O‘zbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq bankining


Download 30.81 Kb.
Sana03.12.2023
Hajmi30.81 Kb.
#1806765
Bog'liq
Xisobot


O‘zbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq bankining
USTAVI
(yangi tahriri)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq banki (keyingi o‘rinlarda “Bank” deb ataladi) “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga va Vazirlar Mahkamasining “O‘zjamg‘armabank”ni O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankiga aylantirish to‘g‘risida” 1995-yil 4-oktabrdagi 386-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
2. Bankning firma nomi:
Davlat tilida: to‘liq — “O‘zbekiston Respublikasi Davlat-tijorat Xalq banki”, qisqartirilgan holda — Xalq banki; Rus tilida: to‘liq — “Gosudarstvenno-kommercheskiy Narodniy bank Respubliki Uzbekistan”, qisqartirilgan holda — Narodniy bank. Bank o‘z firma nomidan mutlaq foydalanish huquqiga ega.
3. Bank ochiq aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki bankning muassislari hisoblanadilar.
4. Bank yuridik shaxs hisoblanadi hamda o‘zining filiallari va alohida bo‘linmalari bilan yagona tizimni tashkil etadi. Bank o‘zining mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkka ega bo‘ladi.
5. Bank aholi omonatlarining saqlanishi va ularning o‘z vaqtida qaytarilishini kafolatlovchi mulkiy, moliyaviy, boshqa majburiyatlar va talablar bo‘yicha “O‘zjamg‘armabank”ning huquqiy vorisi hisoblanadi.
6. Bank o‘z firma nomi to‘liq yozilgan va O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan dumaloq muhrga, shuningdek shtamplarga, o‘z nomi davlat tilida va boshqa tillarda yozilgan blankalarga ega bo‘ladi. Bank o‘z emblemasiga (xizmat ko‘rsatish belgisiga) va vizual identifikatsiyalashning boshqa vositalariga ega bo‘ladi.
7. Bank o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, shuningdek mazkur Ustavga amal qiladi.
8. Bank mulki yetishmaganda fuqarolarning ijtimoiy himoya qilinishini ta’minlash maqsadida davlat nomidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki aholi omonatlarining saqlanishini kafolatlaydi hamda bankning omonatchilar — jismoniy shaxslar oldidagi majburiyatlari bo‘yicha muassislarning ustav jamg‘armasidagi badallariga mutanosib ravishda javob beradi.
9. Bank o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘zining barcha mol-mulki bilan javob beradi. Bank qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mulkiy va nomulkiy huquqlarni amalga oshiradi, majburiyatlar oladi, sudda da’vogar hamda javobgar bo‘ladi.
10. Bank o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
11. Bankining manzili: O‘zbekiston Respublikasi, 100096, Toshkent shahri, Qatortol ko‘chasi, 46.
2-bob. Bankning operatsiyalari
12. Jismoniy va yuridik shaxslarga keng doiradagi yuqori sifatli bank xizmatlari va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, shu jumladan ko‘rsatib o‘tilgan shaxslardan pul mablag‘larini omonatga jalb qilish, kredit-hisob-kitob va boshqa xil bank operatsiyalarini amalga oshirish, shuningdek o‘z faoliyatidan foyda olish Bank faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi.
13. Bank amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi operatsiyalarni amalga oshiradi:
Jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan vakil banklarning hisobvaraqlarini ochish va yuritish, hisobvaraqlar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish;
Omonatlarni jalb etish;
Kreditlarning qaytarilishi, foizliligi va muddatliligi sharti bilan o‘z mablag‘lari va jalb qilingan mablag‘lar hisobidan o‘z nomidan kreditlar berish;
Mablag‘ egasi yoki mablag‘ni tasarruf etuvchi bilan tuzilgan shartnomaga binoan pul mablag‘larini boshqarish;
Chet el valyutasini naqd pul va naqd bo‘lmagan pul shakllarida yuridik hamda jismoniy shaxslardan sotib olish va ularga sotish;
Cheklar, to‘lov va hisob-kitob hujjatlarini inkassatsiya qilish;
Pul mablag‘larini inkassatsiya qilish, shu jumladan o‘zining inkassatsiya xizmati orqali mijozlarning pul mablag‘larini inkassatsiya qilish;
Uchinchi shaxslar nomidan majburiyatlarning bajarilishini nazarda tutuvchi kafolatlar berish;
Uchinchi shaxslardan majburiyatlarning bajarilishini talab qilish huquqini olish;
Qimmatli qog‘ozlar chiqarish, xarid qilish, sotish, hisobini yuritish va ularni saqlash, mijoz bilan tuzilgan shartnomaga binoan qimmatli qog‘ozlarni boshqarish, qimmatli qog‘ozlar bilan boshqa operatsiyalarni bajarish;
Bank faoliyati yuzasidan maslahat va axborot xizmati ko‘rsatish;
Jismoniy va yuridik shaxslarga hujjatlar va boshqa boyliklarni saqlash uchun maxsus binolar yoki ular ichidagi po‘lat sandiqlarni ijaraga berish;
Moliyaviy lizing;
Xalqaro bank amaliyotiga muvofiq litsenziyada maxsus ko‘rsatilgan boshqa operatsiyalar.
3-bob. Bankning huquq va majburiyatlari
14. Bank quyidagi huquqlarga ega:
O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida O‘zbekiston Respublikasi va tegishli xorijiy davlatning amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tijorat va notijorat tashkilotlarida mustaqil ravishda yoki yuridik va jismoniy shaxslar bilan birgalikda ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsati bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida filiallar, shuningdek uning tashqarisida sho‘ba banklar, filiallar va vakolatxonalar tashkil etish;
O‘z faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘z manfaatlarini himoya qilish va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish uchun ittifoqlarda, uyushmalarda va boshqa birlashmalarda qatnashish;
Bankning filiallari va boshqa bo‘linmalari tomonidan operatsiyalarni amalga oshirish shartlari va tartiblarini tasdiqlash, depozitlar va beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini, jismoniy va yuridik shaxslarga Bank muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun vositachilik haqi miqdorini belgilash;
Shartnoma asosida depozitlar va kreditlar shaklida boshqa banklarning mablag‘larini jalb etish va mablag‘larni boshqa banklarda joylashtirish;
Tashkil etiladigan hisob-kitob markazlari va korrespondentlik hisobvaraqlari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish;
Barcha soliqlar va majburiy to‘lovlar to‘langandan keyin Bank tasarrufida qoladigan sof foyda hisobidan zaxiralar va fondlar tashkil etish;
Qonun hujjatlariga muvofiq qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish;
Moliya va xo‘jalik organlarida korxonalar va tashkilotlar manfaatlarini ularning ishonchnomalari bo‘yicha ifodalash;
O‘z mablag‘lari bilan, shu jumladan ulush qo‘shish asosida korxonalar, tashkilotlar va boshqa tijorat tuzilmalarini, shu jumladan xoldinglarni tashkil etishda va ularning xo‘jalik faoliyatida qatnashish;
Litsenziyada va ushbu Ustavda nazarda tutilgan, o‘z moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa xatti-harakatlar va operatsiyalarni amalga oshirish.
15. Bank quyidagilarga majburdir:
Mablag‘larni Markaziy bankda zaxiraga qo‘yish va belgilangan iqtisodiy normativlarga rioya qilish bo‘yicha Markaziy bank tomonidan belgilangan talablarni bajarish;
Kredit va lizing operatsiyalari bo‘yicha ehtimol tutilgan zararlarni qoplash uchun Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda va miqdorlarda zaxiralar tashkil etish;
Markaziy bank topshirig‘iga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetining kassa ijrosi bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish;
Garovning (shu jumladan mol-mulk shaklidagi garovning), beriladigan kafolatlar, kafilliklar va majburiyatlarning yetarliligini hisobga oladigan beriladigan kreditlar ta’minlanishining ichki normativ tartibini belgilash;
O‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oshkor etish;
Bankda ichki audit xizmati mavjud bo‘lishini ta’minlash;
Qonun hujjatlariga muvofiq bank sirini yoki boshqa sirni tashkil etadigan ma’lumotlarning oshkor etilmasligini ta’minlash.
4-bob. Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi ijrosini tashkil etish
16. “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Bank jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida qatnashadigan fuqarolarni hisobga qo‘yadi.
17. Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimining zarur tarzdagi faoliyatini ta’minlash Bankning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi, Bank ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
Yakka tartibdagi jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarini ochish va yuritish uchun jamg‘arib boriladigan pensiya badallarini omonatga qo‘yuvchilardan zarur ma’lumotlarni olish;
Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘larini investitsiya qilishdan olingan daromaddan marja olish. Marja miqdori O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Bank jamg‘arib boriladigan pensiya tizimining faoliyatini ta’minlash bo‘yicha yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagilarga majburdir:
Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yakka tartibdagi jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarini ochish va yuritish;
Yakka tartibdagi jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga badallarning va hisoblangan foizlarning shaxsiy hisobini yuritish;
Jamg‘arib boriladigan pensiya badallari va foizlar yakka tartibdagi jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o‘z vaqtida va to‘liq hajmda o‘tkazilishini ta’minlash;
Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlari miqdorlari o‘z vaqtida va to‘g‘ri aniqlanishini, shuningdek ularning oluvchilarga to‘liq berilishini ta’minlash;
Yakka tartibdagi jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larning saqlanishini, ko‘rsatib o‘tilgan mablag‘larni moliyaviy vositalarga joylashtirish va ulardan investitsiya va kredit resurslari sifatida foydalanish yo‘li bilan ularning ko‘paytirilishini hamda inflatsiyadan himoya qilinishini ta’minlash;
Fuqarolarni ularning yakka tartibdagi jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarining holati to‘g‘risida har yili va ularning murojaatiga ko‘ra xabardor qilish;
Yakka tartibdagi jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga tegishli bo‘lgan hujjatlar va yozuvlar saqlanishini ta’minlash.
Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq Bank boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va boshqa majburiyatlar olishi mumkin.
18. Bank jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘larining alohida hisobini yuritadi.
19. Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘lari Bank tomonidan jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini amalga oshirish uchun foydalaniladi. Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘laridan jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi bilan bog‘liq bo‘lmagan majburiyatlarni bajarish uchun foydalanilishi mumkin emas.
20. Ko‘paytirish va inflatsiyadan himoya qilish maqsadida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘laridan Bank tomonidan investitsiya va kredit resurslari sifatida, shuningdek moliya vositalariga joylashtirish uchun foydalanilishi mumkin.
Bank jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘laridan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda investitsiya va kredit resurslari sifatida foydalanadi.
Bank tomonidan jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘larini moliya vositalariga joylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
5-bob. Bank mablag‘lari, mol-mulki va kredit resurslari
21. Bankning o‘z mablag‘lari:
Ustav sarmoyasidan;
Zaxira fondidan;
Taqsimlanmagan foydadan;
Bank kengashi qaroriga ko‘ra shakllantiriladigan boshqa fondlardan hosil bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Bankning ustav sarmoyasi miqdori 200 000 000 000 (ikki yuz milliard) so‘m miqdorida belgilangan. Ushbu summa nominal qiymati 500 000 (besh yuz ming) so‘m bo‘lgan 400 000 (to‘rt yuz ming) ta egasining nomi yozilgan oddiy aksiyalarga bo‘linadi va 2013-yil 1-yanvargacha shakllantiriladi”;
Bank aksiyalarining 51 foizi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga, 49 foizi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga tegishlidir.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 25-noyabrdagi 256-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 48-son, 476-modda)
23. Bankning ustav sarmoyasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ko‘paytirilishi yoki kamaytirilishi mumkin.
24. Bank sof foydadan yillik har yilgi majburiy ajratmalar yo‘li bilan, u ko‘rsatilgan miqdorga yetgungacha ustav sarmoyasi miqdorining 20 foizi miqdorida zaxira fondini tashkil etadi. Bank qonun hujjatlariga muvofiq boshqa fondlarni shakllantirishga haqlidir.
25. Bank fondlarini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar Bank kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
26. Bankning mol-mulki o‘ziga tegishli bo‘lgan binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, transport vositalari va boshqa boyliklardan iborat bo‘ladi.
27. Bankning kredit resurslari quyidagilar hisobiga shakllanadi:
Bankning o‘z mablag‘lari;
Mijozlarning depozit hisobvaraqlardagi mablag‘lari;
Boshqa banklar kreditlari;
Obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar chiqarish natijasida olingan mablag‘lar;
Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘lari;
Jalb qilingan boshqa mablag‘lar.
6-bob. Bankning aksiyalari, Bank aksiyadorlarining huquqlari
28. Bankning barcha aksiyalari egasining nomi yozilgan oddiy aksiyalar hisoblanadi va depozitariyning hisobga olish registrlaridagi yozuvlar shaklida naqd bo‘lmagan shaklda chiqariladi.
29. Bankning aksiyadorlari qonun hujjatlarida, shuningdek ushbu Ustavda nazarda tutilgan huquqlarga ega bo‘ladi.
30. Bankning har bir oddiy aksiyasi aksiyadorga bir xil hajmdagi huquqlarni beradi.
31. Aksiyalarga haq to‘lash qonun hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
32. Bankning tasarrufiga o‘tgan aksiyalar ovoz berish huquqini bermaydi va ovozlarni sanashda hisobga olinmaydi. Bunday aksiyalar ular Bank tasarrufiga o‘tgan paytdan boshlab bir yildan kechikmay sotilishi kerak, aks holda aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi belgilangan tartibda ustav sarmoyasini kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak.
33. Bank qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ochiq va yopiq yozilish yo‘li bilan qo‘shimcha aksiyalarni joylashtirishga haqlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
34. Bank aksiyadorlari reyestrini saqlash Bank tomonidan amalga oshiriladi.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 25-noyabrdagi 256-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 48-son, 476-modda)
35. Bank aksiyalari bilan bitimlar qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
36. Bank qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi tashqarisida obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlarni chiqarishi mumkin.
7-bob. Bank foydasini taqsimlash
37. Bankning balansdagi va sof foydasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda belgilanadi. Balansdagi foydadan tegishli soliqlar, budjetga boshqa majburiy to‘lovlar to‘lanadi.
38. Bankning sof foydasi Bankning tasarrufida qoladi va aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining qaroriga binoan Bankning zaxira fondi va boshqa fondlarini shakllantirishga yo‘naltiriladi, aksiyadorlar o‘rtasida dividendlar shaklida taqsimlanadi, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa maqsadlarda foydalaniladi.
8-bob. Bankni boshqarish
39. Quyidagilar Bankni boshqarish organlari hisoblanadi:
Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi;
Bank kengashi;
Bank boshqaruvi.
40. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi (keyingi o‘rinlarda “Umumiy yig‘ilish” deb ataladi) Bankni boshqarishning yuqori organi hisoblanadi.
41. Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining mutlaq vakolatiga quyidagilar kiradi:
a) Bank ustaviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yoki yangi tahrirdagi Bank ustavini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilish;
b) Bankni qayta tashkil etish yoki tugatish, tugatish komissiyasini tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilish;
v) mazkur ustav talablariga muvofiq Bank kengashining a’zolarini saylash va ularning vakolatlarini muddatidan oldin to‘xtatish;
g) e’lon qilingan aksiyalarning miqdorini, nominal qiymatini, toifasini (tipini) va ushbu aksiyalar bilan beriladigan huquqlarni belgilash;
d) Bank ustav sarmoyasini ko‘paytirish yoki kamaytirish, shuningdek ustav sarmoyasini ko‘paytirish yoki kamaytirish usullarini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilish;
e) o‘z aksiyalarini sotib olish;
j) Bankning oraliq va uzil-kesil tugatish balanslarini tasdiqlash;
z) Bankning Taftish komissiyasi a’zolarini (taftishchini) saylash va ularning vakolatlarini muddatidan oldin to‘xtatish;
i) auditorlik tekshirishlari o‘tkazish, auditorlik tashkilotini va uning xizmatlariga haq to‘lashning cheklangan miqdorini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilish;
k) Bankning yillik biznes-rejasini, yillik hisobotlarini, buxgalteriya balanslarini, foyda va zararlar hisobvarag‘ini tasdiqlash, uning foyda va zararlarini taqsimlash;
l) Bank xarajatlarini tasdiqlash va ularni Bankni rivojlantirish biznes-rejasi bilan solishtirish, Bank kengashi a’zolariga beriladigan mukofotlar va ularning Bank kengashi a’zosi funksiyalarini bajarishlari bilan bog‘liq xarajatlarini kompensatsiya qilish miqdorini belgilash;
m) Umumiy yig‘ilish reglamentini tasdiqlash;
n) aksiyalarni maydalashtirish va jamlash;
o) Bankning kredit berish, aktivlar va passivlarni boshqarish, investitsiyalarni amalga oshirish va bank mijozlariga yangi turdagi xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi siyosati asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
p) Bank kengashi va Taftish komissiyasi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash;
r) qiymati bitim tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanada bank aktivlari balans qiymatining 50 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladigan mulkni sotib olish yoki begonalashtirish bilan bog‘liq yirik bitimlarni amalga oshirish;
s) qiymati bitim tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanada bank aktivlari balans qiymatining 25 foizdan 50 foizgachasini tashkil qiladigan mulkni sotib olish yoki begonalashtirish bilan bog‘liq yirik bitimlarni amalga oshirish, agar bunday bitimni amalga oshirish masalasi yuzasidan Kengashda yakdillikka erishilmagan bo‘lsa;
t) qonun hujjatlariga muvofiq sodir etilishidan manfaatdorlik mavjud bo‘lgan bitimlar tuzish;
u) qonun hujjatlarida va ushbu Ustavda nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal etish.
42. Umumiy yig‘ilishning mutlaq vakolatiga tegishli bo‘lgan masalalar Bank kengashiga hal etish uchun berilishi mumkin emas.
43. Umumiy yig‘ilishning mutlaq vakolatiga tegishli bo‘lgan masalalar Bank ijro etuvchi organiga hal etish uchun berilishi mumkin emas.
44. Umumiy yig‘ilishda qarorlar Umumiy yig‘ilishda qatnashgan ovoz beruvchi aksiyalar egalari bo‘lgan aksiyadorlarning oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi, ushbu Ustavning 41-bandi “a”, “b”, “v”, “g”, “d”, “j”, “k”, “l” va “o” kichik bandlarida nazarda tutilgan, ular bo‘yicha qonun hujjatlariga muvofiq malakali ko‘pchilik ovoz talab qilinadigan masalalar bundan mustasno.
45. Umumiy yig‘ilishlar yillik (hisobot) va navbatdan tashqari yig‘ilishlar tarzida o‘tkaziladi.
46. Yillik umumiy yig‘ilishlar har yili moliyaviy yil tamom bo‘lgandan keyin kamida 2 oydan keyin va 6 oydan kechikmay chaqiriladi.
47. Umumiy yig‘ilishda Bank kengashining raisi raislik qiladi, u bo‘lmaganda esa uning o‘rinbosarlaridan biri raislik qiladi.
48. Aksiyadorlarning hisobot Umumiy yig‘ilishida majburiy tartibda Bankning yillik biznes-rejasi, yillik hisoboti, buxgalteriya balansi, foyda va zararlar hisobvarag‘i, foyda va zararlarni taqsimlash va belgilangan tartibda kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar ko‘rib chiqiladi. Umumiy yig‘ilishni o‘tkazish sanasi va tartibi, uning o‘tkazilishi to‘g‘risida aksiyadorlarni xabardor qilish tartibi, Umumiy yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chog‘ida aksiyadorlarga beriladigan materiallar ro‘yxati Bank kengashi tomonidan belgilanadi.
49. Navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish Bank kengashining qarori bo‘yicha uning o‘z tashabbusi, Bankning Taftish komissiyasi, auditori, shuningdek Bank aksiyadorlarining talabi asosida o‘tkaziladi.
50. Umumiy yig‘ilish Umumiy yig‘ilish tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq o‘tkaziladi.
51. Bank kengashi Bank faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, Umumiy yig‘ilishning mutlaq vakolatiga tegishli bo‘lgan masalalarni hal etish bundan mustasno.
52. Bank kengashi vakolatiga quyidagilar tegishlidir:
Bank faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;
Bank depozit va kredit siyosati prinsiplarini tasdiqlash;
Yillik va navbatdan tashqari Umumiy yig‘ilishlarni chaqirish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
Umumiy yig‘ilishda qatnashish huquqiga ega bo‘lgan aksiyadorlar ro‘yxatini tuzish sanasini belgilash;
Umumiy yig‘ilish kun tartibini tayyorlash;
Bank ustaviga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish (yoki yangi tahrirdagi Ustavni tasdiqlash) to‘g‘risida takliflarni ko‘rib chiqish uchun Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishiga kiritish;
Bankning tashkiliy-boshqaruv tuzilmasini tasdiqlash;
Boshqaruv raisining taqdimnomasi bo‘yicha Bank boshqaruvi a’zolarini tasdiqlash;
Bank nomidan Boshqaruv raisini yollash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasini tuzish;
Bankning obligatsiyalari va boshqa qarz majburiyatlarini chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda Bank tomonidan joylashtirilgan qimmatli qog‘ozlarni sotib olish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
Boshqaruv a’zolariga to‘lanadigan mukofotlar miqdorini belgilash;
Bank taftish komissiyasi a’zolari (taftishchi)ga to‘lanadigan mukofotlar va kompensatsiyalar miqdori bo‘yicha tavsiyalar berish hamda tashqi auditor xizmatlariga haq to‘lash miqdorini belgilash;
Bankning zaxira va boshqa fondlaridan foydalanish bo‘yicha qaror qabul qilish;
Bankning ichki auditi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash;
Bank boshqaruvi faoliyati tartibini belgilovchi hujjatlarni tasdiqlash;
Bankning filiallarini va vakolatxonalarini tashkil etish (tugatish) to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
Yillik moliyaviy hisobotlarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishiga kiritish;
Aksiyalar bo‘yicha dividendlar miqdori va ularni to‘lash tartibi bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etish;
Moliya yili uchun daromadlar va xarajatlar prognozini tasdiqlash;
Bankning begonalashtiriladigan mol-mulki qiymatini belgilash (shu jumladan mol-mulk garovga qo‘yilganda);
Bankning sho‘ba va qaram bo‘lgan korxonalarini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
Har chorakda Bank boshqaruvi raisining bank faoliyati natijalari to‘g‘risidagi ma’ruzalarini hamda bank ichki auditi xizmati rahbarining hisobotlarini eshitish;
O‘z vakolati doirasida mulkni sotib olish va begonalashtirish bilan bog‘liq yirik bitimlar (umumiy qiymati qarorlar qabul qilingan sanada bank aktivlari qiymatining 25 foizdan 50 foizgachasini tashkil qiladigan bitimlar yoki o‘zaro bog‘liq bir necha bitimlar) tuzish;
Mazkur Ustavda Bank kengashi vakolatiga kiritilgan boshqa masalalarni hal qilish.
53. Bank kengashi vakolatiga tegishli bo‘lgan masalalar hal etish uchun Bank boshqaruviga berilishi mumkin emas.
54. Quyidagilar Bank kengashining majburiyatlari hisoblanadi:
O‘z vakolatlarini bank aksiyadorlari manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirish;
Bankka o‘z vakolatlariga mos ravishda rahbarlik qilishni ta’minlash;
Bank faoliyati, kreditlar berish va mablag‘larni investitsiyalashning to‘g‘riligi ustidan joriy nazoratni amalga oshirish (omonatchilar, kreditorlar va aksiyadorlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida);
Bankning yetarli darajadagi kapitallashuvini ta’minlash;
Bank faoliyati strategiyasini shakllantirish;
Bankni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan biznes-rejalar ijrosini nazorat qilish;
Bankning foyda ko‘rishi monitoringini olib borish;
Ichki audit xizmati faoliyat ko‘rsatishini tashkil etish;
Korporativ boshqarish bo‘yicha qonun hujjatlari bilan belgilangan talablarga rioya qilinishi to‘g‘risidagi hisobotni yillik Umumiy yig‘ilishga taqdim etish.
Oldingi tahrirga qarang.
55. Bank kengashi a’zolari soni kamida besh kishidan iborat bo‘lishi kerak. Aksiyadorlardan tashqari bank sohasi olimlari va mutaxassislari ham Bank kengashi a’zolari bo‘lishlari mumkin.
(55-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 25-noyabrdagi 256-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 48-son, 476-modda)
56. Bank kengashi raisi Bank kengashi umumiy a’zolari sonining ko‘pchilik ovozi bilan Bank kengashi a’zolari tomonidan saylanadi, keyinchalik Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi. Bank kengashi raisining o‘rinbosari Bank kengashi a’zolari orasidan Bank kengashi raisi tomonidan tayinlanadi.
57. Bank boshqaruvi a’zolari va Boshqaruv raisi Bank kengashiga saylanishi mumkin emas.
58. Bank kengashi raisi davlatning ishonchli vakili hisoblanadi, unga davlatga tegishli aksiyalar paketini boshqarish yuklanadi.
59. Bank kengashi a’zolari bir yil muddatga saylanadi va cheklanmagan marta qayta saylanishlari mumkin.
60. Bank kengashi raisi bo‘lmaganda uning funksiyalarini o‘rinbosar amalga oshiradi.
61. Bank kengashi majlisi Bank kengashi raisi tomonidan uning o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki;
Bank kengashi a’zosi; Taftish komissiyasi; Bank boshqaruvi;
Bank ichki audit xizmati rahbari;
Bankning tashqi auditori talabi bo‘yicha chaqiriladi.
62. Bank kengashi majlislarini o‘tkazish, ovoz berish va qarorlar qabul qilish tartibi Umumiy yig‘ilish tomonidan tasdiqlanadigan Bank kengashi to‘g‘risidagi Nizom bilan belgilanadi.
63. Bank kengashi vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha qarorlar ko‘pchilik, ovozlarning kamida uchdan ikki qismi bilan qabul qilinadi. Bank kengashi majlisida masalalarni hal qilishda Bank kengashning har bir a’zosi bir ovozga ega bo‘ladi. Bank kengashi majlisini o‘tkazish uchun kvorum Bank kengashi a’zolari belgilangan sonining kamida 75 foizini tashkil qilish kerak.
64. Ovoz berish huquqi Bank kengashining bir a’zosi tomonidan Bank kengashining boshqa a’zosiga berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
65. Bankning joriy faoliyatiga rahbarlik qilish kollegial ijro etuvchi organ — rais rahbarligida ishlaydigan Boshqaruv tomonidan amalga oshiriladi.
66. Boshqaruv raisi va uning o‘rinbosarlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi. Boshqaruv a’zolari Bank kengashi tomonidan tayinlanadi.
67. Bank boshqaruvi:
Bankning joriy faoliyatiga tezkor rahbarlikni tashkil etadi va amalga oshiradi;
Bank markaziy apparati bo‘linmalari rahbarlari va filiallari rahbarlarining Bank faoliyatining aniq yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli davrlar va ishlar uchun faoliyat yakunlari to‘g‘risidagi, shuningdek ular faoliyatini taftish qilish va tekshirish natijalari bo‘yicha hisobotlarini ko‘rib chiqadi;
Bank bo‘linmalari ish amaliyotiga eng ilg‘or bank texnologiyalari, bank ishlarini kompleks avtomatlashtirish loyihalari joriy etilishini tashkil etadi, zamonaviy bank infratuzilmasi yaratilishini ta’minlaydi;
Bankning filiallari va boshqa alohida bo‘linmalari tarmog‘ini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni belgilangan tartibda tashkil etadi va amalga oshiradi;
Bank mijozlariga ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha foiz stavkalarini va vositachilik haqi miqdorini ishlab chiqadi va Bank kengashi bilan kelishib oladi;
Zararlar miqdorini kamaytirish maqsadida bank aktivlarining diversifikatsiyalanishini amalga oshiradi;
Bank tomonidan Markaziy bank belgilagan iqtisodiy normativlarga, Markaziy bankda majburiy zaxiralarni shakllantirish yuzasidan talablarga rioya qilinishini ta’minlaydi;
Bankning sarmoyasi va likvidli resurslari yetarli darajada bo‘lishini, shubhali va bekor turgan aktivlarga qarshi ularni klassifikatsiya qilish asosida zaxiralar yaratilishini ta’minlaydi;
Qonun hujjatlarida belgilangan tartibga va xalqaro standartlarga muvofiq Bank buxgalteriya hisobi va hisoboti yuritilishini tashkil etadi;
Bankning markaziy apparati bo‘linmalari rahbarlarini va filiallari boshqaruvchilarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tayinlaydi va egallab turgan lavozimidan bo‘shatadi, Bankning kadrlar tarkibi tayyorlanishini va qayta tayyorlanishini ta’minlaydi, eng o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni rag‘batlantirish, shuningdek, zaruriyat bo‘lganda, xodimlarga nisbatan intizomiy jazolar qo‘llash va ulardan intizomiy jazolarni olib tashlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
Bank kengashining Boshqaruv vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha qarorlarining bajarilishini ta’minlaydi;
Bank kengashi va muassislarning birinchi talabi bo‘yicha moliyaviy hisobotni va bank faoliyati to‘g‘risidagi boshqa axborotlarni o‘z vaqtida taqdim etadi;
Bank kengashi oldida bank faoliyatining moliyaviy natijalari uchun belgilangan tartibda hisobot beradi;
Bank kengashida ko‘rib chiqish uchun bankni rivojlantirish strategiyasi, bankning tashkiliy-boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish masalalari, Bank kengashi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar bo‘yicha takliflar kiritadi;
Bank bo‘linmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilinishi ustidan nazorat qiladi;
Bankning joriy faoliyati masalalarini tartibga soladigan ichki hujjatlarni tasdiqlaydi, tasdiqlanishi Umumiy yig‘ilish va Bank kengashi vakolatiga tegishli bo‘lgan ichki hujjatlar bundan mustasno;
Ishchi organlarni, shu jumladan Bank qo‘mitalarini tuzadi, ularning vakolatlarini belgilaydi, ular to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
Filialni boshqarish bo‘yicha vaqtincha boshqaruvni yoki Bankning vakolatli vakilini tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
Bank kengashi bilan kelishgan holda o‘z vakolatlari doirasida mol-mulk sotib olish va uni begonalashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan yirik bitimlar, shu jumladan korxonalarga kredit berish bo‘yicha yirik bitimlar (umumiy qiymati qaror qabul qilingan sanada bank sarmoyasining 15 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qiladigan bitimlar yoki o‘zaro bog‘liq bir necha bitimlar) tuzadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Har yili bankning kredit rejasini shakllantirishda moliyalashtirish mo‘ljallanayotgan investitsiya loyihalarining puxta tanlab olinishini, samaradorligi kompleks baholanishini va ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlaydi;
Amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining o‘zini o‘zi qoplashi, qo‘yilgan mablag‘larning o‘z vaqtida va to‘liq qaytarilishi ustidan tizimli monitoring olib boradi hamda natijalari to‘g‘risida har chorakda Bank kengashiga axborot beradi;
(67-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 25-noyabrdagi 256-sonli qarori asosida yigirma birinchi va yigirma ikkinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2008-y., 48-son, 476-modda)
Bank faoliyatining boshqa masalalarini ko‘rib chiqadi va hal etadi.
68. Bank boshqaruvi va Bankning tegishli bo‘linmalari rahbarlari Bank hisobotidagi axborotning ishonchliligi uchun javob beradi.
69. Boshqaruv Bank kengashiga hisobot beradi.
70. Bank boshqaruvi raisi bilan mehnat shartnomasini bank nomidan Bank kengashi raisi imzolaydi, Boshqaruv raisining o‘rinbosarlari, Boshqaruv a’zolari va bank bosh buxgalteri bilan mehnat shartnomalarini Bank boshqaruvi raisi imzolaydi.
71. Bankning filiallari rahbarlari Markaziy bank bilan kelishgan holda Bank boshqaruvi tomonidan tayinlanadi. Boshqaruv raisi Bank nomidan Bank filiallari rahbarlari bilan mehnat shartnomalari tuzadi.
72. Bank xodimlari mazkur Ustavga va qonun hujjatlariga muvofiq Bank boshqaruvi raisi yoki bank filiali rahbarlari bilan mehnat shartnomasi tuzadilar.
73. Bank boshqaruvi Bank kengashi qarorlari bajarilishini tashkil etadi.
74. Boshqaruv raisi Bank faoliyati uchun shaxsan javob beradi.
75. Bank kengashi va Boshqaruvi a’zolari o‘z huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda Bank manfaatlarini ko‘zlab ish tutishlari lozim. Ular o‘z ishlarining natijalari uchun qonun hujjatlariga muvofiq Bank oldida javob beradilar.
76. Bank boshqaruvi birinchi zaruriyat tug‘ilishi bilan Bank muassislariga:
Bankning yillik hisobotlarini;
Amalga oshirilgan budjet operatsiyalari bo‘yicha hisobotlarni;
Bankning moliya-xo‘jalik faoliyatiga taalluqli boshqa ma’lumotlarni taqdim etishi shart.
9-bob. Bankning hisobi va hisoboti
77. Bank buxgalteriya hisobini yuritadi hamda davlat boshqaruvining tegishli organlariga moliyaviy hisobotni va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hisobotlarni taqdim etadi.
78. Bank axborotning majburiy oshkor etilishini qonun hujjatlarida belgilangan hajmda, muddatlarda va tartibda amalga oshiradi, shuningdek o‘zi tomonidan emissiya qilinadigan qimmatli qog‘ozlarga tegishli bo‘lgan axborotni e’lon qiladi.
79. Bank faoliyati natijalari oylik, choraklik va yillik buxgalteriya balanslarida, foyda va zararlar to‘g‘risidagi hisobotda, shuningdek Markaziy bankka u tomonidan belgilangan muddatlarda taqdim etiladigan yillik hisobotda aks ettiriladi.
80. Bank qonun hujjatlariga muvofiq buxgalteriya balansini, foyda va zararlar to‘g‘risidagi hisobotni, hisobotlarning Umumiy yig‘ilish tomonidan tasdiqlangan boshqa shakllarini e’lon qiladi.
Bankning yillik hisobotidagi, buxgalteriya balansidagi, foyda va zararlar hisobvarag‘idagi ma’lumotlarning ishonchliligi Taftish komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
81. Bankning moliyaviy yili 1-yanvardan boshlanadi va 31-dekabrda tugaydi.
82. Bank Bank faoliyati davomida shakllanadigan hujjatlarning lozim darajada hisobga olinishi, saqlanishi va undan foydalanilishini ta’minlaydi.
Bank qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddat mobaynida hujjatlarning saqlanishini ta’minlaydi.
Bank hujjatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat tomonidan saqlash uchun beriladi.
10-bob. Bankning moliya-xo‘jalik faoliyatini nazorat qilish
83. Bankning moliya-xo‘jalik faoliyatini nazorat qilish Umumiy yig‘ilish tomonidan 7 a’zodan iborat etib saylanadigan Taftish komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
84. Taftish komissiyasi a’zolari ayni bir vaqtda Bank kengashi a’zolari bo‘lishi, shuningdek Bank boshqaruvi organlarida boshqa lavozimlarni egallashi mumkin emas.
85. Taftish komissiyasi a’zolari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘zlariga yuklangan majburiyatlar halol bajarilishi uchun javob beradilar.
86. Taftish komissiyasining ish tartibi va uning vakolatlari Umumiy yig‘ilish tomonidan tasdiqlanadigan Bankning Taftish komissiyasi to‘g‘risidagi Nizom bilan belgilanadi.
87. Taftish komissiyasi o‘tkazilgan taftish to‘g‘risidagi xulosani Umumiy yig‘ilishga taqdim etadi.
88. Bankning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) uning moliyaviy yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha, shuningdek Taftish komissiyasining tashabbusi, Umumiy yig‘ilish, Bank kengashining qarori yoki Bank aksiyadorlarining talabi bo‘yicha amalga oshiriladi.
89. Moliyaviy (buxgalteriya) hisobotining ishonchliligini, uning moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiqligini tekshirish va tasdiqlash uchun Bank shartnoma asosida qonun hujjatlariga muvofiq auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan auditorlik tashkilotini jalb qiladi. Auditorlik tashkiloti qonun hujjatlariga, ushbu ustavga va bankning ichki hujjatlariga muvofiq auditorlik tashkilotlarini tanlash bo‘yicha tanlov yakunlariga ko‘ra Umumiy yig‘ilishga Bank kengashi tomonidan tavsiya qilinadi.
90. Bankda ichki nazorat xizmati funksiyalarini Bankning tegishli tarkibiy bo‘linmasi amalga oshiradi, tarkibiy bo‘linma haqidagi Nizom Bank kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
11-bob. Bankni qayta tashkil etish va uning faoliyatini to‘xtatish
91. Bank qonun hujjatlariga muvofiq tugatilishi va qayta tashkil etilishi mumkin.
12-bob. Bank ustaviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish
92. Bank ustavi, shuningdek unga kiritiladigan barcha o‘zgartirish va qo‘shimchalar belgilangan tartibda Markaziy bankda ro‘yxatga olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.

(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 10-11-son, 61-modda, 48-son, 476-modda; 2015-y., 20-son, 259-modda)

Men 2023-yil Iyun oyida Xalq banki Paxtachi filialida oʻz amaliyotimni oʻtadim. Amaliyot davomida avvalo bankning nizomini oʼrgandim.Bankda jismoniy shaxslar bilan ishlash boʼlimi va kredit boʼlimida oʼz faoliyatimni olib bordim va plastik kartochkalar tarqatish boʻlimida ham faoliyat olib bordim. Plastik kartalar boʻlimida fuqarolarga plastik tarqatdim va ularni roʻyxatga oldim. Ularni bankning qayd daftariga yozib bordim. Fuqarolar tomonidan plastik kartalarni olish uchun ariza blankasini toʻldirtirdim. Mijozlarning plastik kartochkalari ushbu bankka yetib kelgan yoki kelmaganligini ham iABS dasturida tekshirishni oʻrgandim. iABS dasturida «клиенты счёт» ochishni oʻrgandim va koʻplab «клиенть счёт»lar ochdim.iABS dasturida kredit olish uchun berilgan ariza qogʻozlarini skaner qilishni oʻrgandim. iABS dasturida fuqarolarning faqatgina pasporti orqali uning nomida qancha kreditlari borligini qancha qarzi borligini va kimga kafil sifatida turganligini bilib olsa boʻladi. Keyin ularni koʻrish koʻrib chiqish uchun bankning bosh ofisiga ham yuborishni oʼrgandim. Fuqarolarning bankdan olgan kreditlarini holatini qancha qarzdorligini va qancha to'lash kerakligini ham oʻrgandim. Yana oʻsha dasturda kredit olish uchun bosh ofisiga xat yuborishni ham oʻrgandim. Undan tashqari tumanning turli hududlarida bankka tegishli bankomatlar joylashtirilgan. Ular fuqarolarga doimiy ravishda xizmat koʻrsatib keladi. Bu ham fuqarolarning uzogʻini yaqin qilib ogʻini yengil qiladi.

Bank nomi: «ATB XALQ BANKI PAXTACHI FILIALI»


Tashkilgan etilgan sanasi: 2007-yil.
Joylashgan joyi: Samarqand viloyati. Paxtachi tumani. Ziyovuddin shaharchasi.
Bank kodi: 00733
Bankdagi hodimlar soni: 32ta
Bankning boʻlimlari: chakana xizmatlar boʻlimi, pensiya va nafaqalar bilan ishlash boʻlimi, kredit boʻlimi.
Bankda 30 xilga yaqin operatsiyalar amalga oshiriladi. Bankda 8 soatlik ish rejimida haftasiga 5 kun ishlanadi. Bank mijozlarning soni ularga koʻrsatiladigan xizmatlar boʻyicha tumanda yetakchi oʻrinlarda turadi. Bankning mijozlari doimiy koʻpchilikni tashkil etadi. Shunga yarasha ularga xizmat koʻrsatish uchun hodimlardan faollik talab qilinadi. Oʻz navbatida bankda koʻrsatilayotgan xizmatlardan xalq ham rozi boʻlishi uchun kerakli ishlar amalga oshiriladi. Bir kunda taxminan 150-200ta odam birgina chakana xizmatlar boʻlimiga oʻz murojaati bilan keladi. Chakana xizmatlar boʻlimida fuqarolarga plastik kartochkalar tarqatish, va kredit berish boʻyicha ishlar amalga oshiriladi. Chakana xizmatlar boʻlimida 4 nafar xodim faoliyat olib boradi. Ularning 3 nafari kreditlar bilan 1 nafari esa plastik kartochkalar tarqatish bilan shugʻullanadi. Bankning yillik aktivlar aylanmasi 30-40mlrd soʻmni tashkil etadi. Bank fuqarolarga pensiya, nafaqa tarqatish bilan ham shugʻullanadi. Keksa yoshdagi pensionerlarga maxsus transport vositalarida ularning uylariga pensiya yetkazib beriladi. Bank oʻzini har tomonlama rivojlantirish yoʻlida muhim ishlarni amalga oshirmoqda. Bundan buyogʻiga odamlarning banklarga boʻlgan ishonchini qozonish ularga sifatli xizmat koʻrsatish uchun qulay sharoitlar yaratish ustida ishlar olib borilmoqda.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY TA’LIM, FAN VA INNOVATSIYALAR VAZIRLIGI
MIRZO ULUGʻBEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI
IQTISODIYOT FAKULTETI
BANK ISHI VA AUDIT
Yo‘nalishi
1-kurs o’zbek guruhi talabasi
Latipov Elchinbek
XALQ BANKI ” aktsiyadorlik tijorat bankida o‘tkazilgan

MALAKAVIY AMALIYOT BO‘YICHA
X I S O B O T
Universitet tomonidan raxbar: Xajibakiyev Shuhrat
Tashkilot tomonidan raxbar: Shukurov Diyor
Kafedraga topshirilgai sana: «_____» 2023 y
Ximoya qiliigan sana: « _____» 2023 y


Toshkent – 2023
Download 30.81 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling