O‘zbekiston iqtisodiyotida akt infratuzilmasini rivojlantirish


Download 31.45 Kb.
Sana22.04.2023
Hajmi31.45 Kb.
#1381230
Bog'liq
O‘zbekiston iqtisodiyotida AKT infratuzilmasini rivojlantirish.


O‘zbekiston iqtisodiyotida AKT infratuzilmasini rivojlantirish.
Global pandemiya boshlanishi bilan raqamli texnologiyalarning roli sezilarli darajada o‘sdi, bu esa raqamli transformatsiyaning, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston uchun muhimligini ko‘rsatdi.
Haqiqatan ham, raqamli transformatsiya jamiyatni yanada modernizatsiya qilish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish salohiyatiga ega. Shu nuqtai nazardan, amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, Yangi O‘zbekistonning kelgusi besh yilga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi doirasida barcha asosiy sohalarni raqamlashtirish hamda mamlakatda haqiqiy axborot jamiyatini barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston 2000-yillarning boshlaridanoq axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT)ni rivojlantirish va raqamlashtirishga ustuvor ahamiyat bera boshladi. Jumladan, “2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi”, “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” hamda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” va “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi”da milliy iqtisodiyot, sanoat va umuman jamiyatda raqamli transformatsiyani amalga oshirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Xususan, mamlakatimiz elektron hukumatining asosiy tizimi – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) ishga tushirilgach, ushbu sohada, shuningdek, davlat boshqaruvida yangi texnologiyalarni joriy etish va raqamlashtirishda salmoqli yutuqlarga erishildi. Natijada, 2022-yilning yanvar oyi holatiga ko‘ra, davlat xizmatlarining 56 foizi my.gov.uz orqali taqdim etilgan bo‘lsa, mazkur elektron hukumat platformasida davlat xizmatlari soni 307 ga yetdi hamda elektron davlat xizmatlaridan 1,3 milliondan ortiq fuqaro foydalangan. Shu bilan birga, O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilarning umumiy soni esa joriy yil boshida 27,2 million yetgan.
Bundan tashqari, o‘tgan davr mobaynida respublikaning AKT tizimlari va raqamli infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida sohaga katta miqdordagi investitsiyalar jalb qilindi. Natijada, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-2021 yillarda axborot va aloqa sohasida yalpi qo‘shilgan qiymat 2 barobardan ziyod oshib, 2021-yilda 11,8 trillion so‘mga (1 milliard AQSh dollaridan ortiq) ga yetdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda IT-parklar tashkil etilgandan buyon sohadagi eksport hajmi 50 barobar oshdi va 46 million AQSh dollariga yetdi. Parkning doimiy rezidentlari soni 147 tadan 500 taga ko‘paydi, 300 dan ortiq yangi kompaniya ochildi hamda 8500 ta yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rni yaratildi. Hozirgi kunda IT-parklarda 11 mingdan ziyod yoshlar faoliyat yuritmoqda.
Mamlakatimizda optik tolali aloqa liniyalarining umumiy uzunligi 2017 yildan buyon sezilarli darajada o‘sdi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2017-2022 yillarda bu ko‘rsatkich qariyb 6 barobar oshib, 2022 yilning yanvar oyida optik tolali aloqa liniyalarining jami uzunligi 118 ming kilometrga yetdi. Shuningdek, 2017 yildan boshlab xalqaro ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 28 martaga o‘sib, 64,2 Gbit/s dan 1800 Gbit/s gacha oshdi.
Ta’kidlash joizki, global pandemiya raqamlashtirish va raqamli transformatsiya zaruratini ko‘rsatib, IT sohasidagi dolzarb masalalarni bartaraf etish hamda barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida O‘zbekistonning raqamlashtirish strategiyasi qayta ko‘rib chiqildi va takomillashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 5 oktabrdagi farmoniga asosan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, shuningdek, 2020-2022 yillarda uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Strategiya ikki dasturni: hududlarni raqamlashtirish va tarmoqlarni raqamlashtirishni nazarda tutib, raqamli infratuzilma, elektron hukumat, raqamli texnologiyalar milliy bozori, axborot texnologiyalari sohasida ta’lim va malaka oshirishni rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
“Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishning eng muhim shartlari sohaning moliyaviy ta’minoti va aholining raqamli savodxonligini oshirishdan iborat. Shunday qilib, hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa tegishli davlat organlari bilan birgalikda 2022 yil oxiriga qadar maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash va umumta’lim maktablarini raqamlashtirishni yakunlash choralarini ko‘radi.
Shuningdek, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” boshqa milliy strategik hujjatlar va dasturlarda nazarda tutilgan vazifalar, xususan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha milliy vazifalar hamda 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, joriy iylning 28-yanvar kuni qabul qilingan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi” – inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish; mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish; milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash; adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish; ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish; milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish; mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish kabi 7 ta ustuvor yo‘nalishlar doirasida keyingi besh yilda erishish kerak bo‘lgan yuzta strategik maqsadlarni o‘z ichiga oladi.
Taraqqiyot strategiyasida ham muhim sohalarni raqamlashtirilishga alohida e’tibor qaratilib, davlat xizmatlari, sud tizimi, huquqni muhofaza qilish organlari, yo‘l harakati boshqaruvi tizimi, sog‘liqni saqlash tizimi, ijtimoiy xizmatlar, bank va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari va milliy iqtisodiyotning boshqa asosiy sohalariga yangi texnologiyalarni joriy qilish belgilangan.
Xususan, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarining ulushini 100 foizga yetkazish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va ularning 20 foizini xususiy sektorga o‘tkazish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni identifikatsiya qilishning Mobile ID tizimini joriy qilish, shuningdek, “Fuqarolarning raqamli pasporti” va «Raqamli idora» loyihalarini amalga oshirish kabi bir qator vazifalar ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash orqali kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni – 1,6 baravar va 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming AQSh dollaridan oshirish hamda «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kirish uchun zamin yaratish rejalashtirilmoqda.
Shu munosabat bilan raqamli iqtisodiyotni asosiy «drayver» sohaga aylantirib, 2026 yil oxiriga qadar uning hajmini kamida 2,5 baravar oshirish, bunda dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmini 5 baravar, ularning eksportini esa 10 baravar oshirib, 500 million AQSh dollariga yetkazish, shuningdek, iqtisodiyotning real sektorida hamda moliya va bank sohalarida ishlab chiqarish va operatsion jarayonlarni raqamlashtirish darajasini 70 foizgacha oshirish belgilangan. Bundan tashqari, shaharlarni raqamlashtirish, qurilish va loyihalashtirish ishlari sifatini oshirish va «Aqlli shahar» konsepsiyasi doirasida rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Umuman olganda, raqamli texnologiyalar pandemiyadan keyingi tiklanishda, shuningdek, barqaror iqtisodiyotni qurishda markaziy rol o‘ynaydi. Shu bois raqamlashtirish va raqamli transformatsiya O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun asosiy ustuvor vazifa bo‘lishi lozim.
Keyingi yillarda O‘zbekiston AKTni rivojlantirish va raqamlashtirish sohasida, ayniqsa, elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yuqori natijalarga erishdi. Shu bilan birga, Janubiy Koreya, Rossiya, Estoniya, Xitoy bilan davom etayotgan hamkorlik bilan bir qatorda, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSh, Singapur, Yaponiya kabi texnologik jihatdan rivojlangan davlatlarni mamlakatning IT-sektoriga jalb qilish, xalqaro hamkorlarning geografiyasini diversifikatsiya qilish muhim ahamiyatga ega. Raqamli ekotizimga, IT infratuzilmasiga va elektron xizmatlarga investitsiyalar milliy iqtisodiyotni yanada modernizatsiya qilish va barcha sohalarda inklyuziv o‘sishni jadallashtirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston bugun keng qamrovli islohotlar natijasida rivojlangan kuchli davlatlar qatoridan o‘rin olishni asosiy maqsad qilgan. Prezidentimiz parlamentga Murojaatnomasida taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini egallash zarur va shartligi, bu bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini berishi, zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib borayotganiga alohida e’tibor qaratdi. Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish zaruriy infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishi, biroq qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu ishga bugun kirishishimiz zarurligi, shu bois, raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish kelgusi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qolishi ta’kidlandi. Chunki raqamli texnologiyalar mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, eng og‘ir illatlardan biri – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.
2020 yilning Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e’lon qilingani hamda shu bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgani ham yuqoridagi ustuvor yo‘nalishlar ro‘yobida salmoqli rol o‘ynamoqda. Chunonchi, raqamli iqtisodiyotga o‘tish vazifasi qat’iy maqsad sifatida belgilab qo‘yilgani nafaqat xalqaro ekspertlar hamjamiyati tomonidan qizg‘in kutib olindi, balki bugungi pandemiya davrida ham nihoyatda ratsional qaror bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, yaqin yillarda biznes yuritish muhiti bo‘yicha dunyoning eng ilg‘or ellik davlati safiga kirsak, ajabmas.
Raqamli iqtisodiyotga o‘tish eng ustuvor maqsadimiz bo‘lishi barobarida bevosita ilm-ma’rifatni rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liqdir. Binobarin, bugungi tezkor zamonda raqamli iqtisodiyot ilg‘or davlatlar iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida keng joriy etilmoqda. Hatto, ayrim mamlakatlar sun’iy intellektdan faol foydalanishga o‘tganiga guvoh bo‘lyapmiz.
Nufuzli xalqaro tashkilotlar tahlillari natijalariga ko‘ra, raqamli iqtisodiyot yalpi ichki mahsulotni kamida 30 foiz oshirish, shuning barobarida, xufiyona iqtisodiyotga barham berish va korrupsiyani keskin kamaytirish imkonini taqdim etadi. Ko‘rinib turibdiki, mazkur soha yurtimizda barcha tarmoqlarning yuksak rivojiga jiddiy turtki bo‘ladi, insonlarning turmush darajasini sezilarli darajada oshiradi.
Harakatlar strategiyasini Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlashda eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida ijtimoiy soha ob’ektlari, umumta’lim maktablarini 80 foiz, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini yil oxirigacha 100 foiz tezkor internetga ulash vazifasi qo‘yildi.
Bu, o‘z navbatida, yosh avlodning zamonaviy bilim olishi, bemorlarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirishi bilan ahamiyatlidir.
Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish borasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda internet tarmog‘iga keng polosali ulanish uchun 490 mingta port o‘rnatilib, ularning umumiy soni 2,5 millionga yetkazildi. Bundan tashqari, 9 ming kilometrga yaqin optik tolali aloqa liniyalari tortildi.
Ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlari darajasida 2 barobar, tuman markazlari darajasida esa 4 barobar oshdi. Xizmat miqyosini kengaytirish maqsadida 1375 ta mobil aloqa baza stansiyasi o‘rnatilib, ularning soni 27,4 mingtaga yetkazildi va aholi maskanlarida uning qamrovi 97 foizga hamda yuqori tezlikdagi yo‘nalishi 78 foizga yetkazildi. Aholining keng polosali mobil xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida “O‘zbektelekom” AK “O‘zmobayl” filiali tomonidan mavjud 1 000 dan ortiq baza stansiyasi modernizatsiya qilindi.
Jizzax erkin iqtisodiy zonasida janubiy koreyalik hamkorlar bilan birgalikda qiymati 11 million dollarga teng, yillik quvvati 50 ming kilometr optik tolali kabel mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavod ishga tushirildi.
Bugungi kunga qadar telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish ishlari asosida mavjud 19 341 ta ijtimoiy soha ob’ektidan 60 foizi, jumladan, xalq ta’limi ob’ektlarining 5 659 tasida (56 foiz), maktabgacha ta’lim muassasalarining 3723 tasida (65 foiz) va sog‘liqni salash ob’ektlarining 2 213 tasida (63 foiz) optik tolali aloqa liniyalari asosida yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanishga imkoniyat yaratildi.
Telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida yil yakuniga qadar 153,7 million dollar qiymatidagi loyihalarni amalga oshirish belgilangan. Shu kunga qadar, asosan, telefon xizmatlarini ko‘rsatuvchi 2G mobil tarmoqlarni kengaytirish vazifasi bajarilgan bo‘lsa, hozir tarmoqning qamrovini oshirish bo‘yicha loyihalar 3G/4G tarmoqlarini kengaytirishga yo‘naltirilmoqda. Xususan, shu yilning o‘zida 2200 ta 3G/4G baza stansiyasini o‘rnatish rejalashtirilgan. Qolaversa, telekommunikatsiya xizmatlari uchun tarif narxlari arzonlashmoqda. 2019 yil davomida provayder va operatorlar uchun tashqi kanalga ulanish tariflari narxi 1 Mbit/s. uchun 17 foizga, 2020 yilning 1 yanvaridan operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 34 foiz arzonlashtirildi
Mamlakatimizda AKT sohasidagi eng ilg‘or texnologik ishlanmalarni joriy etishga katta e’tibor qaratiladi. 2019 yil sentyabrdan ikkita mahalliy mobil operatori — “UZMOBILE” va “Ucell” 5G texnologiyasini test sinovidan o‘tkaza boshlagani shundan dalolat beradi.
Fuqarolarning davlat organlari bilan aloqasini elektron platforma orqali amalga oshirish, ya’ni davlat o‘z fuqarolari uchun elektron xizmatlar ko‘rsatishi va elektron mahsulotlarni taklif etishi raqamli iqtisodiyotning tarkibiy qismi hisoblanadi. Ana shu maqsadda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (https://my.gov.uz) ishlab turibdi. Bugungi kunda ushbu portal orqali 200 turdan ortiq elektron davlat xizmatlari taqdim etib kelinmoqda. Ular bo‘yicha yil boshidan beri 1,4 millionta arizalar kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,1 foiz oshdi. Yil yakuniga qadar umumiy xizmatlar turi 230 tadan oshadi. Jumladan, ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olish, ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnoma olish xizmatlari joriy qilinishi hamda arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini olish, kadastr pasportini ro‘yxatdan o‘tkazish, ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyasini olish xizmatlarining takomillashtirilishi rejalashtirilgan.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil rivojlanishining muhim omillaridan yana biri sohada raqobatbardosh mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirishdir.
Aynan mana shu maqsadni ko‘zlab barpo etilgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining rezidentlari hisoblangan 400 tashkilotda bugun to‘rt ming nafardan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, ushbu tashkilotlarning 14 tasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan bo‘lsa, 54 tasi yangi ochilgan.
Yil boshidan beri IT-park rezidentlari tomonidan 560 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi 346,2 mlrd. so‘m, xususan, eksport hajmi 6,1 million dollarni tashkil etdi.
Toshkent shahrida IT-park rezidentlari sonini ko‘paytirish va yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida umumiy maydoni 408 ming kvadrat metrga teng hududda xorijdan jalb qilingan ekspert bilan hamkorlikda IT-park infratuzilmasi ob’ektlarini qurish konsepsiyasi ishlab chiqilib, qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. IT-parkning hududiy filiallarini tashkil etish bo‘yicha joylardagi mahalliy hokimliklar bilan qo‘shma qarorlar imzolanib, har bir loyiha bo‘yicha bajariladigan vazifalarning tarmoq jadvallari tasdiqlandi.
IT-parkning hududiy filiallari binolari Andijon (“Digital city” texnoparki), Farg‘ona (IT-parkning Marg‘ilon filiali), Sirdaryo (IT-parkning Guliston filiali) viloyatlarida foydalanishga topshirilib, Andijon filialida 10 ta va Marg‘ilon filialida 7 ta rezident faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Namangan, Nukus, Samarqand , Urganch va Jizzax , Buxoro shaharlarida IT-park filiallari binolarini qurish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Raqamli texnologiyalarning eng katta yutug‘i tashkiliy, moliyaviy xarajatlarni tejash orqali iqtisodiy samaradorlikni keskin ravishda oshirish imkoniyatidir. Hozir raqamli texnologiyalardan turli soha va tarmoqlarda keng foydalanilmoqda. Yurtimiz uchun eng dolzarb bo‘lgan shunday sohalaridan biri qishloq xo‘jaligidir. Mazkur sohada hozirgi paytda katta ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda.
Hozirgi kunda xorijiy kompaniyalarning yerni masofadan zondlash yo‘ldoshlari olgan kosmik suratlarni respublikamiz hududida qabul qilish va ularga ishlov berish uchun geoaxborot markazini tashkil etish loyihasi bo‘yicha takliflar o‘rganilmoqda. Mazkur loyiha geoaxborot texnologiyalarini transfer qilish va mahalliy mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlashni ham qamrab oladi. Buning natijasida kosmik suratlarni qabul qilish hamda ularga ishlov berish orqali geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishlari, noqonuniy qurilishlarning oldini olish ishlari samaradorligi ta’minlanadi.
Andijon shahrida yaqinda ochilgan IT-Park filiali — Digital City da “Monterra” nomli pilot loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihaning maqsadi sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining holatini (sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili natijasida aniqlash orqali) ob’ektiv baholash hisoblanadi.
21 iyul kuni Prezidentimiz yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgandi. Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oldiga ham bir qator vazifalar qo‘yildi. Jumladan, yig‘ilishda kadastr idoralari zimmasiga yerning hisobi va balansini yuritish, yil yakuniga qadar yer turi, konturi, chegarasi va foydalanuvchisi haqidagi ma’lumotlar jamlangan axborot tizimini ishga tushirish vazifasi yuklandi.
Endi yer ajratish to‘g‘risidagi qaror mazkur tizimga kiritilsagina haqiqiy hisoblanadi. Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh kanallarini ijaraga olish va signallarni qayta ishlash tizimini tashkil etishga ko‘rsatma berildi. Bu esa kosmosuratlarni yillar bo‘yicha taqqoslash orqali hosildorlikni tahlil qilish, yerlarning meliorativ holatini muntazam o‘rganishda qo‘l keladi.
Yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi maydonlarini elektron tanlov va auksion asosida ajratish tartibini joriy qilish, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda yer toifalarini optimallashtirish borasidagi ishlar o‘z vaqtida bajarilishida vazirligimiz boshqa mutasaddi tashkilot va idoralar bilan yaqindan hamkorlikda ish olib boradi.
Mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, shubhasiz, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, zamonaviy taraqqiyotning yangi qirralarini o‘zlashtirishga xizmat qiladi.
Download 31.45 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling