O‘zbek qissalari poetikasi O‘zbekiston respublikasi
Download 0.54 Mb.
|
O‘zbek qissalari poetikasi-hozir.org
MUQADDIMA
Mamlakatimiz zining yigirma yildan ortiq mustaqil taraqqiyoti davomida hayotning barcha soha va tarmoqlarida olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritdi, dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallab, milliy davlatchilik asoslarini mustahkamlab, tom ma’nodagi ozod va suveren mamlakatga aylandi. Bu yangi davr siyosiy jihatdan mustaqillikning qo‘lga kiritilishi; ijtimoiy va iqtisodiy hayotning yangilanishi; ma’naviy-ma’rifiy sohada, inson tafakkurida teran evrilishlarning sodir bo‘la boshlashi, milliy qadriyatlarning tiklanishi, jamiyatning barcha sohalarida qadimiy va boy an’analarning yangi tarixiy kontekstda rivojlantirilishi bilan xarakterlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov ta’kidlaganlaridek, “Xalqning madaniy qadriyatlari, ma’naviy merosi ming yillar mobaynida Sharq xalqlari uchun qudratli ma’naviyat manbai bo‘lib xizmat qilgan. Uzoq vaqt davom etgan qattiq mafkuraviy tazyiqqa qaramay, O‘zbekiston xalqi avloddan-avlodga o‘tib kelgan o‘z tarixiy va madaniy qadriyatlarini hamda o‘ziga xos an’analarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan ko‘p asrlar mobaynida yaratib kelingan g’oyat ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan nihoyatda muhim vazifa bo‘lib qoldi”1. O‘zbek qissachiligi adabiyotimizning yetakchi janrlaridan biri hisoblanadi. Bu janrning vujudga kelishi va shakllanishi uzoq tarixga ega. O‘zbek nasrining Abdulla Qodiriy, Sadriddin Ayniy, G’afur G’ulom, Oybek, Abdulla Qahhor kabi darg’alari qissaning jahon badiiy tafakkuri durdonalari bilan bo‘ylasha oladigan namunalarini yaratdilar. Bu avlod vakillari o‘zbek qissachiligiga asos soldilar hamda uni muayyan taraqqiyot bosqichiga ko‘tardilar. Ularning an’analarini davom ettirgan Asqad Muxtor, Saida Zunnunova, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Ne’mat Aminov singari yozuvchilar qissa janrining adabiyotimizda to‘la shakllanib, badiiy-estetik jihatdan takomillashuviga hissa qo‘shdilar. XX asrning 70-80-yillariga kelib adabiyotda yangi bir to‘lqin sezila boshladi. Bu davr yozuvchilari ijodida mumtoz adabiyot an’analariga va milliylikka intilish kuchaya bordi, yangicha adabiy tafakkur shakllanib, badiiy obrazlar silsilasida turmushni tubdan o‘zgartirishga da’vat etuvchi zamonaviy qahramonlar maydonga chiqdi. O‘zbek qissachiligida Murod Muhammad Do‘st, Tog’ay Murod, Erkin A’zam, Xayriddin Sultonov, G’affor Hotamov, Xurshid Do‘stmuhammad kabi navqiron avlod vakillari bo‘y ko‘rsatdi. Ularning asarlarida milliy o‘zlikni saqlab qolishni burch deb bilgan, nobop ijtimoiy muhitda asriy qadriyatlarning toptalayotganidan ozurda, ayni paytda, yashashning ma’nosini va inson qalbi sirlarini anglashga intilayotgan, achchiq turmush goh ezib, goh chetga chiqarib qo‘ygan, o‘zini tinimsiz taftish etayotgan qahramonlar paydo bo‘ldi. Bu qahramonlar ko‘ngilga yaqinligi, o‘zida hayotning ziddiyatli haqiqatlarini teran badiiy aks ettirganligi bilan o‘quvchilar diqqatini jalb etdi. Mazkur o‘quv-uslubiy majmuada qissaning taraqqiyot bosqichlari ilmiy jihatdan asoslab berilgan. Uning tarixiy ildizlari, rivojlanishi va qissaning o‘ziga xos jihatlari tahlil etilgan. O‘quv-uslubiy majmua Samarqand davlat universiteti Hozirgi zamon o‘zbek adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi M.Boboxonov tomonidan tayyorlandi. Download 0.54 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling