Nazariy bilim empirik ma’lumotlarga tayanadi va umumiy chin mulohazalar orqali ifodalanadi. Umumiy-chin mulohazalar nazariy asos sifatida fanlarning qonun-qoidalari, tushunchalarning ta’rifi, aksiomalar ko‘rinishida bo‘ladi. Bularning barchasi nazariy asoslashning ratsional yoki demonstrativ usullari bo‘lib, ular umumilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan isbotlash metodlarining asosini tashkil etadi. Masalan, butun bo‘lakdan katta, juft sonlar ikkiga qoldiqsiz bo‘linadi kabi mulohazalar miqdor bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda nazariy asos bo‘lib xizmat qiladi. Kundalik hayotda va ilmiy bilishda fanlarning qonun-qoidalari ham nazariy asos sifatida muhim ahamiyatga ega. Masalan, kislotalar o‘yish xususiyatiga ega ekanligini, simobdan inson zaharlanishi mumkinligini ximiya fanidan yaxshi bilamiz. Shu sababdan kislotalar bilan ishlaganda, simobdan fodalanilganda zaruriy ehtiyot choralarini ko‘ramiz. Tushunchalarning ta’rifi ham nazariy asos bo‘lib xizmat qiladi. Agar biz geometrik figuralardan romb, kvadrat, to‘rtburchakni ajratib ko‘rsatmoqchi bo‘lsak, ularning ta’riflariga asoslanamiz. Ahloq-odobga oid tushunchalarning ta’riflarini bilib olish insonga hayoti davomida atrofidagi odamlar bilan o‘z munosabatlarini to‘g‘ri qurishda katta yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |