Otam nega jim? (Hikoya) Shoyim Boʻtayev


Download 159.61 Kb.
Pdf ko'rish
Sana23.10.2023
Hajmi159.61 Kb.
#1717482
Bog'liq
OTAM NEGA JIM



OTAM NEGA JIM? (HIKOYA) 
Shoyim Boʻtayev 
Bunaqa hangomalar uzun qish kechalariga yarashar edi. 
Tom ortidan “duk-duk” qadam tovushi eshitilsa: 
– Аna-a, giroy bova kelyaptilar, – deya hovliqar edik. 
Koʻp oʻtmay qalin qora las choponining yelkalariga qoʻngan laylak qorni qoqa-qoqa u enkayib eshikdan kirib 
kelar va tancha ustiga qiyiqchasi orasida dastavez qilib keltirgan turshag-u jiydalarni sochib yuborib: 
– Olinglar, ermak qilinglar, — deya saxiylik koʻrsatardi. 
Keyin tanchaning toʻr tomoniga oʻtib, joylashar, oyogʻiga issiqning tafti urilishi bilan: 
– Oh,oh! – deganicha huzur qilganini eʼtirof etardi. 
Onam va singillarim narigi uyga uxlashga kirib ketishmaguncha, otam bilan u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirardi. 
Аsta-sekin tanchaning choʻgʻi ham susayib, soviy boshlardi. 
Аna shunda uning yodiga bu yil qishning qattiq kelgani tushib qolar, bunaqa sovuq faqat urush vaqtidagini 
boʻlganini otamga eslatib, keyin toʻsatdan: 
- Oʻsha mahallarda oʻzimiz ham ja-a qoruvli edik-da, — deb qolardi. – Har kiftimizda oʻrtamiyona odamning uch-
toʻrttasi bemalol davra qursa boʻlardi... 
Otam jilmayib qoʻyardi. 
U otamga nimadandir xavfsirayotgandek qarab: 
- Yo, notoʻgʻrimi? – derdi tahdid ohangida. 
- Toʻgʻri, — uning gapini tasdiqlardi otam. 
- Аna-a, shuni ayt-da, — derdi u oʻzining aybini otamga agʻdarmoqchi boʻlgandek. – Nima qilasan gapni 
opqochib? 
Otam indamay qoʻya qolardi. 
Men boʻlsam, ogʻzimni lang ochganimcha uning mosh-guruch soqoliga, ingichka qon tomirlari “toʻrlagan” yuziga, 
salqigan qovoqlari-yu quy koʻzlariga, yelkasiga...aqalli bitta odam sigʻishi ham gumon boʻlgan yelkasiga hayrat 
aralash boqib oʻtirardim. 
Tashqarida ayoz. 
Daraxtlar shoxidagi sumalaklar larzon-larzon. 
Narigi uyda oyim, ukalarim dong qotishgan. 
Xidir buva turishni xayoliga ham keltirmaydi, bolishni oʻmroviga tortadi. 
- Usta Mamasoli kattalarga jilponglab-jilponglab moshin oldi, — deydi otamni qandaydir oʻzini qiziqtirgan 
mashvaratga tortmoqchi boʻlayotgandek. — E-e, kambagʻal qolaverarkan-da kambagʻalligicha! Biri ikki 
boʻlmaskan-da! Mana, men-u sen. Xizmatimiz kimnikidan kam? Аyt! Kimnikidan kam? 
U kimlardandir domangir boʻladi. Tancha ustida dumalab yotgan popukli, ostiga mis qoplangan nosqovogʻini olib, 
kaftiga qoqadi. 
Tanchaning u burchagida otam yonboshlagan. 
Men poygakda. 


Otam: 
- Tur, yot endi, bolam, – demaydi, desa, uch-toʻrt kungacha tumshayib yurishimni biladi. 
Xidir buva pishillaydi: 
- Bilashan-ku, a-a? Uyushni aptiniyam kuyganmash... 
U tanchaning koʻrpasini koʻtarib nosini tuflaydi. Ogʻzining chetlarini bosh barmogʻi bilan artarkan, hovliqib 
davom etadi: 
- Urush vaqtida zigʻir yogʻi qimmat edi. Usta Mamasoli juvoz haydab boyib oldi. Bir kuni juvozning oʻqi usta 
Mamasolining kunda ustida turgan chap bilagi ustiga tushib majaqlab yuboribdi. Ilmoqqa yaxshi ilmagan-da! 
Koʻrdingmi, gap qayoqda?! Yalpizlanib oʻzini prontovikka oʻtkazib olgani bilan sirini bilaman baribir... 
Koʻz oʻngimda juvozning oʻqi ostida qolgan qoʻlini chiqarolmay “voy-voy”lab turgan usta Mamasoli butun 
qiyofasi bilan jonlanib, etim jimirlashadi... 
- Shularning kattachilik qilganiga kuyasan-da, a, — ichi nimadandir toriqib ketgandek xoʻrsinadi Xidir buva. — 
Kal Musaning nafasiga yaqinlashib boʻlmaydi hozir, urush paytida paranji yopinib jon saqlaganini kim bilmaydi? 
Hamma biladi, biladi-yu, hech kim buni gapirmaydi. Gʻani choʻltoq-chi? Gʻani choʻltoq qoʻliga paxta qoʻyib 
otgan. E, tovba, shuyam gap bermaydi-ya, – Xidir buvaning sap-sariq tishlari orasidan “qochqin”u 
“qoʻrqoq”larning sirlari toʻkila boshlaydi. – Shuni aytadilar-da, suv keltirgan xor-u koʻza sindirgan aziz, deb. — U 
otamning chap yelkasiga – shalvirab turgan boʻsh yengga oʻgʻrincha nazar tashlaydi. – Saniyam qoʻling urushda 
qolgan-ku, — deya maslahat beradi. – Hukumatga arza qilib bor-da, ortingdan manam boray, shuncha xizmat qilib 
bitta moshin minsak minibmiz-da, a. 
Otam tilga kiradi. 
- Obbo, Xidir polvon-ey! – deydi. 
Sira bir-biriga oʻxshamaydigan feʼli bor-da ikkalasiniyam. Hayronman, qandoq oʻrtogʻ boʻlib qolishgan ekan. 
Xidir buva “koʻmib kelgan qahramonligi”ning ustini tinimsiz qimirlayotgan lablari bilan ocha boshlaydi: 
- Urushga ketganingdan kegin, oʻrtogʻ, maniyam yuragimga olov tushdi. Chidolmadim. Ha-a, chidolmadim! 
Patirning bir chetidan tishlab olgan luqmani koʻz yoshimga qoʻshib zoʻrgʻa yutdim. Ishon, zoʻrgʻa yutdim. Kemtik 
patirni rahmatli onaginamning qoʻliga tutqazdim-da, yoʻlga tushdim. Orqamga qaramadim. Ha-a, qaramadim! 
Sezib turibman, ammo-lekigin onamning koʻzlarida gʻilt-gʻilt yosh... Oʻzim ham yigʻlab yubormay deb 
qaramadim. Shundan keyin boshlanib ketdi. Mashq qildirdi, kegin jang maydoni, kegin... kegin... E-he! – u 
kallasini qimirlatib, peshonasiga shapillatadi. – Nelarni koʻrmadi bu bosh. Odamning boshi – soyning toshi emish, 
soyning toshi boʻlganda ham ming soyniki boʻlsa kerag-ov! 
Xidir buvaning hikoyasi meni ohanrabodek oʻziga jalb etadi. Nazarimda, otamdan koʻra Xidir buva ancha 
ulugʻvordek. 
Аllaqanday oʻkinchni his etaman. 
Tashqarida ayoz. 
Tancha muzdek. 
Otam jim. 
Xidir buva oq oralab qolgan moʻylovini barmoqlari orasida sekin-sekin tovlay boshlaydi. 
Meni uyqu bosib, Xidir buvaning tovushi sekinlasha boshlaydi, ogʻzi qimirlayotganini gʻira-shira his qilaman. 
Soʻngra uni qorongʻilik yutadi. Koʻz oʻngim jimirlashib, qalqib ketaman... 
Tashqarida ayoz. 
Xidir buva hikoyasining eng qiziq joyiga kelgan boʻladi. 


- Shu desang, oʻrtogʻ, oʻzimiznikilar ham qocharkan-e! Kattadan-kichigi orqasiga qaramaydi, de! Kam edik-da!.. 
Moʻr-malaxdek nemis kelyapti, tumandek bostirib... Eng oldinda Gitler! 
Otam notinch qoʻzgʻalib qoʻyadi. 
- Obbo, Xidir polvon-ey! 
- Ha-da. 
- Obbo, Xidir polvon-ey! 
- Rost, anavi Gimler, Gibels deganlariyam bor. 
Otam kulimsirab yoqa tutamlaydi. 
– Yo, vallohi aʼlam?! 
Xidir buva haqiqiy qahramon qiyofasiga kiradi, tomirlari boʻrtib turgan qoʻllarini musht qilib, tancha ustiga 
qoʻyadi, koʻzlarini burchakka, bir nuqtaga qadaydi. 
- Men ham qochmoqchiydim, — goʻyo oʻzining juda samoviy qahramon emasligini, har qanday buyukda ham 
insonga xos kamchilik boʻlishini uqtirgandek davom etadi: — Lekigin... Lekigin buzuq tankni ichida komandir 
pusib turgan ekan. U pistoletni oʻqtalib qochayotganlarga “qayt” deydi, hech kim quloq solmaydi. Oʻris bormi, 
chulchut bormi, hamma qochyapti qarasam – jon shirin-da. Men ham endi qochmoqchi boʻlib turuvdim, komadir 
toʻpponchaning naqd ogʻzini menga toʻgʻrilab: “Sanginov, qochaman deb oʻylama, koʻksingdan darcha ochib 
qoʻyaman, pulemyotning yoniga bor”, dedi. 
Men qancha urinmayin, buzuq tankning ichida pistolet oʻqtalib turgan komandirni tasavvur etolmasdim, Xidir 
buvaga zichroq qadalaman. 
- Peshonada yozilgan ekan-da, dedim oʻzimcha, — u hikoyasida davom etadi, — ammo-lekigin sharafli oʻlim 
ekanligini bilardim. Ha-a, bilardim! Tavakkal, deb pulemyotning yoniga bordim, yotdim. Qoʻlim tepkida. Yuragim 
duk-duk uradi, de. Nemis tumandek bostirib kelyapti. Koʻzimni yumdim... E-voh, xayolimda tugʻilgan kulbam, 
ikkalamiz alaf tashigan tepaliklar, adirlar, uloq chopib yurganimiz soyliklar keladi. Koʻzimni ochaman. Nemis 
tumandek yaqinlashib qopti... 
Xidir buva chaynaladi, ogʻzidagi konfetni yutishga koʻngli boʻlmay shimib yurgan bolakaydek maza qilib sukut 
saqlaydi. Toza tang qilib, keyin ulab ketadi: 
- Аna oʻshanda Gitlerni qirq-ellik qadam narida koʻrdim. Qoʻshinning oldida kelayotgan ekan. Tishlarim gʻijirlab 
ketdi! Mendan oʻtib boʻpsizlar, ortimda ona yurtim, dedim, sizlarga hujum qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻyaman, 
deb tepkini bosaveribman-bosaveribman, bir mahal mundo-o-oq qarasam, aralangan terakdek boʻlib nemislarning 
oʻligi qa-a-ato-o-or choʻzilib yotibdi... 
Otam negadir kulgisini yashirmoqchi boʻlib, kafti ogʻzi bilan toʻsgancha: 
- Obbo, Xidir polvon-ey! – deya oʻzi bilgan gapni takrorlaydi. – Gitler ham oʻldi, de? 
- А, yoʻq, — deydi Xidir buva kulli ishonch bilan. – Qistaloqni olib qochib ketishgan ekan, zahar ichib oʻlganini 
kegin kinoda koʻrdim. 
- Obbo, Xidir polvon-ey! 
- Koʻzlarimga ishonmay qoldim. Yov qochgach, buzuq tankning ichidan komandir chiqib keldi, rangi paxtadek. 
Meni quchadi, oʻpadi, yigʻlaydi, haqiqiy geroysan, deydi qistaloq. 
Tashqarida ayoz. 
Otam jim. 


Junjikib ketaman. Nega otam oʻz qahramonliklaridan gapirmaydi, deya alam bilan oʻylayman. Balki Xidir buva 
aytmoqchi, Gʻani choʻltoqqa oʻxshab... – Xayolimga ilkis kelgan bu fikrdan koʻzlarim yarq etib ochilar, mudrab 
oʻtirib seskanib ketardim. 
Xidir buvaga havasim keladi. 
Tancha chetida oʻtirgan otam koʻzimga juda gʻarib, ojiz koʻrinar, unga qandaydir rahmim kelayotganday boʻlar 
edi. 
- Ha-a, — Xidir buva afsus va nadomat bilan bosh chayqaydi, — komandirimiz meni quchib, oʻpib, chestniy 
geroysan, deb yigʻlab turganida bir daydi oʻq keldi-yu, uning kuragidan urib, qulatdi. Ogʻzidan qon keldi-yu, jon 
berdi. Geroyligimni u bilan birga koʻmib keldim, oʻzim koʻmdim! Ha-a, oʻzim koʻmdim! 
U tuygʻusdan jimib qoladi. 
Otam hamon sukutda, lekin koʻzlarida ogʻir gʻam yuki. 
- Yuripmiz-da! – Xidir buva xoʻrsinadi. – Yalpizlanib-yalpizlanib usta Mamasoli moshin oldi, juvozning oʻqi 
ostida qolgan qoʻlini urushda boʻlgan deb yozdirgan-da... 
Tashqarida ayoz. 
Xidir buvaning ogʻzi qimirlaydi, gaplari eshitilmaydi. U qachon turib ketgani-yu chiroqning qachon oʻchganini, 
oʻrnimga kim yotqizib qoʻyganini bilmay qolaman. 
Bahor kelib, kunlar ilidi. 
Darvoza oldida turganimcha xat tashuvchi hozirgina tashlab ketgan telegrammani qayta-qayta oʻqiyman. 
Hamon goʻdak ekanman. 
Uzun qish kechalari tancha atrofida naqadar hayajonli, serzavq kechardi. Otam, otajonim dunyoning betama ishini 
jimgina soʻylab oʻtirgan ekan bu kechalarda. 
Xidir buva... 
Hamon eslayman uzun qish kechalarini. 
Xidir buva yarqiroq mashina olib, oʻgʻliga mingazib qoʻydi. Gohi-gohida maʼraka-marosimlarda uning soʻzlari 
qulogʻimga chalinib qoladi: 
- Oʻsha mahallarda oʻzimiz ham ja-a qoruvli edik-da, har kiftimizda oʻrtamiyon odamning toʻrtta-beshtasi bemalol 
davra qursa boʻlardi... 
Otamning nomiga kelgan telegramma:“Hurmatli quroldosh doʻstimiz Iso Odilov! Sizni 19-tepalikni egallashda 
aktiv qatnashganingiz uchun taqdirlashgan, lekin baʼzi sabablarga koʻra topshirilmay qolgan “Qizil Yulduz” 
ordeningizni olish tantanasiga taklif etamiz. Polk komandiri I. Ye. Zaikin”. 
Harflar orasidan nimalardir chiqib, koʻzlarimga qadaladi... 
Beixtiyor koʻz oʻngimga bolishni oʻmroviga tortib nimalarnidir aytayotgan Xidir buva keladi. 
Ogʻzi qimirlaydi, gaplari eshitilmaydi. 
Tashqarida ayoz. 
Tancha muzdek. 
Kecha uzundan uzoq. 
Otam esa... 
U hamon jim. 

Download 159.61 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling