Forobiy induksiya va analogiya haqida. Forobiy induksiya’ni umumiylikdan xususiylikka boruvchi isbotlash shakli sifatida o‘rganadi va uni bilishning sillogizmdan keyingi ikkinchi usuli deb hisoblaydi. Mutafakkir, «Har qanday harakat vaqtda mavjud»ligini isbotlash uchun shunday muhokama yuritadi: «Agar biz har qanday harakat vaqtda mavjudligini ko‘rsatmoqchi bo‘lsak, unda biz harakatning yakka turlarini, ya’ni yurish, uchish, so‘zish va h.k. tekshiramiz va biz tekshirgan harakatning har bir ko‘rinishi vaqtda mavjudligini aniqlaymiz. Bundan, har qanday harakat vaqtda mavjud, deb xulosa chiqaramiz». Natijada berilgan mulohazaning chinligini isbotlaymiz.183
Forobiy induktiv xulosa tajriba natijalarini umumiylashtirishga asoslanishini ta’kidlaydi. U induktiv xulosaning to‘liq va to‘liq bo‘lmagan turlari mavjudligini, birinchisi chin, aniq, ikkinchisi esa ehtimollik xarakteridagi bilimlar berishini misollar orqali tushuntiradi.
Mutafakkir induktiv xulosa chiqarish ko‘rinishidagi isbotlash bilan analogiya orqali xulosa chiqarish ko‘rinishidagi isbotlashni taqqoslab, analogiya induksiyaga nisbatan kuchsizroqdir deb ko‘rsatdi. Forobiy analogiya’ni shunday tushuntiradi: Biz kuzatish orqali devorning yaratilganligini yoki amaldagi (joriy) sababga ega ekanligini bilamiz. So‘ng osmon ham devorga o‘xshashligini, chunki uning ham jism ekanligini aniqlaymiz. Xuddi shu narsa umumiy mazmunni tashkil etadi. Natijada, analogiya buyicha isbotlash mumkin bo‘ladi: Devor yaratilgan, devor – jism, osmon jism, demak, osmon yaratilgan. Forobiyning fikricha, bu muhokama sillogizmning I figurasiga teng kuchlidir, ya’ni “Jism – bu devor, devor yaratilgan, demak, jism yaratilgan, osmon – jism, jism yaratilgan, demak, osmon yaratilgan.184”
Do'stlaringiz bilan baham: |