Insonparvarlik funksiyasi. Ijtimoiy falsafa tomonidan ishlab chiqilgan har qanday ijtimoiy taraqqiyot modeli insonparvarlik mezonidan kelib chiqadi. U tarixiy taraqqiyotning qaysi bir bosqichini o‘rganmasin, qaysi bir ijtimoiy-siyosiy tuzumga baho bermasin, avvalo inson manfaatlariga qanchalik mos ekanligi nuqtai nazaridan yondashadi. Zero, ijtimoiy taraqqiyot - ijtimoiy falsafa nazdida, avvalo insonparvarlik muhitining qaror topib borishi bilan belgilanadi. Bu borada ishlab chiqilgan ijtimoiy-falsafiy nazariyalar va konsepsiyalar jamiyatda insonparvar munosabatlar o‘rnatilishiga hizmat qiladi. Eng qadimiy davrlardan falsafani inson, uning mohiyati, qadr-qimmati qiziqtirib kelgan. Aslida falsafa inson hayotining ma’nosini o‘ylashdan boshlangan. Ijtimoiy falsafa “Inson va olam”, “inson-inson”, “inson-jamiyat” muammolarini hal qilishga yordam beradi.
Ijtimoiy prognozlash funksiyasi. Ijtimoiy falsafa ijtimoiy jarayonlarni ilmiy boshqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada ishlab chiqilgan futurologik konsepsiyalar ijtimoiy taraqqiyot qonunlariga tayanib, ijtimoiy jarayonlar tendensiyasi va istiqbolini aniqlashda, kelajakni anglash va ilmiy bashorat qilish orqali jamiyatni samarali boshqarish borasida muhim tavsiyalar beradi.
Axloqiy-tarbiyaviy funksiya. Ijtimoiy falsafa axloqiy-tarbiyaviy funksiyani ham bajaradi. Uning bu funksiyasi insonni tarbiyalashga, unda insoniy, ahloqiy xislatlarni jonlantirishga yo‘naltirilgan. Insonni shakllantirish va rivojlantirish unda falsafiy fikrlash madaniyatini qaror toptirishni nazarda tutadi.
Kommunikativ funksiya. Ijtimoiy falsafa barcha ijtimoiy fanlar tomonidan ishlab chiqilgan nazariyalarni integratsiya qilish, bu fanlar o‘rtasida doimiy aloqani ta’minlash bilan kommunikativ funksiyani bajaradi.
Mafkuraviy funksiya. Ijtimoiy falsafiy g‘oyalar umumbashariy muammolarni hal etish, farovon kelajakni barpo etish yo‘lida insoniyatni ezgu maqsadlar sari yetaklovchi, ularni hamjihatlikka, jipslikka chorlovchi mafkura bo‘lib hizmat qiladi.
Umuman olganda, ijtimoiy falsafaning oliy o‘quv yurtlarida o‘qitilishi talaba yoshlarning dunyoqarashini kengayishiga, ijtimoiy voqe’likka ongli munosabatda bo‘lishiga, ularning qaysi bir sohaning mutaxassisi bo‘lishidan qat’iy nazar, ijtimoiy jarayonlarga keng planda yondashishlariga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |