Оригинальный рецепт картошки Старый бабушкин рецепт впечатяет всех. Смотрите! Узнать больше Buxoro amirligi Qushbegisi arxivining shakllanish tarixi


Download 109.59 Kb.
Sana08.03.2023
Hajmi109.59 Kb.
#1248815
Bog'liq
Hujjat (13)


Shakl boshi
Shakl oxiri

  • Ўзбекча

  • O`zbekcha

  • اۉزبېکچه


Bosh sahifa » Bilasizmi? » Buxoro amirligi Qushbegisi arxivining shakllanish tarixi

dzen.ru
РЕКЛАМА




Оригинальный рецепт картошки


Старый бабушкин рецепт впечатяет всех. Смотрите!

Узнать больше

Buxoro amirligi Qushbegisi arxivining shakllanish tarixi


Post Views: 1 415
Buxoro amirligi tarixini yoritishda bugungi kunda saqlanayotgan Qushbegi arxivi materiallari tarixchilar uchun muhim tarixiy materiallardir. Buxoro amirligi qushbegi arxivining hozirgi holatigacha bo‘lgan shakllanish jarayonlari ham uzoq davrni bosib o‘tgan bo‘lib, buni quyidagi jihatlarda ko‘rib o‘tamiz.

Viloyatlardan amirning Arkiga haftalik maʼlumotlar choparlar orqali yetkazib turilgan. Bunday hujjatlar asosan bir xil shaklda tuzilgan. Yuqoridagi o‘ng burchagiga «Hazrat Haqq subhonahu va taʼolo», chap burchagida “Huva-l-fayoz” yozuvlari bo‘lib, (yaʼni, Hazrat Haqq (Alloh) pok va oliydir (va) u fayz ulashuvchidir), o‘rtada «janob zilli ilohiy, oliy hazratam, mavloyam sallamahullohu taʼolo» (yaʼni Allohning (yerdagi) soyasi bo‘lmish janob (Amir) oliy hazratim, Xojam, Alloh u (kishi)ni salomat qilsin) murojaatli yozuvlar bilan xitob qilinib, viloyatlarda tinchlik, osoyishtalik ekanligi, fuqarolar amirning duosida bo‘lib turishgani haqida xabar beriladi. Hokimlarning sadoqat izhor qiluvchi «tasadduq shavam» (yo‘lingizda siz uchun tasadduq bo‘lay) xitoblari va duolari bilan maktublar tugatiladi.
Turli viloyatlardan kelgan maktublarning bir xil shakl mazmundaligi o‘sha paytda amirlik devonxonalari uchun maxsus kotiblar o‘qitilganligidan dalolat beradi. Ko‘pincha kotiblarning dastxatlari ham bir xil, bir-biriga o‘xshab ketadi. Ana shu choparlar orqali Arkka qushbegining qo‘liga keltirilgan har xil hujjatlar qayd qilish daftariga qayd qilingach, devonxona sandiqlariga taxlab qo‘yilar edi. Ana shu zaylda Buxoro amirligida arxiv ishlari shakllana boshlagan.
Buxoro amirligidagi arxiv o‘z faoliyatini 1865 yil, yaʼni Amir Muzaffar davridan boshlagan.Yana shuni taxmin qilish mumkin-ki, arxivning vujudga kelishida rus maʼmuriyatining taʼsiri ham bo‘lgan. Buxoro Xalq Sovet Respublikasining noziri olim va tarixchi Musojon Saidjonovning yozishicha, Buxoro amirligining arxivi ikki qismga bo‘lingan edi:
Birinchi bo‘lim Buxoro amirligining shaxsiy devonxona arxivi; Ikkinchi bo‘lim, Buxoro Qo‘shbegisining devonxonasi arxivi.
Shuni aytib o‘tish kerakki, Buxoro amirligi devonxona arxivi bevosita amir qo‘l ostida bo‘lgan. Masalan, Amir Muzaffar Buxoroda o‘zining qarorgohida arxivni o‘z yonida saqlardi. Uning o‘gʼli Sayyid Abul Ahad Buxoro amirligi devonxona arxivini o‘zi bilan birgalikda Karmanadagi qarorgohiga olib keldi. 1910-1920 yilda Amir Olimxon uni Buxoroga keltirdi. Devonxona parvonachi qo‘l ostida edi. Baxtga qarshi Buxoro amirligining devonxona arxivi hozirgi kunga qadar saqlanib qolmagan. Shunday taxminlar borki, 1920 yildagi Buxoro inqilobi davrida bu arxiv sovet askarlari tomonidan ishgʼol qilingan edi va bu arxiv turk frontiga ko‘chirib o‘tkazilgan.
O‘zbekiston Milliy srxivida 5 mingga yaqin Buxoro amirligi devonxona hujjatlari saqlanadi, lekin ularning hammasi Buxoro Qushbegisi nomiga yozilganligi sababli «Buxoro amirligi Qushbegisining kanselyariyasi»arxivida saqlanadi. Bundan tashqari, fondda Buxoro amiri va Afg‘oniston shohi o‘rtasidagi yozishma hujjatlari ham saqlanadi.
Qushbegi Buxoro amirligida katta imtiyozlarga ega edi, butun devonxona orqali davlat boshqaruviga tegishli siyosiy, madaniy,iqtisodiy doiradagi hujjatlar o‘tardi. Mirzo Nasrulloh qushbegigacha arxiv tartibga ketirilmagan bo‘lib, yer ostida maxsus sandiqlarda saqlanardi.
Yangi tayinlangan Usmonbek Qushbegi savodsiz kishi bo‘lganligi sababli, arxivning tarixiy ahamiyatiga uncha eʼtibor bermagan.
1920 yil sentyabr oyida Buxoroda Sovet hokimiyati o‘rnatilgandan so‘ng, Kuybishev boshchiligida Amir va Qushbegining arxivini topish va uni saqlash yuzasidan Buxoro Revkomi tomonidan buyruq chiqarilgan edi. CHK va militsiya xodimlari tomonidan Arkning yer osti xonalarida hujjatlar saqlangan sandiqlar topilgan. Ayrim hujjatlar devonxonaning polida va tokchalaridan topilgan. Taxminan ular ham amaldorlar tomonidan quvg‘in paytida tashlab ketilgan.
Barcha hujjatlar hech qanday tartibsiz va yozuvsiz qutilarga solingan va sobiq Sovet Xalq Nozirligi omborlariga jo‘natilgan, u yerda tashqi ishlar vazirligi omborlariga joylashtirilgan. Hujjatlar u yerda O‘zSSR tashkil topgunga qadar saqlangan.
Buxoro hukumati taklifiga binoan, Buxoro tarixini yozish uchui 1920-1921 yillar Buxoroga tarixchi olimlardan V.V.Bartold, A.A.Semenov, Po‘lat Soliyev, Fitrat va boshqalar kelishgan. Ular faqatgina o‘zlariga kerakli bo‘lgan hujjatlarni o‘rganib chiqishgan.
Chegaralanish davrida Buxoroda M.Sayidjonov rahbarligida komissiya tuziladi. U 1924 yili hamma to‘plangan hujjatlarni qayta ishlanmagan asl holida Buxoroning markaziy kutubxonasiga topshiradi. Akt bo‘yicha 69 o‘ram, 52 daftar va 50 kitob mavjud edi.1931 yilga kelib arxiv tasodifan Arkda, berkitilgan binoda topilgan.
Unga qadar Buxoro hukumati muzeyi xodimlari bu haqidagi xabarni eshitib, arxivning teng yarmini yo‘q qilib yuborishadi, qolganlarini esa turli joylardan qidirishga to‘g‘ri keldi.
Albatta, ko‘p narsalar yo‘qolib bo‘lgan edi. Arxivni topgan shaxslardan biri Mirzo Nasrulloh o‘z davrining fidoiy kishilaridan edi va uning islohotlari amir Olimxonga maʼqul bo‘lmagan, shu sabab Kolesov voqeasidan so‘ng uni 1918 yili qatl ettiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy davlat arxividagi «Buxoro Amirligi Qushbegisi arxivi» sarlavhasi bilan I-126 fondda saqlanayotgan hujjatlarning tavsifi.
Bugungi kunga kelib, O‘zbekiston Milliy arxivining «Buxoro amirligi qushbegi boshkarmasi» I-126 fondida Buxoro amirligi devonxonasi arxiviga tegishli 5000ga yaqin hujjat saqlanib, ularning hammasi qushbegi nomiga yuborilganligi uchun qushbegi arxivi hujjatlari tarkibiga kiritilgan.
O‘zbekiston Milliy arxividagi «Buxoro Amiri Qushbegisi arxivi» sarlavhasi bilan I-126 fondda saqlanayotgan hujjatlarni umumiy to‘qqizta katta guruhga bo‘lib o‘rganish mumkin. Har bir bo‘lim, o‘z navbatida, yana mayda bo‘limlarga bo‘linadi. Qayd raqamlariga berilgan so‘zboshisi fondda saqlanayotgan hujjat nusxalari haqida maʼlumot beradi:
1. Maʼmuriy hujjatlar: Amirlarning mansablarga tayinlash to‘grisidagi yorliklari yoki aksincha, mansabdan bo‘shatish haqidagi farmonlari yoxud mansabdor shaxslarning lavozimlarini oshirish, sadoqat bilan xizmat kilib, boshqalardan ajralib turadigan shaxslarni mukofotlash haqidagi muboraknomalar, Buxoro amirligining maʼmuriy-hududiy bo‘linishiga oid hujjatlar, fuqarolarning ijtimoiy ahvoli hamda hayotiy muammolari yuzasidan yozgan shikoyat arizalari va davlat tomonidan qilingan qurilishlar, tabiiy ofatlar, zilzilalarni zararlarini bartaraf etish, amirlik hududidagi transport masalalarini hal etish yuzasidan berilgan farmonlar, har xil mavzudagi vasiqalar ham turkumga kiradi. Shu bilan birgalikda amirlikdagi barcha ish yuritish qog‘ozlari raqamlanib, qayd qilish daftarlariga yozib, ro‘yxatdan o‘tkazib borilgan. Ana shu daftarlar ham birinchi turkum – maʼmuriy hujjatlar turkumiga kiradi.
2. Siyosiy mavzudagi hujjatlar amirlikning ichki va tashqi siyosatidagi aniq xabarlar, voqealar va hodisalarga guvohlik beradi. Asosan, ichki siyosat, undagi burilish nuqtalari haqidagi maʼlumotlarga ega hujjatlarni amirlikning 1917 yilgacha bo‘lgan umumiy siyosiy ahvoliga doir va undan keyingi siyosiy holati to‘grisidagi maʼlumot beruvchi hujjatlarga taqsimlash mumkin.
Siyosiy mavzudagi hujjatlar turkumining ikkinchi kismi 1917 yildan keyingi, yaʼni amirlikning oxirgi yillariga doir voqealarni o‘z ichiga oluvchi har xil xatlar, vasiqalar, muboraknomalar tashkil kiladi.
Biz bunda amirlikning tashki siyosati haqidagi maʼlumatlarni ham ko‘plab uchratamiz. Maʼlumki, bularning ko‘pchiligi asosan Rossiya bilan o‘zaro olib borilgan yozishmalardir.Bu yozishmalar Turkiston general-gubernatorligi, Buxorodagi Rossiya imperatorligining siyosiy agentligi kabi tashkilotlar bilan olib borilgan. Ularda savdo-sotiq, transport masalalari, temir yo‘llar kurish kabi masalalarda o‘zaro maslahatli alokalar haqida gap boradi.
Bunday hujjatlarni O‘zbekiston Milliy arxivi «Turkiston general gubernatorligining kanselyariyasi» degan sarlavha ostidagi I-1 fondidagi hujjatlar orasida ham ko‘plab uchratish mumkin. Masalan, amirlikning oxirgi yillarida tashqi tahdidlar oldingi yillarga nisbatan ancha kuchaygan. Bunga Buxorodagi ichki notinchliklar ham taʼsir ko‘rsatgan. Bu yillarda chegara viloyatlari hokimlari qo‘shni mamlakatlarda kuzatish olib borish o‘z kishilarini savdogar yoki elchi suratida yuborib, ulardan maʼlumot olib, bu maʼlumotlarni tez-tez qushbegiga yozib, jo‘natib turganlar.
Mamlakatning ichki vaziyati ham oxirgi paytlarda ancha notinchlashgan. Arab, turk, ingliz, nimis va boshqa millatga mansub shaxslarning amirlik hududida josuslik bilan shug‘ullanib yurganliklari arxiv hujjatlarida qayd qilingan.
3. Iqtisodiyot masalalariga doir hujjatlar. Qo‘shbegi arxivining kattagina kismini tashkil etadi. Iqtisodiyotga tegishli barcha hujjatlar, jumladan, soliqlar, zakot, boshka tushumlar, ijaraga berish, ijaraga olish, davlat xazinasining ahvoli, davlat xarajatlari, vaqflar, savdo masalalari, savdo aloqalari, bozorlardagi narx-navo, soliqlardan baʼzi bir kishilarni ozod qilinishi yoki ularga ayrim imtiyozlar berish, kirim-chiqim daftarlari, zahiralar, saroy xarajatlari haqidagi hujjatlar ushbu turkumning asosiy mohiyatini belgilaydi. Shu bilan birga, tabiiy boyliklar, issiqlik energiyasi zaxiralari, qishloq xo‘jaligi hamda suv xo‘jaligi, suvdan unumli foydalanish masalalarini aks ettiruvchi qogʼozlar ham ana shu bo‘limdan joy olgan. Bundan tashqari, pochta aloqalari, temir yo‘l xarajatlari va ulardan keladigan daromadlar, bojxona faoliyatiga doir hujjatlar ham iqtisodiyot masalalariga doir turkumga kiradi.
Iqtisodiy hujjatlar turkumi Qushbegi arxivining eng katta qismidir. Chunki ushbu guruh hujjatlari amirlikning siyosiy, iktisodiy, ijtimoiy, maishiy va boshqa tarmoqlarini ham o‘z ichiga qamrab olgan. Amirlikning iqtisodiy jihatdan nechogʼli kuchli bo‘lganligini quyidagi hujjatdan ham bilib olish mumkin. Bu hujjat amirga xazinachi tomondan xazinaga kelib tushgan tilla-kumush yombilar, tayyorlangan tangalar miqdori ko‘rsatilib, hisobot berilgan arizadir.
4. Tashqi aloqalar haqidagi hujjatlar bo‘lib, Buxoro amirligining qo‘shni chegaradosh davlat rahbarlariga yozgan do‘stona maktublari yoki aksincha, boshqa davlat rahbarlaridan yoxud amaldorlaridan amir va qushbegi nomiga kelgan maktublar, davlatlararo tuzilgan shartnomalar, xalqaro aktlar, amirlikning musulmon hamda nomusulmon davlatlar bilan qilgan o‘zaro diplomatiya hujjatlari va boshqalardan iborat. Amirlikda pasport tizimini joriy qilish, fuqarolarni emigrastiya qilish, chet el fuqarolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, harbiy asirlarga doir hujjatlar ham ana shu to‘rtinchi turkumga kiradi. Shu bilan birga, davlatlararo chegara masalalari, elchixonalarga tegishli hujjatlar, mamlakatlarning ilmiy va madaniy aloqalari, axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, Rossiya hamda boshqa mamlakatlarning har xil muassasa hamda tashkilotlarni amirlikda faoliyai olib borishini aks ettiruvchi hujjatlar mavjud.
Bulardan tashqari, Rossiya urushlariga munosabat, rus pullarining amirlik hududiga kirib kelishi, bularning oqibatida Buxoro amirligi hududidagi savdo va iqtisodning kasodga uchrashi xamda shu sabablardan yuzaga kelgan ziddiyatlar haqida hikoya qiluvchi hujjatlar ham anashu tashqi aloqalar xaqidaga hujjatlarga kiradi. Turkiya konsuli, Eron shaxzodasi, Afg‘oniston qiroli, Rossiya imperatorlari bilan bo‘lgan o‘zaro yozishmalar fondning ilmiy qiymatini yana-da oshiradi.
5. Harbiy ishlar hujjatlari amirlik armiyasi sarbozlarining holati, ularning harbiy unvonlari va tuzilmasi haqida xabar beradi. Buxoro garnizoni, umuman, amir qo‘shinidagi sarbozlarni kiyintirish ularni transport-ulov bilan taʼminlash, sarbozlarning o‘q-dori, qurol-yarogʼlari, kazarmalarining xolati haqidagi hujjatlar bu turkumning asosini tashkil kiladi. Shu bilan bir qatorda, fuqarolarni o‘z roziligi bilan harbiy xizmatga olish, zahiraga bo‘shatish, xizmatdan bo‘yin tovlagan yoki xizmatni tashlab qochgan sarbozlar haqidagi hujjatlar ham uchrab turadi. Askarlarning o‘z komandirlari ustidan Qushbegiga yozgan shikoyatlari, arizalari hamda o‘z xizmatlaridan rozi ekanliklarini bildiruvchi maktublari, qorovul, patrul xizmatlari faoliyatiga doir hujjatlar harbiy ishlar hujjatlariga kiradi.
Hujjatlar amirlikdagi harbiy holat, sarbozlar hayoti haqida hikoya qiladi. Amirlarning ragʼbatlantirishlari, artilleriya hisoblangan to‘pchilar qismining amirga yozgan ariza-hisobotlari, ofisterlarning (harbiy amaldorlarning) Qushbegiga kazarmalarning sanitarik ahvoli haqidagi ariza (hisobot) lari, sarbozlarning sog‘lig‘i haqidagi ariza(hisobotlari), o‘z komandirlari ustidan yozgan shikoyatlari bizga kichik maʼlumotlarni beradi.
6. Sud materiallari amirlikning qozixonalarda yuritilgan huquqiy sohadagi ishlar haqida maʼlumot beradi. Rasmiy qozilik huquqini beruvchi manshuralar, fuqarolik ishlari, ulardan tushgan ariza va shikoyatlar, daʼvo xatlari, iqror xatlari, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar, nikoh xatlari,taloq xatlari, merosni bo‘lish haqidagi hujjatlar ushbu bo‘limdan o‘rin olgan.Bulardan tashqari, oddiyroq jinoyatga nisbatan shaxsan amirning o‘zi hal qiluvchi ko‘rsatmalarni berib, muvaffaqiyatli tugatilgan ishlarga muboraknomalar jo‘natib, qozilarni tabriklab, rag‘batlantirib turgan. Asosan, jinoiy ishlarning ko‘rilishi haqidagi hisobotlar Qushbegi nomiga jo‘natilib turilgan.
7. Madaniy-maishiy holat haqidagi hujjatlar turkumiga amaldorlarning amirga qilgan tortiqlari yoki aksincha, biror bayram, xursandchilik munosabati bilan amirning amaldorlarga qilgan sovgʼalari rasmiylashtirib qo‘ygan hujjatlarni kiritish mumkin. Saroy ayonlarining to‘y-hashamlari va bayramlaridagi voqealarni o‘zida aks ettiruvchi nomalar amirlikdagi madaniy-maishiy holat haqida maʼlumotlar beradi. Amirlar sovg‘a olsalarda, lekin Amir Olimxon keyingi yillarda(hujjatda sana ko‘rsatilmagan) fuqarolardan tortiq olishni taʼqiqlab, qozi Muhammad Sharif Sadir va Muhammad Maxdiy raislarga “Bundan buyon tortiqlar qabul qilish qatʼiyan taqiqlanganligi to‘grisida”gi muhokamasi eʼtiborli hujjatlardan biridir.
8. Sog‘liqni saqlash ishlari bo‘yicha amirlik viloyat va shaharlarida olib borilgan ishlar to‘g‘risida maʼlumot beruvchi hujjatlar juda ozchilikni tashkil etadi. Shunday bo‘lsada, dastlab tashkil qilingan kasalxonallar, ularni jihozlash, taʼmirlash masalalari, o‘sha paytdagi ayrim kasalliklar, ularga qarshi ko‘rilgan choralar haqidagi maʼlumotlar ushbu turkum hujjatlari orasida joy olgan. Vabo, o‘lat epidemiyalarining paydo bo‘lishi, ularga qarshi ommaviy kurash qilinganligi haqidagi hujjatlar ham arxivda saqlanadi.Bundan tashqari,chorva mollari kasalligi epidemiyasiga qarshi ko‘rilgan choralar o‘zida aks ettiruvchi hujjatlar ham uchraydi. Misol tariqasida, loyihaalardagi amaldorlarning Qushbegi nomiga jo‘natgan maktublarida chorva kasalligi tarqalganligi, aholi o‘rtasida esa sil kasalligi paydo bo‘lganligi tashvishi bildirilgan maʼlumotlarni keltirish mumkin.
9. Diniy hujjatlar jumlasiga diniy bayramlarni o‘tkazish, Ramazon oyida xatmi Qurʼonlarni tashkil qilish to‘grisidagi farmoyishlar kiradi. Amirlik shahar va viloyatlardagi asosiy masjid-madrasalar ro‘yxati hamda ulardagi imom-xatib, bosh mudarris yoki mutavvalliylarning ro‘yxatlari ham diniy hujjatlar bo‘limidan joy olgan. Diniy mansablarga (mufti, qozi, imom, mudarrislik va hokazolarga) tayinlash uchun qozikalon tomonidan Amir nomiga yozilgan arizalarda shu mansablarga loyiq kishilarning ismlari ko‘rsatilib, taklif kiritilgan.
Bulardan tashqari, madrasalarda tahsil olayotgan talabalarning hayoti hamda darslardagi asosiy predmetlar haqida maʼlumot beruvchi hujjatlar, ayniqsa, ahamiyatlidir. Talabalarni hujralar bilan taʼminlash, ularni ragʼbatlantirish, iqtisodiy muammolarini hal qilib berish, mudarrislarning oylik maoshlarini berish, o‘quv yilining boshlanganligi yoki tugaganligi haqida yasovulboshining amirga bergan raportlari va boshqa masalalarni o‘zida aks ettiruvchi hujjatlardagi maʼlumotlar qiziqarli manbalardandir. Mazhablararo kelishmovchiliklar aks etgan sunniy-shia ziddiyatlari, ularning sabablari, oqibatlari to‘grisida ham talaygina maʼlumotlar olish mumkin. Zikrlarini maxfiy holda aytuvchi naqshbandiya tariqatiga mansub so‘fiylar bilan oshkora zikr aytuvchi yassaviya tarikati suluklari o‘rtasidagi tushunmovchiliklarni izohlab, ilmiy asoslab, tushuntirib berilgan fatvonomalar ham ushbu bo‘limda saqlanadi.
Xulosa qilib aytganda Buxoro amirligi qushbegi arxivi Buxoro haqida maʼlumot beruvchi muhim hujjatlar jamlanmasidan iborat. Unda iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayot bilan bog‘liq masalalarni yoritishda foydalanish maqsadga muvofiq.
Download 109.59 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling