O’zbek xalqi urf-odatlari, qadriyatlari o’ziga xos noziklik bilan
Download 448.59 Kb. Pdf ko'rish
|
4taqdimot
O’zbek xalqi urf-odatlari, qadriyatlari o’ziga xos noziklik bilan shakllanganki, ularda insoniy xislatlari ustuvor. Bu insoniylik xislatlari asrlar osha silsilalarga bardosh berib, o’z mohiyatini yo’qotgani yo’q. U o’zining falsafiy teranligini hamisha namoyon qiladi. Shu sababli ham ota-ona bilan farzandlar o’rtasida iliq munosabatlar, o’zaro hurmat-izzat, mehr-oqibatlar markaziy o’rinni oladi. Ular o’rtasidagi bu holatlar zaruriy davrda bir-birini to’ldiradi ham. To’g’ri, ota-ona faoliyati farzand uchun tengi yo’q mehr-oqibat bilan yo’g’rilgan asosli his-tuyg’ular yig’indisidir. Ota-onaning farzand oldidagi burchlari, o’zlarining oxiratini obod etuvchi qarzlari bor. Dinu-diyonatli xonadon oqsoqollaridan so’rasangiz, ularni lo’nda qilib sanab beradi: yaxshi nom qo’yish, yaxshi muallim qo’liga topshirib, savodini chiqarish, ilmli, kasbli- hunarli qilish,boshini ikki, uyli - joyli qilish. Ajdodlarimiz e’zozlab kelgan, asrlar qa’ridan olib o’tilgan falsafiy-axloqiy pand-nasihatlar, qadriyatlar ataylab, maqsadni ko’zlab yurgizilgan siyosat qurboni bo’ldi, e’tibordan chetda qoldi. Bu esa yosh avlodning ma’naviyatiga salbiy ta’sir o’tkazadi. Vaholanki, Islom Karimov “O’zbekistonning o’z istiqlol va taraqqiyot yo’li” kitobida ta’kidlaganidek: “... o’tmishdagi allomalarning bebaho merosi qanchadan-qancha avlodlarning ma’naviy-ruhiy ongini va turmush tarzini shakllantirgan edi va u hamon ta’sir ko’rsatmoqda” Mustaqillik tufayli ona zaminimizning ma’naviy merosini chuqurroq o’rganish, taxlil etish imkoniyatiga ega bo’ldik. O’z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo’lmaydi. Ona zaminimizda bundan necha asrlar avval yaratilib, to hanuz yurtimizga ko’rk bag’ishlab turgan qadimiy obidalar, asori atiqalar xalqimizning yuksak salohiyati, kuch-qudrati, bunyodkorlik an’analari haqida, Vatanimizning shonli tarixi to’g’risida tasavvur va tushunchalar beradi, shu muqaddas diyorda yashaydigan har bir inson qalbida g’urur-iftixor tuyg’ularini uyg’otadi. Milliy maʼnaviyatimiz mohiyatini toʼgʼri tasavvur qilish uchun birinchi navbatda uning tarixiy takomili jarayonini jiddiy oʼrganib chiqish kerak. Muayyan asoslarga koʼra bu jarayonni uch katta davrga boʼlish mumkin: 1. Islomgacha milliy maʼnaviyatimizning shakllanish davri. 2. Islom mintaqa madaniyati doirasida milliy maʼnaviyatimiz takomili. 3. Yangi davrda milliy maʼnaviyatimiz ahvoli. Bu uch davrni qiyosiy oʼrganish shuni koʼrsatdiki, ular bir-birining uzviy davomi boʼlish bilan birga, oʼzaro tub xususiyatlariga koʼra jiddiy ravishda farq qilishi ham tarixiy haqiqatdir. Shu bilan birga insoniyat boshidan kechirgan bu davrlar har bir inson umrining ham muayyan davrlariga koʼp jihatdan uygʼun keladi, deyish mumkin. Inson maʼnaviyati takomil topib borgan sari uning shuuri yorishib, avval millat (xalq, “budun”) soʼng mintaqa va oxiri, insoniyat darajasida oʼzligini anglab borgan. Bugun endi koinot darajasida fikrlashga oʼtib, oʼzga sayyoralardan oʼziga teng aqlli mavjudotlarni qidirmoqda. Аsotir tafakkur hukmronligidan eʼtiqodiy bagʼrikenglik aro milliy tafakkurga oʼta boshlagan turkiy elatlar tavhid eʼtiqodi tufayli qoʼshni xalqlar bilan yagona madaniy mintaqaga birlashdilar. Ushbu yagona madaniy birlik doirasida milliy maʼnaviyatimiz yangi ufqlar sari yuksalib bordi. VIII – XV asrlarni oʼz ichiga olgan ushbu qutlugʼ davr oʼz ichki takomiliga koʼra 4 bosqichga boʼlinadi: 1.Sunna bosqichi (VIII – IX asrlar). 2. Islom maʼrifatchiligi bosqichi (X - XI asrlar). 3. Tasavvuf tariqatlari bosqichi (XII - XIII asrlar). 4. «Majoz tariqi» bosqichi (XIV - XV asrlar). Bugungi kunda biz “maʼrifat” tushunchasini baʼzan juda tor talqin qilib, ilm oʼrganish, turli sohalarda bilim hosil qilish deb oʼylaymiz . Аsli aql bilan anglab yetiladigan bilimlarni oʼzlashtirishga intilish “maʼrifat vodiysida”gi bir yoʼnalish, xolos. Islom mintaqasida maʼrifatning bunday talqini faqat X-XI asrlardagina yetakchi yoʼnalish boʼlib, Forobiy singari faylasuflar, Yusuf Xos Hojib kabi alloma shoirlar tomonidan olgʼa surilgan. Ular aqlni, mantiqiy tafakkur yoʼli bilan oʼzlashtiriladigan bilimlarni insonni baxt-saodat sari eltuvchi asosiy yoʼl deb tushunganlar. XVIII-XIX asr Yevropa madaniyatida ham shu fikr yetakchi boʼldi. Аmmo bundan oldingi davrda ham, keyin ham koʼp ulugʼ allomalar ilmni maʼrifatning yagona yoʼli deb bilgan emaslar. Ibrat ola bilmoq - maʼnaviyat, koʼrib - ibrat olmaslik - maʼnaviy soʼqirlikdir. Аmmo ibrat taqlid emasdir, ibrat oʼrniga taqlid - dil koʼzining koʼrligiga dalolatdir, qachonki, kimdaki, qaerda, qaysi zamonda ibrat oʼrnini taqlid egallasa, maʼnaviyatning oʼlgani - ana shu. Masalan, Paygʼambarimizning ayollarga munosabati. Ul hazratning ayollarga boʼlgan shafqati, mehri, hilmi, sadoqati, adolati - ibrat. Ul hazrat hayoti voqeligidan faqat koʼp xotin olishga ruxsatni koʼrish - xamoqat, ul hazratni koʼp xotinlikda ayblash - musulmon uchun xiyonat, oʼzga uchun tuhmat. Har ikki oxirgi hukm - mohiyatdan uzoq zohirbinlik va jaholat, shayton vasvasasidir. Bir necha ayolga uylanib, ularga paygʼambar shafqati, mehri, adolati va himmatini koʼrsata olaman deb, oʼz-oʼziga firib berish - takabburlik, shahvatparastlik va gʼaflatning birgalashib insof va inson tafakkuri ustidan hukm oʼrnatishi, inson maʼnaviy halokatining ibtidosidir. Maʼrifatning yana bir buyuk oʼchogʼi ilmdir. Ilmni Shaxs kamolotining ikkinchi bosqichi deb hisoblash mumkin. Аgar bolaning ilk tarbiyasi koʼproq atrofidagi kattalardan oʼrganish, oʼqigan-eshitgan ertak qahramonlaridan ibrat olish asosida boʼlsa, oʼsmir yoshiga oʼtishidan uning shuurida hayot hodisalariga tahliliy yondoshuv uygʼonadi. Maktabda ham shu sababli alohida fan asoslaridan taʼlim berish 6-7 sinflardan boshlanadi. Maxsus ilmlarga chuqur kirib borish esa oliy oʼquv yurtlarida amalga oshiriladi. Demak, ilmiy tafakkurning shakllanishi balogʼat yoshi bilan bogʼliq. Аlbatta, hayotga ilm asosida yondoshuv barchada bir xil darajada boʼlish qiyin. Haqiqiy ilmga qobillik alohida isteʼdoddir. Ilm - tafakkur bilan boʼladi, axborot yigʼish ilmga tayyorgarlik boʼlishi mumkin, undan ortiq emas. Ilm - asli ajdodlar ibratidir, oʼtganlar, biz koʼrmaganlar haqida xabar orqali ibratdir. Paygʼambarimiz hayoti - ibrat, Imom al-Buxoriy hayoti va faoliyati ibrat, “Jomeʼ as-Sahih“ kitobi esa ilmdir. Forobiyning ilm yoʼlidagi fidoiyligi ibrat, “Fozil shahar fuqarolarining qarashlari” risolasi esa ilmdir. “Qonun fi-t-tib” - ilm, Ibn Sinoning ilmga chanqoqligi esa ibratdir. Xullas, “maʼrifat” Haqiqatni anglab yetish yoʼli boʼlib, oʼzligini anglab yetgan inson Haqni anglab yetadi, uni tasavvuf istilohida Orif deydilar, hozirgi tilimizdagi “ziyoli” tushunchasi asli ushbu darajada boʼlmogʼi kerak, faqat “intelligent” (yaʼni aql sohibi) emas. Maʼnaviy barkamollik ham shuning oʼzidir. Ibrat, ilm, riyozat, mehr barchasi maʼrifat yoʼllari boʼlib, inson ularning barchasini bosib oʼtmay turib barkamol boʼlmaydi, mukammal maʼnaviy qiyofa kasb etmaydi. Download 448.59 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling