O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti
FAN VA UNING IJTIMOIY TARAQQIYOTDAGI O‘RNI
Download 4.4 Mb.
|
IJTIMOIY-FALSAFA
- Bu sahifa navigatsiya:
- Fan - jamiyatning ijtimoiy instituti.
FAN VA UNING IJTIMOIY TARAQQIYOTDAGI O‘RNI
Reja: 1. Fan- jamiyatning ijtimoiy instituti 2. Fanlar tasnifi va rivojlanish omillari, ijtimoiy ahamiyati 3. Hozirgi zamon fani va ilmiy-texnikaviy taraqqiyot Tayanch tushunchalar Fan, bilim, ilmiy bilim, nazariya, kashfiyot, ixtiro, klassik fan, noklassik fan, postnoklassik fan, sinergetika, texnika, texnologiya, sinergetika, fundamental fanlar, amaliy fanlar, tabiiy fanlar, ijtimoiy fanlar, gumanitar fanlar, texnika fanlari, texnodeterminizm, ssientizm, antissientizm, ta’lim, innovatsiya. Fan - jamiyatning ijtimoiy instituti. Jamiyat hayotining mavjudligi va muttasil taraqqiy etib borishi muhim ijtimoiy institutlar faoliyati bilan belgilanadi. Ana shunday ijtimoiy institutlardan biri fandir. Fan boshqa ijtimoiy institutlarga xos bo‘lmagan noyob o‘ziga xos jixatlari bilan jamiyat hayotini ratsional tashkil etishi va ijtimoiy muammolarni samarali hal etishi bilan alohida ahamiyatga egadir. Fan – ijtimoiy ong shakllari orasida ilmiyligi va yuqori tartiblashganligi bilan ajralib turadi. Fanni dunyo to‘g‘risidagi, shu jumladan odamning o‘zi to‘g‘risidagi, ob’ektiv bilimlarni ishlab chiqarish bo‘yicha yuksak darajada tashkil etilgan va ixtisoslashtirilgan faoliyatdir, deb ta’riflash qabul qilingan. Xususan, rus faylasufi V.P.Koxanovskiy bergan ta’rifga ko‘ra “Fan – bu real faktlarni umumlashtirib ular o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorliklar asosida haqiqatni anglash va ob’ektiv qonunlarni kashf etishni bevosita maqsad qilgan kishilarning tabiat, jamiyat va o‘zini anglash to‘g‘risida bilimlarni ishlab chiqarish yo‘nalishidagi ma’naviy faoliyatlari shaklidir”208. Fan - dunyo xaqidagi bilimlar tizimi, ijtimoiy ong shakllaridan biri. U yangi bilimlarni egallash bilan bog‘liq faoliyatni ham, bu faoliyatning mahsuli - olamning ilmiy manzarasi asosini tashkil etuvchi bilimlarni ham o‘z ichiga oladi va inson bilimlarining ayrim sohalarini ifodalaydi. Fanning bevosita maqsadi o‘zining o‘rganish predmeti hisoblangan voqelikning qonunlarini kashf etish asosida shu voqelikning jarayon va hodisalarini ta’riflash, tushuntirish, oldindan aytib berishdir. Fanning quyidagi asosiy funksiyalarini alohida ko‘rsatish mumkin: - ishlab chiqaruvchi kuchlarni takomillashtirish uchun ilmiy bilimlardan foydalanish (fanning texnologik funksiyasi); - ilmiy bilimlardan fanning o‘zini rivojlantirish uchun foydalanish; - ilmiy bilimlarni shaxsning har tomonlama kamol topishiga (ijtimoiy progressga) imkon yaratish maqsadida insonni rivojlantirish uchun qo‘llash; - fandan turli tabiiy va ijtimoiy jarayonlarni boshqarish vositasi sifatida foydalanish. Ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning asosiy manbalaridan biri bo‘lgan fanning roli, uning tashkiliy tuzilishining murakkabligi, ilmiy faoliyat jarayonida foydalaniladigan resurslarning turli tumanligi fan taraqqiyotini prognozlash zaruriyatini keltirib chiqaradi. Ijtimoiy hayot dinamikasi bilimlarning rivojlanish jarayonlariga muhim ta’sir qilib, fanni tuzilmaviy va gnoseologik-metodologik jihatdan ancha ilgari siljitadi. Bu - fanning asosan oddiyroq tizimlarni (eng avvalo fizik va injenerlik tizimlarni) o‘rganishdan murakkab va o‘ta murakkab tizimlarni (ekologik, biologik, iqtisodiy, ijtimoiy tizimlarni) tadqiq qilishga o‘tishidir. Fan ham ijtimoiy ong shakli va ijtimoiy institut sifatida o‘z evolyusiyasiga ega. Tadqiqotchilar odatda fan Qadimgi YUnonistonda mil. av. I ming yillik o‘rtalarida vujudga kelgan va falsafiy ta’limotlarda bilimlarning rivojlanishi bilan bog‘liq deb qayd etadilar. Ammo, fanning ilk kurtaklari kishilik jamiyatining paydo bo‘lishi bilan bog‘liq holda maydonga kelgan. Dastlabkibilimlar amaliy xarakterga ega bo‘lgan. Ilmiy bilimning ayrim unsurlari miloddan bir necha ming yil oldin qadimgi jamiyatlar (SHumer madaniyati, Mayya madaniyati, Qadimgi Misr, Xitoy, Hindiston, Markaziy Osiyo va b.)da shakllangan bo‘lsa-da, bo‘lajak fanning ilk asoslari, kurtaklari Qadimgi YUnonistonda vujudga keldi. Tafakkur sistemasining kurtaklari mifologiya sifatida qadimgi SHarq va YUnonistonda paydo bo‘la boshlagan davrda mifologiya fanga o‘tish bo‘sag‘asida ma’lum bosqich vazifasini bajargan. Rivojlanish davom etishi bilan mifologiya o‘rnini naturfalsafa egalladi. SHarqda yuzaga kelgan “Avesto”da mifologiya va fan unsurlari bor edi. Zenon, Demokrit, Aristotel va boshqa kadimgi zamon mutafakkirlari tabiat, jamiyat va tafakkurni goho birgalikda, goho ayrim-ayrim ravishda bayon etishga urina boshladilar. Dunyoni bir butun, deb ifodalovchi tushunchalar, isbotlash usuli paydo bo‘ldi. Ellinizm davrida Evklid, Arximed, Ptolemey tomonidan geometriya, mexanika, astronomiya sohasida dastlabki nazariy sistemalar yaratildi. Fan hali tarkibiy qismlarga ajralmagan, yaxlit, bir butun, an’anaviy tarzda falsafa deb nomlangan bilim doirasida shakllandi. Mantiq alohida muhim fan ekanligi ta’rifini Aflotunning (mil. av. V asr) dialoglarida (Aflotundan 30 ga yaqin kichik va katta dialoglar bizgacha etib kelgan) o‘qishimiz mumkin. Aristotel (mil. av. V-IV asrlar) formal mantiqning yaxlit sistemasini yaratdi, dialektik metodni ta’riflab berdi va tabiatshunoslik, fizika, sotsiologiyaning juda ko‘p sohalarida fanning vujudga kelishiga zamin hozirladi. Biroq, fanning paydo bo‘lishini faqat G‘arbiy Yevropa bilangina bog‘lash to‘g‘ri emas. Jahon sivilizatsiyasi, fan Yevropaliklar tomonidan yaratilgan degan g‘oyani ilgari faqat “evropotsentrizm” tarafdorlari olg‘a surganlar. Fan tarixining taniqli tadqiqotchilari (J.Niddam, A.Koyre, V.I.Vernadskiy va boshqalar), G‘arbda XVI-XVII asrda sodir bo‘lgan ilmiy inqilobni inkor etmagan holda, fan va ilmiy bilimlarning vujudga kelishi va rivojlanishiga SHarq buyuk sivilizatsiyalari qo‘shgan katta hissaga munosib baho berilmasligi va hatto inkor etilishiga qarshi chiqadilar. A.Koyre o‘rta asrlar arab (shu jumladan Markaziy Osiyo) falsafasi Yevropa fani va madaniyati rivojida o‘ziga xos ko‘prik sifatida muhim rol o‘ynaganini, uning yordamida Qadimgi dunyo ilmiy tafakkuri arabiyzabon faylasuflar tomonidan o‘rganilib, G‘arbiy Yevropaga uzatilganini eslatadi. U “lotin G‘arbining o‘qituvchilari va tarbiyachilari arablar edi” deb qayd etadi. Biroq, ko‘pgina mashhur arabiyzabon faylasuf va olimlar Markaziy Osiyodan chiqqanidan bexabar bo‘lgan A. Koyre ularni arablar deb ataydi va Forobiy, Ibn Sino yoki Ibn Rushdsiz G‘arbiy Yevropa o‘sha davrda Aflotun, Aristotel va qadimiyatning boshqa buyuk mutafakkirlari ta’limotlarini hech qachon tushunmagan bo‘lardi, deb ta’kidlaydi. Zero, Aristotel va Aflotunni tushunish uchun qadimgi yunon tilini bilishning o‘zi kifoya qilmaydi, falsafadan ham xabardor bo‘lish kerak. Qadimgi lotin tili dunyosi esa falsafadan bexabar edi209. O‘rta asrda SHarq olimlari fanga ulkan hissa qo‘shdilar. Ular qadimgi fan yutuqlarini, ilmiy asarlarni saqlash, tarjima qilish va ularni tarqatish masalasiga katta e’tibor berdilar. Ayni vaqtda fanni yangi yutuklar bilan boyitdilar, yangi kashfiyotlar qildilar. O‘rta Osiyoning buyuk olimlari ilm-fanning yangi tarmoqlarini yaratdilar va yangi qonun-qoidalarni kashf etdilar. Muhammad al-Xorazmiy tenglamalar haqidagi fan sifatida algebra va to‘ng‘ich algoritmlarni yaratdi, astronomiya sohasidagi bilimlarni algoritmik usulda ifodalab berdi. Axmad al-Farg‘oniy astronomiyaga sistema tarzini berdi, matematik geografiya va geodeziyaga oid stereografik proeksiyalar nazariyasini yaratdi. Hamid Xo‘jandiy (X asr) kub tenglamalar nazariyasini chuqurlashtirdi. Mahmud Koshg‘ariy o‘z davrining qomusi bo‘lgan “Devonu lug‘otit turk”ni yozdi. Abu Rayhon Beruniy geodeziya, mineralogiya, farmakognoziyani yaratdi. Abu Ali Ibn Sino tabobatning ilmiy zaminini qo‘ydi (XIasr.) Ulug‘bek, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Kushchi sonlar nazariyasiga muhim hissa qo‘shdilar va kuzatish astronomiyasini yuqori pog‘onaga ko‘tardilar (XVasr). Yevropada Uyg‘onish davri arafasida, XII asr boshlaridan al-Xorazmiy, Ibn Sino, al-Kindiy, Ibn Rushd va boshqalarning asarlari lotin tiliga tarjima qilina boshladi. SHarqda bilim hamisha yuksak darajada qadrlangan. XII asrda yashab ijod etgan shoir va mutafakkir olim Ahmad YUgnakiy fan va bilim haqida bunday degan: “ ... Olim odamlarga yaqinroq bo‘l. Bilim senga keng yo‘l ochib beradi. Bilimlarga intil, baxt yo‘lini izla. ...Endi o‘zing sinab ko‘r: hisoblab, o‘ylab ko‘r, bilimlardan ham foydaliroq bo‘lgan biron bir narsa bormi. Bilishlik olimni ko‘klarga ko‘taradi, bilmaslik odamni erga uradi”. Fan ijtimoiy institut, ya’ni bilimning mustaqil tarmog‘i sifatida XVI asr – XVII asrning boshlarida shakllandi. Bu davrda Yevropaning bir qancha mamlakatlarida ijtimoiy inqiloblar sodir bo‘ldi, ular sanoat, savdo-sotiq, qurilish, harb ishi, dengizchilik va h.k.ning rivojlanishiga katta turtki berdi. YAngi Davrgacha fan bilim sistemasi sifatida shakllanishi uchun shart-sharoit bo‘lmay, fanning o‘zi emas, balki fan unsurlarigina mavjud edi. G‘arbda uyg‘onish va YAngi davrda Leonardo da Vinchi, R.Bekon, T.Gobbs, N.Kopernik, J. Bruno, G.Galiley, I.Kepler, R.Dekart kabi olimlar tabiat haqidagi fanlarni rivojlantirdilar. Astrologiya o‘rnini astronomiya, alkimyo o‘rnini kimyo egalladi. Haqiqiy bilimni tizimga solish va undan samarali foydalanishning yangi shakli bo‘lgan fan ancha murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Ma’lumki, fan dastlabki davrda falsafiy tadqiqot doirasidan chetga chiqmas, muayyan falsafiy qoidalar va xulosalarni dalillashning muhim, ba’zan esa – asosiy shakli hisoblanar edi. Ayni vaqtda, fan, falsafiy bilimning tarkibiy qismi sifatida, borliqni muvofiq tarzda aks ettirishning o‘ziga xos izlanish shakllarini, haqiqatni topish va isbotlashning shakl va metodlarini asta-sekin ishlab chiqa boshladi. Bu jarayon ilmiy tafakkurning erkinligi muhitini vujudga keltirgan Uyg‘onish davrida ayniqsa yorqin namoyon bo‘ldi. Ilohiy sxolastika va Ptolemeyning geotsentrik sistemasiga asoslangan o‘rta asrlar noilmiy va soxta ilmiy qarashlari ta’siridan asta-sekin qutulish ayniqsa muhim ahamiyat kasb etdi. Bu jihatdan N. Kopernik (1473-1543) ta’limoti fanda burilish yasadi. U o‘zining geliotsentrik sistemasini ilgari surdi va asoslab berdi. O‘sha davr tabiatshunosligi (Bruno, Telezio, Galiley va b.) yutuqlari ta’sirida dunyo haqidagi g‘ayriilmiy qarashlar inkor etildi va dunyolarning ko‘pligi, ularning cheksizligi, tabiatning o‘z-o‘zini rivojlantirishi haqidagi g‘oyalar ilgari surildi. Ular XVII asrda tabiatshunoslikda sodir bo‘lgan inqilobga zamin hozirladi. Bu inqilob falsafa va fanning uzil-kesil ajralishiga, fan bilimning mustaqil tarmog‘iga va ijtimoiy institutga aylanishiga olib keldi.
XVII asrda tajribaga asoslangan fanning rivojlanishi insonning turmush tarzini tubdan o‘zgartirib yubordi. B.Rassel ta’kidlaganidek, “YAngi dunyoni ancha avvalgi asrlardan farqlantiradigan narsalarning deyarli barchasiga XVII asrda ajoyib yutuqlarga erishgan fan sabab bo‘lgan”. YAngi davrda fanning inson hayotida din kabi muhim ahamiyatini anglab etib, Rojer Bekon: “Ilm-fan ilohiyot uchun ham foydalidir. Nuh alayhissalom kema yasab, to‘fondan qutulib qolgan. Bu ulkan kemaga Nuhalayhissalom va uning oilasi, er yuzidagi jamiki tirik mavjudotlarning har biridan bir jufti jo bo‘lgan. Uzunligi 30 tirsakli kema quyi, ikkinchi va uchinchi oshyonadan iborat edi. Turgan gapki, bunday kemani handasa fanini bilmay turib yasash mumkin emas210, degan edi. Frensis Bekon esa fanning asl maqsadini nazarda tutib: “Men odamlarni ilm-fanning asl maqsadini yodda saqlashga chaqiraman. Toki ular ilm-fan bilan o‘z mansablari, ilmiy bahslar, o‘zgalarni mensimaslik, shon-shuhrat, shaxsiy manfaatlari yoki boshqa tuban maqsadlar uchun emas, balki bu bilimlardan hayotga foyda va manfaat etishi uchun shug‘ullansinlar211, deb da’vat etgan edi. YAngi davr deb ataluvchi bu zamonda fanning ijtimoiy roli yanada oshdi. U madaniyatning muhim tarmog‘i vatexnikaning nazariy asosiga aylana boshladi. XVI—XVII asrlarda klassik fizikaning poydevori qurildi. Fanning nazariya darajasiga ko‘tarilganligi tafakkurning induktiv va deduktiv rivojlanishiga yo‘l ochib berdi. Mavjud ilmiy faktlar I.Nyuton tomonidan dinamikaning asosiy qonuni sifatida ta’riflandi. Bu umumlashtirilgan qonundan XVI—XIXasrlarda xususiy qonuniyatlar kashf etildi. Lagranj, Eyler, Gauss ijodi mexanikani moddiy nuqtalar sistemasi tarzida shakllanishiga olib keldi. Mexanika fanlari shu darajada mantiqiy rivojlandiki, har xil soha olimlari unga havas qila boshladilar va uning isbotlangan qonuniyatlaridan boshqa sohalarda ham foydalanish harakatiga tushdilar. Sanoatda tub o‘zgarishlar yuz berishi (XVIIIasr oxiri) tufayli fanning taraqqiyotida yangi bosqich boshlandi. XIXasrda fizikada yangi fanlar (termodinamika, klassik elektrodinamika) paydo bo‘ldi, biologiyada evolyusion ta’limot va hujayra nazariyasi vujudga keldi, energiyaning saqlanish va o‘zgarish qonuni shakllandi, astronomiya va matematikada yangi konsepsiyalar rivojlandi (J.Maksvell, M. Faradey, J. Lamark, CH.Darvin, T.SHvann, M.SHleyden). Geometriya sohasida inqilobiy ta’limot yaratildi: asrlar davomida hukm surib kelgan Evklid geometriyasi yagona emasligi, balki noevklid geometriyalar ham borligi N.Lobachevskiy tomonidan bayon etildi va keyinchalik isbotlandi. D. M.Mendeleevning davriy sistemasi xar xil kimyoviy elementlar orasidagi ichki bog‘lanishni ifodaladi. Matematika va fizikada XX asrda ham katta yutuklar qo‘lga kiritildi, texnika fanlarida radiotexnika, elektronika kabi sohalar paydo bo‘ldi. Fan va texnikaning yanada rivojlanishiga ta’siri borgan sari ortib borayotgan kibernetika vujudga keldi. Fizika va kimyo fanlaridagi muvaffaqiyatlar hujayralardagi biologik jarayonlarni yanada chuqurroqo‘rganishga imkon berdi, bu hol qishloq xo‘jaligi va tibbiyot fanlarining rivojlanishiga olib keldi. Fanlarning iilab chiqarish bilan yaqin hamkorligi yuz berib, uning ijtimoiy xayot bilan aloqalari mustahkamlana boshladi. Hozirgi fanlar fan-texnika inkilobinnng muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. V.P.Koxanovskiy fan rivojlanishining uch asosiy bosqichini212 ko‘rib chiqadi: a) klassik fan (XVII-XIX asrlar). U ob’ektiv fikrlash tarzi orqali, dunyoning sub’ekt tomonidan o‘rganilishi shartisiz, dunyo haqida ob’ektiv-haqiqiy bilimlar olishni nazarda tutadi. Bu davrga qat’iy belgilangan yo‘naltirilgan izchil (chiziqli) rivojlanish mos keladi: o‘tmish hozirgi davrni belgilaydi, hozirgi davr esa, o‘z navbatida, kelajakni belgilaydi. Dunyoning rivojlanish jarayonlarini oldindan mo‘ljallash va bashorat qilish mumkin. Dunyoning mumtoz (klassik) manzarasi ob’ektlarni o‘z holicha mavjud narsalar sifatida tavsiflaydi; b) noklassik fan (XIX asr oxiri – XX asrning birinchi yarmi). U klassik fan ob’ektivizmini inkor qiluvchi, ob’ekt bilimlari bilan sub’ekt faoliyatining vositalari va operatsiyalari xususiyati o‘rtasidagi aloqani anglab etuvchi relyativistik va kvant nazariyasining ishlab chiqilishi bilan bog‘liq. Fanda noklassik fikrlash tarziga o‘tilishi tabiatshunoslikdagi yangi kashfiyotlar, ayniqsa, A. Eynshteyn ishlab chiqqan nisbiylik nazariyasi, shuningdek buyuk fiziklar – N. Bor, L. de Broyl va boshqalar tomonidan ishlab chiqilgan kvant mexanikasi ta’sirida amalga oshirildi. Mazkur fan shaklining mohiyati nazariyadan “statistik qonuniyat” nomi bilan o‘rin olgan determinatsiyaning moslashuvchanroq sxemasi yuzaga kelishi bilan bog‘liq; v) postnoklassik fan (XX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr boshi). U ob’ekt haqida olinuvchi bilimlar xususiyati faqat biluvchi sub’ekt faoliyati vositalari va operatsiyalariga emas, balki uning qadriyatlari va maqsadlariga ham bog‘liqligini hisobga oladi. Taraqqiyot muayyan tomonga qarab ketishi uchun unga ozgina ta’sir ko‘rsatishning kifoyaligi postnoklassik rivojlanishning muhim jihatidir. Mazkur yondashuvni I. Prigojin va uning maktabi ishlab chiqqan. Hozirgi zamon postnoklassik fanida tartiblilik va xaos, strukturaviylik va stoxastiklik ob’ektiv va teng deb e’tirof etiladi. Bunda xaos va stoxastiklikka destruksiya deb emas, balki holat deb qaraladi. Bilimga sub’ektiv faoliyatning muttasil aralashuvi postnoklassik fanning muhim belgisidir. Hozirgi postnoklassik bosqichga fanning shakllanish va o‘z-o‘zidan tashkil bo‘lish paradigmasi mos keladi. Fan yangi qiyofasining asosiy jihatlarini sinergetika ifodalaydi. Sinergetika har xil tabiatli sistemalarda kechadigan fanning o‘z-o‘zidan tashkil bo‘lish jarayonlarining umumiy prinsiplarini o‘rganadi. “Sinergetik harakat”ga qarab mo‘ljal olish borliqning muhim xususiyatlari - tarixiy davr, sistemalilik (yaxlitlik) va rivojlanishga qarab mo‘ljal olish demakdir. SHu bilan birga, fan rivojlanishidagi mazkur uch davr o‘rtasida xitoy devori yo‘qligini ham e’tiborga olish kerak. Fan tarixida ular o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilik mavjud degan nodialektik yondashuvdan kelib chiqish yaramaydi. Bu erda oldingi bosqichlarning har biri qayta tuzilgan, takomillashgan ko‘rinishda dialektik inkor etish mexanizmiga ko‘ra keyingi bosqich tarkibidan o‘rin olishini bilish kerak. Masalan, noklassik fan klassik fanni tugatmadi, balki undan hozirgi fanning rivojlanishiga imkoniyat yaratgan barcha bilimlarni olib, uning amal qilish sohasini chekladi, xolos. Noklassik fan o‘rnini postnoklassik fan egallashi jarayoni haqida ham shunday deyish mumkin. Ijtimoiy ong shakllaridan biri hisoblangan fan uning boshqa shakllari bilan chambarchas bog‘liq. Ijtimoiy ong shakllarining umumiy jihati shundaki, ular borliqni abstrakt tushunchalar, gipotezalar, nazariyalar va h.k.da aks ettirishning har xil usullaridir. Fanning jamiyatni bevosita ishlab chiqaruvchi kuchiga aylanishi fanning o‘zida sodir bo‘lgan sifat o‘zgarishlari bilan chambarchas bog‘liq. Klassik fan o‘rnini alohida olimlar yoki olimlar kichik guruhlarining “katta fan” deb nomlangan qudratli ijtimoiy organizm egalladi. “Katta fan” murakkab organizmining shakllanishi hozirgi zamon faniga xos bo‘lgan tadqiqotlarning rivojlanishiga turtki beradi. Hozirda jamiyat hayoti va faoliyatiga tobora faolroq kirib borayotgan aralashayotgan fanlar ayniqsa e’tiborga molikdir, hammaning diqqat markazidadir. Ijtimoiy organizm hisoblangan fan doirasida odamlar o‘rtasidagi munosabatlarning ham murakkablashuvi uni ijtimoiy-psixologik tahlil qilish muammolarini ilgari surmoqda. O‘z mohiyatiga ko‘ra ilmiy bilimni shakllantirish vositasi bo‘lgan fan ayni vaqtda ijtimoiy institut sifatida eng avvalo insonni, olimni, uning bilimi, ko‘nikma-malakasi va tajribasini qamrab oladi. SHu bois ilmiy bilimning shakllanishi muayyan me’yor-mezon va qoidalarni nazarda tutadiki, ularga rioya qilinishi fanning ma’naviy ishlab chiqarishning muayyan ko‘rinishi va ma’lum turdagi ijtimoiy ong shakli sifatidagi o‘ziga xosliklarini belgilaydi. Ilmiy nazariy bilish natijalari fanning mazmunida aks etadi. Ilmiy bilish olamni bilishning boshqa ko‘rinishlaridan o‘ziga xos jihatlari bilan farqlanadi: - Avvalo fan olamni, undagi narsa va hodisalarni chuqur atroflicha bilishning taqazo etadi. - Ilmiy bilishdan ko‘zda tutilgan maqsad chin bilimlar, ilmiy xaqiqatlarni hosil qilishdan iborat. CHin bilim deganda uning olamni to‘g‘ri aks ettirganligi, olamga mos kelishi nazarda tutiladi. - Ilmiy bilimlarni hosil qilish uchun maxsus ilmiy metodlardan foydalanish lozim bo‘ladi. SHuning uchun ham fanning mazmunida ob’ektiv olamdagi narsa va hodisalar aks etishi bilan bir qatorda, ilmiy bilimlarni hosil qilish usullari ham ishlab chiqilgan bo‘ladi. - Ilmiy izlanish natijalari ilmiy bilim shakllarida – muammo, qonun, ilmiy faraz, nazariya, kashfiyot, ta’limotlarda aks etadi. - Ilmiy bilimlar o‘ziga xosligi ularning tizimliligi, yaxlitlikni tashkil etishida. - Fanda ilmiy bilimlarning chinligini asoslashning maxsus usullari ishlab chiqilgan bo‘ladi. - Ilmiy bilimlar – qonun, nazariya, ta’limotlarni o‘ziga xos ilmiy tilda bayon etiladi. Ilmiy til deganda tabiiy va sun’iy til vositalaridan foydalanish nazarda tutiladi. Fan ma’naviy ishlab chiqarishning o‘ziga xos shakli hisoblanadi. Ilmiy izlanishdan ko‘zda tutilgan maqsad, uning natijasi – ilmiy bilim hisoblanadi. Ilmiy bilimlarning shakllanishi va taraqqiy etishi murakkab ijodiy jarayon bo‘lib, uning kelib chiqishi ilmiy muammoga borib taqaladi. Har qanday ilmiy izlanish ilmiy muammoni quyishdan boshlanadi. Ilmiy muammo u yoki bu nazariy masalani xal qilishda u haqdagi mavjud bilimning etarli emas ekanligini anglashdan kelib chiqadi. Tadqiqot jarayonida o‘rganilayotgan ob’ekt haqida dastlabki ilmiy dalillar to‘planadi. Ilmiy dalillar u yoki bu darajada tahlil qilinishi, ishlab chiqilishi oqibatida ilmiy taxlilning ilgari surilishiga olib keladi. Tasdiqlangan, isbotlangan ilmiy taxmin – ilmiy nazariyada o‘z ifodasini topadi. SHunday qilib fan ma’naviy ishlab chiqarishning maxsus ko‘rinishi sifatida insonnig olam haqidagi ilmiy bilimlarida – muammo, ilmiy taxmin, nazariya, ta’limotlarda o‘z ifodasini topadi. Fanning muxim tomonlaridan biri uning murakkab tarkibi ijtimoiy institut ekanligidadir. Fan murakkab tuzilishga ega ijtimoiy institut deganda quyidagilar nazarda tutiladi. 1. Ilmiy izlanish olib boradigan, yangi ilmiy bilimlarni qo‘lga kiritish lozim bo‘lgan olimlar; 2. Ilmiy faoliyatda kooperatsiyaning amalga oshishi; 3. Ilmiy bilimlarni shakllanishiga turtki beradigan ilmiy axborotning mavjudligi; 4. Ilmiy faoliyatni mujassamlashtiradigan, boshqaradigan maxsus ilmiy muassasa va tashkilotlar; 5. Laboratoriya tadqiqotlari uchun maxsus jihozlar, asbob-uskunalar, priborlar. Har bir fan shakllanishi va rivoji davomida ishlab chiqarilgan qonun-qoidalar, ya’ni prinsip – tamoyilar bilan ish ko‘radi. Prinsip lotincha “asos” ma’nosini anglatadi va a) biror bir siyosiy tashkilot, nazariya, ta’limot, fan, dunyoqarash asoslanadigan qonun-qoida; b) insonning voqelikka munosabatini ifodalaydigan ichki ishonchi; v) asbob, mexanizmi tuzilishi va ishlashidagi o‘ziga xoslik ma’nosida ishlatiladi. Prinsiplar fanlarning taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilaydi, fan rivojidagi qonuniyatlarni aniqlashga yordam beradi. Fanlarda keng qayd etilgan tamoyillar: -muvofiqlik -to‘ldiruvchanlik -umumlashtirish -soddalashtirish -simmetriya -kuzatuvchanlik -abstraktlikdan konkretlikka tomon borish. Fan ilmiy bilimlarni hosil qilishning eng umumiy ijtimoiy shakli bo‘lib hisoblanadi. Ilmiy bilimlar individual va jamoa faoliyati natijasida shakllanadi va rivojlanadi. Fanning bevosita maqsadi- uni predmetini tashkil qilgan borliqdagi hodisalar, jarayonlar va qonunlarni tavsiflash tushuntirish va bashorat qilishdir. Uyushgan majmua sifatida fan jamoatga, ijtimoiy tuzumga, ijtimoiy kuchlarga xizmat qiladi, ularni buyurtmasi fanning faolligini yo‘naltiradi. Fan jamiyatda paydo bo‘ladi, shakllanadi, undan turli xildagi inpulslar, maqsadni, mo‘ljaliniilmiy faoliyatini tashkil qilish vositalarini oladi, ijtimoiy ishlab chiqarish sohasiga aylanadi, moddiy va ma’naviy qadriyatlar yaratadi, o‘zi ilmiy uyushma shaklida rivojlanadi. Mana shu xisobotlari bois fan ijtimoiy institut moqomini oladi. Fan ob’ekti-ob’ektiv borliq, olam, jamiyat, shaxsdir. Kebernetikaning taraqqiyoti bir qator lingvistik, mantiqiy, psixalogik, texnik va axloqiy muammolarni ham keltirib chiqaradi. Jumladan, inson axloqiy faoliyatni modellashtirish, inson miyasi vazifasining texnikaviy andozasini yaratish, mashina bilan inson muloqatini tashkil etish muammolari va boshqalar. Germenevtika shu ma’noda ilmiy-texnik taraqqiyot davrida tasodifiy bo‘lmaydi, mazkur taraqqiyot tomonidan taqozo etilgan. Germenevtika uzoq tarixiy o‘tmishga, rivojlanish bosqichlariga va qator muammolarga ega. Elektronika, mikroelektronika, kompyutersozlik rivoji, informatsion jamiyat va madaniy taraqqiyotni bu fan yutuqlarisiz tasavvur etish qiyin. Fanimizda yaqin kunlargacha “burjua jamiyati” ta’limotiga xos bo‘lgan qarashlar g‘ayriilmiy deb baholanardi. Biroq bugun ahvol o‘zgardi. SHuning uchun germenivtika masalalariga ham bir yoqlama qaramasdan, uning yutuqlarini tan olib, kamchiliklarini bo‘rtirmasdan o‘rganish kerak. Masalan, Haydegger fikricha, tashqi voqelik “til voqeligi” deb tushuniladi, fazo va vaqt masalasida vaqtga katta e’tibor beriladi. Inson vaqt ob’ektivligini anglash orqali o‘limga mahkumligini tushunadi. Vaqtni anglash natijasida jamiyat va o‘zining yo‘q bo‘lishini tushunadi. Insonning o‘tmishini qay darajada anglashi uni kelajak haqida qanday tasavvur qila olishini belgilaydi. M.Xeydegger ta’kidlaganidek, “industrial davr dunyo manzarasi yangi davr dunyo manzarasining mantiqiy davomi sifatida shakllanmoqda”213. Zamonaviy inson tasavvuri “makon rejimi”da faoliyat ko‘rsatmayapti, vaqt esa dominant bo‘lib bormoqda. “Dunyo manzarasi” “matnli dunyo”ga aylanib, dunyo insonning ichki olamiga yaqinlashmoqda. Tushunish, o‘qish yoki yozishni talab qiladigan struktura kodini shakllantirmoqda.214 Aynan Xeydegger birinchi bo‘lib vaqt haqidagi masalani ilgari surdi. Bunda mavjudlik inson mohiyatini belgilaydi – “matnli dunyo” qarashlari shunday shakllanadi. YAna falsafiy fikr “matnlashgan dunyo” strukturasining tahlili va uni tushunish qoidalari bilan shug‘ullanadi. Dunyo endi aynan o‘z tasvirida emas, balki individ tomonidan hisob-kitob qilinadigan va o‘qiladigan belgilar, timsollar, strukturalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Existenz paradigmasi madaniyat paradigmasi kabi shunday faoliyat ko‘rsatadi. Matn madaniyati elektron axborot tashuvchilar ko‘magida va ulardan ortda qolmay taraqqiy etmoqda. Matn hali xam axborot tashuvchilar safidan chiqqani yo‘q. Faqatgina u etakchilik pozitsiyasini boy bermoqda, xolos. Endi uning muallifi o‘lgani yo‘q, balki ahamiyatga ega bo‘lmay qoldi: “... bugun biz kitobni uning avtori bilan kelishgmagan holda astoydil o‘qishimiz mumkin...”. Davr talabi individual interpretatsiyada shunday belgilanadi. Bunday qarashlar hozirgi davrda ham G‘arb ma’naviy hayotida ommaviy qiziqish uyg‘otib turadi. Ilmiy bilimlarni hosil qilish murakkab jarayon bo‘lib, uning mohiyati ilmiy bilimlar dinamikasida ifodalanadi. Bu bilmasdan bilishga, nomukammal bilimdan mukamallik sari borishdan iborat bo‘lgan murakkab jarayon bo‘lib, o‘zaro bir-biri bilan almashib turadigan empirik va nazariy darajada o‘z ifodasini topadi. Fanning muxim tomonlaridan biri bu, uning bevosita ishlab chiqaruvchi kuchlarga aylana boshlanganligi. Fan va ishlab chiqarish orasidagi o‘zaro aloqadorlik turlicha tarixiy davlarda turlicha bo‘lgan. Masalan, olam haqidagi dastlabki ilmiy bilimlar kishilarning bevosita amaliy faoliyatlaridan, kundalik extiyojlaridan kelib chiqqan. Dastlabki davrlarda fan ishlab chiqarishga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmagan, bu ta’sir juda nari borganda mehnat qurollarini asta-sekin o‘zgarib borishida namoyon bo‘lgan. Uning ustiga nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari ham cheklangan edi. Tabiiy hodisalarni tadqiq qilgan mashhur tabiatshunos faylasuf olim V.I.Vernadskiy o‘z davrida fanning insondan va olimdan chetda mavjud emasligiga alohida e’tiborni qaratgan edi. Ilmiy tafakkur individuallik bilan bir qatorda ijtimoiy hodisa hamdir. U insondan ajralmasdir. “SHaxs eng chuqur abstraksiya holatida ham o‘zi yashaydigan maydondan chiqa olmaydi, - deb qayd etadi olim, – fan real hodisa bo‘lib, insonning o‘zi kabi noosfera bilan chambarchas bog‘liq”215. Binobarin, fan faqat bilim, boyliklar manbai emas. U shunday bir kasb turini namoyish etadiki, unda halollik va xolislik kasbiy axloqning muhim unsurlari ifodalanadi. To‘g‘ri, olimlarni ideallashtirish yaramaydi, chunki, ular orasida ham nopok, xudbin odamlar ham yo‘q emas. SHu bois fanga ijtimoiy hayotning barcha sohalariga beminnat xizmat qiladigan soha deb qaramaslik kerak. Fanda ham hamma narsa uchraydi. SHu ma’noda buyuk Eynshteynning quyidagi so‘zlarini aytganda haq edi: “Fan qasri murakkab qurilmadir. Unga tashrif buyuruvchi odamlarni, bu erga har xil ma’naviy kuchlar boshlab keladi. Ayrimlar fan bilan o‘z intellektual salohiyati, tafakkurining da’vatiga ko‘ra shug‘ullanadi; ular uchun fan to‘laqonli hayot kechirish va o‘z izzat-hurmatini, nafsini qondirishdan lazzatlanish, zavq olishga imkon beruvchi sport hisoblanadi. Bu erda boshqa toifadagilarni xoli ko‘rish mumkin. Ular o‘z tafakkuri mevalarini faqat manfaatdorlik nuqtai nazaridan qurbonlikka keltiradi. Agar Xudo elchisi farishta bu erga kelib, undan mazkur ikki toifaga mansub shaxslarni quvib chiqarganida, fan olami tamomila huvillab qolgan bo‘lur edi”216. SHunday qilib, vazifasi borliq haqidagi bilimlarni tuzish va tizimga solishdan iborat bo‘lgan inson faoliyatining o‘ziga xos sohasi – fan o‘z rivojlanishining hozirgi sharoitida ilmiy bilim ideallari va normalarini tartibga solish va shakllantirishga, uning tuzilishini qadriyatlar, mo‘ljallar va ijtimoiy an’analar bilan boyitishga qodir alohida mexanizmlarga juda muhtoj bo‘lib qolmoqda. Bu vazifani hozirgi bosqichda fanning falsafiy asoslari bajarmoqda. Ular vositasida fan ideallari va normalari haqidagi hozirgi qarashlar, shu jumladan muayyan tarixiy davrning ilmiy bilimlari va madaniyati asoslanmoqda. Download 4.4 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling