Takrorlash uchun savollar
Mulohazalar mantig‘ining simvollari qanday?
Mulohazalar mantig‘ida formulaning chinlik qiymati qanday aniqlanadi?
Tizimning to‘laligi va ziddiyatsizligi nimani bildiradi?
Natural xulosa chiqarishning qanday qoidalari mavjud?
Predikatlar mantig‘ining tili qanday hosil qilinadi?
Birinchi darajali predikatlar mantig‘ining qanday qoidalari bor?
Induktiv xulosa chiqarish
Yakka mulohazalarni umumlashtirib xulosa chiqarish kundalik hayotda, ilmiy bilishda ko‘p qo‘llaniladi. Inson hayotiy tajriba natijalarini, kuzatishlarini umumlashtirib, aynan shu usul asosida xulosa chiqaradi. Fikrning yakkalikdan umumiylikka qarab harakatlanishini ifodalovchi bunday xulosa chiqarish turi induksiya (lot. “inductio” – yagona asosga keltirish) deb ataladi. Induktiv xulosa chiqarishda kuzatish va tajriba natijalari muhim ahamiyatga ega. Induktiv xulosa chiqarish bilvosita xulosa hisoblanadi. Induktiv xulosa chiqarish asoslari ikkita va undan ortiq mulohazalardan tashkil topgan bo‘ladi. Ular, odatda, yakka predmet yoki predmetlar sinfining bir qismini ifoda qiladi. Xulosada esa, bir mantiqiy sinfga mansub predmetlarning barchasiga nisbatan umumiy mulohaza tarzidagi fikr hosil qilinadi.
Induktiv xulosa chiqarishda birorta belgining ma’lum bir sinfga mansub predmetlarda takrorlanishini kuzatish asosida, shu belgining mazkur sinfga tegishli barcha predmetlarga xosligi haqida xulosa chiqariladi.
Induktiv xulosa chiqarishning tarkibi xulosa asoslari, tekshirilayotgan belgi va xulosadan iborat.
Masalan, o‘qituvchi har darsda yo‘qlama qilib, talabalarning davomatini tekshiradi. Yo‘qlamani yakunlab, talabalarning barchasi darsda to‘liq qatnashayotganini qayd qilishi induktiv xulosa bo‘ladi. Bunda ro‘yxatdagi har bir talabaning ismi-sharifi xulosa asoslari, ularning darsda qatnashayotganligi tekshirilayotgan belgi, yo‘qlamaning natijasi esa xulosadir.
Demak, induksiya – juz’iy bilimdan umumiy bilimga mantiqan o‘tish shaklida sodir bo‘ladi. Induktiv xulosa chiqarishning ikkita turi mavjud: to‘liq va to‘liqsiz induksiya.
To‘liq induksiyada birorta belgining ma’lum bir sinfga mansub har bir predmetga xosligi aniqlanib, shu belgining berilgan sinf predmetlari uchun umumiy ekanligi haqida xulosa chiqariladi. Yuqorida keltirilgan misol to‘liq induksiya’ni ifodalaydi.
To‘liq induksiya miqdori cheklangan va aniq bo‘lgan (sanaladigan) predmetlar sinfi haqida empirik materiallarni umumlashtirish yo‘li bilan xulosaviy bilim olishning samarali vositasi bo‘lib, uning xulosasi doimo aniq bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |