O’ralova G. Tekshirdi: Soliyev A. Samarqand 2010 reja


Download 64.5 Kb.
Sana09.01.2022
Hajmi64.5 Kb.
#256127
Bog'liq
Hamza-–-ma’rifatparvar-shoir.


O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

Alisher Navoiy nomidagi

Samarqand Davlat Universiteti
FILOLOGIYA FAKULTETI

Hozirgi zamon o’zbek adabiyoti kafedrasi

KURS ISHI

Mavzu: Hamza – ma’rifatparvar shoir.

Bajardi: 405 guruh talabasi

O’ralova G.

Tekshirdi: Soliyev A.

Samarqand - 2010
REJA:

KIRISH:

Hamzaning hayot yo’li.



ASOSIY QISM:

a) Hamzaning o’zbek adabiyotida tutdan o’rni.



b) Hamzaning lirik merosi.

d) Hamza dramalari va ulardagi mavzu va g’oya.

XULOSA.


Hamza Hakimzoda Niyoziy XX asr o’zbek adabiyotining yirik namoyondalaridan, shoir, dramaturg, ijodkor sifatida badiiy-adabiyotning katta turlarida qalam tebratdi, uni xalq qalbiga yanada yaqinlashtirdi. U adabiy ijod bilan musiqa, rejissyorlik san’atini qo’shib olib bordi, natijada o’lmas sahna asarlarini yaratdi: «Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi», «Zaharli hayot yohud ishq qurbonlari», «Maysaraning ishi» kabi she’riy to’plam va drammalari mana shunday ijodning yorqin namunalaridir. Hamza Turkiston o’lkasida jadidchilik harakati shakllanayotgan bir pallada badiiy ijodga kirib keldi va bu harakatning butun mazmunidan shakl-u shamoyiligacha uning badiiy ijodi va amaliy faolliyatida o’z ifodasini topdi. Jadid pedagogi sifatida usuli saftiya maktablari ochdi va ular uchun bir necha darslik va majmualar yaratdi.

Hamza 1889- yil 6- martda Qo’qonda ziyoli oilada – tabib ibn Yamin Niyoziy o’g’li oilasida tug’ildi. Ibn savodli bo’lib, Qo’qon ulamosi orasida katta e’tiborga loyiq tabib edi. Hamza dastlab mahalla maktabida, 1899-1906- yillarda Qo’qon madrasalarida o’qidi, birmuncha vaqt rus-tuzem maktabida rus tilini o’rgandi.

XX asr boshlarida sodir bo’layotgan muhim ijtimoiy-siyosiy hodisalar Hamza hayotiga, uning ijodkor sifatida shakllanishiga kuchli ta’sir ko’rsatdi, 1905-yil inqilobiy harakatlar Russiyaning chekka o’lkalari xalqlarida ma’rifat, ozodlik, istiqlol sari intilishlariga turtki bo’ldi. Uning badiiy ijodga, nafis san’atga bo’lgan qiziqishi 1900- yillardan boshlandi. 1908- yilda Namanganda o’qib yurgan kezlarida Hamza tatar maorifchisi Abdulla To’qmullin bilan tanishadi: «Ul menim qo’limda o’z qalamin bilan yuz sahifadan ortiqroq eski usuldagi yozilmalarini ko’rib, tarbiyag’a kirishdi», - deb yozadi Hamza tarjimai holida. 1909- yilda Hamza Buxoroning eng ulug’ taraqqiyparvar mudarrislaridan, usuli jadid maktablari tarafdorlaridan bo’lmish Muhammad Ikrom ibn Abdusalom qo’lida arab tilini o’rganish uchun Buxoroga boradi, ammo u yerda yuz bergan shin va shiniy janjali bunga imkon bermaydi.

Uning ijodiga, ayniqsa Ismoilbek Gaspiralining «Tarjimon», Fotih Karimiyning «Vaqt» gazetalari, Rizo Faxriddinning «Sho’ro» jurnali, shu bilan birga, o’zbek tilida Toshkentda chiqa boshlagan Ismoil Obidiyning «Taraqqiy», Munavvarqori Abdurashidxonning «Xurshid», A.Avloniyning «Shuxrat» gazetalari kuchli ta’sir ko’rsatdi, ular bilan aloqa o’rnatdi. Hamzaning ilk she’rlari va maqolalari mana shu gazeta va jurnallarda bosildi.

«Tarjimon» gazetasini muntazam kuzatib borgan Hamza Gaspiralining 1906-1907- yillarda shu gazeta sahifalarida bosilgan, Butun turk olamining, shu jumladan, Turkiston o’lkasining mustamlaka asorati botqog’iga tushib qolishi sabablari haqida bahs yurituvchi «Muholomai salotin» asari bilan tanish bo’lgan.

Hamza 1910- yilda Toshkent shahrida amaliy faoliyatiga kirishib, Qashqar mahallasida birinchi marta usuli jadid maktabi ochadi. Bu davrda u Toshkentda Turkiston jadidchilik (maktabining) harakatining rahbari Munavvarqori Abdurashidxon o’g’li va uning atrofidagi shogirdlari usuli jadid muallimlari aka-uka Shokirjon va Sobirjon Rahimiylar, Samig’ozi bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

1911- yilda Qo’qon shahrida u shunday maktab ochadi. Bu maktablar chor ma’murlarining ta’qibi bilan yopiladi. U 1911- yilda haj safariga otlanadi: Afg’oniston, Hindiston, Turkiya, Arabiston mamlakatlarining markaziy shaharlarida bo’ladi. Hamza qayerda bo’lmasin, u yerning ta’lim-tarbiya, o’quv muassasalari bilan tanishadi.

Haj safaridan qaytgach, pedagogik faoliyat bilan bir qatorda, adabiy – badiiy ijodga beriladi.



Keyin Qo’qonda usuli jadid maktabini ochadi. Bu vaqtda «Tarjimai holi»da quyidagilarni yozgan edi: «1914- yilning oxirlarida Marg’ilonda maktab ochdim. Sakkizinchi oygacha bormay, Antruv istindag’i Shobul maorif rahbari tomonidan majburiy yopildi…Undan yana Xo’qand kelib, yo’qsil bolalar uchun pulsiz o’qish maktabi ochdim..O’zim 4 oygacha davom ettirgandan keyin u yerda nachalnik Medinskiy tomonidan tintuv bo’lib yopildi. Lekin hech bir qanday qog’ozlarim qo’liga tushmagani uchun qamalmay qutildim».

Hamza bu davrda yangi maktablar uchun “Yengil adabiyot” kitobi, «Qiroat kitobi» kabi darsliklar yaratdi.

«Yengil adabiyot» kitobi birinchi sinf bolalari uchun qo’llanma bo’lib, u 1914- yilda she’riy yo’lda yozilgan. Kitobning bosh qismida ilm o’rganishning ahamiyati haqida qisqacha muqaddima yozilgandan keyin axloqiy xarakterdagi hikoyalar beriladi.

«O’qish kitobi» asari ham 1914- yilda she’riy yo’lda yozilgan bo’lib, axloqiy mavzudagi hikoyalarni o’z ichiga oladi. To’plamda 6 hikoya berilgan. Bu hikoyalar manbalardan, ko’proq sharq adabiyotidan, rus klassik adabiyotidan olingan bo’lib, Hamza ularni ijodiy qayta ishlab, she’riy shaklga solgan. Chunonchi, «Xiyonatdan hijolat» sarlavhali birinchi hikoya L.N.Tolstoydan, «Toshbaqa bilan chayon hikoyasi» nomli ikkinchi hikoya Gulxaniyning «Zarbulmasal» asaridan olingan.

«Qiroat kitobi» ikkinchi sinflar uchun qo’llanma bo’lib, u 1915- yilda prozaik usulda yozilgaan. Bu kitobda berilgan hikoyalarning hammasi axloqiy - didaktik xarakterdagi asarlardir. Kitob to’qqiz bobdan iborat bo’lib, ularda turli axloqiy masalalar: adab, jahl, kibr, ilm va boshqa shu kabi masalalar to’g’risida fikr yuritiladi. Muallif bayon qilingan har bir fikrning isboti uchun bittadan hikoya keltiriladi.

1915- yilda Qo’qonlik ma’rifatchilar bilan hamkorlikda usuli jadid maktablari uchun darsliklar nashr qilish, o’quvchilarni Toshkent va boshqa shaharlarda bosmada chiqqan darsliklar bilan ta’minlash maqsadida «Hayrat» kutubxonasi tashkil etadi. Bu kutubxonada Saidrasul Saidazizovning «Ustodi avval» , Munavvarqorining «Adibi avval», «Adibi soniy», Mahmudxo’ja Behbudiy, Abdulla Avloniylarning darsliklari ham ko’p nusxalarda bo’lgan.

Hamzaning dunyoqarashida jadidchilik harakati jiddiy ta’sir ko’rsatdi. Binobarin, Hamza ijodi jadid adabiyotining asl namunalari qatorida turadi.

Hamza ijodini badiiy tamoyillar, g’oyaviy – mavzuviy jihatdan shartli ravishda bir necha bosqichga ajratish mumkin. Bu bosqichlar shoir asarlarining mazmuniga ham, shakliga ham taalluqlidir. Zotan, yillar o’tishi, zamon yevrilishlari bilan shoir dunyoqarashida, estetik mushohadasida o’sish-o’rganish yuz bera bordi.

Ijodining dastlabki davrida Hamzaning an’anaviy mumtoz adabiyotga ixlosi baland bo’lib, o’z asarlarini shu yo’sinda yaratdi. Ayni sabab uning asarlarida din, diniy, an’anaviy mavzular asosiy o’rinni egallagan edi. Buni adibning maktub, maqola va she’rlarida ham kuzatish mumkin:

Hamza chet ellarga safari chog’ida mamlakatlar xalqlar orasida o’z millati ko’proq qashshoqlik va jaholat iskanjasida qolganini ko’radi.

Hamza bunday holatlarning asosiy sababi – ilmsizlik degan xulosaga keladi va mehnatkash ommani ilmli bo’lishga, ma’rifat egallashga da’vat etadi.



Hamza Hakimzoda 1914-1915- yillarda yozilgan «O’qi!», «Ilm ista», «Olim bo’laylik», «Kitob», «Qalam», «Maktab», «Hikoya», «To’g’ri so’z bola», «Toshbaqa va chayon», «Qimorning boshi», «Bolaning yomon bo’lmog’iga sabab bo’lgan onaning jazosi» kabi pedagogik she’rlarida ilm-ma’rifat, axloq-odob, to’g’rilik, halollik, chin do’stlikni targ’ib qiladi. «Ilm ista» she’rida shoir mehnatkash ommaga qarata deyli:

Har muroding, maqsadingga yetmoq

Istasang murod,

Ko’z ochib bedor bo’l: darkor ilm,



Darkor ilm!...

Ilm ista, ilm ista, istagil zinhor

Ilm!
Mehnatkash ommani bilim olishga, ma’rifatga chaqirish, milliy uyg’onishga da’vat, boshqacha qilib aytganda, ma’rifatparvarlik, taraqqiyparvarlik, millatparvarlik, yurtsevarlik g’oyalari Hamza ijodining bosh yo’nalishini tashkil etadi.



Hamza o’z davrining jarchisi sifatida «Yig’la, Turkiston!», «Yaxshi holin yo’qotgan oqibatsiz Turkiston», «Dardiga darmon istamas» kabi she’rlarida chor mustamlakachilari va mahalliy zolimlar zulmi ostida ezilib, qoloqlikka va jaholatga mahkum etilgan Turkiston o’lkasini uyg’onishga, ma’rifatga, taraqqiyotga chaqiradi.

«Uxlama ko’p, o’zbek eli, asri taraqqiy vaqtida», «Uyg’on Turkiston, uyg’onish vaqti keldi», - deb xitob qiladi.

Turg’il, darddan jismingni sog’la,

Turkiston,

Belga himmat kamarin bog’la

Turkiston.

Ma’rifatga yetmoqni chog’la

Turkiston.



Bu xalqchil va dolzarb asarlarda Hamza she’riyatining g’oyaviy-estetik xususiyatlari yaqqol namoyon bo’ladi.

Shunisi muhimki, Hamza asarlarida milliy uyg’onish mavzusi, «O’lkani uyqonish», «Xalqning ko’zini ochish» g’oyalari xalqlar do’stligi tamoyillariga zid ravishda ifodalamaydi. Zero, Hamza xalqlar va millatlar do’stligi tamoyillariga sodiq qolgan holda chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosatiga salbiy munosabatda bo’lgan. Ana shuni hisobga olib, taniqli hamzashunos olim Laziz Qayumov «Biz haqli ravishda: «Shoirning rus kolonizatorlari bilan konflikti muttasil davom etgan», - deb yozadi. Hamzaning 1915-1916- yillarda nashr etilgan «Oq gul», «Qizil gul», «Sariq gul», «Yashil gul», «Pushti gul», «Safsar gul» nomli she’riy to’plamlarida, shuningdek, «Ilm hidoyati», «Zaharli hayot» (1915) singari pyesalari va «Yangi saodat» (1915) nasriy asarida mustamlakachilik siyosatiga qarshi ma’rifatparvarlik, xalqparvarlik g’oyalari bo’rtib turadi.

«Yangi saodat yoxud milliy roman» asari 46 betdan iborat. U Qo’qonda nashr etilgan. Asar muallifning «Kirish so’zi» bilan boshlanadi. Unda asarning «qora mehnatkashlarga» bag’ishlanganligi qayd etiladi. Hamza asarda mehnatkashlarni ilmli-bilimli bo’lishga, hunar o’rganishga da’vat etadi.

«Yangi saodat» asarida tasvirlanishicha, Abduqahhor boyvachcha otasi Qoziboyning vafotidan so’ng undan qolgan katta merosdan samarali ravishda foydalana olmaydi. Chunki u o’qimagan, dangasa va qimorboz edi. Merosni qimorga yutqazib qo’yadi. Boyvachchaning ilmi va hech qanday hunari yo’q edi. Natijada, u sharmandai - sharmisor bo’ladi, oilasini boqa olmaydi: onasi Ruslon, xotini Maryam, farzandlari Olimjon va Xadichalarni tashlab qochib ketadi. Xotini Maryam esa turmush qiyinchiliklari girdobida shoshib qolmaydi. O’z mehnati bilan oilaning tirikchiligini ta’minlaydi. Bolalarini rostgo’y, mehnatsevar qilib o’stiradi. O’g’li Olimjon bir ilg’or muallimning yordamida o’qib ilm egallaydi, ziyoli bo’lib yetishadi. Halol mehnat qilib pul topadi. Shundan so’ng Olimjon Toshkentda xoru-zor bo’lib, och-yalang’och daydib yurgan otasi Abduqahhorni izlab topadi va uyiga – Qo’qonga olib qaytadi.

Shunday qilib, bu oila halol mehnat va ilm-ma’rifat tufayli fojiadan qutiladi. Abduqahhor boyvachchaning ilmsizligi, hunarsizligi va mehnatdan bo’yin toblashi oqibatida baxtsizlikka uchragan bu oila Maryamning mehnatsevarligi, tadbirkorligi, Olimjonning ilm egallashi natijasida qaytadan baxt-saodatga erishadi.



Hozirjavoblik Hamzaning 20-yillarda yuzaga kelgan «O’zbek xotin-qizlariga», «Bu kun 8-mart», «Muborak», «Tursunoy marsiyasi» singari she’rlariga ham xos. Bu asarlarda shoir xurofot va jaholatni, eskilik tarafdorlarini, eskilik dushmandlarini hajv ostiga olib, xotin-qizlar ozodligini, yangicha qarashlarni ulug’laydi. Shoir mumtoz she’riyat ananalaridan ijobiy foydalanib yaratgan «O’zbek xotin-qizlariga» she’rida ularni hayotdagi yangilikdan bahramand bo’lishga, ilm olishga da’vat etadi.

Hamza Hakimzoda dramaturgiya sohasida ham samarali ravishda ijod qildi va o’zbek dramaturgiyasiga asos soluvchilardan biri sifatida tanildi. Hamza «Boy ila xizmatchi», «Maysaraning ishi», «Paranji sirlaridan-bir lavha yoki yallachilar ishi», «Jahon sarmoyasining so’nggi kunlari», «Muxtoriyot yoki avtonomiya», «Tuhmatchilar jazosi», «Kim to’g’ri», «Xorazm inqilobi», «Istiqdod qurbonlari», «Toshkentga sayohat», «Saylov oldidan» kabi qirqqa yaqin katta-kichik sahna asarlari muallifidir.

Hamza dastlab «Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari», «Ilm hidoyati», «Mulla Normuhammad domlaning kufr xatosi», «Loshmon fojialari» kabi pyesalar yozdi. Bu sahna asarlarida dramaturg qoloq aqidalar, nodonlik tufayli og’ir turmush girdobiga tushib qolgan personajlar hayotini ta’sirli aks ettirishga urindi. Johil, ma’rifatsoz kishilarning zo’ravon va insofsizligini fosh etadi. Oddiy xalqning og’ir ahvolini aks ettirib, unga hamdardlik bildirdi.

Hamza 1928 yil avgust oyida Shohimardonga yuboriladi. U yerda madaniy-oqartuv ishlari, xotin-qizlar ozodligi masalalari bilan shug’ullanadi. 1924 yil 18 martda u shu yerda fojiali halok bo’ladi.

Xullas, Hamza Hakimzoda yangi o’zbek adabiyotining shakllanishi va taraqqiy etishiga munosib hissa qo’shgan xalqparvar va vatanparvar ijodkordir. Hamza shoir, yozuvchi, dramaturg, madaniyat va jamoat arbobi sifatida qalb qo’ri, iste’dodi qudratini, hayotini o’z xalqi ozodligi va faravonligiga bag’ishlagan.

Hamzaning adabiyot va san’at sohasidagi xizmatlari xalq va davlat tomonidan munosib taqdirlanib kelinmoqda. Hamza 1926-yilda Respublika ijodiy ziyolilari orasida birinchilardan bo’lib «O’zbekiston xalq yozuvchisi» unvonini olishga muyassar bo’ldi. Uning asarlari turli tillarda nashr etildi va ko’p teatrlarda sahnalashtirildi.

Hamza haqida Oybek, Hamid Olimjon, Amin Umariy, Turob To’la, Laziz Qayumov doston va dramalar yozdilar. Komil Yashin esa o’z ustozi haqida serqissa sahna asarlari va yirik roman yozdi. Hamzaning aksariyat asarlari hozirgi kunda ham xalqimizga ma’naviy ozuqa bermoqda, yosh avlodni ezgulik ruhida tarbiyalashda faol ishtirok etmoqda. Hamzaning buyukligi va mangu tirikligi ham ana shundadir.



ADABIYOTLAR RO’YXATI:

  1. Мирзаев Сайдулла. XX аср Ўзбек адабиёти. – Тошкент, «Янги аср авлоди», 2005.

  2. Қосимов Б, Ш. Юсупов, У.Долимов, Ризаев Ш, Аҳмедов С. «Миллий уйғониш даври ўзбек адабиёти»-Тошкент, «Маънавият», 2004.

  3. Мирвалиев С. Шокирова Р. «Ўзбек адиблари» - Тошкент, «Фан», 2007.

  4. Каримов Ғ.К. «Ўзбек адабиёти тарихи» 3-китоб – Тошкент, 1987.

  5. Комил Яшин «Ҳамза» роман. Тошкент, 1982.

  6. Mirzayev Saydulla. XX asr O’zbek adabiyoti. – Toshkent, «Yangi asr avlodi», 2005.

  7. Qosimov B, Sh. Yusupov, U.Dolimov, Rizayev Sh, Ahmedov S. «Milliy uyg’onish davri o’zbek adabiyoti»-Tosheknt, «Ma’naviyat», 2004.

  8. Mirvaliyev S. Shokirova R. «O’zbek adiblari» - Toshkent, «Fan», 2007.

  9. Karimov N.K. «O’zbek adabiyoti tarixi» 3-kitob – Toshkent, 1987.

  10. Komil Yashin «Hamza» roman. Toshkent, 1982.

Download 64.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling