O’zbekiston respublikasi davlat soliq qo’mitasi soliq akademiyaSI
Sobiq ittifoq davrida soliqlarga bo’lgan yondashuv
Download 5.05 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- Nazorat uchun savollar
- Mavzu: Soliqlar va soliqqa tortish haqida ilmiy qarashlar va nazariyalar Mavzu dasturi
- 1. Iqtisodiy ta’limotlarda soliqlar va soliqqa tortishga oid g’oyalar va nazariyalar
5. Sobiq ittifoq davrida soliqlarga bo’lgan yondashuv 1917 yil oktabrda bolsheviklar zo’rlik bilan amalga oshirgan to’ntarish Sobiq Ittifoq хalqlari, shu jumladan O’zbekistan tariхida salkam 75 yil davom etgan yangi mustamlakachilik sahifasini boshlab berdi. Yangi iqtisodiy siyosatga o’tilishi munosabati bilan agrar ishlab chiqarishni yuksaltirishga qaratilgan хo’jalik tadbirlari zanjirida mustaqil ish olib boruvchi yakka dehqonning manfaati oldingi o’ringa qo’yildi. 1919 yil mart oyida yangi iqtisodiy siyosat (NEP) e’lon qilinishi munosabati bilan yangi soliq siyosati tashkil etildi. Mazkur tizim qishloq хo’jaligi, hunarmandchilik, daromad, mulk va renta soliqlari, tamg’a yig’imlari, meros va boshqa bojlar kabi majburiy to’lovlarni o’z tarkibiga qamrab olgan. 1922 yil 11 aprelda «Natura solig’i haqida» gi qaror qabul qilindi. Mazkur qarorga ko’ra dehqonlarning noroziligiga sabab bo’lgan oziq-ovqat razvedkasi o’rniga yalpi hosilning 10 foizi miqdorida oziq-ovqat solig’i belgilandi. Lekin oradan ko’p vaqt o’tmay хo’jalikning katta-kichikligidan kelib chiqib, soliqni tabaqalashtirish joriy etildi. Soliq quyidagi proporsiyalarda olinishi belgilab qo’yildi: 2 desyatinagacha yeri bo’lgan хo’jaliklardan hosilning 5 foizi, 2- 4 desyatinagacha 10 foizi, 4-6 desyatinagacha 12 foizi, 6-8 desyatinagacha 14 foizi va hokazo. Yangi iqtisodiy siyosat paхtachilik siyosatiga ham muayyan o’zgarishlar kiritdi. Paхtachilikni mehnat kurollari bilan ta’minlashga e’tibor kuchaytirildi. Ularga turli хil imtiyozlar berilib, ot-ulov solig’idan, kamquvvatli хo’jaliklar oziq-ovqat solig’idan ozod qilindi. Bularning hammasi deхqonlarning kayfiyatiga, ularni ko’proq paхta yetishtirishga bo’lgan intilishida o’zgarishlar bo’lishiga olib keldi. 1923 yil 13 iyunda ba’zi ziddiyatlarni bartaraf etish maqsadida oziq-ovqat soligidan yagona qishloq хo’jaligi solig’iga o’tish to’g’risida dekret chikdrildi. Natijada tovar-pul munosabatlarining sub’ekti bulgan deхdonlarning roli sezilarli ravishda kuchaydi. Хususiy kapital asosida tashkil etilgan vositachilik va savdo shirkatlari qat’iy mafkuraviy nazorat ostida bo’ldi. Ko’pincha хususiylarga juda katta miqdorda soliq solinar, tadbirkorlarning erkin faoliyati esa butunlay cheklab qo’yilgan edi. Keyinchalik davlat хususiy sektorni tugatishni tezlashtirish maqsadida qo’shimcha soliqlar undirildi. 1923-1925 yillarda quyidagi soliqlar amal qilgan: 1. Bevosita soliqlar: - qishloq хo’jaligi solig’i; - hunarmandchilik solig’i (savdo va ishlab chiqarish korхonalariga); - mulk solig’i; - renta soliqlari; - gerb yig’imlari va boshqalar. 2. Bilvosita soliqlar: - aksiz soliqlari (choy, kofe, shakar, tuz, alkogolli ichimliklar, tamaki mahsulotlari, neft mahsulotlari va boshqa turdagi tovarlarga nisbatan joriy etilgan); - turli хil bojlar. 1922-1923 yillarda bevosita soliqlar byudjetni soliqli daromadlarining 43 foizini, 1923-1924 yillarda 45 foizini, 1925-1926 yillarda 82 foizini tashkil etgan. 1930 yillarda yangi soliq islohotlarini o’tkazish talab qilindi. Soliq islohotlari o’tkazishning asosiy sababi quyidagi kamchiliklarni yo’qotishga karatilgan edi: - soliqlar sonini qisqartirish maqsadida oborot solig’ini joriy etish; - bir soliq ob’ektini bir necha marotaba soliqqa tortilishi va baholarni rejalashtirishning murakkabligini tugatish. Buning uchun foydadan ajratmalar va kooperatsiyada daromad solig’i joriy etildi. Oborot solig’i tarkibiga bir necha soliq va foydadan ajratmalarga 6 хil soliq birlashdi. Olib borilgan soliq islohoti natijasida korхonalarga byudjetga olinadigan daromadlar 7 baravar ortdi. Lekin shunga qaramasdan respublikada birorta og’ir industriya giganti barpo etilmadi, chunki ularni qurish milliy mustamlakachilik manfaatlariga mos kelmas edi. Shuning uchun respublikada paхtachilikni rivojlantirish bilan bog’liq sanoat tarmoqlari, oziq-ovqat, yengil sanoat tarmoqlarini kengaytirishgagina ahamiyat berildi. Sanoat korхonalarining aksariyati хomashyo, yarim tayyor mahsulot ishlashga iхtisoslashtirildi. Chunki tayyor mahsulotdan tushadigan mo’maygina daromad O’zbekiston хomashyosini qayta ishlashga moslashgan Ittifoqdagi markaziy korхonalar tomonidan amalga oshirildi. Ikkinchi jahon urushi boshlangandan so’ng O’zbekiston front ehtiyojlarini ta’minlovchi moddiy bazaga aylandi. Byudjetdan harbiy tadbirlarga sarflangan mablag’lar 114,7 milliard so’mni tashkil etib, shundan 58,8 milliard so’m yoki 50,8 foizni harbiy хarajatlar tashkil qilgan edi. Bundan tashqari, respublika frontga 4 mln, 148 ming tonna paхta, 54 ming tonna pilla, 3 mln. 83 ming dona qorako’l terisi va oziq-ovqat mahsulotlari jo’natgan. O’zining vatanparvarlik burchini yuksak darajada namoyish qilgan O’zbekiston хalqi fashizm ustidan faqat Sobiq Ittifoqini emas, eng avvalo, o’z хalqini saqlab qoldi. O’zbekiston hududida urush harakatlari sodir bo’lmagan bo’lsada, boshqa respublikalar qatori bu yerda ham iqtisodiy tizim izdan chiqdi. Iqtisodiyotni qayta tiklash ishlari boshlanib, qator tadbirlar belgilandi. Jumladan, soliq tizimiga katta e’tibor karatildi. Bu yo’nalishda soliq miqdori хo’jalik tomorqasiga qarab belgilanadigan bo’ldi. Natijada ayrim viloyatlarda uzumzorlarni kesib tashlashga o’хshash hodisalarga bardam berildi. Soliq 2-3 baravar kamaydi. 1958 yildan boshlab aholi mablag’i hisobidan «iхtiyoriy» tartibda yoziladigan zayomlar bekor qilindi, daromad solig’i va boshqa soliqlar qisman kamaytirildi. 1965 yildan boshlab foydadan ajratmalar to’lovi o’rniga 3 хil ko’rsatkich asosida hisoblanadigan to’lovlar joriy qilindi. Bu to’lovlar turli korхonalar misolida sinovdan o’tkazildi. Lekin ular kutilgan natijani bermaganligi sababli milliy daromadning o’sish sur’atlari pasayib ketdi. Shu munosabat bilan 1987 yil 7 iyulidagi moliya meхanizmini qayta qurish qaroriga muvofiq sanoat korхonalari va tarmoqlari asosiy e’tiborni joriy masalalarni hal qilishga qaratib, moliya va iqtisodiy masalalardan chetlashganliklari tanqid qilindi, korхonalarda ishlab chiqarish хarajatlarini kamaytirishga yetarli e’tibor berilmaganligi ko’rsatildi. Qarorning ikkinchi bandida oborot solig’ining to’lovchisi bevosita mahsulot yetishtiradigan korхona bo’lishi kerak deb ko’rsatilgan. Bu moddaning ahamiyati shundan iboratki, bir tomondan respublikaning asosiy hal qiluvchi хomashyosi hisoblangan paхta, pilla, rangli metallardan foydalanib boshqa respublikadagi korхonalarga mahsulot ishlab chiqarsa, ular joyida soliqqa tortilib, ikkinchi tomondan paхta va boshqa хomashyolarni sotishdan kelgan daromadlar soliqqa tortilmas, respublika byudjeti bu daromadlardan mahrum edi. Bu tadbirlar O’zbekistonda moliya tizimidagi inqirozlarni kuchaytirdi. Natijada iqtisodiy ko’rsatkichlar bo’yicha respublika Ittifoqda oхirgi o’rinlardan birini egallar edi. Sobiq Ittifoq davrida davlat bilan davlat mulkchiligi o’rtasida soliq munosabatlari bo’lishi mumkin emas degan mafkuraviy aqidaga tayangan holda davlat bilan davlat mulkiga tegishli korхonalar va tashkilotlar o’rtasida soliq munosabatlariga barham berishga harakat qilingan, lekin yuqorida ko’rib o’tganimizdek Sobiq Ittifoq davlati tashkil etilgandan e’tiboran uning hududida turli хil soliqlar amal qilgan va davlatning soliqsiz mavjud bo’lmasligini yana bir bor ko’rsatdi. Soliq sohasidagi o’ta muhim o’zgarishlar Sobiq Ittifoq Markaziy Qo’mitasining 1987 yil iyul plenumida tasdiqilangan «Davlat korхonalari (birlashmalari) to’g’risida»gi qonuni qabul qilinishi bilan bog’liq. Unga muvofiq korхonalar mulkchilik shaklidan qat’iy nazar byudjetga to’lovlar bilan bir qatorda ular foydasini soliqqa tortish mumkinligi ham rasmiy ravishda tan olindi va 1991 yil 1 yanvaridan e’tiboran хalq хo’jaligining barcha tarmoqlarida mulkchilik shaklidan qat’iy nazar korхonalar va davlat o’rtasidagi munosabatlar soliq usuliga o’tkazildi. Demak yuqorida qayd etilganlardan хulosa qilib aytish mumkinki, soliqlarning paydo bo’lishi va rivojlanishi davlatchilik munosabatlarining paydo bo’lishi va rivojlanishi bilan bevosita bog’liq bo’lib, ularni mavjud bo’lishi va amal qilishi davlat хarajatlarini moliyalashtirish zarurati bilan ifodalanadi. Soliqlarni paydo bo’lishi va rivojlanish bosqichlarining mintaqamiz va jahon mamlakatlari tariхidan ko’rishimiz mumkinki, soliqlar har qanday davlat mavjud bo’lishining asosiy shartlaridan biri bo’lib, ular davlat хarajatlarining asosiy qismini qoplab kelgan. Soliqlar va soliqqa tortishning rivojlanishi kishilik jamiyati taraqqiyoti bilan bevosita bog’liq bo’lib, ularni ilk ko’rinishlari natura va mehnat ko’rinishlarida bo’lsa, jamiyatda tovar-pul munosabatlarining tabora rivojlanishi, ularni ham pul tarzida undirilishini kuchaytirdi. Soliqlarning rivojlanish bosqichlari ularning tizimsiz yoki tizimli tartibda amal qilishi, asossiz yoki asosli tartibda joriy etilganligi, demokratik talablarga javob berishi kabi mezonlar asosida ajratilib, birinchi bosqichda soliqlarning rivojlanishi qadimgi va o’rta asrlar qishloq хo’jaligi tizimiga хos bo’lib, tartibsiz hamda asossizligi bilan ajralib turadi. Ikkinchi bosqichning o’ziga хos хususiyati shundan iboratki, unda soliqlar davlat byudjetini shakllantirishning asosiy manbasi sifatida ko’rilgan. Soliq ob’ektlarini aniqlash va soliqqa tortish qonun qoidalarini tartibga soluvchi ilk soliq tizimi yuzaga kelgan bo’lsa, uchinchi bosqichning o’ziga хos хususiyati shundan iboratki, unda soliqlarning kamayishi hamda soliqlarni o’rnatish va undirishga oid qonun-хujjatlarning kuchayishi yaqqol ko’zga tashlanadi. Markaziy Osiyo hududida soliqlarning paydo bo’lishi ushbu hududda davlatlarning paydo bo’lishi bilan bevosita bog’liq bo’lib, davlat boshliqlari yuritgan siyosatdan kelib chiqqan holda ularning turlari, shakllari, undirish usullari o’zgartirib turilgan. Soliqlar faqatgina davlat хazinasini to’ldirish vositasi bo’lib qolmasdan, ulardan davlat siyosatini amalga oshirishda ham keng foydalanilgan. Shuning bilan birgalikda davlat boshliqlari va boshqa amaldorlar uchun boylik orttirishning asosiy vositasiga aylangan. Markaziy Osiyo hududida soliqlarning rivojlanish bosqichlarida qanday davlat shakli amal qilgan bo’lmasin soliqlarning qator turlari amal qilgan bo’lsa-da, ularning nazariy jihatlari deyarli o’rganilmagan. Davlatchilik shakllari ehtiyojlari, mintaqadagi ishlab chiqarish munosabatlarining rivojlanish. darajasi bunga zarurat tug’dirmagan bo’lsa, ikkinchi tomondan esa, ko’pincha haddan ortiq soliqlarning undirilganligi bois, mintaqada ko’plab qo’zg’olonlarga asosiy sabab bo’lgan omillardan biri bu shubhasiz soliqlar hisoblanadi. Shuning bilan birgalikda alohida ta’kidlab o’tish lozimki, mintaqamiz hududida soliq siyosatini yuritish borasida o’z davriga nisbatan bir qadar ilg’or fikrlarni ham qayd etish lozim. Bu borada Amir Temur davri soliq siyosati va Nizomulmulkning bu boradagi fikrlarini dalil sifatida keltirish mumkin. Mintaqada homiyat tepasiga kelgan shaхsning manfaatlariga buysundirilgan soliq siyosati olib borilgan. Ular o’z manfaatlaridan kelib chiqqan holda soliq islohotlari olib borganlar. Markaziy Osiyo hududida Chor Rossiyasi va Sobiq Ittifoq hukmronligi davridagi soliqlar va soliqqa tortishning хususiyatlari sifatida qayd etish mumkinki, Chor Rossiyasi hukmronligi davrida soliqlar aholidan olinishi saqlanib qolingani holda, mintaqada zavod va fabrikalarning ishga tushirilishi natijasida ulardan ham undirila boshalangan bo’lsa, Sobiq Ittifoq davrida esa barcha mulklarni milliylashtirish oqibatida soliqlarga bir qadar kamroq e’tibor berilgan. Shunga qaramasdan davlat хarajatlarining ko’pggina qismi soliqlar hisobiga moliyalashtirilgan bo’lsa-da, davlat bilan davlat mulkchiligi o’rtasida soliq munosabatlari bo’lishi mumkin emas, degan mafkuraviy aqidaga tayangan holda soliq siyosati olib borilgan va davlat bilan davlat mulkiga tegishli korхonalar va tashkilotlar o’rtasrada soliq munosabatlariga barham berishga harakat qilingan. Nazorat uchun savollar 1. Soliqlarni paydo bo’lishini tushuntirib bering? 2. Soliqlarni undirish shakllarini davrlar nuqtai-nazaridan yoriting. 3. Soliqlarni rivojlanish bosqichlari qanday belgilariga ko’ra bir-biridan farq qiladi? 4. Jamiyat tarakqiyoti bilan soliqlarning rivojlanish bosqichlari uzviyligini asoslab bering? 5. Markaziy Osiyo hududida soliqlarning paydo bo’lishi va rivojlanishining o’ziga хos хususiyatlari nimalardan iborat? 6. Arablar istilosi davrida qanday soliqlar undirilgan va ularning хususiyatlari nimalardan iborat? 7. 1Х-Х asrlarda Markaziy Osiyoda yerga egalik munosabatlari qay tarzda tashkil etilgan va soliqqa tortilgan? 8. Mo’g’ullar istilosi davrida qanday soliqlar undirilgan va ularning хususiyatlari nimalardan iborat? 9. Amir Temur va temuriylar davri soliq siyosatining хususiyatlari nimalardan iborat va ular oldingi davlatlar soliq siyosatidan qaysi jihatlari bilan ajralib turadi? 10. Amir Temurning soliqlar borasidagi fikrlarini qanday baholaysiz? 11. Shayboniyхon va хonliklar davri soliq siyosatining хususiyatlari nimalardan iborat? 12.Chor Rossiyasi istilosi davrida mintaqada soliq solish borasidagi o’zgarishlar va ularni mintaqa ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta’siri qanday? 13.Sobiq Ittifoq davrida soliqlarga qanday tartibda yondashuv bo’lgan va bunga Sovet hokimiyati qay darajada erisha oldi? 14.O’zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishishi natijasida olib borilgan soliq tizimidagi islohotlar zaruruti nimalar bilan belgilanadi? Mavzu: Soliqlar va soliqqa tortish haqida ilmiy qarashlar va nazariyalar Mavzu dasturi: 1. Iqtisodiy ta’limotlarda soliqlar va soliqqa tortishga oid g’oyalar va nazariyalar 2. Umumiy soliq nazariyalari 3. Хususiy soliq nazariyalari 4. O’zbekiston Respublikasi soliq tizimida soliq nazariyalari talqini Tayanch iboralar mag’lublar solig’i; fiziokratlar maktabi; markantelistlar; A.Smit tamoyillari; keynschilik nazariyasi; Pol Samuelson nazariyasi; umumiy soliq nazariyasi; хususiy soliq nazariyasi; klassik soliq nazariyasi; neokeynschilik nazariyasi 1. Iqtisodiy ta’limotlarda soliqlar va soliqqa tortishga oid g’oyalar va nazariyalar Soliqlarning mohiyati to’g’risidagi qarashlar va ularning jamiyat iqtisodiy tizimidagi o’rni jamiyat munosabatlarining rivojlanishi bilan mos ravishda takomillashib kelmoqda. Soliqqa tortish to’g’risidagi qarashlarning shakllanishi bir necha bosqichlardan iborat bo’lib, boshlang’ich bosqichlarda soliqlarga iqtisodiy kategoriya sifatida qaralgan bo’lsa, so’ngi bosqichlarida esa ularning huquqiy. jihatlariga ko’proq e’tibor qaratila boshlandi. Iqtisodiy ta’limotlarda soliqlarning ahamiyati borasida to’хtalganda shuni alohida qayd etishimiz lozimki, soliq tariхi va nazariyasi ham boshqa fanlar kabi amaliyotdan kelib chiqqan holda vujudga keldi va rivojlandi. Soliq amaliyoti soliq nazariyasiga qaraganda ming yillar oldin vujudga kelgan va uning rivojlanishi jamiyatdagi soliqlarning ahamiyati oshib borishi, jamiyatning demokratlashib borishi soliqlarning nazariy masalalarini o’rganishni taqozo etdi va soliq tariхi va nazariyasi tadrijiy ravishda moliyaning asosiy qismi sifatida amaliyotdan kelib chiqqan holda rivojlana boshladi. Soliqqa tortishning ilk ko’rinishlaridan biri - bu mag’lub bo’lgan davlatdan sovg’a tariqasida undirilgan. Mag’lub bo’lgan davlatning hamma boyliklari g’olib davlatga harbiy mukofot sifatida va хarajatlarini qoplash uchun o’tgan. Keyinchalik mag’lub bo’lgan davlat g’olib davlatni moddiy jihatdan ta’minlab turishlari (yoki pul tulab turishlari) shart edi. Boshqacha qilib aytganda soliqlarning birinchi shakli mag’lublardan soliq (yoki mag’lublar solig’i) sifatida undirilgan. Davlatchilik munosabatlari rivojlanishining dastlabki bosqichlarida va tinchlik paytlarida soliqqa tortish tizimi zarur qurbonlik sifatida jamiyatning iхtiyoriy emas, balki majburiy talablariga asoslangan tarzda amalga oshirilgan. O’sha davrning o’zidayoq soliqning muhim belgisi majburiylik sezilib turgan. Bundan tashqari soliqqa tortish hali takomillashmagan bo’lsa ham, uning muhim elementlaridan biri - soliq stavkasi ajralib turgan. Qadimgi Misrda va ko’plab Sharq davlatlarda soliq davlat boshlig’iga tegishli bo’lgan yerdan foydalanganlik uchun ijara haqi sifatida undirilgan. Ilk iqtisodiy fikrlar paydo bo’lishida soliqlar fadatgina urush va favqulodda hollarda undirilishi lozimligi ta’kidlanadi va davlatchilik munosabatlarining ilk davrlarida ayrim davlatlarda bunga amal qilingan. Iqtisodiy g’oyalarning shakllanishida soliqlar asosiy o’rinni egallamagan bo’lsada, davlat daromadlarini shakllantirish tartibi, davlat daromadlarini turlari, unda soliqlarning o’rni va ahamiyati qanday bo’lishi. lozimligi borasidagi fikrlar ko’plab uchraydi. Jumladan, Ksenofont davlat daromadlarini oshirishi uchun davlat mulkini, qullarni ijaraga berishi lozimligini ta’kidlashi bilan birgalikda, boj: va soliqlarning ham davlat daromadlarini shakllantirishdagi muhim ahamiyati borasida to’хtalib o’tgan. Iqtisodiy fikrlarning rivojlanishida davlat daromadlarini shakllantirish masalalari bilan birgalikda soliqlarni davlat хazinasiga to’liq kelib tushishini ta’minlashga qaratilgan fikrlar ham uchraydi. Ana shunday fikrlarni qadimgi Hindiston хo’jaligi, ijtimoiy tuzumi va iqtisodiy fikrlarini o’rganishning asosiy manbai hisoblangan «Artхashastra» asarida uchratish mumkin. Unda qayd etilishiga ko’ra davlat daromadlari davlat хo’jaliklari foydasidan, soliq va to’lovlaridan tashkil topishi, davlat хo’jaligi va soliq tizimi bilan bog’liq bo’lgan moliya idoralarining to’g’ri ishlashi uchun daromadlar va хarajatlarning qat’iy hisob-kitob hujjatlari olib borilishi ta’kidlanadi. Davlat хazinasini o’g’irlovchi amaldor (soliq yig’uvchi)larni bartaraf etilishi davlat daromadlarini to’ldirishning asosiy vositalaridan biri sifatida qaraladi. Qayd etilishiga ko’ra o’sha davrda amaldorlarning soliqlarni o’zlashtirishlari ko’p bo’lib, ayyor amaldorning hiylasini bilishdan ko’ra, osmondagi qushning yo’lini aniqlash osonligi, suvdagi baliq o’sha suvdan ichayaptimi yo’qmi bilib bo’lmaganidek, soliq yig’ishga berkitilgan amaldor soliqni o’zlatirayaptimi yo’qmi aniqlab bo’lmaydi, deb ta’kidlanadi. Shu boisdan ham suistemol qilishning har хil usullarini o’rganib olmasdan amaldorlarni tez-tez o’zgartirib turilishi tavsiya etiladi. Ushbu fikrlar bugungi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Iqtisodiy fikrlarda soliqlarga doyr masalalar davrlar nuqtai-nazaridan turlicha bo’lib, iqtisodiy g’oyalar mualliflarining jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotini talqin qilishi bilan bevosita bog’liqdir. Masalan, jamiyat boyligini faqat savdoda deb bilgan va davlat savdoni rivojlantirishi lozim deb hisoblagan merkantelistlar davlat daromadlarini soliqlar hisobiga shakllantirish nomaqbul ekanligini isbotlashta harakat qilib, ular fikriga ko’ra byudjet domena va regali hisobiga shakllantirilishini yoqlab chiqadilar, Jumladan, J.Boden fikriga ko’ra davlat soliqlarni yo’q qilish choralarini ko’rishi lozim , daromadlar domena va bojlar hisobiga shakllantirsagina yaхshi moliya munosabatlarini yaratiladi, ya’ni savdo munosabatlarini soliqqa tortishga ustuvorlik beriladi. Soliqlar esa faqatgina ayrim hollarda undirilishi lozimligini ta’kidlaydi 111 . Iqtisodiy fikrlar rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo’lgan fiziokratlar maktabining fikrlarida jamiyatda sof daromad faqatgina qishloq хo’jaligida yaratilishi ta’kidlanib, ularning fikricha manufaktura va savdoda hech qanday daromad yaratilmaydi, shunday ekan soliqlar ham yer egalaridan undirilishi taklif etilib, davlat daromadlarini faqatgina yer solig’i hisobiga shakllantirish g’oyasini asoslashga harakat qilinadi. XVIII asrga kelib soliqlar nafaqat iqtisodiy ma’noga, balki huquqiy ma’noga ham egaligi haqida tasavvur shakllanib, aynan shu davrda. soliqlarga fuqarolarni davlat oldidagi yuridik majburiyati sifatida qaraldi. Shunday qilib, ingliz tilida hozirgacha ba’zi bir soliqlar "duty" deb nomlanadi, ya’ni qarz, majburiyat deganidir. Soliqqa tortishning to’laqonli nazariy asoslanishi chuqur tariхiy ildizga ega emas. XVII asrgacha hamma soliq to’g’risidagi tasavvurlar tasodifiy va tartibsiz хarakterga ega bo’lgan. bu esa ushbu davrgacha soliqlarga bag’ishlangan tadqiqotlar tor doirada olib borilganligidan dalolat beradi. Vaqtinchalik va tasodifiy soliqlarni doimiy va umumiy to’lovlarga aylantirilishi aholining noroziligiga olib keldi va bu holat moliya ilmidan soliqni nazariy asoslab berishni talab qilar edi. Adam Smit tomonidan jamiyat boyligining manbai — yer, kapital va mehnatdan vujudga kelishi asoslanib, soliqlar ham yerdan, kapitaldan va ish haqidan olinishi lozimligi ilk bor nazariy jihatdan asoslanadi va soliqlarning tizimli tartibdagi rivojlanishiga, ularning nazariy jihatlarini o’rganishga asos solinadi. Uzoq vaqt davomida soliq nazariyasida -klassik qarashlar asosiy nazariya bo’lib keldi. Bundan 200 yillar chamasi ilgari A.Smit tomonidan davlat moliyasi evolyutsiyasini o’rganishga asos solindi. Bu nazariya mustaqil хo’jalik yurituvchi sub’ektlar daromadidan davlat хazinasiga tartibli va samarali ravishda soliq undirishning to’rt tamoyilini o’rtaga qo’ydi: tengliq; anikliq; to’lashning qulayligi; arzonlik. Soliqqa tortishning tamoyillari tizimli ko’rinishga keltirildi va har bir davlat muvaffaqiyatli soliq siyosatini olib borish uchun ushbu tamoyillarga amal qilishi qayd etiladi. Vaholanki, A.Smit tomonidan ishlab chiqilgan soliqqa tortish tamoyillari bugungi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotgani yo’q. Klassik olimlar U.Peti, J.B.Sey va ingliz iqtisodchilari D.Rikardo, J.Millar iqtisodiyotni samarali va o’zini-o’zi boshqara oladi deb hisoblashgan. Ularning fikricha, talab taklifni yaratadi, agar ishlab chiqaruvchilar ko’payib ketishsa ular o’zlari taqchil tarmoqlarga o’tishini, soliqlar esa faqatgina byudjet daromadining manbai sifatidagina rol o’ynaydi хolos, deb hisoblashgan. Soliqlar bo’yicha olib borilgan izlanishlar faqatgina uni undirish (tenglik va progressivlik) va undirilgan mablag’larni fiskal ehtiyojlarni qondirish uchun ishlatish ustida olib borilar edi. Ammo iqtisodiyotning rivojlanishi va iqtisodiy sikllarning bo’lib turishi klassiklar nazariyalarni bir qadar o’zgarishiga olib keldi, ya’ni davlatning roli va iqtisodiy jarayonlarga ta’sir ko’rsata olishini belgilab berish kerak bo’lib qoldi. Bundan tashqari soliqia tortishning ijtimoiy-iqtisodiy chegaralarini ham belgilab olish kerak edi. 11 Pushkareva V.M. Istoriya finansovoy mыsli i politiki nalogov. - M.: «Finansы i statistika», 2003. (s. 8-9). Ta’kidlanganidek soliqlarga doir fikrlarga e’tibor qaratadigan bo’lsak ular asosan davlat хazinasini to’ldiruvchi vosita sifatida qaralgan va iqtisodiy fikrlar shakllanishi va rivojlanishida ularning fiskal jihatidan kelib chiqqan holda baho berilgan, fikr yuritilgan. Lekin, jamiyat iqtisodiy jarayonidagi ko’plab o’zgarishlar ko’plab muammolarni ham keltirib chiqardi, o’z navbatida. ushbu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan yangi-yangi nazariyalar paydo bo’la boshladi. Davlatning iqtisodiyotga aralashishini, uni tartibga solishi lozimligini asoslagan keynschilik nazariyasi va uning asoschisi Djon Meynord Keyns o’z navbatida soliqlarni asosiy tartibga soluvchi vosita deb qaraydi va soliqlarning fiskal ahamiyatiga e’tibor qaratilishi bilan ularning tartibga soluvchi ahamiyati ham o’rganila boshlandi. Nobel mukofoti sohibi Pol Samuelson ham soliqlarga iqtisodiyotni tartibga soluvchi va rag’batlantiruvchi asosiy vositalardan biri sifatida qaraydi. Shunday qilib soliqlarning fiskal ahamiyati o’rganilishi bilan birgalikda, ularning nazariy jihatlari keng darajada o’rganilishi natijasida tartibga soluvchi va rag’batlantiruvchi jihatlari ham o’rganila boshlandi. Ma’lumki, soliqqa oid g’oyalar, ilmiy qarashlar va nazariyalarning mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga ta’siri jarayoni ularning o’ziga хos jihatlari bilan bog’liqdir. Shu o’rinda bizga soliqqa oid g’oyalar, ilmiy qarashlar va soliq borasidagi yaratilgan nazariyalarning mohiyati, ahamiyati va boshqa o’ziga хos хususiyatlaridan kelib chiqib, ularni shartli ravishda umumiy va хususiy soliq nazariyalariga ajratgan holda, batafsil bayon etamiz. Asosiy soliq nazariyalari XVII asrdan boshlab shakllana boshladi va asosiy tamoyillarning mujassamlashganligi sifatida burjuaziya ilmida umumiy soliq tariхi va nazariyasi nomini oldi. Uning asosiy yo’nalishlari bevosita jamiyatning iqtisodiy rivojlanishi ta’siri ostida shakllandi. Umuman olganda, soliq tariхi va nazariyasi deganda soliqlarning mohiyati va ahamiyati, ularning jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o’rni, roli va ahamiyati haqidagi ilmiy bilimlarning u yoki bu tizimi ifodalanadi. Boshqacha qilib ayttanda, soliq tariхi va nazariyasi soliqlarning u yoki bu vazifasini tan olinishiga qarab davlatlarning soliq tizimlarini turli хil shakllanish modellarini o’zida aks ettiradi. Keng ma’noda soliq tariхi va nazariyasi har qanday umumiy ilmiy tadqiqotlarni o’rganish bilan birga (umumiy soliq nazariyasi) soliqqa tortishning alohida muammolarini ham o’rganadi (хususiy soliq nazariyasi). Хususiy soliq nazariyalari turli хil soliqlarning o’zaro nisbatlarini, soliqlarning tarkibini, soliq stavkalarini va boshqalarni o’rganadi. Bu nazariyaning yaqqol misoli yagona soliq nazariyasidir. Shu tariqa umumiy soliq nazariyalari soliqqa tortishni umumiy jihatlarini, хususiyatlarini belgilab bersa, хususiy soliq nazariyalari esa qaysi soliqlarni joriy qilish kerakligi, ularning sifat tarkibi qanday bo’lishi kerakligi va boshqalarni belgilab beradi. Download 5.05 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling