O’rta osiyoda paxtachilikning rivojlanish tarixi Paxta ekish va undan hosil hamda ibtidoiy usullar bilan bo’lsada chigitdan qora yog’ ajratib olish ko’hna Xorazm vohasining Jayhun daryosi sohili atroflarida bundan 2500-3000 yillar muqaddam


Download 24.69 Kb.
Sana04.04.2023
Hajmi24.69 Kb.
#1326538
Bog'liq
O


O’rta osiyoda paxtachilikning rivojlanish tarixi
Paxta ekish va undan hosil hamda ibtidoiy usullar bilan bo’lsada chigitdan qora yog’ ajratib olish ko’hna Xorazm vohasining Jayhun daryosi sohili atroflarida bundan 2500-3000 yillar muqaddam boshlangan.
Paxta urug’i-chigit savdo karvonlari orqali Misr, Hindiston, ipak qurti Xitoy mamlakatlaridan keltirilgan. Sharqshunos olimlar S.P.Tolstov, Ya.G’ulomovlarning keltirgan ma’lumotlariga qaraganda eramizdan avvalgi ming yilliklarda va X-XII asrlarda Xorazm vohasida ikki yarim million gektar maydonda sug’orma dehqonchilik qilingan. Olimlarning fikriga ko’ra, vohada bug’doy, jo’xori, poliz va bog’dorchilikdan so’ng eng ko’p ekiladigan ekin bu paxta bo’lgan.
Afsuski, Xorazmda paxta etishtirishning mukammal tarixi hozirgacha to’la o’rganilmagan. Akademik Muhammadjon Yo’ldoshevning XIX asrga doir tadqiqotlarida, rus tadqiqotchilari Shkapskiy, Grishfeld, Galkin, Lobachevskiy, Kondrashev, Krasnoslobodskiy va boshqa qator mualliflarning asarlarida paxtachilikka doir ayrim masalalar o’rin olgan bo’lsada sohaning voha mehnatkashlari hayotidagi o’rni, iqtisodiyotga ta’siri etarli ochib berilmagan.
Shunga qaramasdan tarix fanlari doktori, professor xivalik Otaboy Sodiqov o’zining “Xiva va Rossiya iqtisodiy aloqalariga doir” nomli monografiyasida ushbu masalaga ancha oydinlik kiritdi. Moskva, Toshkent, Orenburg arxiv hujjatlarida XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida chor Rossiyasi bilan iqtisodiy aloqalarning kengayishi va tovarpul munosabatlarining o’sib borishi xonlik iqtisodiyotiga, xususan uning qishloq xo’jaligiga ta’sir eta boshladi, deb yozilgan.
Bu davrda mahalliy g’o’za navi urug’ligi xonlikning Yangi Urganch, Gurlan, Xiva, Xonqa tumanlarida ekilib har tanob erdan 15-20 puddan hosil olinardi. Paxta tolasidan ajratilgan chigitdan moy va kunjara tayyorlanilar edi. Mahsulotning ancha qismi Rossiyaga chiqarilar edi. Ammo bu davrlarda qancha maydonga chigit ekilganligi haqida ma’lumotlar saqlanmagan.
Paxta xom ashyosi Rossiyaga chiqariladigan an’anaviy tovarga aylana boshladi. Masalan, 1840-1850 yillarda Xivadan Rossiyaga hammasi bo’lib 1396189 so’mlik mahsulot chiqarilib, shuning 1101436 so’mligi, ya’ni qariyb 85 foizi paxta va undan ishlangan mahsulotlar edi. (O.Sodiqov, “Xiva va Rossiya iqtisodiy aloqalariga doir”, 92-bet).
Jahonning rivojlangan mamlakatlarida ip-yigiruv va to’qimachilik fabrikalarining ko’payishi natijasida paxtaga bo’lgan talab ko’payib, uning narxi tobora osha boshladi. Ana shu davrda “AQShda paxta tanqisligiga olib kelgan 1861-1862 yillardagi grajdanlar urushi sababli Amerikadan Rossiyaga paxta keltirilishi keskin kamaydi. Bu esa Rossiyada ham paxta narxining 5-6 baravar ko’tarilishiga olib keldi”.
M.N.Galkin bergan ma’lumotlarga qaraganda Xivadan Rossiyaga bu davrda har yili o’rtacha 30 ming pudga yaqin paxta va paxtadan ishlangan mahsulotlar chiqarilgan.
Rossiyada ip-gazlama ishlab chiqarish sanoatining rivojlanishi bilan paxta xom ashyosiga bo’lgan talabning o’sishi chor hukumatini O’rta Osiyo va Kavkaz ortidan paxta xom ashyosi manbalarini qidirishga majbur etdi.
Rus hukumati O’rta Osiyo xonliklarini bir zarb bilan bosib olishga urinar, biroq Angliyadan hayiqardi. Shuning uchun ham u avval Kaspiy dengizga ko’plab harbiy va yuk kemalarini keltirib Orenburg, Gurev, Krasnovodsk, Oqtepa shahar va istehkomlarini qurib asta-sekin qozoq cho’llari orqali o’tib Orol dengizini (1848) o’rganish bahonasi bilan xonliklar chegarasiga yaqinlashib oldi.
XIX asrning uchinchi choragida Qo’qon va Buxoro xonliklarini o’ziga qaram qilib olgan rus generallari oldida Xivani zabt etish vazifasi ko’ndalang bo’lib turardi. 1873 yil 29 mayda Xiva ham egallandi. Rossiya qaramog’iga o’tgan Amudaryoning o’ng sohilidagi erlarda 1874 yilda Sirdaryo viloyatining Amudaryo bo’limi tashkil qilindi va uning rahbariga Xiva xonining harakatlarini nazorat qilib turish vazifasi yuklatildi. Uning huquqlari shaxsan general Kaufman 1873 yil 12 avgustda imzolagan shartnomada to’la aks etgandi.
Turkiston erlari Rossiya tomonidan bosib olinganiga qadar bu erlarda paxta maydoni 50 ming desyatina bo’lib, g’o’zaning “Toshkent”, “Qo’qon”, “Buxoro” va mahalliy navlari urug’liklari ekilardi. Ular orasida “Xiva” navi boshqalariga qaraganda ancha sifatli hisoblangan. Mustamlakachilar birinchi navbatda paxtaning sifatini o’zgartirishga, ikkinchidan olinadigan hosil miqdorini va paxta maydonlarini ko’paytirishga kirishdilar.
1863 yilda O’rta Osiyoga darvesh qiyofasida kelib ketgan mojar (venger) olimi German Vamberi “Xorazm va Farg’ona dalalarida etishtiriladigan paxta navi Misrnikidan kam emas” deb baholadi. Buni amalda sinab ko’rgan rus to’qimachilari Nijniy Novgorodda o’tkaziladigan xalqaro yarmarkalarda Xivadan kelgan savdogarlarga iltifot qilib turganlar. Rossiya hukumati Amudaryo bo’limi va Xiva xonligida Meksikaning tezpishar “Upland” (Upland - mo’’jizakor) navli paxtasini ekishni taklif etdilar. Ushbu taklif To’rtko’l, Shabboz, Saribiy tuman-uezd dalalarida sinovdan o’tkazilib ijobiy samara berganidan so’ng Xiva xonligi dalalarida ekila boshladi. Mahalliy xalq uni “Amrikon g’avachasi” (Amerika g’o’zasi) deb atadi.
“Yarim oq poshsho” (Turkiston general-gubernatori) o’lkadagi tabiiy-geografik vaziyat va ishchi kuchi bisyorligini ko’zlab Rossiya hukumatiga yo’llagan maktubida Xiva Rossiyaga paxta etkazib berishda O’rta Osiyoda birinchi va asosiy o’rinni egallashi mumkinligi, buning uchun xonlik aholisiga iqtisodiy qulayliklar yaratib berish lozimligi ko’rsatilgan edi. Maktub bilan tanishgan hukumat xonlikdan qancha tanob erda paxta etishtirish va har yili Rossiyaga qancha pud paxta yuborilishi mumkinligini aniqlashni talab qildi. Bunga quyidagi mazmunda javob olindi: “Xiva xonligi tabiiy sharoiti jihatidan paxta etishtirish uchun yaroqli bo’lgan katta er maydoniga ega. Agar shu er maydonining hammasiga paxta ekilganda edi, Rossiya har yili 3 million puddan ortiq paxta tolasi olgan bo’lur edi. Bunga erishmoq uchun dastavval xonlikni to’la bo’ysundirish va temir yo’l o’tkazish, xonlik aholisini uncha qimmat bo’lmagan bug’doy bilan ta’minlash zarur”, deb yozildi.
Xiva xonligida 1864 yilda etishtirilgan paxtani tozalash uchun 4 ming dehqon xo’jaligi band bo’lgan bo’lsa, 1880 yilda 15 ming dehqon xo’jaligi band bo’lgan.
Rossiya – Xiva savdo munosabatlari bilan shug’ullanuvchi orenburglik savdogar Mazov 1885 yilda Turkiston general-gubernatoriga murojaat qilib, Xiva xonligidan 1500 desyatina erni paxta ekish uchun ajratib berishni iltimos etadi.
Rus kapitalistlari XIX asrning 80- yillaridan boshlab xonlikka Amerika paxtachiligi madaniyatini kiritishga urinadilar, dehqonlarga Amerika paxtasi urug’ini bepul tarqatadilar va ularga etarli imtiyozlar bera boshlaydilar. O’sha davrda Amudaryo bo’limida Amerika navi besh tanob erga tajriba uchun ekildi.
1885 yili Dyukov firmasi Amerika paxtasining 10 pud chigitini olib kelib ektirdi, undan 150 pud tola olindi. Ammo Xorazm dehqonlari dastlabki davrda bu urug’dan durust hosil ololmadilar. Chunki, uni parvarishlash agrotexnikasi bilan t-nish emasdilar. Keyinchalik tajriba to’plangach, hosildorlikni oshira bordilar. Mintaqadan chetga chiqadigan yalpi mahsulot ham ko’paydi. Masalan, XIX asrning 70- yillarida har yili 150-170 ming pud paxta chiqarilgan bo’lsa. 1881 yilga kelib bu ko’rsatkich 200 ming pud, 1884 yilda 300 ming pudni tashkil etdi. (A.S.Sodiqov, o’sha monografiya 110 - bet).
XIX asrning 90-yillarida Xiva xonligida 15 ming desyatina erga chigit ekilib, Rossiyaga yiliga o’rtacha 450 ming pud, Amudaryo bo’limidan esa 160 ming pud tozalangan paxta tolasi yuborilgan.
“Xiva-Rossiya tinchlik bitimi” xonlik mustaqil siyosatini davom ettirayotgandek qilib ko’rsatib, aslida Turkiston guberniyasidan hech farqi qolmagan mustamlakaga aylantirilgan edi. Xiva xonligi va Rossiyaning bu munosabatlari XIX asrning 80- yillari oxiriga kelib kolonial ko’rinishga aylandi.
Bundan manfaatdor bo’lgan Rossiya kapitalistlari mamlakatning g’arbiy va shimoliy hududlarida kapitalistik munosabatlar rivojlanayotgan bir sharoitda asta-sekin xonlik ichiga kirib bordilar. O’sha paytlarda xonlikning aholisi 800 ming kishi, katta-kichik tuman va shaharlar soni 25 taga etardi.
Download 24.69 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling