Sanash orqali to‘liqsiz induksiya yoki ommabop induksiyada (enumerativ induksiya) bir sinfga mansub predmetlar biror belgining takrorlanishini kuzatish asosida, uning shu sinfga kiruvchi barcha predmetlarga xosligi haqida ehtimoliy xulosa chiqariladi. Insonlarning ob-havoni uzoq yillar davomida kuzatishining natijasi bo‘lgan fikrlar ham shunday xulosalarni ifodalaydi.
Kishilarning kundalik hayotiy tajribasiga asoslanishi, sog‘lom fikr yuritishga xos xususiyatlarni o‘zida mujassamlantirgani uchun ham xulosa chiqarishning bu usuli ommabop induksiya deb ataladi. Masalan, qushlarning pastlab uchishi yomg‘ir yog‘ishini, quyosh botayotganda osmonning qizarishi ertasiga havoning ochiq bo‘lishini bildiradi, daraxt tanasining yashil mox bilan qoplangan tomoni shimolni ko‘rsatadi.
Sanash orqali to‘liqsiz induksiya’ning obyektiv asosini insonlarning ko‘p yillik hayotiy faoliyati, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan turmush tajribalari natijalari tashkil etadi.
Istisno qilish orqali to‘liqsiz induksiyada tekshirilayotgan sinfning bir qismiga o‘rganilayotgan belgining xos yoki xos emasligi aniqlanib, xos bo‘lmaganlarini chiqarib tashlab, xulosa qilinadi. Masalan, o‘rmondagi daraxtlarning bir qismi tekshirilib, kasal bo‘lganlari aniqlanadi. Shu ma’lumotga asoslanib, o‘rmondagi daraxtlarning qancha qismi kasallanganligi haqida taxminiy xulosa chiqariladi. To‘lqsiz induksiya’ning yana bir turi statistik umumlashtirishdir.
Statistik umumlashtirish ommaviy tusga ega, keng ko‘lamda sodir bo‘ladigan hodisalarni o‘rganishda qo‘llaniladi. Iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlarini o‘rganish, aholining tug‘ilishi va o‘lish haqidagi ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va shu kabi hollarda statistik umumlashtirishdan foydalaniladi. Masalan, respublikamiz aholisining bir yillik o‘rtacha o‘sish miqdorini aniqlab, 20 yildan so‘ng aholining soni qancha bo‘lishi mumkinligi haqida taxminiy xulosa chiqariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |