz,
Bulbul kuyin, she'rga solaman
Sen yôqolgan kuning, shubhasiz,
Men ham tôti boʻlib qolaman.
"Ona tilim" deb nomlangan ushbu sheʼr ózbek adabiyotining darğalaridan biri ,ótkir iste'dod egasi, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov qalamiga mansub. Aynan ushbu tôrtlik bugungi hikoyamizning mohiyatini tóla ôzida jamlagan desak ham mubolagʻa boʻlmaydi.Ushbu misralar qat'idan ko'rinib turibdiki,Abdulla Oripov ona tilining shukuhli jarangini " bulbulning kalomi" ga,ôzining tilida sôzlashmay,o'zgalar tilini uluğlab, tilyoğlamalik qilayotgan ayrim shaxslarni boshqalarga taqlid qiluvchi " tôti"ga tenglashtirgan.Óz ona tilini sevmagan, til zamirida yotgan tarixni bilmagan, unga qiziqmagan odam barkamol sanalmas.Óz tiling óz Vataningdek aziz,óz onangdek tabarruk.Shuni ham aytib oʻtish joizki, bugungi taraqqiyot yoʻllarini bosib oʻtayotgan mamlakatimizda bir nechta chet tillarni oʻrganishga juda katta ahamiyat berilyapti.Albatta, bizda chet tillarni oʻrganishimiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan .Misol sifatida,ingliz tilini órganuvchilar Ielts imtihonlarida yuqori darajada olganlarga tólov daromadining qayta topshirilishi yoki har bir viloyatda chet tillariga ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarini misol qilib keltirishimiz mumkin.Shu bilan birgalikda, qaysi tilni ôrganmaylik,ôsha tilda sôzlashmaylik,ôz ona tilimizni ham unutib qôymasligimiz lozim.Zeroki, bu Alisher Navoiy,Boburiylar, Mashrab-u Ogahiylar qalam tebratgan - til.Qodiriy, Chôlpon, Hamid Olimjonlar nutq irod etgan ôzbek tilidir- bu.Xôsh , qani ayting-chi, shu tilni sevmaslik mumkinmi?! Shu tilda dod deya she'r o'qimaslik, Vatanga, Ota-onaga boʻlgan muhabbatimizni nafis , jozibador misralar qat'ida tarannum etmasak, tilimiz go'zalligini yana qaysi paytda his qila olamiz?!
Ona tilim! Naqadar ulugʻvor va mag'rur jaranglaydi bu so'z! Naqadar vazmin va mazmundor tuyuladi bu so'z! Ona tilim ,sen men uchun muqaddas hisoblangan onam, ota- bobolarim tilidirsan.Ona tilim! Sen asrlar mobaynida ajoyib boylik va an'analarni , ólmas madaniy meroslarni ," Xamsa"dek muazzam asarni, "Ótkan kunlar " dek durdonalarni yaratib bergan ajdodlarim tilidirsan! Qalbimizga, ruhiyatimizga ta'sir qiluvchi ohanglar ila yóğrilgan kitoblar yaratuvchisi, sehrli qalam egalarining murodbaxsh tilidirsan!
Nazarimda, Ona Vatan va Ona tili tushunchalari egizakday go'yo. Shu Vatan tuproği bizni umr boʻyi óz zamirida kótarib turadi, bizni eng birinchi nafasimizdan tortib, to oxirgi onlarimizga qadar paydo boʻladigan his- tuygʻularimiz, kechinmalarimiz ONA TILIMIZ orqali namoyon boʻladi.
Ona tili-bu har bir xalqning alohida millat sifatida namoyon boʻlishini belgilaydigan asosiy omildir. Nega shunday? Sababi shundaki,insonni tashqi koʻrinishiga qarab qaysi yurt vakili , turmush tarzi, madaniyati, urf- odatlari qanday ekanini aytish biroz mushkuldir.Biroq biz oʻzbeklar bilan turklar, Xitoy,koreys, yaponlarni tashqi ifodasiga qarab farqlash qiyindir,ammo ularning sôzlagan nutqini eshitib qaysi millatdanligi ayon va ravshan boʻladi. Demak, xalqlarning tillari turlicha boʻlishida ham bir hikmat bor ekan-da! Agarda ,barcha maxluqot yaratuvchisi qodir Alloh hukmi bilan barcha bir tilda soʻzlasa, birgina tilda qalam tebratsa, xalqlarni, elatlarni bir-biridan ajratishning hech imkoni boʻlarmidi? Aslini olganda, barchamiz bir Odam Atodan tarqalgan bandalarmiz . Shunday bólsa-da, ôziga xos qadriyatlarimiz, an'analarimiz yillar davomida shakllanib, o'zimizni, o'zligimizni namoyon qiluvchi mulkimizga aylanadi.Turli xildagi tillarning mavjud ekanligi ham aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Ôzbek romanchiligi asoschisi - Abdulla Qodiriy shunday degan edi:" Ôzbek tili kambagʻal emas, oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning ózi kambagʻal.Ular óz nodonliklarini o'zbek tiliga tônkamasinlar"-deb baralla aytgan edi.Darhaqiqat, tilimizning lug'at boyligi shunchalar kengki,bir ifodani turli so'zlar bilan izohlashimiz mumkin.Alisher Navoiy " Muhokamat ul-luğotayn"da "yiğlamoq" fe'lining 100 ta sinonimini keltirib, ularning ma'nosini anglatuvchi soʻzlar fors tilida mavjud emasligini koʻrsatadi: Ingramak, singramak, iglanmoq, igranmoq,siqtamoq,yiğlamsinmoq ,ôkurmak va hokazo. Adabiyotshunos, ótkir tilshunos, kuchli nazariya egasi- Fitrat ózining ,"Tilimiz" maqolasida bittagina " bil" ózagidan 98 ta sóz yasash mumkinligini koʻrsatadi.Turkiy tilning sôz boyligi arab, forslardan kam emasligini, mukammalligini aytadi.Ôzbek tilida biror qoida berilgan boʻlsa,uni inkor qiluvchi istisnolik holatlar sira ham mavjud emasligini, arab, fors, rus, nemis, fransuz tillarida esa aytilgan qoidani inkor qiluvchi 5- 6 tagacha istisnolar topilishini izohlaydi .U tilimizning afzalligini inkor etib boʻlmas dalillar bilan ham asoslaydi.U yana shunday yozadi:" Ona tilimizning istiqboli xavf ostida qolgan oğir vaziyatda dadil eldoshlarimiz Alisher Navoiy ruhidan madad oladilar".Hazrat Alisherning:"Tilga ixtiyorsiz - elga e'tiborsiz" degan hikmatli soʻzlari 1989- yilda Toshkentning markaziy maydonining ulkan binosi tepasiga zarhal harflar bilan kórinarli qilib yozib qóyilgan edi.Nur bilan yozilgan bu soʻzlar haligacha óz ahamiyatini yóqotmay kelmoqda.Pirimqul Qodirov " Xalq tilining qudrati" nomli risolasida Alisher Navoiyning eng buyuk xizmatini quyidagicha baholaydi:"Turkiy tilning ólgan jasadiğa Maseh nafasi bila ruh kiyurdi va ul ruh topqonlarğa turkiy alfoz tor-u pudidin tókulgan gullar va harir kiyurdi ".Til shunchalar ótkir qurolki, agar uni notóğri ishlatsak, istalgan qalbni zabt etib, uning dardini mushkullashtirishi, achchiq narsadek tomoğini tósib qóyishi ham mumkin... Til shunchalar qand-u asalki, u istalgan dardni yengillashtirishi, qalbini hayotga nisbatan umidbaxsh tuyğular qasriga yetaklashi, insonning oldida turgan barcha toʻsiq va mushkulotlar ham shirin pallalar , gôzal xotiralar sifatida muhrlanishi mumkin.Bu haqida hattoki, bir rivoyat borligini ham yaxshi bilamiz.Podshohga tushining taʼbirini sôzlab bergan munajjimlarning bashorati bir xil edi.Ularning biri "Siz hamma yaqinlaringizdan oldin ôlib ketasiz.Atrofingizda hech kim qolmay yolğizlikda hayot kechirasiz"- deb ta'birladi.Natijada, 1000 darra kaltak yedi. Ikkinchisi "Podshohim, sizning umringiz shunchalar uzun bôladiki, hamma qarindoshlaringizdan ham koʻp yashaysiz"-dedi.Natijada, 1000 tanga oltinga ega bôldi.Bunda tilning naqadar buyuk kuchga egaligi, insonni halokatga chorlashi , vaholanki, saodatga yetaklashi ham tilimiz orqali erishishimiz mumkinligini kôrishimiz mumkin! Sôz -ana shunday qudratli kuchga ega!
Har qanday tilning yashay olishi , isteʼmolda qôllanilishi shu xalq sôzlagan nutqiga bogʻliq.Men o'zbek tilining ichki imkoniyatlarink hisobga olib,olinma so'zlardan nisbatan kamroq foydalanishni joizroq deb bilar edim.Boisi, luğat qatlamimizda har bir tushuncha uchun , uni ifodalash uchun sôzlar bôla turib, boshqa atamalardan foydalanish tilimizga nisbatan nohaqlik boʻlmaydimi?! O'rinli va o'rinsiz tarzda tez surʼatlarda o'zlashma sôzlarning kirib kelishi oqibatida , bizninc ôzimiz ham shu tilda muloqot qila turib, ayrim so'zlarning ma'nosini tushunmaymiz ham, faqatgina "lug'at bilyapti". U so'zlar lug'at zaxiramizda qolib ketyapti...Ona tilimizni yanada rivojlantirish, albatta bizning zimmamizdagi oliy vazifa sifatida o'rin olmog'i darkor! Haqiqatan ham tili rivojlanmagan elda yuksalish bôlmaydi, U milliyligidan, ma'naviyatidan uzoqlashadi.Shu bois ona tilimiz ham bayroq, gerb, madhiya singari ramzlarimiz qatori muhim oʻrin tutadi.
Shunchalar mazmunga sehrga boyim,
Ma' no gulshanida gôzal gulimsan,
Qalbimdagi faxr ushbu iliqlik
Nutqim ravon etgan ajib tilsimsan,
Har bir sôz ma'nosi javohirga teng
Ajdodlarim tili, bobo tilimsan.
Ma'rifatparvar shoir Avaz Oʻtar ôz davrida har kim oʻz ona tilidan tashqari bir nechta til bilish kerakligini tarğib qilganlar.
Har tilni biluv emdi bani odamğa jondur
Til vositayi robitayi olamiyondur.
Shoir boshqa tillarni oʻrganish orqali xalqlar bir- biriga jipslashishi, bilimlar xazinasini ochishini - ta'kidlaydi.Adib ilgari surgan shunday ğoyalar bugungi kun uchun nihoyatda dolzarb masaladir.
Shuni ham aytib oʻtish joizki, xalqimiz yaratgan dostonlar, qoʻshiqlar,boshqa kichik janrlar ham , avvalo, shu xususiyatidan kelib chiqib ona tilimizda jaranglaydi, necha yillar ôtsa-da, xalqimiz bu asarlarni qunt bilan ôqib- órganadi .Har bir ota- ona oʻz farzandiga yaxshi xulq,namunali tarbiya bera olganliklari kabi bizning buyuk ajdodlarimiz avlodlarga bebaho moddiy va maʼnaviy,ilm- ma'rifat nuri ila yóğrilgan asarlarni meros qilib qoldirdilar."Shohnoma", "Xamsa","Devoni luğot- turk","Qutadğu bilig" , shu jumladan,"Ôtkan kunlar", "Mehrobdan chayon","Qutlugʻ qon" kabi asarlar xalqimizning durdona asarlaridir.Tan olish kerakki, môtabar va mushfiq onajonimiz,dunyodagi eng aziz jonkuyarimiz biz uchun muqaddas boʻlganliklari kabi tilimizning ham hayotda kamolotga erishuvimizda ôrni va roli beqiyosdir.Balki, tilning onaga qiyoslanishi ham shuning uchundir?!
Bilamizki, Oʻzbekiston mustaqilligi eʼlon qilinishidan ikki yil oldin , ya'ni 1989-yil 21-oktabrda o'zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi.Yurtimizda olib boriladigan barcha targ'ibot- tashviqot ishlari o'zbek tilida yuritila boshladi.Tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzi oshdi.Barcha gazeta va jurnallar,ish qogʻozlari o'zbek tilida yuritila boshladi. Afsuski, bugungi kunda tilimiz borasida og'riqli holatlarga ham duch kelamiz.Kôcha - kôyda , shahar va savdo doʻkonlarida yevropacha nomlar , umuman,chet el atamalariga guvoh bôlamiz.Haligacha kuzatilayotgan "Мы открылись","Open",Входь" tarzidagi jumlalar bu borada qilinadigan ishlarimiz talaygina ekanligini koʻrsatadi.Bu kabi atamalardan muntazam foydalanish ,keng ommalashishi natijasida ózimizning ózbekcha sózlarimiz faqatgina luğatlar tarkibida qolib bormoqda.Buning natijasida,hattoki, sof turkiy tildagi atamalarning ma'nosi ham unutilib,tilimiz boyib borish órniga,aksincha , kambagʻallashib borish ehtimoli kuchli boʻladi.Qaysiki til sinonimiyaga boy bólsa, U tilni boy til deyishadi. Vaholangki, bizning tilimizni ham eng boy tillardan biri deb atash mumkin.Bu tilda ifoda etib boʻlmaydigan, fikrni yorqin ifodalab boʻlmaydigan sózning ózi bólmasa kerak!!!Tilimizda uchraydigan iboralar, xalq maqollari , matallar...ning kópligi, sózlarning kópma'noliligi, birgina ifoda, sóz orqali turlicha ma'no ottenkalarini hosil qilish kólami tilimizning boyligini koʻrsatish uchun asos boʻlmaydimi, azizlar?!Yuqoridagi kabi ajnabiy sózlar kishida " Nahotki, shu so'zlar órnini bosadigan o'zbekcha jozibali ifodalar bo'lmasa?" degan o'rinli savol tugʻiladi.Bu kabi holatlarni bartaraf etish, albatta,shu yurtda yashayotgan,o'zini O'zbekiston fuqarosi deb bilgan barcha kishilarga tegishli emasmi?! Shu oʻrinda Abdulla Qahhorning bir mulohazasi yodimga tushdi:
"Nega ko'cha harakati qoidasini buzgan odamga militsiya hushtak chaladi- yu, butun bir tilni buzgan kishiga hech kim hushtak chalmay-di?!"Axir, yurtimiz kundan kunga rivojlanib, chiroy ochib borayapti.Ona tilimiz o'lmasligi , ilgari ishlatilgan soʻzlar eskirgan qatlamga o'tmasligi uchun koʻproq o'zimizning o'zbekcha atamalardan foydalanib, ona tilimiz sofligini saqlashimiz lozim.Boisi,bu Navoiylar, Furqat-u Qoshg'ariylar qalam tebratgan - til!!! Tilimiz bizning o'tmishimiz, bugunimiz va kelajagimizdir.Darhaqiqat , bir shoir aytgani kabi,
Bobolardan bizga meros ezgu til,
Avlodlarga xazina- yu , bebaho.
Qalbimizga, ruhimizga ko'zgu til,
Bu dunyoga bagʻishlaymiz, ne daho?!
Shu sababdan ham onadek aziz tilimizni asrab-avaylab, uning bebaho xazinalarini qunt bilan oʻrganish barchamizning muqaddas burchimizdir. Shu narsa ma'lumki , insonning gapirgan so'zlari , avvalo , uning shaxsiy tafakkuri mahsulidir. Har bir insonning oʻzgacha fikrlash dunyosi bo'ladi.Unutmaylikki, inson ruhiy kechinmalarining rangin tasviri , o' y - fikrlarining jo'shqin tabiati , mushohada yuritish tasviri ona tilining qudrati orqali namoyon boʻladi.Qalbining tub-tubida qolgan, biror insonimizni xushnud etish uchun aytmoqchi boʻlgan e'tirofimiz,ota-onamizning ham naqadar ardoqlab, hurmat kórsatib, ularga boʻlgan cheksiz muhabbatimizni ifodalashimiz ham tilimiz orqali namoyon boʻladi. Garchi biz koʻrib turgan hayvonlarning tili ,zaboni bólmasa-da, ularning ham bir -birini tushunib oladigan nutqi bôladi.Karami keng Alloh bu dunyodagi barcha mavjudotlarni mana shunday tókis va nuqsonsiz , hayotda tirikchilik kórishi, olğa qadam tashlashi uchun birini U xislatini mukammal, birini bu jihatini ustuvorroq qilib yaratdi!!! "Odam - tili bilan boshqa hayvonlardan imtiyozlidir.Uning tili orqali boshqa odamlardan afzalligi bilinadi. Biroq shunday insonlar ham borki, ular ishoralar orqali gapashadi...Ammo ular shunda ham nolimaydi.Yana atrofidamizda ayrim shaxslar borki, kichik og'zidan nomaqbul ifodalar jaranglaydi. Eh odamlar, qayoqqa qarab boryapmiz? Bu "kasallikni" tuzatishning hech bir davosi yoʻqmikan? Albatta, ilmdan xabardor, dunyoqarashi keng, mushohadali , ôtkir fikr egalari bunday soʻzlamas, ona Vatanga muhabbat, tilga boʻlgan hurmatdan o'zgasini demas!!!Til shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir.Agar nutq no'maqul bólib chiqsa- tilning ofatidir". Demak, til kóngilning, qalbning oltin kaliti ekanda?! Fikr teranligi, kerakli o'rinda me'yorda so'zlashish ham bir madaniyat belgisi hisoblanar ekan!!! Axir aytishadiku," Sózingga ehtiyot ból, boshing ketmasin, Tilingga ehtiyot ból, tishing sinmasin"-deb.Tilimiz orqali, yurak qatimizdan chiqayotgan har bir kalimaga ehtiyot boʻlishimiz, eng birinchi qalbimizni pok tutmoğimiz lozim. Zeroki, qalbi toza, oqkoʻngil kishilarning suhbati ham maroqli, qalblarga taskin beruvchi sadolardan iborat boʻladi.
Ona tilim- yurak qatimdan,
Mehr bo'lib sochilgan jarang .
Qulogʻimga go'dak paytimdan,
Alla bólib singigan ohang.
"Insonning tili - nutqning quroli" - deb bejiz aytishmagan. Darhaqiqat ,tilimizdan chiqayotgan shirin soʻzlarimiz kishilar qalbiga malham boʻlishi,U shaxsga hech qanday yordam qila olmayotgan damlarda " ikki ogʻiz " muloyim kalomimiz uning dardini aytishni, taskin berishi mumkin. Xuddi shu xislatimiz "qóldan chiqqan sadaqa"dan ham xayrliroq , afzalroq hisoblanar ekan!
O'zbek shoiri Sh.Qurbonning " Yuragimning ostida sayrab turgan bulbulim",Rasul Hamzatovning"Jonimga Masihdir shu ona tilim ", Erkin Vohidovning " Ona tilim o'lmaydi"- satrlari tilimizga berilgan go'zal ta'rifdir.Demak, " Ona tilimiz - milliy ma'naviyatimizning bitmas- tuganmas bulog'idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir". Sh.Mirziyoyev
Haqiqiy qiyofa, har bir shaxsning ichki botini uning chehrasidan, ayniqsa muomala madaniyati,nutqiy saviyasidan ravshan koʻrinib turadi. Tengdoshlarim chehralaridagi shodlik , kózlaridagi ishonch, tillaridagi shukronalik va samimiylikni kórib qalbim quvonchga , ğururga toʻladi. Boisi, aynan biz ertangi porloq kelajakni ,uning taqdirini hal qilishda nihoyatda muhim oʻrin tutishimizni, harakatni hozirdanoq jadallatishimizni zamonning oʻzi talab qilyapdi!
Xulosa qilib aytadigan boʻlsam, tilimiz bizning qalbimizga ona allasi, qaynoq mehrlari ila singgan eng gózal injumiz, desak boʻladi.Axir tilimiz orqali muloqot qilamiz, tafakkurimizni ravshanlashtiramiz va eng asosiysi, til orqali Vatanga boʻlgan muhabbatiznu izhor qila olamiz.
Buyuk tilim, buyukligingni
Olam aro ko'z- ko'z etarman.
Men oʻzbekman, ona tilimni
Faxr bilan sheʼrda bitarman.
Mana shu sarzaminda yashab turgan barchamiz milliy tilimizga boʻlgan ehtiromni har lahzada, unga boʻlgan sadoqatni Vatanimizga boʻlgan sadoqat deb bilib, uning qadriga yetishimiz,asrab- e'zozlashimiz lozim.


Download 16.51 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling