Osiyo toponimiyasi
Download 99.97 Kb. Pdf ko'rish
|
9. Osiyo toponimiyasi
Osiyo toponimiyasi Reja: 1. Osiyo toponimiyasi haqida umumiy tushuncha. 2. Submintaqalar toponimiyasining farqlovchi xususiyatlari. 3. Markaziy Osiyo davlatlari toponimiyasiga qisqacha ta'rif. Osiyo qit'asi nihoyat murakkab va xilma-xil toponimik landshaftga ega. Shu sababdan, qit'a toponimiyasini submintaqalar doirasida o'rganish maqsadga muvofiq deb hisoblandi. Janubiy- G'arbiy Osiyo toponimiyasi Janubiy - G'arbiy Osiyo - ko'hna tsivilizatsiya beshigi hisoblanadi. Arabiston yarim oroli va unga yondosh hududlarni birlashtirgan bu submintaqa toponimiyasining qadimiyligi bilan alohida ajralib turadi. Ma'lumki, aynan Mesopotamiyada miloddan avvalgi Iv asrda, shumerlar tomonidan eng qadimiy yozuv - mixxat yaratilgan va u insoniyat tsivilizatsiyasida yangi davrni boshlab bergan. Mesopotamiya (ikki daryo oralig'i) - Dajla va Furot daryolari oralig'ida yashagan - shumer, akkad, bobil, ossuriylar, O'rta yer dengizidan sharqdagi - finikiylar, filistyamlar (qadimgi falastinlar), qadimgi yahudiylar, Kichik Osiyoni egallagan va Misr fir'avnlari bilan kurashgan xettlar, buyuk Ahamoniylar davlatini barpo etgan qadimgi forslar, ellada va rim madaniyati mintaqa toponimiyasida o'z «izlarini» qoldirgan. Ushbu hududda dunyoning uchta asosiy dini paydo bo'lgan. Mintaqadagi ayrim toponimlarning (Damashq, Bag'dod, Xaleb) yoshi bir necha ming yilga teng, ularni qaysi tilga mansubligini aniqlash ham qiyin. Dajla (shumerlarda Tigrushu) va Furot (shumerlarda Buranunu, assiriylarda Purattu) kabi gidronimlar, asrlar davomida turli tilli xalqlar ta'sirida bir necha bor shakl- shamoyilini o'zgartirib (transformatsiya) hozirgacha yetib kelgan. Iroq davlati hududida xarobalari saqlanib qolgan afsonaviy Bobil (shumercha Kadingirra, akkadcha Babilu, aynan - «tangri darvozasi», oliy ma'bud Marduk nazarda tutilgan) shahrining nomi dastlab Akkad shohi Sargon (mil. av. 2364-2314 y.) haqidagi afsonada va Ur davlatining uchinchi sulolasiga oid hujjatlarda tilga olingan. Isroil va Falastin davlatlari hududida ko'hna somiy tillarga tegishli bo'lgan butun bir toponimlar qatlamini ajratish mumkin. Masalan, Quddus shahri tarixiy yozma manbalarda, jumladan qadimiy yahudiy tilida Ierusalim, Ierushalaim, Urshalaim shaklida qayd qilingan. Quddus shahri O'lik dengizining g'arbidagi chala cho'lli yassi tog'likda joylashgan va u musulmon, yahudiy va nasroniylarda «muqaddas shahar» hisoblanadi. Quddus haqidagi dastlabki ma'lumotlar miloddan avvalgi ikki ming yillikning o'rtalariga to'g'ri keladi. Dastlab Rushalimum (Shalim xudosi shahri), yozma manbalarda miloddan avvalgi Xv asrdan Ierushalaim nomi bilan tilga olingan. Ierushalaim qadimiy yahudiylar tilida «tinchlik shahri», arabcha, al-Quds - «muqaddas» shahar ma'nolarini anglatgan. Qora va O'rta yer dengizi atrofidagi mamlakatlar toponimiyasida qadimgi davrlarga mansub geografik nomlar hozirgacha saqlanib qolgan. Ularning bir qismi hozirgi Turkiya davlati hududida joylashgan va turk tili ta'sirida shaklan o'zgargan: Smirna - Izmir, Pergam - Bergama, Selevkiya - Silifke, Sebastiya - Sivas, Galipolis - Galibolu, Trepezund - Trabzon, Antioxiya - Antak'ya, Aleksandriya - Iskanderun va boshqalar. Turkiyaning yirik port shahri Istanbul qadimda Konstantinopol', Tsar'grad, Vizantiya deb ham nomlangan. Toponimist olimlar, Istanbul shahri nomiga grekcha, stin poli - «shaharda, shahar ichi» so'zi asos bo'lgan deb hisoblashadi. Oykonimni turk tilidagi «islom bo'l» so'zi bilan bog'lab izohlash to'g'ri emas. Mintaqada keyingi davrlarda paydo bo'lgan toponimlar qatlamlari orasida arabcha nomlarning salmog'i katta. Ularning shakllanishi va mintaqa bo'ylab keng tarqalishida, islom dini paydo bo'lishi hamda arablarning harbiy yurishlari (vII-IX asr) muhim rol o'ynagan. Arabcha geografik nomlar ko'pincha, ikki so'z hamda qo'shimchadan tarkib topgan: Shatt al-Arab - «Arablar daryosi», Rub al-Holi - «chorak qismni egallagan cho'l», Bahr ul-Arab - «Arabiston dengizi» va boshqalar. Arabcha joy nomlari tarkibida jabal - «tog'», ras - «bo'g'oz», tal - «tepa», nahr, shatt - «daryo», ayn - «buloq», madina - «shahar», rabot - «qo'rg'on, qal'a» kabi toponimik terminlar ko'p uchraydi. Mutaxassislar mintaqa toponimiyasida avliyolar, payg'ambarlar va har xil diniy e'tiqodlar bilan bog'liq bo'lgan nomlarning ko'pligini alohida qayd qilishgan. Janubiy - G'arbiy Osiyo mintaqasidagi uncha katta bo'lmagan toponimik qatlamlar orasida Iroq, Suriya va Turkiyada kurd, arman va mo'g'ulcha nomlarni uchratish mumkin. Eron va Afg'oniston toponimiyasi tarkibidagi geografik nomlarning aksariyati eroniy tillarga xos. Eron - so'zi oriylar (qadimiy eroncha aryana -“oriylar mamlakati”) qabilasi nomidan olingan. Miloddan avvalgi 550 yilda hozirgi Eronning janubi-g'arbiy hududlarida Fors podsholigi paydo bo'ldi. Yunonlar, keyinchalik Yevropani boshqa xalqlari Fors nomini mamlakatni barcha qismiga taaluqli deb bilib, uni Forsiya (Persiya) deb atashgan. Fors (ruscha, Persiya) so'zi - mamlakat nomi sifatida uzoq vaqt qo'llanildi va u 1934 yili hozirgi Eron hukumatining rasmiy taklifi bilan Eron nomiga almashtirildi. Eron va Afg'oniston ko'p millatli davlatlar hisoblanadi. Bu holat mintaqa toponimiyasida o'z aksini topgan. Eron va Afg'onistondagi geografik nomlarning bir qismi O'rta Osiyo joy nomlariga o'xshash bo'lgan an'anaviy toponimlardan iborat. O'rta Osiyo hamda Eron va Afg'oniston xalqlari o'rtasida qadimdan yaqin aloqalar mavjud bo'lgan. Mintaqa xalqlarining tili, urf-odati, o'tmishi bir-biriga yaqinligi bois, geografik nomlari tanish va tushunarlidir. Tarixiy kitoblarda tilga olingan Xuroson, Sheroz, Nishopur, Astrobod, Hirot, Balx, Mazori-Sharif, G'azna, Kobul, Badaxshon, Hindikush kabi nomlarning ma'no-mazmunini ko'pchilik biladi. Eron va Afg'oniston davlatlari toponimiyasida rud, obod, dasht, ko'h, chashma, iston kabi so'zlar asosiy toponim hosil qiluvchi geografik terminlar hisoblanadi. Kavkaz toponimiyasini hozirgi vaqtda lisoniy jihatdan uchta asosiy guruhga bo'lish mumkin - arman, gruzin, ozarboyjon. Mutaxasislarning yozishicha, mintaqadagi eng qadimgi geografik nomlar hozirda o'lik hisoblangan tillarga tegishli va ularning asl shaklini tiklash qiyin. Qora dengiz sohillari qadimgi davrlardan boshlab kishilarga ancha yaxshi tanish bo'lgan. Masalan, qadimgi yunonlar Kolxida vodiysida bir necha shaharlar bunyod etishgan. Ular orasida Dioskuriada (hozirgi Suxumi atrofida), Pitiunt (Pitsunda), Fasis (Rioni daryosining qadimgi yunoncha nomi bilan) kabi shaharlar alohida ajralib turgan. Armaniston geografik nomlarining tarkibi deyarli bir xil, ularning negizini armancha nomlar tashkil etadi. Hind-evropa tillar oilasida alohida shoxani tashkil etadigan arman tili bir necha ming yillik tarixga ega. Shu sababdan, uning tarqalish areali ham ancha keng, Armanistonning hozirgi hududidan tashqari, Turkiyaning shimoli-sharqida hamda Eronning shimoli-g'arbida ham armancha nomlar ko'p. Tarixchi olimlarning yozishicha, taxminan miloddan avvalgi IX asr o'rtalarida ushbu hududlarda, hozirgi armanlarni ajdodlari bo'lgan urartu qabilalari kuchli Urartu quldorchilik davlatini tashkil etgan. Armanistonda urartu toponimlari eng quyi qatlamni tashkil etganligi bois, ularni izohlash ancha qiyin. Arxeologik qazishlarda topilgan mixxatli tosh bo'lagidan ma'lum bo'lishicha, Urartu podshosi Argishti I miloddan avvalgi 782 yilda Erabuni qal'asini qurdirgan. O'sha qal'a yonida hozirgi Yerevan shahri vujudga kelgan, qal'a nomi bilan shahar atalgan. Mutaxasislar, nomga eri (eriaxi) etnonimi asos bo'lgan deb hisoblashadi. 1936 yilga qadar shahar Erivan', keyincha rasmiy nom sifatida hozirgi mahalliy talaffuzga yaqin bo'lgan, Yerevan shakli qabul qilingan. 1921 yilda Yerevan Armaniston poytaxti deb e'lon qilingan. Mamlakat geografik nomlari tarkibida qadimgi negizdan tashqari kar - «tosh», lich - «ko'l», antar - «o'rmon», avan - «qishloq», spitak - «oq», kapuyt - «ko'k», pokr - «kichik», mets - «katta» kabi armancha geografik terminlar ham ko'p uchraydi. Gruziya toponimiyasi qo'shni Armanistonga nisbatan lisoniy jihatdan ancha xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Gruzincha toponimlardan tashqari mamlakat hududidagi geografik nomlarning bir qismini qadimgi yunoncha (asosan g'arbda), turkiy (Adjariya turklar tasarufida bo'lgan), eroniy (osetincha, mamlakat shimolida), abxazcha joy nomlari tashkil etadi. Boshqa mintaqalardagi kabi gruzincha toponimlarning aksariyati mahalliy geografik terminlar yordamida shakllangan. Gruzincha joy nomlari tarkibida tskali, tsxali - «daryo», tba - «ko'l», ru - «kanal», leta - «tog'», klde - «qoya», kedi - «tizma», vake - «tekislik», tsixe - «qal'a», kalaki - «shahar», sapeli - «qishloq», axali - «yangi», dzveli - «eski», tetri - «oq» kabi toponimik terminlar uchraydi. Masalan, mamlakat poytaxti Tbilisi (tbili - «issiq») shahrining nomiga ham geografik termin asos bo'lib xizmat qilgan. Shahar issiq buloq yonida barpo etilganligi uchun shunday atalgan. Mamlakat toponimiyasi tarkibidagi bir qator nomlarning paydo bo'lishi fitonim va zoonimlar bilan bog'liq. Gruziyadagi Kaxetiya, Svanetiya, Imeretiya kabi tarixiy viloyatlar nomlariga etnonimlar asos bo'lgan. Mutaxassislarning fikricha, Ozarbayjondagi eng quyi toponimik qatlam eroniy tillarga tegishli. Mamlakat joy nomlari tarkibida ob - «suv», obod - «shahar» kabi eroniy tillarga xos geografik terminlar ko'p uchraydi. Tog'li Qarobog' viloyatida esa armancha toponimlarning salmog'i katta. Ozarbayjoncha joy nomlarning asosini su - «suv», chay - «soy, daryo», gyol - «ko'l», dag' - «tog'», qala - «qal'a», gara - «qora», aq - «oq», demir - «temir» kabi turkiy geografik terminlar tashkil etadi. Mamlakat hududidagi turkiy toponimlar keyingi tarixiy davrlar mahsuli degan fikrga javoban, ayrim mutaxassislar turkiy (ozarbayjoncha) geografik nomlarning mintaqada qadimdan mavjudligi va ularni milodning ilk asrlarida eroniy nomlar bilan bir davrda shakllangan deb hisoblashadi. Ozarbayjon poytaxti Boku (ozarbayjoncha Baki) shahrining nomi ana shunday tarixiy nomlar sirasiga kiradi. U dastlab v - asr yozma manbalarida, keyincha IX-X asrlarda Sharq geograflari (Istaxriy, Muqaddasiy, Ma'sudiy) asarlarida qayd etilgan. Qadimgi nomning ikkita o'zaro yaqin talqini mavjud. Birinchisi, baki qadimgi turkiy tilda - “tepa, do'ng”. Ikkinchisi, nomga qadimda Apsheron yarim orolida yashagan va otashparastlikka e'tiqod qilgan, bagana (bag'ana) etnik guruh nomi asos bo'lgan. O'rta Osiyo va Qazog'iston toponimiyasi ko'p asrlik tarixga ega. Mintaqada hozirgacha aniqlangan va saqlanib qolgan joy nomlarining eng quyi qatlami eroniy tillarga xos. Ular mintaqaning barcha hududlarida, Pomir tog'laridan to To'ron tekisliklarigacha keng tarqalgan. Ma'lumki, O'rta Osiyo hududida turkiy nomlar ham juda qadimiy davrlarda shakllangan. Masalan, O'rta Osiyoni qadimiy turkiy toponimiyasini maxsus o'rgangan Sh.S.Kamoliddinni yozishicha, kelib chiqishi turkiy bo'lgan nomlar juda qadim davrlardan buyon, ushbu hududda keng tarqalgan va ular ilk o'rta asrlarda son jihatdan sharqiy eroniy tillarga xos bo'lgan toponimlardan keyin ikkinchi o'rinni egallagan. Turkiy toponimlar o'rta asrlardan boshlab to hozirga qadar mintaqa toponimiyasining eng baquvvat hamda barcha hududlarda keng tarqalgan geografik nomlar qatlamini tashkil etadi. O'rta Osiyoning boshqa hududlariga nisbatan Yettisuv, Tyan'-Shan'ning ichki qismlari va Qazog'istonning dasht mintaqasida azaldan turkiy nomlar ko'p bo'lgan. Turkiy toponimlarning shakllanishida o'ziga xos xususiyatlar mavjud. Mutaxassislarning yozishicha, turkiy toponimlar ko'pincha geografik terminlar yordamida paydo bo'lgan va bu holatni olimlar mahalliy xalqlarning yashash tarzini bevosita ularni o'rab turgan tabiat bilan chambarchas bog'liqligi bilan izohlashgan. Download 99.97 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling