O‘qisam, bo‘lgudek…


Download 25.42 Kb.
Sana24.12.2022
Hajmi25.42 Kb.
#1054060
Bog'liq
SHUKUR XOLMIRZAYEV. ADABIYOT O`LADIMI MAQOLASI-


SHUKUR XOLMIRZAYEV. ADABIYOT O`LADIMI MAQOLASI
Bundan uch yilcha burun, demak, talay jumhuriyatlarning sobiq Ittifoq tarkibidan ajralib chiqishi aniq bo‘lib turgan, hatto muxtoriyatlarda ham g‘alog‘ul qo‘ngan, hamma narsa o‘z nomi bilan atalib, asl qadriyatlar yuzaga balqib chiqayotgan va jamiyatning ustivor ustunlariga-da tanqidiy ko‘z bilan qarash avj olgan, it egasiga boqmay qo‘ygan «asov g‘ala»nlar zamonida ko‘plarning ko‘ziga adabiyot ko‘rinmay qoldi; bunday vaqtlarda «qiyomat qoyim» yaqinligidan bashorat qiluvchilar ham paydo bo‘lganidek (tarixda bunday bashoratlar avj olgan davrlar ko‘p bo‘lgan), ommaviy olatasirda ko‘zdan yiroqlashgan adabiyotni ham «o‘ldi»ga yoxud «o‘nglanmaydigan kasal»ga chiqarganlarning-da ovozi eshitila boshladi.
Kamina o‘shanda «Adabiyot o‘ladimi?» degan maqola yozib, uni Yozuvchilar uyushmasi nasr kengashida o‘qib ham bergan edim. Tabiiyki, men ham o‘sha davrdagi «yangilanish» jarayonini hisobga olaroq va boqiy qadriyatlarga suyangan holda mulohaza yuritgan edim; ularni kengash a’zolari ma’qul topgan va shundan so‘ng «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligida uning bir bo‘lagi chop etilgan, o‘qiganlardan har xil (birlaridan kinoyali, birlaridan samimiy) fikr eshitgan edim.
Yillar o‘tdi. Yaqinda bir do‘stim haqida xotira yozish bahonasida bisotimni kavlab o‘tirsam, o‘sha ma’ruza-maqolaning sarg‘ayib ketgan nusxasi chiqib qoldi. O‘qisam, bo‘lgudek…
«Tafakkur» fikrlar majallasi bo‘lgani uchun unga tavsiya etdim. Balki bugungi o‘quvchilarga ham «bir narsa» berar, hech qursa, o‘sha suronli davrlarni eslatar.
Muallif
1
Keyingi vaqtda matbuotda ham, radio va teledasturlarda ham bu mash’um savol quloqqa chalinayotir. Nafaqat o‘zimizda balki Rossiya va sobiq sotsialistik mamlakatlarda – Chexiya, Slovakiya Polsha, Mojristonda ham shunday gaplar bor: biz buni har xil suhbat-intervyulardan o‘qib turibmiz. Qolaversa, bu mishmish G‘arbning eng rivojlangan mamlakatlarida ham yo‘q emas.
Yaqinda «Kultura» gazetasida ruslarning eng iste’dodli adiblaridan biri Vasiliy Akyonovning Vena shahrida o‘tgan allomalar yig‘inida so‘zlagan nutqini o‘qib qoldim. Brejnev davrida SSSRdan badarg‘a etilgan, bugungi kunda Amerikada istiqomat qilayotgan bu sermahsul adib xunob bo‘lib: «Amerikada hukm surayotgan bozor iqtisodiyoti nafis adabiyotning ildiziga bolta urayotir. Uning o‘rnini «ko‘cha adabiyoti» — fahsh, nayrangbozlik, oldi-qochdi «adabiyoti» egallab olayotir…» deydi. Va bu holning sababi — «o‘zimizda yuz berayotgan voqealarning zamirida yotgan pul-biznesning talab-ehtiyojidir», deya xulosa qiladi.
Shu bilan birga, u e’tirof etadiki, o‘sha Amerikaning o‘zida o‘qtin-o‘qtin badiiy barkamol asarlar ham yaratilib, ko‘p qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da chop etilayotgan ekan. Unday asarlarning bitta-yarimtasi bilan yaqin-yaqingacha tanishish imkoniga ega edik, hozir, oradagi uzilishlar tufayli, bu imkoniyatdan mahrum bo‘ldik. Xullas, hayot tarzining asosini «bozor iqtisodiyoti» tashkil etadigan mamlakatlarda asl Adabiyot ham yaratilayotgan ekan.
O‘zimizda – bu «bozor» sari ildam kirib borayotgan jamiyatimizda esa o‘shanday asarlar yaratilmayotgani kundek ravshan.
2
Xo‘sh, bizda nechun endi Adabiyotga haligiday befarq va bepisand qarsha paydo bo‘ldi? Ayni chog‘da yozuvchining mavqei nafaqat pasaydi, balki u jamiyatning eng nochor tabaqasiga aylanayotir?
Qiziq, kuni kecha, yaqindagina o‘zbek yozuvchilari milliy mustaqillik, davlat tili, moddiy boyliklarning o‘z tasarrufimizda bo‘lishi uchun kurashda bayroqdor edilar-ku? Illo, rahbarlar ular bilan hisoblashar ham edi? Bugun esa o‘z holimizga tashlab qo‘yishdi: o‘zing uchun o‘l, yetim.
Shu o‘rinda bir ajib o‘xshashlikni eslaysan kishi: o‘tgan istbdod tuzumi davrida (uning boshidan adog‘igacha) qaysiki yozuvchi-adib-ziyoli hokimiyatni mustahkamlashga bevositami, bavositami yordam qilgan bo‘lsa, hokimiyat uni ulug‘lardi: ko‘ksiga nishonlar taqib, imtiyozlar berib, elu xalq oldida mavqeini ko‘tarib, bag‘riga olardi. Va keyin…
…ayrimlaridan voz kechar, quvg‘in qilar, yo‘qotar edi ham.
Tarixda ham shunday bo‘lgan-a? Deylik, o‘zimizning xonlarimiz zamonida ham «Saroy shoirlari» deb atalmish ijodkorlar har jihatdan hurmatu rag‘batda bo‘lganlar. Saroyga… sal-pal g‘ayrlik ila qaraganlar esa badarg‘a qilinganlar yoki o‘zlari saroyni tashlab ketganlar. Va saroydan yiroqlarda – g‘urbatda, yo‘qsillikda vafot etganlar. Oddiy bir misol: Turdi Farog‘iy davrining eng e’tiborli shoirlaridan biri bo‘lgan.
Xon bir farmon chiqaradi. Unga ko‘ra yetti yilik «barot» solig‘ini bir yilda to‘lash talab etiladi. Farog‘iy bunga qarshilik qiladi – befoyda! U xon saroyini tark etadi va, tasavvur eting, yigirma yil mobaynida xonga qarshi kurashuvchilar safida bo‘ladi. Ushbu satrlarni ham o‘sha shoir aytgan-da:
Tor ko‘ngillik beklar, manman demang, kenglik qiling,
To‘qson ikki bovli o‘zbek yurtidir – tenglik qiling…
Biz endi o‘tgan ba’zi xonlarimizni ham ulug‘lashga tushib ketdik! Biroq o‘tmishda barcha hokimu hokimiyat vakiliga xos bo‘lgan haligi sifatni – xalqning ichidan chiqqan eng iymonli va vijdonli (ba’zilari hatto eng iymonsiz va vijdonsiz) adibu shoirlarni bag‘riga tortgani baayni qonuniyat ekanini ham unutmasligimiz kerak.
Darvoqe, o‘zimizga qaraylik: mana, mustaqillikka erishdik! Mana, o‘z ixtiyorimiz bilan, tasavvur etingki, o‘zbeklik tariximiz davomida ilk bor yurt egasini – Prezidentni sayladik!
Bu – xalqimizning zo‘r umidu ishonch bilan mustaqil taraqqiyot yo‘liga chiqib olganining, kelajagi buyuk davlat qurishga azmu qaror qilganining dalolati edi. Ammo o‘shandan sal oldinroq, yovuzlik timsoli bo‘lgan ulkan saltanat halokat sari borayotgan davrdagi ijtimoiy kayfiyat qanday edi? «Adabiyot o‘ladimi?» degan muammo ana shu kayfiyatning ifodasi o‘laroq yuzaga kelmaganmidi?
3
Yozuvchining el-yurt nazaridagi obro‘yi ham tushib ketayotgani ayondirki, buning sababi nimada?
Mening fikrimcha, ilk sabablaridan biri o‘zimizda: «Haqiqatni aytish kerak! Demokratiya zamoni!» deya hovliqib ketib, eng mo‘tabar adiblarimiz, shoir va shoiralarimizning ham – beayb Parvardigor! – mustabid tuzum tazyiqi, o‘lim xavfi ostida qilib qo‘ygan ayrim «gunoh»larini kavlab topib, matbuotda (demokratik matbuotimizda!) e’lon qilishlar bo‘ldi.
Onangni otangga pardozsiz ko‘rsatma, deydilar. Onamiz, buvimiz qatori mo‘tabar shoira haqida to‘qilgan asossiz g‘iybatlarni ham e’lon qildik. Oqibatda ularning obro‘yiga putur yetdi, o‘zlari og‘ir iztirobga tushdilar. Yozuvchi-muxbirlarimiz esa: «Haqiqatni ochdim!» deb ko‘kraklariga urib yurdilar va hamon ma’qul ish qildim, deb o‘ylamoqdalar. Bu «ish»laning natijasi shu bo‘ldiki, el-yurtning ayrim qatlami orasida ko‘pgina yoshi ulug‘ adiblarning hurmati pasaydi, og‘ziga kuchi yetmaganlar: «E, bular ham shunaqa ekan-da!» deb qo‘llarini bigiz qilib ko‘rsatadigan bo‘ldilar.
Shu o‘rinda men ruslarning hamisha buyuk bo‘lib qoladigan donishmand shoiri Pushkinning bir munosabat ila qilgan harakaini eslashni istar edim: ingliz shoiri Bayronning yuzdan ziyod xati bir-ikki korchalon noshirlarning qo‘liga tushib qoladi. Xatlarning aksariyati oqsoq lordning sevgilisiga yozgan maxfiy maktublari ekan. Bundan xabar topgan Pushkin oyoq tirab turib oladi: «Bosib chiqarmaslik kerak. Axir, bizga Bayron shoir sifatida aziz! U – shoirdir! Uning insoniy ojizliklarini oshkor etish nega kerak?!» Shu tariqa maktublar bosilmaydi. Bayronga qo‘lini bigiz qilguvchilarning ham tili tushovlanadi. Bu odobni qarang, rus shoiri ingliz shoirining sha’ni uchun kurashibdi!
Rost, bugungi kunda G‘arb mamlakatlari yoki Amerikada kino yulduzlariyu Prezidentdan tortib mashhur yozuvchilarning shaxsiy hayotigacha – barchasini chig‘iriqdan o‘tkazib yozishga kundalik hol! Ulardan qay birining qanday o‘ynashi yo o‘ynashlari bor yoki bo‘lgan (xususan, aktrisalarning) qaysi biri giyohvandlik qilgan yoki giyohvandlik qiladi, qay biri piyonistalik etgan – bari o‘quvchiga ma’lum bo‘lib turadi. Biroq u yerdagi o‘quvchining bizdagi o‘quvchidan farqi shundaki, u: «Nima qipti, uyam – odam!» deb qo‘ya qoladi va ularning san’atidan bahra topaveradi! U – tarbiya topgan, chin ma’noda demokrat o‘quvchidir!
Biz, Sharq xalqlari, o‘-o‘, boshqachamiz: ichkari uyda o‘z onamiz nima qiladi, otamiz nima ish qiladi – bilaturib, ko‘chada birovning jigarlari o‘sha «ish»ning yuzdan birini qilsin yo qilgan bo‘lsin-chi, nog‘ora qilib chalamiz! Qanday riyokorlik! Lekin bu holga ham «na chora?» deyishdan o‘zga iloj yo‘q. Balki bu holni oqlovchi, buni «fazilat» deguvchi muxbirlar ham topilar? Topiladi!
Men bu o‘rinda Zulfiya opa, Abdulla Qahhor, Oybek va boshqa adiblarimiz haqida, aniqrog‘i, ularning inson sifatidagi ayrim fazilatlari to‘g‘risida so‘zlamoqchi edim. Ammo yuqoridagi gaplar ham kifoya qiladi, deb o‘ylayman.
Rost, Qahhorning ham, Komil Yashinning ham, Uyg‘un yoki Mirmuhsinning ham advokati emasman! (Agar masalaga «foydalilik» nuqtai nazaridan qarasak, menga zig‘ircha naf tegmaydi, aksincha…) Biroq bularga ham ehtiros mezonlari bilan emas, aql mezonlari bilan baho bermoq kerak, deb hisoblayman.
Shu o‘rinda tag‘in bir gap: hayotda hamma narsani kechirish mumkin, faqat… xiyonatni kechirish mumkin emas. Ammo o‘lim xavfi – oybolta ostida turganingizda eng yaqin do‘stingizga ham xiyonat qilish mumkin ekanini, to‘g‘rirog‘i, xiyonat qilishga majbur etishlarini xususan Soljenitsin isbotlab berdi. Axir, kecha qulagan tuzum kabi istibdod tuzumi olamda bo‘lmagan! Axir, u odamzodning irodasini bukish, ruhini sindirishga qaratilgan edi!
Biz Abdulla Qodiriyning suddagi nutqini bilamiz: «Marksizmdan ta’lim olganman», deydi ustoz adib. Usmon Nosirning Stalinga yolvorib yozgan xatini ham o‘qidik. Fitratning ateistik mavzudagi «Qiyomat» pesasi ham adib uchun ta’na-dashnomlar keltiradi. Endi bir savol tug‘iladi: biri shunday nutq irod qilgan ekan, biri bunday maktub bitgan ekan, bu hol ularning aqidasini aks ettiradimi? Albatta, yo‘q! Bu hol – ozod bo‘lish uchun shunchaki intilishlar natijasidir.
Vo ajab! Domla Shayxzoda qamoqdan ozod bo‘lib kelgach, birinchi qilgan ishi nima bo‘ldi? O‘zini qamatganlarni kechirish bo‘ldi. O‘ylaymanki, Usmon Nosir bilan Abdulla Qodiriy ham omon qaytganlarida, xoinlarni avf etar edilar. Illo, ular o‘ch olish, tahqirlash kabi «qanoat»dan baland turar edilar! Takror aytaman: men anavilarning ham advokati emasman – ular ulug‘larga nisbatan juda-juda ojiz ekaniga yuz foiz ishonaman. Men faqat shaxsiy nuqsonlari, hatto «kechirilmas qusurlari»ga qarab ham yozuvchiga baho berib, ya’ni uni sondan chiqarib qo‘yilishini hazm qila olmayman. Bunday deyishimning yana bir sababi shundaki, yuqorida nomlari tutilgan adiblarning ijodlari ham bugungi kunda «chikitga chiqqan»day tuyulayotir! Shunisi kishiga alam qiladi.
4
Endi ularning asarlaridagi ayrim qahramon va g‘oyalarda marksizm-leninizm kashf etgan «dastur» — sotsialistik realizm usuliga amal qilganiga kelsak, bu yo‘rig‘da ham faqat rad etish yo‘lidan borilmoqda! Axir, bir oz o‘ylab ko‘raylik: biz o‘shalarni – Oybek, Qahhor, Uyg‘un (dastlabki ijodini), Zulfiya, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, qolaversa, Mirmuhsin, Hamid G‘ulom, Sharof Rashidov va boshqa-boshqalarning asarlarini o‘qib savod chiqardik-ku? Milliy hayotimiz, qadriyatlarimiz, yaxshi-yomon kishilarimizni dastlab o‘sha zotlarning ijodida ko‘rdik – badiiy asar sahifalaridan tanidik! Agar bu adiblarning sara asarlaridan istibdod tuzumi tashviqi, ulug‘ og‘alarimizni ulug‘lash va yolg‘on sosqahramonlarimizga bag‘ishlangan satrlar, boblar-sahifalarni bir chetga olib qo‘ysak, qolgani ma’naviy boyligimiz bo‘lmaydimi? Ularning ayrim asarlari hatto bugungi kunda ham zavq o‘qiladi.
Masalan, Oybekning «Qutlug‘ qon» romanini qo‘lga oling-da, bu asar «sinfiy pozitsiya»dan yozilmagan, deb bir on tasavvur eting. Bir on… Darvoqe, ezilgan, isyon ko‘tarishga majbur bo‘lgan xalq vakili Yo‘lchiboyga qandaydir Petrov degan o‘ris inqilobchisining qamoqda o‘qigan sinfiylik va sinfiy dushman haqidagi safsatasini ham yo‘q, deb xayol qiling. Bu yumush juda oson, zero, o‘sha bob asarga keyinchalik tazyiq ostida kiritilgan, shuning uchun bobning boshida ham, adog‘ida ham u nuqta bor. Qolaversa, o‘sha bob asar to‘qimasiga umuman yopishmaydi. Shuning uchun ham Oybek olomonning g‘alayonini tasvirlar ekan, bunday yozadi: «Bu – kolonial istibdodga qarshi xalq isyoni edi!»
Rost, Mirzakarimboy siymosida bo‘rttirishlar bor, Yo‘lchiboyning ayrim fikrlariga «sinfiylik» yopishtirilgani ham seziladi. Ammo…
Men «Qutlug‘ qon»ni hali ham huzur qilib o‘qiyman va har gal ko‘nglimda turli mulohazalar uyg‘onadi. Mana. Mirzakarimboy haqidagi o‘ylarimdan bir shingil: «Boy bo‘lishning o‘zi bo‘lmas ekan. Axir, u odam naqadar tadbirkorlik bilan boy bo‘ldi! Xotinining taqinchoqlarigacha chiqarib sotdi, yer oldi. O‘g‘li Hakimboyvachchaga zo‘r maslahat berdi-ya, Farg‘onada paxta zavodi ochish to‘g‘risida? (O‘zimizda zavodlar bo‘lishi lozimligi haqida boylarimiz o‘shandayoq o‘ylagan ekan-da?!) Uning Yo‘lchiboyga nasihatlari…» Xo‘p, ana, Mirzakarimboyning o‘n olti yashar Gulnorni xotinlikka olishini «yomon» deylik. Lekin bu holni ham tushunish mumkin: nima qipti yosh xotin olgan bo‘lsa? Va hokazo…
Darvoqe, bizda sosrealizmning namunasi deb ko‘rsatiladigan asarlardan biri, nomiyoq «sinfiy»lik g‘oyasi asosiga qurilganidan adalolat beradigan «Boy ila xizmatchi» dramasidagi (bu pesaning bir qadar mukammal holga kelishida Komil Yashinning hissasi borligi haqida anchadan buyon do‘mbira chertilayotir. Holbuki, Yashinning o‘zi 36-yildayoq «Qizil O‘zbekiston» gazetasida bu xususda yozgan ekan. Aynan qaysi sonida ekani esimda yo‘q, talabalikda Navoiy kutubxonasida o‘qigan edim). Solihboy qarolining xotinini ko‘rganda nima deydi: «Jamilaxon (xon!), seni ko‘rdimu aqlu xushimdan begona bo‘ldim!..» Demak, boy sevgan ekan-da uni? Sevmasa edi, onasi o‘pmagan o‘n olti yashar qizni olishga qurbi yetmasmidi?!
Men tag‘in o‘zimni advokatga o‘xshatyapman… Nachora? Nafsilamrni aytganda, «Qutlug‘ qon», Qahhorning hikoyalari (hatto «Sinchalak» ham!), Zulfiyaning lirikasiyu «Mushoira»si, G‘afur G‘ulomning she’riy falsafasini o‘ylasangiz, damingiz ichingizga tushib ketadi… Xullas, adabiyotimiz allomalarining asl ijodlari – saylanma asarlarining advokati bo‘lsam bo‘libman-da! Bundan hatto faxrlanaman ham! Nimagaki, ularda xalqimning tili, go‘zal dunyoviy hislari, aqliy kamoli, teran tafakkuri aks etgan! «Sinchalak»ni tilga olib qo‘ydim. Hozir ba’zi do‘stlarim mening go‘rimga g‘isht qalayotgan bo‘lsa ajab emas. Axir, qissada firqa kotibi ulug‘langan-da! Xo‘sh, o‘ylab ko‘raylik, adib uni qaysi niyatda qalamga olgan? Aslida «Men partiyaning soldati emasman!» degani uchun o‘lgunicha xo‘rlangan, o‘limi esa namoyishga aylanib ketgan alloma adibimiz: «Partkom kotibi bo‘lsa, shunday bo‘lsa!» deya orzu qilmaganmikan? Aytmoqchi, bu qizchaning xatti-harakatlarida partiya siyosatini tashviq qilishga oid nima bor o‘zi? U xo‘jalikka kelgach, eng ishchan, eng tadbirkor arbob qilishi mumkin bo‘lgan ishlarni qiladi-ku? Asardan «partkom kotibi» degan atamani olib tashlab, Saidani boshqa bir arbob tarzida tasavvur etaylikchi? U darhol suyumli qahramonga aylanadi! Rost, bunday tasavvur etishda ham Saidaning — hali xo‘jalikda ishlab ko‘rmagan yosh qizning Qalandarov kabi rais bilan to‘qnashuvi aqlga sig‘maydi. Hayotda buning aksi-da – Qalandarov bir puflasa, saidalar uchib ketadi!
Download 25.42 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling