O’zbekiston o’simliklari va hayvonot dunyosi O’zbekiston o’simliklari


O’zbekistonda o’simliklarning balandlik mintaqalari


Download 40.67 Kb.
bet4/12
Sana24.09.2023
Hajmi40.67 Kb.
#1687175
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
O\'zbekiston o\'simlik va hayvonoari

O’zbekistonda o’simliklarning balandlik mintaqalari.
Yer yuzasi mutlaq balandligi oshgan sari iqlimning o’zgarishi tog`larda o’simliklarning balandlik mintaqalanishiga olib keladi. Biz quyida balandlik mintaqalari o’simliklarini akad. Q. Zokirov tasnifi bo’yicha ko’rib chiqamiz.
Adir (tog` oldi)mintaqasi O’zbekistonda dengiz sathidan 400-500 m dan 1200 m gacha, respublika janubida 1600 m gacha bo’lgan tog` oldi tekisliklarini o’z ichiga oladi. Bu tog` oldi hududlarining relefi notekis, tuprog`i bo’z tuproq, cho’lga nisbatan yog`in birmuncha ko’p yog`adi, yer osti suvlari ko’proq, o’simliklar qoplamining asosiy qismini rang va qo’ng`irbosh tashkil etadi. Adirlarning bo’z tuproqlaridagi nam miqdori iqlim sharoitiga bog`liq bo’lganligidan vegetastiya davri uzoq davom etadigan o’simliklar uchun ancha noqulay. Adir mintaqasining o’simliklarini E.P.Korovin ikki tipga bo’ladi: efemerlar tipi va tog` dashtlari-savannalari tipi.
Efemerlar tipi adirning pastki zonasida keng tarqalgan. Asosan chala cho’l xarakteridagi o’simlik turlaridan iborat. Pastki adirlarning mutlaq balandligi 400m dan to 600-800 metrgacha boradi, tuprog`i och va oddiy bo’z tuproqlardan iborat. Asosiy o’simliklari rang va qo’ng`irbosh bo’lib, erta bahorda yashil gilam hosil qiladi. Pastki adirda efemerlardan yana no’xatak, sariq yo’ng`ichqa, yaltirbosh, lolaqizg`aldoq, chitir, kelin supurgi, momiq, ko’p yillik o’simliklardan oqquray, cho’l yalpizi, karrak, qo’ziquloq, mingbosh, qo’ypechak, qoqio’t, mayinshuvoq kabilar ham ko’p tarqalgan. Pastki adir nam bilan yarim ta’minlangan lalmidir.
Yuqori adirlarning balandligi O’zbekistonda 600-800 m dan 1000-1200 – 1600 metrgacha boradi. Bu erlarda nuroq jinslar, tub tog` jinslari er yuziga chiqib yotadi, asosan to’q bo’z tuproqlar tarqalgan.
Yuqori adirdagi o’simliklar tog` dasht-savanna o’simliklaridan iborat. Ko’pchilik mutaxassislar yuqori adir o’simliklarini «bug`doyiqli» har xil o’tlar o’sadigan quruq dasht o’simliklari tipi deb yuritadilar.
Yuqori adirda kserofit xususiyatli har xil o’tlar bo’lib, ular orasida bug`doyiq eng keng tarqalgan. Ular orasida efirli o’t-tog` yalpizi, efemeroidlar-chuchmoma, lola, shirach, murakkab guldoshlardan sariq andiz, soyabonli guldoshlardan ferullaning bir necha turi o’sadi. Yuqori adirda o’sadigan ko’p yillik o’t-yetmak ildizidan qandolatchilikda foydalaniladi. Uning ildizidagi saponin moddasi ko’pirtiradigan xususiyatga ega.
Yuqori adirda soylarda, sersuv toshloq yerlarda butalardan qo’shyaproq, zirk, na’matak; daraxtlardan bodom, ayrim joylarda pista, do’lana o’sadi. Do’lananing mevasi qandga, yog`ga boy, unda olma kislotasi ham anchagina, shuning uchun u konditer sanoatida keng ishlatiladi. Po’stlog`idan va bargidan bo’yoq olib, undan to’qimachilik sanoatida foydalaniladi. Do’lana shifobaxsh o’simlik hamdir. Uning guli, mevasidan tayyorlangan dorilar yurak faoliyatini yaxshilashda, qon bosimining ortishiga qarshi va boshqa kasalliklarni davolashda keng ishlatiladi.
Yuqori adirda lalmi ekinlar uchun nam yetarli, bu yerlarda asosan bahorikor dexqonchilik qilinadi. Yuqori adirning yaylov sifatidagi va pichan yig`ib olishdagi ahamiyati ham katta. Har gektar yerdan 10-50 stentner atrofida sifatli pichan yig`ib olish mumkin.
Adir mintaqasi asosan uzumchilik, bog`dorchilik mintaqasi hisoblanadi. U o’simlikka boyligi hamda dehqonchilik va chorvachilik uchun qulayligi bilan ajralib turadi.
Tog` mintaqasiga O’zbekistonda dengiz sathidan 1200-1600 metrdan 2700-2800 metrgacha bo’lgan balandliklar kiradi. Bu mintaqa gumid iqlimi, sersuv daryolari, jigar rang, qo’ng`ir va kul rang tuproqlari, notekis relyefi bilan adirlardan ajralib turadi. Tog` mintaqasi o’simliklari asosan tog` dashtlari, tog` keng bargli o’rmonlari, tog` igna bargli o’rmonlari o’simliklari tiplarga bo’linadi.
Tog` dashtlari tog` mintaqasining pastki va qisman o’rta qismlarini (1200-2000 m ) egallagan. Bu erlarda, asosan boshoqlilardan bug`doy, betaga, chalov, ismaloq, qaltiq, qo’ng`irbosh, ikki pallalilardan qo’ziquloq, astragal, bo’tako’z, shuvoq kabilar keng tarqalgan. Ko’p yillik efemeroidlardan lola, piyozgul, shirach, chuchmoma, boychechaklar, butalardan na’matakning bir necha turi, zirk, uchqat, tobulg`a, bodomchalar ham uchraydi. Na’matakzorlar asosan G`arbiy Tyanshan, Zarafshon, Turkiston tog`larida 1500-2000 metr balandliklarda keng tarqalgan.
O’zbekiston tog`larida bargli o’rmonlar Ugam, Piskom, Chotqol, Farg`ona va Hisor tog` tizmalarida uchraydi. Ularda asosan olma, tog`olcha, yong`oq, bodom, do’lana kabi mevali daraxtlar va, shuningdek, bir necha tur zarang, terak, tol, qayin, chetan kabilar o’sadi. Hisor tog`larida yovvoyi holda o’sadigan anor, anjir, xurmo va chilonjiyda ham uchraydi. Bargli o’rmonlarda yong`oqzorlar keng tarqalgan. Qorjantog`, Ugam, Piskom, Chotqol, Hisor tog` tizmalarida 900-1500 metr balandlikdagi sernam yonbag`irlarda ancha qalin tabiiy yong`oqzorlar mavjud. Ular relikt yong`oqzorlar bo’lib, asosan qo’ng`ir tuproqli shimoliy, shimoli-sharqiy yonbag`irlarda, soylarda hamda tog` daryolarining terrasalarida joylashgan. Yong`oq mag`zida yog`, oqsil, qand, A.V.S. vitaminlari va mikroelementlar bor. Yong`oq bargidan ta’sirchan fitonstid va efedra ajralib turadi, shu sababli yoz oylarida uning tagida yotib qolish tavsiya etilmaydi. Shuningdek, O’zbekiston tog`larida olma, do’lana, zarang, terak va qayin o’rmonlari ham mavjud.
Tog` mintaqasining yuqori qismida (2000-2700 m) ignabargli o’rmonlar uchraydi. Bunday o’rmonlarda qarag`ay, pixta, qizil archa, savr archa va o’rik archa o’sadi. Qoraqarag`ay, pixta o’rmonlari Chotqol tog`larida uchraydi. Archalar dengiz sathidan 1000 m dan 2700 m gacha bo’lgan balandlikda o’sadi. Quruq toshloqli bo’z va qo’ng`ir tuproqlarda savr archa, subalp mintaqasida o’rik archa uchraydi. Eng qurg`oqchilikka chidamlisi-qizil archadir. Pastki tog`dagi siyrak archa o’rmonlari Zarafshon archasidan, yuqorida esa o’rik archadan tashkil topgan.
Archa sekin o’sadi, 40 yoshida bo’yining balandligi 2-2,5 metrga boradi. 100 yoshga kirganda archalar bo’yi Boysun tog`larida 20-25 metrga, tanasining diametri 1-1,5 metrga boradi. Archa yog`ochi qurilishda, qalam, har xil buyumlar ishlash, o’tin va pista ko’mir tayyorlashda ishlatiladi. Archaning kichik shoxlarida efir moyi bo’ladi. Shuning uchun archa bargi va yog`ochi xushbo’y hid taratib turadi. Tog` archazorlarining meliorastiya ahamiyati ham katta. Archa ostida yig`ilgan barglari yaxshi nam saqlab, yer osti suvini to’yintiradi, tuproqning yuvilishiga yo’l qo’ymaydi, seldan saqlaydi.
Archa o’rmonlari O’zbekistonda 0,5 mln. gektardan ko’proq bo’lgan. Hozir ularning ko’pi kesilib ketgan va shu kunda archa o’rmonlarining maydoni 105 ming gektarni tashkil qiladi xolos. O’zbekistondagi yog`och zahirasining 30-35 % ini tashkil qilgan archadan xalq xo’jaligida foydalanganda uni muhofaza qilish chora-tadbirlarini ham qo’llash zarur. Hozirgi kunda katta archazorlar Ohangaron vodiysida, Turkiston tizmasida, Qashqadaryo va Surxondaryo havzalarining yuqori qismida mavjud. 1976 yilda Turkiston tog` tizmasining shimoliy yonbag`irlarida Jizzax xalq bog`i tashkil etilgan bo’lib, uning maydoni 56000 gektarga teng. Xalq bog`ida archazorlar muhofaza qilinadi.
Archazorda archa uncha qalin o’smaganidan quyi yarusda o’t va butalar o’sadi. Butalardan uchqat, zirk, na’matak, olg`i va boshqalar ko’p. O’t o’simliklari turlari tog` dashtlaridagiga o’xshash.
Hozirgi vaqtda barcha tog` o’rmonlari o’rmon xo’jaliklari tomonidan nazorat qilinadi va qo’riqlanadi hamda kengaytirib boriladi.
Yaylov mintaqasi O’zbekistonda 2700-2800m balandlikdan boshlanadi va doimiy qorlar zonasigacha davom etadi. Bu mintaqa o’simliklar qoplami ekologik sharoiti, iqlimi, tuprog`i va boshqa belgilariga ko’ra ikki kichik mintaqaga: quyi (subalp) va yuqori (alp) yaylovlari mintaqalariga bo’linadi. Bu mintaqaning iqlimi unda buta va darahtlarning o’sishi uchun imkon bermaydi.
Quyi yaylovga dengiz sathidan 2700-2800 metrdan to 3000-3200 metrgacha bo’lgan erlar kiradi va ular o’rtacha nam talab qiluvchi o’simliklarning ko’pligi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari yer bag`irlab o’suvchi mayda daraxtlar, past bo’yli buta va chala butalar ham ko’p o’sadi. Yer yuzasini ko’pincha boshoqlilar va chim hosil qiluvchi o’simliklar qoplagan bo’ladi. Quyi yaylovda eng ko’p tarqalgan va uning uchun xos bo’lgan o’simliklar chetan, akantalimon, shashir, karrak, erqo’noq, tog`shishir, yorangul, betaga, gulizardak kabilardan iborat.
Yuqori yaylov O’zbekistonda dengiz sathidan 3000-3200 m balandlikdan boshlanib doimiy qorlargacha davom etadi. Bu erda o’simliklar qoplamining asosiy qismini kserofit o’t o’simliklar, tashkil qiladi. Shu bilan birga dasht o’simliklari, mezofit o’simliklar ham o’sadi. Navro’zo’t, arpao’t, ajriqbosh, yaylovrang yaylovning asosiy o’simliklaridir. Bu kichik mintaqada buta va daraxtlar umuman o’smaydi, lekin yostiqsimon o’simliklar uchrab turadi, tuprog`ining yuza qismi esa asosan chim hosil qilib o’suvchi o’simliklar bilan qoplangan.
Yaylov mintaqasida o’sadigan o’simliklar juda to’yimli bo’lganligi sababli yozgi yaylov sifatida foydalaniladi.
Akademik Q.Z. Zokirov O’zbekiston o’simliklarini rayonlashtirish sxemasida 5qmintaqa-doimiy qorlar va muzliklarni ajratmaydi. O’simliklar tarqalishi qor chizig`i bilan chegaralanadi. Uning balandligi Piskom havzasida 3600 m, Qashqadaryoda 3820 m, To’polongda 3860 m, Sangardikda 3850 m ga teng.


Download 40.67 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling