O‘zbek qissalari poetikasi O‘zbekiston respublikasi


Ma’ruza mashg’ulotini o‘tkazishda yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar


Download 0.54 Mb.
bet5/55
Sana02.06.2024
Hajmi0.54 Mb.
#1836702
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   55
Bog'liq
O‘zbek qissalari poetikasi-hozir.org

Ma’ruza mashg’ulotini o‘tkazishda yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar
Darsni ma’ruza-konferensiya ko‘rinishida tashkil etish nisbatan yaxshi samara beradi. Unda talabalarning maxsus tayyorgarlik asosidagi chiqishlari, fikr-mulohazalari tinglanadi.
Mavzuning asosiy mazmunini bayon etishda oldindan tayyorlab olingan taqdimot materiallarini qo‘llash maqsadga muvofiqdir. Olingan ma’lumotlarning talabalar tomonidan mustahkam o‘zlashtirilishini nazorat qilib borish maqsadida insert jadvalidan samarali foydalanish mumkin.
3. JANR TABIATI VA GENEZISI

Adabiy janrning muayyan tarixiy davrdagi taraqqiyot tamoyillarini o‘rganish adabiyotning rivojlanish qonuniyatlarini aniqlashga imkon beradi.



XX asrning boshlari dunyo miqyosida ijtimoiy-siyosiy voqealarga boy. Sinfiy kurashlar, hokimiyat uchun bo‘lgan to‘qnashuvlar muayyan ijtimoiy tuzumga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Asr boshida o‘zbek adabiyotida ham yozuvchilar zimmasiga yangi zamon, yangi davr kishisi obrazini yoritish mas’uliyati yuklandi. Adabiyotda sosialistik realizm prinsiplariga amal qilish tamoyili kuchaydi. Buni 30-yillarda o‘z ijodini boshlagan yozuvchilarning asarlari misolida ko‘rish mumkin. Yangi metod shoir va yozuvchilar zimmasiga siyosiy tuzum manfaatlarini og’ishmay himoya qilishni yukladi. Respublikamizda qo‘lga kiritilgan mustaqillik tufayligina adabiy merosimizni, qadriyatlarimizni yangi nigoh, yangi nuqtai nazar bilan baholash imkoni tug’ildi.
Bu jarayon muayyan vaqtni oladi. Gap madaniy qadriyatlar, ma’naviy meros haqida ketar ekan ulug’ ajdodlarimiz qoldirgan ulkan ma’naviy merosni o‘rganish va asrab avaylashga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish zarurligi oydinlashadi.
Bugungi kunda 20-30-yillar adabiyoti muammolarini tahlil etishda turli xil qarashlar mavjud. Xususan, U.Normatov qayd etganidek:
"Keyingi paytlarda 20-30-yillari adiblarimiz orasida bo‘lib o‘tgan ijodiy munozaralar, bir qancha ijtimoiy - siyosiy, tarixiy hodisalarga munosabatdagi tafovutlar ustida bahslar ketayotir. Yaqin-yaqinlarda kimki oktyabr to‘ntarishini, sho‘rolar siyosatini olqishlagan bo‘lsa, ularni "o‘zimizniki" sanab, tanqidiy fikr aytgan qalam ahlini "dushman"ga chiqarar edik. Endi, aksincha, ayni o‘sha adiblarimizning sho‘rolar to‘g’risidagi salbiy fikrlarini topib olib qahramonga chiqarish yoki sho‘roga xayrixohligini ro‘kach qilib kamsitish hollariga bot-bot duch kelayotirmiz... Axir buni ilm deb bo‘ladimi! Haqiqiy fan vaziyatga qarab tovlanavermaydi, hodisalarni bor holicha - murakkabligi, ziddiyatlari bilan ko‘rsatish yo‘lidan boradi"17.
Haqiqatan ham «haqiqiy fan... murakkabligi, ziddiyatlari bilan» adolat yo‘lini tanlaydi.
Qatag’on yillari yozuvchilar siyosat bilan hisoblashishga majbur bo‘ldilar. Bu yozuvchilarning ijodiy imkoniyatlarini chegaralab qo‘ydi. Asar qahramonlari bir xil qolipdan chiqqanga o‘xshab qoldi.
Roman va qissa janri borasida ham turlicha qarashlar mavjud. Adabiyotshunos L.V.Chernes roman va povest haqida shunday fikr bildiradi: "romanga nisbatan povest syujetining masshtabi torroq va qurilishi jo‘nroq bo‘ladi; syujetning, ko‘pincha, xronikal xarakterda bo‘lishi va hikoyachi - avtor ovozining butun asar davomida eshitilib turishi - povestning spesifik xususiyatidir»18. Ko‘ramizki, asarning hajmiga qarab, roman yoki qissa deb baholash tendensiyasi haligacha davom etib kelayapti. A.Ninov, N.Berkovskiy, V.Kojinov, N.A.Gulyayev kabi adabiyotshunoslar ham qissa va povest haqida fikr bildirib, «badiiy mazmunni va hikoya qilish ohang»ini asos qilib oladilar. Biz yuqorida nomlarini qayd etgan adabiyotshunoslarning fikricha, povest - «hayotning sokin va epik oqimi»dir. Bunday xulosa povest tabiatiga nisbatan bir tomonlikni yuzaga keltiradi. Chunki aksar povestlarda keskin konfliktlar asosiy o‘rinni egallaydi.
Umuman, janrlar o‘rtasida qat’iy chegara, biriga xos chizgilar ikkinchisiga o‘tib turishi mumkin. Qissa, odatda, o‘rta epik janr hisoblanadi. Biz qissa poetikasi haqida ilmiy fikr yuritishimiz uchun jahon va milliy adabiyotimizda mavjud sara asarlar bilan bir sirada XX asr boshlarida yaratilgan qissalarni ham tahlil obyektimizga kiritdik.
Qissaning o‘ziga xosligi haqida gap ketganda, odatda undagi syujet chizig’ining bir tarmoqli bo‘lishi qayd etiladi. Tugun, ya’ni syujet «rivojining bir tarmoqli bo‘lishi povestning asosiy belgisi bo‘lib qoldi»19. Yana shu manbada aytilishicha, povest san’atkorga «butun diqqat e’tiborni eng asosiy va muhim masalaga qaratish imkonini beradi»20
O‘zbek adabiyotida povest iborasi qissa atamasi bilan yonma-yon ishlatildi. Ammo, akademik Izzat Sulton povest so‘zini qissa deb qo‘llashni maqsadga muvofiq deb topmagan, olimning fikricha: "Povest o‘zbek yozuvchilari va adabiyotshunoslari terminologiyasida ba’zan "qissa" termini bilan ham ifodalanadi. Bizningcha klassik eposga taqlidan iste’mol etiladigan bu terminni "povest" termini bilan parallel qo‘llash unchalik asosli bo‘lmasa kerak. Chunki povestning qissadan farqlari ham bor: avval aytilganidek, "qissa" ko‘pincha ishqiy mazmunga ega, hozirgi zamon povestida esa ishqiy liniyaning bo‘lishi shart emas”21.
Izzat Sulton povest va qissa o‘rtasidagi muayyan tafovutni ta’kidlash bilan bir sirada fikrlarini asoslashga ham harakat qilgan. Bizning fikrimizcha, bu atamalarni ovrupalashtirish bilan bog’liq. “Povest” so‘zi sof ruscha so‘z. Mustaqillikdan so‘ng «qissa» atamasi keng qo‘llanmoqda. “Povest” atamasi sekin iste’moldan chiqdi.
O‘zbek adabiyotida qissa (povest) janrining tarixi mumtoz adabiyotga borib taqaladi. Qissa rus adabiyotining XIX asr birinchi yarmida shakllanib ulgurgan povestning qo‘shilishidan vujudga kelgan. Bundan tashqari, XX asrda bu janrning yana keng o‘rin olishida umumlashgan metodlar, romantizm va realizmning sintezlashuvi ham muayyan rol o‘ynadi.
«O‘zbek klassik adabiyotida romantik povestlar anchagina bo‘lib, ular qissa termini bilan yuritilib kelingan. Realistik povest esa, asosan Ulug’ Oktyabr sosialistik revolyusiyasidan so‘ng yuzaga keldi»22 deyilishida asos bor.
Povest janri rus adabiyotiga taalluqli bo‘lib, g’arb adabiyotida bu atama uchramaydi. Gegelning «Estetika» asarida epik janrlar haqida gap ketgan o‘rinda roman, povest, hikoya, masal, haqida so‘z yuritiladi. Fikrimizcha ulardagi novella Yevropa adabiyotidagi povestga mos kelsa keladi23 .
Aslida bitta janr sifatida e’tirof etilayotgan “qissa” va “povest” xususida qarashlar turlichadir.
Avval aytganimizdek, istiqlol davri adabiyotshunosligida “qissa” janri yetakchilik qildi. “Povest” atamasi deyarlik ishlatilmaydi.
Bu haqda adabiyotshunos A.Rasulov XX asrning 80- yillaridayoq povest va qissa atamalari to‘g’risida quyidagi fikrni bildirgan edi: “Ba’zi mutaxassislar povest janri qobig’ida yangi prozaik janr – qissachilik paydo bo‘layotganligini aytdilar. Qissachilikda ro‘y berayotgan ichki jarayonlarni ko‘rish, yangi xususiyatlarni farqlash – yaxshi. Lekin, nazarimizda janri ichra janr tuzilayotganligini bashorat qilishga shoshilmaslik lozimga o‘xshaydi”.24
Adabiyotshunos ta’kidlaganidek bugungi kun nuqtai nazaridan qaralganda epik ko‘lami jihatidan romandan keyin turadigan janr o‘zbek adabiyotida qissadir.
XX asrda o‘zbek adabiyotining yangi ko‘rinishlari vujudga keldi. Ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lgan o‘zbek adabiyoti yangilandi. Bu jarayon adabiyotda voqelikni badiiy o‘zlashtirish imkoniyatlari kengaygani, realistik tasvir usuli birinchi bosqichga chiqqani, adabiyot xazinasiga yangi janrlar qo‘shilgani, avvaldan mavjud janrlarning esa takomillashgani, ya’ni ularning janriy belgilari qat’iylashganida ko‘rinadi.
XX asr o‘zbek qissachiligida Fitratning alohida o‘rni bor. Uning "Hind sayyohi" qissasi asr boshlarida shakllanib kelayotgan o‘zbek qissachiligiga tamal toshini qo‘ydi. Ushbu asar haqida adabiyotshunos olim: Baxtiyor Nazarov, Yo‘ldosh Solijonov va boshqalar o‘zlarining fikrlarini bildirishgan. Xususan, Yo‘ldosh Solijonovning fikricha: "Fitratning asardan ko‘zlagan bosh maqsadi "g’aflat olami"ga bandi halqning nurga intilishini, ma’rifiy qobiliyatini aks ettirishdir. "Fitrat bu qissasida ham o‘zining ilg’or ma’rifatparvarlik g’oyalarini" (B.Nazarov) astoydil ilgari suradi. Qalamga olingan barcha voqea-hodisalar bosh maqsadni asoslashga yo‘naltirilgan. Ulamolar hayoti, madrasa hamda maktab tutimini tasvirlash, bu jabhalarda jiddiy islohotlar o‘tkazish orqali turmushni yaxshilash uchun avvalo xalqni ma’rifatli qilish zarurligi g’oyasi ilgari suriladi. Ayni paytda bu xayrli ishlarni amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan illatlar, kimsalar yozuvchi nigohidan chetda qolmagan"25.
Haqiqatan ham, Fitrat, adabiyotshunos Y.Solijonov e’tirof etganidek, ma’rifatparvarlik g’oyalarining tolmas targ’ibotchisi edi. U ushbu qissasida Turkiston va Buxorodagi iqtisodiy ahvolni chuqur tahlil etgan, shuningdek, hunarmandchilikni rivojlantirish va boshqa masalalar to‘g’risida mulohazalarini bayon qilgan. Maxsulot ishlab chiqarishda texnologik jarayonlarni nazarda tutib, uni zamonaviy darajalarga ko‘tarish, bozorni, umuman iqtisodni o‘rganish zaruratini o‘rtaga qo‘yadi. Darhaqiqat taraqqiyotga erishishda bu eng muhim omillardir. Fitrat shu o‘rinda Ovropa fabrikantlari bilan mahalliy hunarmandlar mehnat tarzini ularning bozordan o‘rin olish masalalarini qiyosiy holda ochib beradi.
Adib asarda Turkiston va Buxoroda hunarmandchilik va dehqonchilik faqat odamlarning qo‘l kuchi bilan amalga oshirilayotganligini tasvirlab korxonalarni texnik jihozlar bilan ishlatish zarurligini ta’kidlaydi.
A.Qodiriyning "Obid ketmon" qissasida o‘sha davr muammolari o‘z aksini topgan. U yillari jamiyatda katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Kutilmaganda jamoalashtirish, industrlashtirish siyosati boshlanib ketdi. Bu siyosatga qarshi bo‘lganlar jisman yo‘q qilindi. Kommunistik partiya o‘z siyosatini o‘tkazish uchun yozuvchilar oldiga shu jarayonlarni tasvirlash vazifasini qo‘ya boshladi.
Yozuvchi qissadagi voqealarning shohidi bo‘lgan. U jarayonni chuqurroq anglash uchun qishloqma-qishloq kezdi, hayotni o‘rgandi. Asarda ishtirok etuvchi qahramonlar xarakterining betakrorligi va o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.
Abdulla Qodiriy povestidagi Obid ketmon zamonasining qahramoni edi. Garchand Obid ketmon, G’.G’ulomning «Ko‘kan» poemasidagi Ko‘kandan ko‘p jihatlari bilan farq qilsa-da, atrofda kechayotgan voqealar uni befarq qoldirmaydi. U kolxozni jamoalashtirishning tub mohiyati kimlarga qaratilganligini chuqur anglab yetishga ojiz. Chunki, Obid ketmon o‘sha yillar siyosati turlanib turganligi uchun ham o‘zi kabi kolxozchilarni o‘ylantiradigan savollarga javob topa olmaydi.
Keyingi yillarda jadid adabiyotiga oid tadqiqotlar ko‘p yaratildi. Yangi davr o‘zbek qissachiligining ildizlari o‘tgan asrning 10-yillariga to‘g’ri keladi. Jadidchilik 20-yillardayoq reaksion oqim sifatida qoralangani bois o‘tgan asrning qariyb 90-yillariga qadar uning namoyandalari haqida oz yozilgan. Holbuki, jadid adabiyoti namoyandalari XX asr boshlarida hur fikr bilan kirib kelganlar. Ular oldida millatni uyg’otishdek ulug’ bir maqsad turgan. Ammo bu mustamlakachi tuzum "arboblari"ga yoqmasdi. Shu bois ham jadid adabiyoti vakillari qatag’on qilindi.
Adabiyotshunos olim B.Nazarov jadidchilik harakatining asosiy yo‘nalishlari haqida: «Turkiston jadidlarida G’arb va Ovrupa falsafasi, ayniqsa, fransuz ma’rifatparvarlaridan o‘rganilgan joylar ko‘p. Buni alohida ta’kidlash zarur. Bu, dunyo va insoniyat yaxlitligiga yana bir dalildir. Zero, bir vaqtlar o‘z taraqqiyotiga Sharqdan kuchli turtkilar olgan G’arb va Ovrupo muayyan yuksalish bosqichida turib, ijobiy samaralarini Sharqning o‘ziga yana qaytarib berdi. Lekin, ayni vaqtda, jadidchilik harakatidagi barcha ilg’or nuqtalarni, faqat G’arbga, Ovrupaga bog’lab qo‘yish o‘rinli bo‘lmas. Jadidchilik harakati va g’oyalarining asosini Turkistonning o‘zida vujudga kelgan tarixiy, ijtimoiy-siyosiy vaziyat va sharoitlardan izlamoq to‘g’riroqdir. Birgina misol: taraqqiy etgan G’arb va Ovrupo mamlakatlari o‘zga, bosqinchi mamlakat asoratida emas edilar. Turkiston esa, Sho‘ro to‘ntaruviga qadar ham, undan keyin ham ana shunday istibdod ostida edi. Binobarin, jadidlarning bosh g’oyalari ham ana shu - istibdoddan qutilish va mustaqillikni qo‘lga kiritish maqsadi bilan bog’lanib ketadi»26.
Tobora kuchga kirib borayotgan kommunistik mafkuraga milliy ozodlik harakatiga xos yuksak ma’naviy-ma’rifiy qarashlar butunlay yot edi.
Adabiyotda ham yangicha yo‘nalishlar paydo bo‘la boshladi. Adabiy janrlarning ko‘lami kengaydi. Biroq bu jarayon uzoq davom etmadi. Adabiyotni siyosiylashtirish adabiy jarayonning asosiy tamoyili, tarixiy voqealarga sinfiy nuqtai nazardan yondashish sosialistik realizm ijodiy metodining asosiy talabi bo‘lib qoldi. Shu maqsadda partiyaning bir qator qarorlari qabul qilindi. Badiiy adabiyotga bir yoqlama aqidalar zo‘rlab tiqishtirila boshlandi.
Bunday vaziyat o‘zbek adabiyotini ham chetlab o‘tmadi. Elga tanilgan bir qator o‘zbek adiblari ta’qib ostiga olindi. Jumladan, “Fitrat va Cho‘lpon... Bu ikki siymo to‘g’risida qanchadan-qancha bahslar bo‘lib o‘tmadi.Ularning xalqimizga, davrimizga yotligini tasdiqlovchi qanchadan-qancha “dalil”lar keltirilmadi. “Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi” deganlaridek, bugun ular samandar singari yana paydo bo‘lib, ko‘plab madaniy merosimiz jonkuyarlari diqqat-e’tiborini o‘ziga ohangrabodek tortmoqda”27. Lekin shunday tazyiqlarga qaramay, o‘z ijod prinsiplaridan chekinmagan yozuvchilar o‘lmas asarlar yaratdilar. M.Osim kabi adiblarimiz xususan qissa janrida inson qalbi manzaralarini chizishdan charchamadilar. Adabiyot mana shunday murakkab davr sinovlariga bardosh bera oldi.
Badiiy ijoddagi bu yakkahokimlik yozuvchilarga yolg’on, soxta ijodiy erkinlik va’da qildi. Yozuvchi turmush materialini o‘rganishda, mavzu tanlashda, mehnatkashlar orasidan qahramonlarni saralashda ijodiy erkinlikka ega edi. Biroq, hal qiluvchi paytda ya’ni adabiy tiplar yaratishda erksiz edi. Yozuvchi adabiy tip yaratar ekan, albatta bu adabiy tip o‘zi o‘sib, ulg’aygan tuzumga sadoqatli bo‘lishi, tuzumni e’zozlashi va uning istiqboli uchun kurashga safarbar etilishi buyurilar edi. Ana shu belgilab qo‘yilgan me’yordan chetga chiqishga yozuvchining haddi, huquqi yo‘q edi. A.Qahhor davrning yozuvchilar taqdiriga o‘tkazgan fojiasi haqida:
"To‘g’ri, kult davrida butun propaganda quroli, jumladan adabiyotning ham har bir so‘zi dohiy va dohiychalarning hamma qilmishi, har bir so‘zi to‘g’ri va oqilona ekanini tasdiq va isbot qilishi talab qilinar edi. Shu qolipda yozilgan asarlar naqadar g’arib va notavon bo‘lmasin, ba’zan rasmiy doira va doirachalarning tahsiniga sazovor bo‘lar, adabiyotga mash’al qilib ko‘tarilar edi. Shuning uchun yozuvchi ba’zan hayot haqiqatiga yuzma - yuz kelishdan mumkin qadar qochishga, bu haqiqatga loaqal yonboshdan qarashga, o‘shanda ham ko‘zi tushganini o‘z holicha emas, bo‘yab ko‘rsatishga majbur bo‘lar edi"28, deb yozadi.
Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda: “Kult davridagi vahimachilikdan hanuz qutulmagan shubha bandalari tuxumdan tuk qidiradi, maydonga kelgan har bir asarni tirnoqlab, hidlab, iloji bo‘lsa yozuvchining boshiga chertib ko‘rishni, bulardan albatta nuqson topishni, loaqal asarni shubha ostida qoldiradigan har xil imo-ishoralar qilishni, chala-yarim gaplar aytib, mish-mishlarga oziq berishni o‘zining kasbi hisoblaydi. Bu xildagi shubha bandalari uchun yozuvchi ularning hukmini kutib qora kursida o‘tirgan gunohkor; kitobxon, tomoshabin esa bog’cha yoshidagi bolalar”.
Zamonlar o‘zgardi. Taraqqiyot shu darajaga yetib keldiki, shaxsga sig’inish siyosati butun mamlakat bo‘ylab fosh etila boshlandi. Yozuvchilar dunyoqarashida o‘zgarish yuz berdi. Yozuvchilarimiz zamonaviy tafakkur egasi sifatidagi iqtidorlarini namoyish qila boshladilar.
O‘zbekistonda ham o‘zlikni anglash harakatlari boshlandi. Bu harakatda o‘zbek yozuvchilarining ham faol ishtirokini alohida ta’kidlash joiz. Avvalo, bu jarayon milliy qadriyatlarni va an’analarni tiklash uchun olib borilgan harakatlarda yaqqol ko‘zga tashlandi. Yozuvchilarning matbuotda o‘tkir publisistik chiqishlari xalqni sergak torttirdi. Bu harakatlar «qizil imperiya»ning yemirilishiga, uning batamom barham topishiga, yangicha badiiy tafakkurning paydo bo‘lishiga olib keldi. Pirovardida, hayotiy voqelikni o‘zida aks ettirgan qissalar yaratildi.
Adabiyotda qissaning qator namunalari paydo bo‘lgach, uning janriy qiyofasi shakllandi. Shu o‘rinda adabiyotshunos M.Baxtinning «janr adabiyotning buyuk realligi» degan gapi zamirida katta haqiqat yotganiga ishonch hosil qilamiz. U janrga harakatchan va o‘zgaruvchan hodisa sifatida qaraydi: «Janr adabiyotning har taraqqiyot bosqichida va ushbu janrning har bir asarida qayta tug’iladi va yangilanadi»29.
M.Baxtinning bu fikri XX asrning so‘nggi choragida yaratilgan o‘zbek qissachiligiga ham bevosita taalluqli. Adabiyotimizda yaratilgan har bir to‘laqonli qissa ushbu janrning qay bir jihatini yangilaydi ham to‘ldiradi.
Qissa janriga xos yetakchi xususiyat shuki, u qahramonning sarguzashtlariga asoslanadi. Unda qahramon hayotining muayyan davrlari tasvirlanadi. An’anaviy qissalarda ko‘proq sevgi sarguzashtlari, ishqiy mojarolar va mamlakat mudofaasi kabi mavzular romantik ideal miqyosida aks ettiriladi. XX asrning birinchi choragidan boshlab o‘zbek nasrida realistik qissalar vujudga keldi. Ularda real insonlar hayoti, real voqelik tasvirlanadi. XX asrning 30-60-yillarida ko‘plab adiblarimiz o‘z asarlarini povest deb atadilar. Bu – milliy terminlarni ehtiyotkorlik bilan ishlatish zarurati tug’ilgani boisdir. Ammo «qissa» “povest” terminining milliy ekvivalentidir.



Download 0.54 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   55




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling