O‘zbek adabiyotida dostonchilik janri rivoji


Download 18.29 Kb.
Sana28.12.2022
Hajmi18.29 Kb.
#1014794
Bog'liq
Aliyeva Guljahon O`zbek adabiyotida dostonchilik janri jivoji




O‘ZBEK ADABIYOTIDA DOSTONCHILIK JANRI RIVOJI
Aliyeva Guljahon
Namangan davlat
universiteti magistranti


Annotatsiya: Ushbu maqolada o‘zbek adabiyotida dostonchilik janri kelib chiqishi va rivoji, dostonning turlari. Mumtoz va zamonaviy adabiyotda yozilgan dostonlar mazmun – mohiyati. Xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyotdagi dostonlar haqida fikr yuritiladi.
Kalit so‘zlar: Doston, Mazmun va mohiyat, Yusuf Xos Hojib, Navoiy, Xamsa, Noma janri, Alpomish, Folklor, Yozma adabiyot.
РАЗВИТИЕ ЭПИЧЕСКОГО ЖАНРА В УЗБЕКСКОЙ ЛИТЕРАТУРЕ
Алиева Гулжахон, магистрант
Наманганского
Государственного
Университета
Аннотация: В данной статье зарождение и развитие эпического жанра в узбекской литературе, виды эпоса. Сущность былин, написанных в классической и современной литературе. Обсуждаются фольклор и эпосы в письменной литературе.
Ключевые слова: Сутъ и содержание, Юсуф Хас Хаджиб, Наваи, Хамса, жанр нама.
THE DEVELOPMENT OF THE EPIC GENRE IN UZBEK LITERATURE
Alieva Guljahan,
master student of
Namangan State University
Abstract. This article discusses the development of the epic genre in Uzbek literature, the types of epics, the content and essence of epics written in classical and modern literature, and epics in folklore and written literature.
Keywords: Epic, content and essence, Yusuf Khos Hajib, Navoi, Khamsa, noma genre, Alpomish, folklore, written literature.
Doston – Sharq adabiyotiga mansub, lirik-epik turdagi ko‘p qismli poetik asar. Dostonda xalq hayotining ma’lum tarixiy taraqqiyot davri uchun xarakterli, muhim bir mavzu ko‘tarilib, ertaknamo syujet, afsona va rivoyatlar shoir, baxshilar tomonidan qayta ishlanadi. Shakli she’riy bo‘lib, o‘zbek adabiyotining ayrim namunalarida va folklorda she’r bilan nasr aralash uchraydi. O‘zbek adabiyotshunosligida xalq og‘zaki ijodi va klassik she’riyatdagi lirik-epik asarlar doston deb yuritiladi.
Doston o‘zining dastlabki tug‘ilish davridan boshlaboq uch shahobchaga bo‘linadi: qahramonlik dostonlari (o‘zbek folklorida, masalan “Alpomish”), ishqiy-romantik dostonlar (uning namunalari juda ko‘p uchraydi) va didaktik dostonlar (Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Navoiyning “Hayrat ul- abror” dostonlari kabi). Ba’zi dostonlarda bu uch xil dostonning xususiyatlari birlashib ketadi (masalan, Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni ham qahramonlik, ham didaktik dostondir).
O‘zbek dostonchiligi dastlab qo‘shiqdan boshlangan. Xalqimiz yaratgan ibtidoiy davr qo‘shiq va termalarida qahramonlik eposining dastlabki kurtaklari ko‘rina boshlagan. Yelisey va O‘rxun daryolari yoqasidan topilgan Kul-tegin, Bilga-qoon, Tunyuquq qabr toshlaridagi tarixiy yozuvlar (V-VIII asrlar) va o‘rta asrning buyuk olimi Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” (1076–1077) asarida keltirilgan rajaz atalmish adabiy parchalar shuni tasdiqlaydi. Mazkur madaniy yodgorliklarda O‘rta Osiyolik o‘g‘uz, qipchoq, qirg‘iz, yag‘mo, sug‘d qabilalarining boshqinchilarga qarshi vatanparvarlik kurashlari, qabilalar aro janglar, dushmanning qochishi, g‘alabadan so‘ng zafar qo‘shig‘i kuylanishi kabi voqealar epik tarzda berilgan: o‘rni bilan qahramon va bayonchi (yozuvchi) voqeaga o‘z munosabatini bildiradi, ya’ni hozirgi tushunchada lirik chekinishlar qilinadi. Turkiy xalqlarning ko‘hna adabiy yodgorligi “Kitobi dada Qo‘rqut” (yozma shakli XVI asr) da esa xalq epik ijodining ancha yuksak pog‘onaga ko‘tarilgani, yuqoridagi ilk terma va qo‘shiqlardan lirik-epik janrning hozirgi shakllangan formasiga yaqinlashib borilgani ko‘zga tashlanadi. Syujet jihatidan har qaysisi mustaqil 12 qo‘shiqdan iborat bu turkumda o‘g‘uzlar hokimi Boyondurxon va uning Azamat bahodirlari haqida hikoya qilinadi. Muhimi shundaki, ko‘rgan-bilganlarini qo‘biz bilan aytuvchi – xalq tarixining kuychisi Qo‘rqut bobo ham kitobdagi voqea-hodisalarning ishtirokchisi, xon va beklarning, barcha elning dono maslahatchisidir. Kitobdagi “Bamsi-bayrak” voqeasini mashhur o‘zbek eposi “Alpomish”ning qadimiy varianti desa bo‘ladi. O‘g‘uz xalqining ko‘chmanchilik hayoti va patriarxal munosabatlari lavhalari, Boyondurxon bahodirlarining xarbiy jasoratlari tasviri, epik ko‘lam va uslub xususiyatlari qaxramonlik eposimiz takomillasha boshlaganidan guvohlik beradi. Shiroq, To‘maris va Zarina singari fidokor botirlar haqidagi afsona va rivoyatlar ham shu qahramonlik eposining xalq ijodida aks etgan navbatdagi ko‘rinishlari edi. Keyinroq borib xalqning bosqinchilarga qarshi kurashi ifodalangan “Go‘ro‘g‘li” va “Alpomish” tipidagi yirik qahramonlik dostonlari vujudga keldi. O‘zbek folklorida qahramonlik dostonlari bilan birga romantik dostonlar (“Ravshanxon”), tarixiy mazmundagi dostonlar (“Shayboniyxon”, “Xasan batrak”, “Ochildov”) va kitobiy dostonlar (“ Zevarxon”) ham uchraydi. Odatda, dostonning sajda yozilgan nasriy qismi voqealarni bir-biri bilan bog‘lovchilik rolini o‘taydi va syujet rivojiga yordam beradi. Asarning she’riy parchalari esa lirizm bilan sug‘orilib , badiiy ravon va serbo‘yoq bo‘ladi. Baxshining lirik chekinishlari, qahramonning murakkab ichki dunyosi tasviri, shiddatli jang bayoni – ot chopishi, yovdan qochishi kabi holatlar beriladi. Deyarli hamma dostonlarda bosh qahramonni ideallashtirish, tasvirda mubolag‘a, ishqiy-romantik sarguzashtlar va ertaklarga mos syujet chiziqlari mavjud. Dostonchiligimizdagi yana bir xususiyat shundaki baxshilar an’anaviy mavzularda kuch sinashib, o‘ziga mos uslubda asar yaratadi. Masalan, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Po‘lkan, Ergash Jumanbulbulog‘li, Xolyorbaxshi, Saidmurod Panayevlarning “Yusuf va Ahmad”, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Islom shoirlarning “Alpomish”, “Rustamxon”, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li va Islom shoirlarning “Kuntug‘mish”, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li va Qurbonnazar Abdullayevlarning “Oshiq G‘arib” dostonlari.
O‘zbek xalq og‘zaki ijodiyotidagi dostonlar yozma adabiyotdagi doston janrining yuzaga kelishiga katta zamin bo‘ldi. Yozma adabiyotda folklorning bevosita ta’siri ostida muayyan tarixiy davrdagi ijtimoiy-siyosiy hayot bilan uzviy bog‘langan, zamonasining muhim masalalarini dadil ko‘tarib chiqqan ajoyib xilma-xil dostonlar yaratildi. Yusuf Xos Hojib ( XI asr)ning “Qutadg‘u bilig”, Xorazmiy ( XII – XIV asrlar)ning “Muhabbatnoma”, Durbek (XIV-XV asrlar)ning “Yusuf va Zulayho”, Navoiyning “Hayrat ul –abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, Sabba’i sayyor’’,”Saddi Iskandariy”, Muhammadsolih (XV-asr)ning “ Shayboniynoma”, Majlisiy(XV-asr)ning “Qissai Sayfulmulk”, Nishotiy (XVIII-asr)ning “Husnu Dil” singari axloqiy-ta’limiy, ishqiy-romantik , falsafiy-didaktik va qahramonlik dostonlari shular jumlasidan. Bu asarlarda folklor dostonlaridagi kishini boshqa birovning baxti uchun xolis xizmat qilishi, kezi kelsa, o‘zini bu yo‘lda fido etishgacha borib yetish kabi buyuk odamiylik tarannum etildi. Mumtoz adabiyot dostonlarida ham voqea-hodisalar folklordagi kabi keng ko‘lamda olinib, qahramonlar xatti-harakati va xarakteri bo‘rttirilib, romantik ruhda tasvirlanadi.
O‘zbek mumtoz adabiyotida yana shunday asarlar ham borki, bularda xalq og‘zaki ijodiyotidagi syujet, afsona va rivoyatlar shoirlar tarafidan qayta ishlanib, yozma adabiyot namunalariga aylantirildi. Bular – Sayyodiy (taxminan XVI asr)ning “Tohir va Zuhra”, Sayqaliy (1730–1797)ning “Bahrom va Gulandom”, Andalibning “Layli va Majnun”, Rizoiyning “Xurshid va malikai Dilorom” hamda muallifi hozircha noma’lum bo‘lgan “Gulfarah” dostonlari. Bunday asarlar o‘zbek dostonchiligi tarixida o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan alohida soha, janr qirralaridan biridir. Bunday dostonlarning muqaddimasi va voqealarning bayon etishdagi uslubi folklor dostonlari uslubiga juda yaqin. Asarlar “Ammo roviyoni axbor va noqiloning osor va muhaddisoni doston andog‘ rivoyat qilurkim, zamoni avvalda bir podshoh bor erdi” (“Gulfarah”dan) qabilida boshlanadi va she’riy parchadan oldin: “Shohzoda otasig‘a qarab, ruxsat tilab, bir so‘z aytdi” (“Xurshid va malikai Dilorom”dan), “Ammo Layli bechora zor-zor, chun abri navbahor yig‘lab, onasig‘a boqib, bir so‘z dedi ” (“Layli va Majnun”dan) kabi uslublar qo‘llanadi. Bu yerdagi qofiyali saj ham yetuk, badiiy mukammal xalq dostonlarini esga tushiradi.
O‘zbek adabiyoti tarixida “noma” taxlitida yozilgan talay dostonlar ham mavjud, bular o‘z matni va ularni ifodalash yo‘llari bilan xilma-xil. Masalan, “Muhabbatnoma” (Xorazmiy), “Latofatnoma” (Xo‘jandiy), “Taashshuqnoma” (Said Ahmad) va “Daxnoma” (Yusuf Amiriy) lar oshiq tomonidan ma’shuqaga yo‘llangan maktublardan iborat bo‘lsa, “Shayboniynoma” (Muhammad Solih), “Karbalonoma” (Uvaysiy) va “Gershaspnoma” (Asadi Tusiy)lar harbiy yurishlar madh etilgan tarixiy jangnomalardir. Avvalgilarida voqelik shoirning his- hayajoni, nafis kechinmalari orqali lirik shaklda berilsa, keyingilarida voqea- hodislarning o‘zi epik ko‘rinishda bayon etiladi. Shaharlarga qasida tarzida bitilgan “Toshkentnoma” (Shayxzoda) va “Samarqandnoma” (Dushan Fayziy)larda esa matn lirik epik taxlitda talqin qilinadi. Yuqoridagi ayrim dostonlar, xususan, Navoiy “Xamsa”sidagi “Farhod va Shirin”,”Saddiy Iskandariy” va “Sabbai Sayyor” kabilar o‘zbek adabiyotining xazinasi bo‘libgina qolmay, jahon dostonchiligidagi shoh asarlar qatoridan joy oladi. Ularning hozirgi davrda she’riy roman deb baholash ham mumkin. Zero, bu buyuk asarlar Firdavsiyning “Shohnoma”, Rustavelining “Yo‘lbars terisini yopingan qahramon”, Pushkinning “Yevgeniy Onegin”, asarlari singari o‘z davrining haqiqiy epopeyalaridir. Bertels qayd etganidek, “… Navoiyning “Sabbai Sayyor”iga kirgan yetti hikoyadan istalganini olib ko‘ring, ularning har biri butun bir roman, agar shularni zamonamiz uslubiga kengaytirib yozilganda, har birining o‘zi yana qancha-qancha nazirago‘ylarni keltirib chiqargan bo‘lardi”[1].
Yozma adabiyotdagi lirik-epik janrning shakllanishida folklor dostonlarining roli benihoya katta bo‘lganidek, adabiyotimiz taraqqiyotining keyingi davrlarida bu hodisaning aksi yuz berdi, ya’ni Durbek, Lutfiy, Navoiy, Majlisiy, Sayyodiy kabi mumtoz adabiyot vakillarimizning dostonlari qator xalq dostonlarining yaratilishiga barakali ta’sir qildi. Sevgi va qahramonlikni ulug‘lovchi yozma adabiyot dostonlari Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Po‘lkan, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Islom shoir singari atoqli baxshilarimiz ijodi uchun bir maktab bo‘ldi. O‘zbek folklori xazinasidagi “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Tohir va Zuhra”, “Yusuf va Zulayho”, “Sayfulmuluk” va boshqa xalq dostonlari ana shunday ijobiy ta’sir tufayli dunyoga keldi.
XX asr boshida yozma adabiyotdagi dostonlar juda o‘zgarib va yangilanib ketdi. Bunga bir tomondan, tarixiy sharoitni o‘zgarishi sabab bo‘lsa, ikkinchi tomondan, jahon adabiyotida dostonchilik bo‘yicha to‘plangan boy tajriba bevosita sabab bo‘ldi. Hayotdagi voqea-hodisalarni eng qaynagan kulminatsion tarzda tasvirlash, syujetda kuchli dramatizm va odam harakteri talqini doston-poemaning bosh hususiyati bo‘lib qoldi. ”Eng yangi poeziyada eposning maxsus bir xili mavjud bo‘lib, bu hayot prozasidan mutlaqo begona va voqelikning faqat poetik, ideal lahzalarni olib tasvir etadi, mazmuni ham hozirgi insoniyatning g‘oyat chuqur dunyoqarashi va manaviy masalalaridan iboratdir. Eposning bu birgina xili “Poema” nomini oqladi”.[2] O‘zbek dostonchiligida mavzu, g‘oya, uslub, kompozitsiya va obrazlar o‘zgarib, lirik-epik janr mohiyat-e’tibori bilan yangilandi. Lekin yangi doston an’anaviy dostonchilikning qahramonona hodisalarini kuylash, bosh qahramonni ijobiy fazilatlarda ko‘rsatish, chuqur g‘oyaviylik voqelikni to‘la qamrab olish, yuksak badiiylik kabi muhim belgilari saqlanib qoldi va o‘zbek dostonchiligi uchun asos bo‘ldi. Dostonchiligimizda “Zaynab va Omon” (Hamid Olimjon), “Qo‘qon” (G‘afur G‘ulom ), “O‘ch”, “Davrim jarohati” (Oybek), “Onamga xat” (G‘ayratiy), “Jon temir” (Uyg‘un), “Bruno” (Sulton Jo‘ra), “Toshkentnoma”(Shayxzoda), “Surat” (Mirtemir), “Usta G‘iyos” (Mirmuhsin) , “Mangulikka dahldor” (Asqad Muxtor), “Hayot ishqi” (Hamid G‘ulom), “Obi hayot” (Ramz Bobojon), “Ruh bilan suhbat” (Saida Zunnunova), “Gulshan” (Jumaniyoz Jabborov), “Quyoshga oshiqman” , “Bog‘ ko‘cha bolalari” (Husniddin Sharipov) , “Buyuk hayot tonggi” , “Nido” (Erkin Vohidov), “Qo‘sh yurak” (Yusuf Shomansur), “Gumbazdagi nur” (Muhammad Ali) singari har qaysisi o‘ziga xos dostonlar yaratildi. Bu dostonlar mumtoz adabiyot va xalq og‘zaki ijodidagi dostonlarning ilg‘or an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan.
O‘zbek adabiyotshunosligida xalq og‘zaki ijodi va klassik she’riyatdagi lirik-epik asarlar doston deb yuritiladi. O‘zbek dostonchiligi dastlab qo‘shiqdan boshlangan. Xalqimiz yaratgan ibtidoiy davr qo‘shiq va termalarida qahramonlik eposining dastlabki kurtaklari ko‘rina boshlagan. Dostonchiligimizdagi yana bir xususiyat shundaki baxshilar an’anaviy mavzularda kuch sinashib, o‘ziga mos uslubda asar yaratadi. O‘zbek xalq og‘zaki ijodiyotidagi dostonlar yozma adabiyotdagi doston janrining yuzaga kelishiga katta zamin bo‘ldi. Yozma adabiyotda folklorning bevosita ta’siri ostida muayyan tarixiy davrdagi ijtimoiy-siyosiy hayot bilan uzviy bog‘langan, zamonasining muhim masalalarini dadil ko‘tarib chiqqan ajoyib xilma-xil dostonlar yaratildi. Hayotdagi voqea-hodisalarni eng qaynagan kulminatsion tarzda tasvirlash, syujetda kuchli dramatizm va odam harakteri talqini doston-poemaning bosh hususiyati bo‘lib qoldi.


Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Mallayev N.M., O‘zbek adabiyoti tarixi, T., 1963
2. Izzat Sulton, Adabiyot nazariyasi, T.,1939
3. O‘zbek xalq dostonlari, t. 1 – 2, T.,1956-1957
4. Бертельс Е.Э. Избр.труды . Навои и Джами ,М., 1965
5. O‘zbek milliy ensiklopediyasi. Ikkinchi jild. T., 2000.

1 “Navoiy va sharq adabiyoti” maqolasidan



2 Белинский В. Г. Полное собрание сочинени , т. 6,1955,стр 415.

Download 18.29 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling