O‘zbek tilida frazeologiya masalalarining tadqiqiga doir turaboyeva Lobar Quramboyevna
Download 0.52 Mb. Pdf ko'rish
|
ZDIF 0403
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kalit so‘zlar
15 O‘ZBEK TILIDA FRAZEOLOGIYA MASALALARINING TADQIQIGA DOIR Turaboyeva Lobar Quramboyevna Qoraqalpoq davlat universiteti 2-bosqich magistranti https://doi.org/10.5281/zenodo.7722812 Annotatsiya: Tilning lug‘at tarkibini tashkil etuvchi birliklardan biri frazeologizmlardir. Ushbu maqolada frazeologik birliklarning o‘rganilish holati bo‘yicha ayrim mulohazalar keltirib o‘tilgan. Kalit so‘zlar: frazeologiya, frazeologik lug‘atlar, frazeologizm, ibora, tarjima. Frazeologiya (yunoncha “phrasis” - ifoda, ibora va logiya) tilshunoslikning shunday bir bo‘limiki, boshqa bo‘limlardan nutqqa tayyor holda kirib kelishi, leksik va semantik jihatdan o‘zaro mos kelmasligi, ma’no jihatdan turg‘unligi bilan farq qiladi. Uning asosiy muhim muammosi frazeologizmlarni nutqda hosil qilinadigan so‘z birikmalaridan farqlab, ajratib olish va shunga qarab frazeologizmlarni aniqlashdir. Til fanining iboralarni o‘rganadigan bo‘limi frazeologiya deb ataladi. Iboralarni lingvistik terminologiya tili bilan aytadigan bo‘lsak, ular frazeologizmlar deb nomlanadi. Frazeologizmni tilning leksik-semantik va sintaktik sathlaridan farq qiluvchi alohida sathga xos birlik deyish frazeologik normani ham adabiy tilning boshqa normalari qatorida hisobga olishni talab etadi. Shuning uchun ham izohli lug‘atlarda frazeologizmlarni qayd etish butun dunyo tilshunosligida tan olingan amaliyotdir. Ma’lum bir tilning xazinasi sifatida frazeologiyani keltirish mumkin. Negaki, frazeologiya xalqning tarixini, madaniyati va o‘ziga xosligini ko‘rsatuvhci obrazli til birliklaridir. Frazeologizmlar asosan millatning urf-odatlarini, an’analarini o‘zida aks ettiradi. Ammo ingliz tili frazeologiyasida milliy an’analarni ifodalab keluvchi frazeologik birliklar bilan bir qatorda xalqaro frazeologizmlar ham uchraydi. Ba’zi frazeologik birliklarda arxaik elementlar saqlanib qolgan. Frazeologik birliklarni nutqni bezaydigan vosita sifatidagina qarash noto‘g‘ri bo‘lib, ular ham boshqa til birliklari singari yuqori informativ xususiyatga ega, tilda nominativ va kommunikativ funksiya bajaruvchi birliklardir. Frazeologik birliklar mavjud bo‘lmagan birorta til ham yo‘q. Ingliz va amerika tilshunoslari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar ingliz tili frazeologiyasida nisbatan kam foizni tashkil qilib, asosiy frazeologik muammolar va so‘zlarning o‘zaro munosabati, frazeologik birliklar variantdoshligi, frazeologiyani o‘rganish metodlari, frazeologiyaning fan sifatida rivojlanishi kabi nazariy muammolar asosan rus tilshunoslari A.V.Kunin, V.V.Vinogradov, N.M.Shanskiy, T.N.Fedulonkovalar tomonidan ishlab chiqilgan. Frazeologizmlar til birligi sifatida nutqda namoyon bo‘ladi. Ular nutqning ta’sirchan va bo‘yoqdor bo‘lishini ta’minlaydi. Frazeologik birliklar ma’lum bir tilda so‘zlashuvchi xalqning madaniy til boyligini aks ettiradi va ularning dunyoqarashining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishga yordam beradi. Har bir tildagi frazeologizmlarni o‘rganish muhim hamda qiziqarli hisoblanadi. Frazeologiya tilshunoslikning murakkab sohalaridan biri hisoblanib, u tilshunoslikning bir qator bo‘limlari bilan, jumladan, leksikologiya, stilistika, semantika, etimologiya, morfologiya, grammatika bilan bevosita bog‘liqdir. Frazeologiyani tadqiq qilishda yuqorida sanab o‘tilgan sohalar bilan bir qatorda mamlakatshunoslik, fonetika, falsafa, tarix va mantiq kabi fanlardan xabardor bo‘lish lozim. Frazeologik birliklarni tilning uzviy ajralmas bo‘lagi sifatida ko‘rib chiqish frazeologiyaning umumiy va o‘ziga xos qonuniyatlarini mukammal o‘rganib chiqishni talab etadi. Frazeologik birliklarning semantik stilistik xususiyatlarini tahlil qilish juda ham keng qamrovli sohadir. Frazeologiya bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari rivojiga ko‘plab tilshunoslar o‘zlarining munosib 16 hissalarini qo‘shishgan. Frazeologiya tilshunoslikning alohida bir qismi bo‘lib shakllanganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa-da, uning kelib chiqish tarixi til taraqqiyotining ilk bosqichlariga borib tarqaladi. Ilmiy tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, frazeologik birliklar til bilan paydo bo‘lib, til bilan birgalikda rivojlanib kelgan. Ammo jamiyatning turli davrlarida ularning o‘rni va ahamiyati turlicha baholanadi. Frazeologiya tilshunoshlikda mustaqil fan sifatida yaqinda paydo bo‘lgan. Uning shakllanishi taniqli tilshunoslar nomi bilan uzviy bog‘liqdir. Shuni aytish joizki, frazeologiya sohasidagi dolzarb muammolarni yoritishda V.V.Vinogradov, N.N.Amosova, A.V.Kunin o‘zlarining bebaho hissalarini qo‘shgan va shu sababli yangi izlanishlarga keng yo‘l ochib berishgan. O‘zbek tilshunosligida frazeologizmlarning lisoniy tabiati, leksik-grammatik xususiyatlari, shuningdek, badiiy asarlarda frazeologizmlar tarjimasi, tillararo tarjima muammolariga bag‘ishlangan bir qator ilmiy-tadqiqotlar amalga oshirilgan. Bu borada Sh.Rahmatullayev, B.Yo‘ldoshev, A.Mamatov, S.Mirzaqulov, Sh,Abdullayev, N.O‘rmonova, D.Hoshimovalar tomonidn bir qator tadqiqotlar amalga oshirilgan. So‘nggi paytlarda o‘zbek frazeologiyasi sohasidagi ishlar yanada rivojlantirilib, frazeologik va frazeografik hamda tarjima muammolari o‘z yechimini topmoqda. O‘zbek tilida frazeologik sinonimlarning struktur-semantik tahlili, badiiy tarjima masalalariga bag‘ishlangan anjumanlar, monografiya va o‘quv amaliyotlari shular jumlasidandir. O‘zbek va rus tillaridagi frazemalarni qiyosiy-amaliy aspektda o‘rgangan M.Sodiqova va M.Abdurahimovlar ikki tillik frazeologik lug‘atlar yaratib, tarjimonlar uchun amaliy qo‘llanma taqdim etishgan. J.Sharipov, G‘.Salomovlar o‘zbek tilshunosligi uchun g‘oyat dolzarb muammolardan biri tarjimashunoslik nazariyasi bilan shug‘ullanib, bir necha monografik tadqiqotlar yaratdilar. G‘.Salomov o‘z ishlarida “frazeologik ibora”, ”idioma”, ”ibora” kabi atamalardan sinonim sifatida foydalandi, bunday til birliklarini maqol va matallardan farqlashga intiladi. Shu bilan birga qoraqalpoq tilshunos olimlari tomonidan ham frazeologiyaning nazariy va amaliy muammolariga bag‘ishlangan bir qancha ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilgan. Jumladan, J.Eshbaev, T.Jumamuratov, G.Aynazarova, B.Yusupova, A.Pirniyazova, J.Tanirbergenov, G.Allambergenovalarning ilmiy izlanishlarini sanab o‘tish mumkin. Shunday bo‘lsa-da, turli ijodkorlar asarlaridagi frazemalar tadqiqi orqali ularning badiiy matnlarda qo‘llanishini o‘rganish muhim masalalardan hisoblanadi. Frazeologiya alohida fan sifatida shakllanguniga qadar u leksikologiyaning tarkibi sifatida qaralgan. Frazeologiya muammolariga qiziqish dastlab rus tilshunoslari qiziqa boshlagan bo‘lsada, u alohida termin sifatida ilk bor g‘arb tilshunosi Sh.Balli tomonidan qo‘llanilgan. U o‘zining “Stilistikadan ocherklar” va “Fransuz tili stilistikasi” asarlarida so‘z birikmalariga yaxlit bir tizim sifatida qarab, ularning grammatik va leksik xususiyatlari, sintaktik strukturasi va atash ma’nolarining o‘ziga xosligidan kelib chiqadigan, yaxlit qo‘llanila oladigan birlik ekanligini isbotlashga harakat qildi. O‘zbek tilining frazeologizmlari besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da (2006-2008) va bir jildlik “O‘zbekcha-ruscha lug‘at”da (1988) birmuncha to‘laroq aks etgan bo‘lsa-da, bu lug‘atlarda ham o‘zbek tilidagi barcha iboralar qamrab olingan deb bo‘lmaydi. Frazeologizmlarning o‘rganilish tarixi haqida gapirilganda, ”frazeologiya” atamasi “fraza” so‘zidan olingan bo‘lsa-da, turkiyshunoslikda dastlab bu atama turli ma’nolarni ifodalash uchun xizmat qilgan. XIX asrda yashagan turkiyshunos olim Mirza Kozimbek (1802- 1870) o‘sha davr an’analaridan kelib chiqib, rus tilida yozilgan boshqa tasviriy grammatikalarda bo‘lgani singari o‘z asarida “fraza” so‘zini jumla, gap ma’nosida qo‘llagan. 17 Ozarbayjon tilshunosi B.Cho‘ponzoda va F.Og‘azoda “Turk tili grammatikasi” asarida til bo‘limlari haqida fikr yuritib, “Semasiologiya”, “Stilistika” atamalari bilan birga o‘sha davrda tilshunoslikda keng qo‘llanishda bo‘lgan “idiomatizm” atamasini ishlatgan. Mualliflar bu asarda turk tilidagi idiomalarga oid “boshga solmoq”, “boshga tushmoq”, “ko‘z ko‘rmoq” kabi birliklarni misol sifatida keltiradilar. Umuman, frazeologiya turkiyshunoslikda nisbatan keyin paydo bo‘lgan. Uni sistemali ravishda o‘rganish faqat o‘tgan asrning 40-50-yillariga kelib boshlandi. Turkiy frazeologiyaning boshlovchilari turkiyshunos olimlar S.K.Kenesbayev va Sh.U.Rahmatullayevlar hisoblanadi. Ularning o‘tgan asrning 40-yillarning ikkinchi yarmi va 50- yillarda yuzaga kelgan tadqiqotlari turkiy tillar frazeologiyasining shakllanishi va taraqqiyotida katta rol o‘ynaydi. Shundan keyingi 30-40-yil mobaynida turkiy tillardagi frazemalarni intensiv o‘rganish bo‘yicha muhim yutuqlar qo‘lga kiritildi. Bu davrda S.N.Muratovning “Turkiy tillarda turg‘un so‘z birikmalari”, Sh.U.Rahmatullayevning “O‘zbek frazeologiyasining ayrim masalalari” (1966) kabi ishlari yaratildi. Rus tilshunosligida bo‘lgani kabi turkiyshunoslikda ham frazeologiya doirasini tor va keng ma’noda tushunish hamon davom etib kelmoqda. Jumladan,S.K.Kenesbayevning fikricha, frazeologiya doirasiga keng ma’noda barcha turg‘un birikmalar (maqollar, matallar, idiomatik birikmalar, turg‘un idiomatik guruhlar) kiradi. Ularni birlashtiruvchi umumiy xususiyat, turg‘unlik va tilda tayyor holda mavjudligidir. Frazeologiya obyektini tor ma’noda tushunishning faol tarafdorlaridan biri yirik turkiyshunos A.A.Yo‘ldoshev edi. O‘zbek tilining frazeologik boyligini o‘rganishga bag‘ishlangan mukammal tadqiqotlarga egamiz. Adabiy til lug‘at tarkibining taraqqiyoti va boyishi xalq shevalari bilan uzviy va chambarchas bog‘liqdir. Adabiy til normalarini belgilashda xalq shevalarining leksik, fonetik va grammatik xususiyatlariga suyanadi va ma’lum o‘ziga xos qonuniyatlar asosida rivojlanadi. Shunday ekan milliy tilning xalq shevalaridagi ko‘chma ma’noli iboralarini o‘rganish ham hozirgi o‘zbek adabiy tili taraqqiyotining uning boyib borish yo‘llarini belgilovchi omillardan biri bo‘ladi. O‘tgan asrning 50-yillarigacha frazeologiya hali o‘zbek tilshunosligi tarkibida mustaqil soha sifatida shakllanib yetmagan edi. Bu davrda frazeologiyaga doir dastlabki ma’lumotlar turg‘un birikmalarga oid ilk nazariy fikrlar grammatika va stilistikaga, ayrim o‘zbek shoirlari, yozuvchilarining badiiy mahorati tadqiqiga bag‘ishlangan ishlarda ko‘zga tashlanadi. Bunday ishlar A.G‘ulomov, U.Tursunov, V.Abdullayev, H.Zarif, N.Mallayev singari mashhur tilshunos va adabiyotshunos olimlarning qalamiga mansubdir. Sh.Rahmatullayevning “O‘zbek frazeologiyasinig ba’zi masalalari” nomli monografiyasining xarakterli tomoni shundaki, unda frazeologik omonimlarni frazeologik paronimlar va frazeologik paraformalardan farqlashga harakat qilinganligidir. G‘Salomov o‘zbek tilshunosligi uchun g‘oyat dolzarb muammolardan biri frazemalar tarjimasi bilan maxsus shug‘ullangan olimdir. Tilshunoslikning alohida bo‘limi sifatida ilk bor rus tilshunosi Y.D.Polivanov tahlil qiladi va u frazeologiyani leksikologiya yoki stilistikaning tarkibiy qismi emas, balki mustaqil tilshunoslik bo‘limi ekanligini asoslab bergan edi. “Leksikologiya so‘zlarning leksik ma’nolarini, morfologiya so‘zlarning grammatik ma’nolarini, sintaksis esa so‘z birikmalarining grammatik ma’nolarini o‘rganadi. Ammo alohida olingan, ko‘chma ma’noli so‘z birikmalarining, individual ma’nolarini o‘rganadigan tilshunoslikning bo‘limiga ehtiyoj sezilmoqda“. U tilshunoslikda frazeologiya ham, morfologiya yoki fonetika singari muhim ahamiyat kasb etadigan bo‘lim ekanligini ta’kidlab o‘tgan tilshunoslardan biridir. Frazeologizmlar shaklan o‘zlariga o‘xshash sintaktik tuzilmalardan farqli ravishda, nutqda so‘zlarni erkin tanlash, almashtirish yo‘li bilan yuzaga 18 kelmaydi. Frazeologik iboralarni turli tomondan o‘rganish va unga har tomonlama yondashish, uning xususiyatlarini ochish, umumlashtirish yangidan-yangi iboralar hisobiga tilimizni boyitish uchun xizmat qiladi. References: 1. Раҳматуллаев Ш. Ўзбек фразеологиясининг баъзи масалалари. –Тошкент, 1966. 2. Йўлдошев Б. Ҳозирги ўзбек адабий тилида фразеологик бирликларнинг функционал- услубий хусусиятлари. –Тошкент, 1993. 3. Маматов А. Ўзбек тили фразеологизмларининг шаклланиш масалалари. –Тошкент, 1999. 4. Раҳматуллаев Ш. Ўзбек тилининг фразеологик луғати. –Тошкент, 1992. 5. Абдуллаев Ш. Таржима асарларда фразеологизмлар семантикаси. Филол.фан номзоди....дисс. автореферати. –Тошкент, 2006. Download 0.52 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling