O`quv-uslubiy majmua (I kurs talabalari uchun mo`ljallangan) Navoiy -2021
Download 0.64 Mb.
|
manaviyatshunoslik
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch so‘z va iboralar
SAVOL VA TOPSHIRIQLAR
6-mavzu: Milliy ma’naviyatimizning arxaik va ilk zardushtiylik davri Reja: 1.Turkiy xalqlarning qadimiy asotirlari. 2.Ilk zardushtiylik 3Avestoda ma’naviy mezonlarining ilk ko`rinishlari Tayanch so‘z va iboralar: Asotirlar, tuban asotirlar, rivoyatlar, afsonalar, zardushtiylik, “Avesto”, ezgulik, yovuzlik, bunyodkorlik, ezgu so`z, ezgu fikr, ezgu, amal. 1.Turkiy xalqlarning qadimiy asotirlari. Bu bosqich ma’naviyati haqida tasavvurlarimiz unchalik chuqur va yaxlit emas. Biz yangi tosh asrida yashagan ajdodlarimizning qarashlari, e’tiqodlari, olamga munosabati, turmush tarzi to‘g‘risida qoyalardagi suratlar (Zaroutsoy, Sarmishsoy, Siypantosh va boshqa joylardagi), turkiy xalqlar og‘zaki ijodida saqlanib qolgan arxaik unsurlar, qoldiqlar, O‘g‘iznoma asotirlari, Avesto asotirlari hamda arxeologik qazuvlarda topilgan moddiy-ashyoviy va e’tiqod-ibodatga oid ashyoviy dalillar orqali bilamiz. Bu bosqichning dastlabki davrida sinkretik ong va asotiriy tafakkur ustunlik qilgan, oxirgi davrida ibtidoiy munosabatlar emirila boshlagan bo‘lsa-da, hali ancha keng tarqalgan edi. Jamiyatda ijtimoiy differensiyalashuv, turli tabaqalarga ajralish, ayniqsa mulkiy tabaqalanish sezilarli darajada emas edi. Urug‘-jamoalar, qabilalar boshliqlari, oqsoqollari, etakchilari va uddaburon kishilarda endigina boylik unsurlari to‘planayotgan, xususiy mulk vujudga kelayotgan edi. Eramizdan avvalgi 2 – 2.5 ming avval aholining bir qismi o‘troq yashab, dehqonchilik bilan shug‘ullanar, yirik qishloqlar va protoshaharlar endi vujudga kela boshlagan edi. Aholining boshqa qismi ko‘chib yurar, chorvachilik bilan shug‘ullanar, shu sababdan turli etnoslar tez-tez to‘qnashib, aralashib ketardi. Vodiylar va vohalardagi aholi tarkibi ham rang-barang, doimo o‘zgarib turardi. Arxeologik qazilmalar hozirgi Janubiy O‘zbekistonda 4 - 5 ming yil avval yirik manzillar – protoshaharlar (shahar va qishloq o‘rtalig‘idagi manzil – shahar darajasiga hali etmagan, ammo qishloq darajasidan o‘tib ketgan) – madaniyat o‘choqlari paydo bo‘lganidan dalolat beradi. Ilk o‘troq manzillar, protoshaharlar qirg‘oqlari past, suvi sayoz daryolar deltalarida, jilg‘alar bo‘yida yoki katta daryolarning yoyiq deltalarida, soylarda, vujudga kelgan. CHunki bunday hollarda daryo suvidan dehqonchilik (sug‘orish) maqsadlarida foydalanish qulay bo‘lgan. Ta’kidlash lozimki, bu davrda dastlab turli narsalarga va sanamlarga sig‘inish (fetishizm), so‘ngra urug‘ boshi hisoblangan daraxtlarga, hayvonlarga, qushlarga (totemizm), tabiat hodisalari va ajdodlar ruhlariga sig‘inish (animizm, tabiatni jonlashtirish), so‘ngra Tangri, Ko‘k, Axuramazda kabi bosh xudo, ezgulik va hayot timsollariga, ularning har xil ko‘rinishlariga - g‘ayritabiiy kuchlarga, ma’budlarga sig‘inish qaror topgan. YUqoridagi bobda keltirilgan qaldirg‘och va ilon haqidagi asotir ajdodlarimiz tomonidan ana shu bosqichda yaratilgan. Mis va bronza asridan ya’ni ibtidoiy jamiyatdan ilk agrar jamiyatga o‘tish davridagi bizgacha umumturk asotirlari va O‘g‘izxon haqida asotirlar, «Avesto»ning arxaik qismida aks etgan asotirlar, yana «Alpomish» dostonidagi arxaik syujet qoldig‘i – erning o‘z xotini to‘yiga kelib, da’vogarlar bilan bellashuvi va ularni jazolashi (atoqli olim V.M.Jirmunskiy buni o‘z vaqtida Homerning «Odisseya» dostonidagi o‘xshash syujet bilan qiyoslab tahlil qilgan edi) hamda To‘maris va SHiroq haqidagi afsonalar etib kelgan, deb aniq aytish mumkin. Lekin, afsuski, turli sabablarga ko‘ra, o‘sha davrning mamlakatimizda yaratilgan yirik yozma yodgorliklari, yilnomalari va diniy-falsafiy bitiklarilan birortasi bizgacha to‘liq etib kelmagan (hatto «Avesto»ning saqlanib qolgan nusxasi bizning mintaqada emas, dastlab Hindiston parsiylarida topilgan), bosqinchilar tomonidan yo‘q qilingan. Beruniy o‘zining «Osor al-boqiya» kitobida juda qisqa, ammo nihoyatda ta’sirchan misollarni keltirgan: Iskandar Zulkarnayn Eronni bosib olgach, «Avesto»ning 12 ming dona teriga ishlangan nusxasini o‘tda kuydirgan. Umuman «Avesto»ning to‘liq nusxalari yo‘q qilingan. Beruniy ma’lumotiga qaraganda, uning faqat bir qismigina saqlanib qolgan. U keyinchalik qayta to‘plangan. YUnonlardan keyin ming yil o‘tgach, arablar ajdodlarimiz yaratgan yozma yodgorliklarni, johiliyani targ‘ib etadi deb, yo‘q qilganlar. SHu bois birinchi va ikkinchi bosqichlar ma’naviyati haqida tasavvurlarimiz ancha kemtik va nisbatan sayoz. Umumturk asotirlaridan parchalar yozib qoldirilishi eramizning 6-10-asrlariga to‘g‘ri keladi. Bular uyg‘ur, sug‘d, xitoy, eron va arab manbalaridir. Lekin bu asotirlarning yaratilishi, albatta. ko‘zilg‘amas tarix bag‘riga singib ketgan. Ular yozib olingan davriga nisbatan kamida 2-3 ming yil ilgari paydo bo‘lgan. Ajdodlarimiz uni avloddan-avlodga og‘zaki uzatib kelganlar. Avesto ham asrlar davomida og‘zaki namunalarda, xalq xotirasida saqlangan. Umumturk asotirlari orasida birinchi geneologik (biror ijtimoiy hodisaning, urug‘-qabilaning kelib chiqishi haqida) asotirlardir. Umuman barcha asotirlarni aks ettirayotgan axborotiga , berayotgan bilimiga qarab geneologik va madaniy asotirlarga ajratish mumkin. Geneologik asotirlar biror narsaning, ijtimoiy hodisaning, urug‘-qabilaning, urf-odatlar, kasb-hunarlar va h.k. kelib chiqishi to‘g‘risidagi maishiy (tuban) va falakiyot (yuksak) asotirlarga bo‘linadi. Asotirlar personajlari qilgan ishlariga muvofiq o‘z urug‘-qabilasining dushmanlarini yoki yovuz maxluqlarni – dev va jinlarni engib, erkinlik keltirgan botir epik qahramonlarga va odamlarni qonun-qoidaga, tartiblarga, yangi bilimlar va kasb-hunarlarga o‘rgatgan “madaniy” qahramonlarga ajratiladi. Ba’zi personajlar har ikki hislatni – epik qahramon va “madaniy” qahramon hislatlarini o‘zida birlashtiradi. Olimlar turk qavmining kelib chiqishi haqidagi asotirni eng qadimgi hisoblaydilar. Bu asotir VI asr o‘rtalarida xitoyliklar tomonidan ikki variantda yozib olingan. Asosiy variantda voqea shunday rivojlanadi: turklarning ajdodlari yirik botqoqlik bo‘yida yashaganlar. Lekin qo‘shni qabilalar ularni qirib tashlagan. Faqat qattiq yaralangan, mayib etilgan 10 yashar bolagina omon qolgan. Bolani urg‘ochi bo‘ri boqib, asragan, so‘ng unga xotin bo‘lgan. Dushmanlar bolani baribir o‘ldirishgan. Bo‘ri esa Gaochandan shimolroqqa – toqqa qochgan. U g‘orda o‘nta o‘g‘il tuqqan. O‘g‘illaridan birining ismi Ashina - urug‘ nomiga aylangan. Keyinchalik urug‘lar soni ko‘paygan va Ashina qabila boshlig‘i bo‘lgan. Uning avlodiga mansub Asanshad qabilasini g‘orlardan olib chiqqan va Oltoyga kelib o‘rnashgan. Qabila turklar deb atala boshlagan. Asotirning ikkinchi variantida bo‘rining boshqa avlodlari haqida ham gapiriladi. Ularning orasida quman (oqquv) va qirg‘iz urug‘lari nomi uchraydi. Uyg‘urlarning xon urug‘i - yag‘laqar haqidagi asotirda erkak bo‘ri va xun malikasi urug‘boshi sifatida eslanadi. Uyg‘urlarning boshqa bir ediz urug‘i kelib chiqishi haqidagi asotirda urug‘boshi deb muqaddas daraxt ko‘rsatilgan. Urug‘boshi sifatida boshqa turk xalqlarida buqa va bug‘u ham uchraydi (Ushbu munosabat bilan CH.Aytmatovning “Oq kema” asarini eslang). O‘g‘izxon haqidagi asotirlar, bir tomondan, geneologik, ikkinchi tomondan esa - epik qahramonlik, «madaniy qahramon»lik unsurlarini aks ettiradi. Unda qadimgi arxaik qatlam bilan bir qatorda keyin qo‘shilgan «madaniy» qatlam mavjud. «O‘g‘iznoma»da bu asotirlarning 13-14-asrlardagi qarluq-uyg‘ur talqini o‘z aksini topgan. Lekin uning mazmuni, birinchi navbatda arxaik qatlami yozib olingan vaqtga nisbatan kamida 2 ming yil avval yaratilgan. Asotirda aytilishicha, O‘g‘izxon yorug‘ nurdan onasining bo‘yida bo‘lgan, uning otasi - ilohiy kuch (ushbu munosabat bilan Iso Masih ham onasi bo‘yida shunga o‘xshash tarzda bo‘lganini eslang). Tug‘ilishidanoq bahodir, pahlavon bo‘lib dunyoga keladi. Bolaligida yilqilar uyurini eb ketadigan birmuguzli maxluqni engadi. O‘g‘izxonning qiyofasi, anatomik tuzilishi kuchli hayvonlarning u yoki bu tomoniga o‘xshaydi va aslida ajdodlarimizning totemistik qarashlarini aks ettiradi. Uning doimiy yordamchisi, yo‘l ko‘rsatuvchisi — bo‘z bo‘ri. O‘g‘izxon nurga cho‘lg‘anib osmondan tushgan qiz bilan turmush quradi. Undan O‘g‘izxonning uchta katta o‘g‘illari tug‘iladi: Kun, Oy, YUlduz. Boshqa xotini - erlik go‘zaldan - uch kichik o‘g‘li tug‘iladi: Ko‘k, Tog‘ va Teniz (dengiz). Asotirda O‘g‘izxonning qahramonliklari, o‘z mulkini o‘g‘illari orasida taqsimlashi, turli tartiblar, yashash me’yorlari va qonunlar o‘rnatishi (shu bois uni «madaniy qahramonlar» qatoriga ham kiritish mumkin) va h.k. tasvirlangan. O‘g‘izxon haqidagi asotirlar, boshqa umumturkiy asotirlar kabi, keyinchalik islom ta’sirida ancha qayta ishlangan, o‘zgartirilgan. U YOfasning avlodi deyiladi. O‘g‘izxon obrazi musulmon qahramoni sifatlari bilan «boyitilgan». Umumturkiy asotirlardagi Tangri obrazi, ayniqsa Tangri haqidagi ilk tasavvurlar qoldiqlari, ajdodlar ruhiga sig‘inish, animizm va politeizm unsurlarini o‘z ichiga olgan. Keyinchalik Tangri obrazi bosh Xudo, islom ta’sirida esa yagona Xudo sinonimi sifatida tushunilgan. Umay-xotun obrazi ham murakkab tadrijiy yo‘lni bosib o‘tgan. Dastlab Tangrining xotini, birlamchi, hayotni boshlab beruvchi ona, so‘ngra tabiat, hosildorlik ma’budasi sifatida tasvirlangan. Umay-xotunning hayotni boshlab beruvchi ona sifatidagi obrazi islom ta’sirida unutib yuborilgan, chunki islomga binoan, tabiatni, tiriklikni va insonni Olloh yaratgan, uning hech qanday sherigi yo‘q. Umay-xotun obrazi hozir faqat ba’zi bir irim-sirim va ajdodlar ruhiga sig‘inish qoldiqlari, unsurlari sifatida, «tuban asotir» personaji ko‘rinishida uchraydi. Islom asotirlari va qarashlari asta-sekin xalqimiz ongidan qadimgi asotirlarni siqib chiqardi. Faqat fanda «tuban asotirlar» deb ataladigan (falakiyot bilan emas, er tashvishlari, kundalik turmush va mehnat bilan bog‘liq) qatlamdan ayrim unsurlar «islomlashgan» shaklda saqlanib qolgan. Masalan, CHo‘pon-ota, Burgut-bobo, Qo‘rqut, Umay-xotun obrazlari shular jumlasidandir. Download 0.64 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling