31 -MAVZU. ILM SARI YO‘L
Reja:
Matnni o‘qib tushunish.
Ilmiy ishlarning turlari haqida qisqacha tavsiflar yozish.
Taqriz matni, ularning tuzilishi va ifoda materialining xususiyatlari.
AKADEIK MAHMUD SALOHIDDINOV
Mahmud Salohiddinovich Salohiddinov – atoqli matematik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti sovrindori. U O‘zbekistonda differensial tenglamalar sohasidagi hozirgi zamon ilmiy maktabining tashkilotchisi va rahbari, respublikada fan va ilmiy ta’limni tashkil etish va rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan jamoat va davlat arbobidir.
M.S.Salohiddinov 1933-yil 23-noyabrda Namangan shahrida tavallud topdi. 1950- yil O‘rta Osiyo davlat universitetining fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirdi, uni imtiyozli diplom bilan tamomladi. U 1958-yilda nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyat bilan himoya qildi. Shu bilan butun umrini O‘zbekistonda matematik bilimlarni rivojlantirishga bag‘ishladi. 1967-1985-yillarda O‘zFA vitse-prezidenti, 1988-1994-yillarda esa prezidenti bo‘lib ishladi.
Mahmud Salohiddinovich sermazmun ilmiy, ijodiy faoliyatini doim pedagogik va davlat ishlari bilan birga olib bordi. U 1985-1988-yillarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri vazifasida ishlab, oliy maktabni rivojlantirish va uning kadrlar salohiyatini ko‘tarishga katta hissa qo‘shdi. Toshkent davlat universitetida o‘zi asos solgan differensial tenglamalar kafedrasi mudiri bo‘lib ishladi. Ajoyib pedagog, ilmga chanqoq yoshlarning sevimli murabbiyi, shu bilan birga, juda talabchan, mehribon, xushfe’l, adolatparvar inson.
Matematikani va oliy ta’limni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, sermahsul pedagogik faoliyati va yuqori malakali ilmiy mutaxassislarni tayyorlagani uchun M.S.Salohiddinov “Hurmat belgisi” ordeni va medallar bilan taqdirlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |