Samarqand. Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi
Samarqand viloyati Xartang qishlog'idagi Imom Buxoriy ziyoratgohiga 70-yillar boshida O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari idorasi tomonidan qabr toshi qo'yilgan bo'lib, 70-yillar o'rtalarida qabr ustiga gumbazli ayvon qurilgan. 1998 yilda Imom Buxoriy tavalludining hijriy-qamariy hisobda 1225 yilligi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishiga muvofiq qisqa fursatda muhtasham yodgorlik majmua bunyod etildi. "Hadis ilmida Amirul al-mo'miniyn", degan sharafli nomga sazovor bo'lgan alloma hijriy 194 yil shavvol oyining 13 kuni (milodiy 810 yil 20 iyul) Buxoro shahrida tavallud topgan. 10 yoshidan boshlab Movarounnahrdagi turli roviylardan eshitgan hadislarni yodlay boshlagan, shuningdek, Abdulloh ibn al-Muborak va Vakiy kabi olimlarning hadis to'plamlarini mutolaa qilib yod olgan. 825 yili Imom Buxoriy volidai muhtaramasi va inisi Ahmad bilan Makkai Mukarramaga safar qilib, u yerda 6 yil yashagan. Hayotining ko'p qismini xorijiy mamlakatlarda musofirlikda o'tkazib, ko'plab olimlardan ta'lim olgan. Xorijdan qaytgach, Buxoroda ko'plab shogirdlarga hadis ilmidan saboq bergan. Imom Buxoriy avlodlarga 20 dan ortiq meros qoldirgan. Ulardan "Al-Jome' as-sahih", "Al-Adab al-mufrad", "At-Tarix as-sag'ir" kabilar mashhurdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |