O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida
Download 28.35 Kb.
|
05.09.2017
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida Bitim Soliq qonunchiligiga rioya etish masalalari bo‘yicha hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida 2017-yil 5-sentabr, Bishkek LexUZ sharhi Mazkur Bitim O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi PQ-3367-sonli “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan. (O‘zbekiston Respublikasi uchun 2017-yil 26-dekabrdan kuchga kirgan) O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar, Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligi, shuningdek 1996-yil 24-dekabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida foyda va daromadlarga ikki tomonlama soliq solinishiga yo‘l qo‘ymaslik va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashni bartaraf etish to‘g‘risida Bitim qoidalariga amal qilgan holda, soliq qonunchiligiga rioya etish masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlik va o‘zaro yordamning muhimligidan kelib chiqib, soliqqa oid huquqbuzarliklarning oldini olish, aniqlash va ularni bartaraf etish bilan bog‘liq vazifalarni samarali hal etish maqsadida, ushbu masalalarda bir-birlariga keng ko‘lamda ko‘mak ko‘rsatish istagida, quyidagilar to‘g‘risida kelishib oldilar: 1-modda Atamalar ta’rifi Mazkur Bitim maqsadlari uchun qo‘llaniladigan atamalar quyidagilarni anglatadi: “soliq qonunchiligi” — Tomonlar davlatlari hududida soliqlar va majburiy to‘lovlarning turlarini, ularni undirish tartibini belgilovchi hamda soliq huquq va majburiyatlarining paydo bo‘lishi, o‘zgarishi va tugatilishi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar majmuidir; “soliq qonunchiligining buzilishi” — soliq to‘lovchi tomonidan budjet oldidagi majburiyatlarning bajarilmasligida yoxud lozim darajada bajarilmasligida ifodalangan va yuridik javobgarlik belgilangan huquqqa zid harakat yoki harakatsizlik; “vakolatli organlar” — Tomonlar davlatlarining vakolatli soliq organlari: O‘zbekiston tomonidan — O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi; Qirg‘iziston tomonidan — Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati huzuridagi Davlat soliq xizmati. Tomonlar vakolatli organlari qayta tuzilgan yoki ularning rasmiy nomlanishi o‘zgargan holatlarda, ular bu haqda bir-birlariga zudlik bilan yozma ravishda xabar beradilar; “ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rov” — soliq qonunchiligiga rioya qilish va ushbu sohadagi huquqbuzarliklar masalalarida ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rov; “so‘rayotgan vakolatli organ” — Tomonlar davlatlarining ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risida so‘rov yuboruvchi vakolatli organi; “so‘ralayotgan vakolatli organ” — Tomonlar davlatlarining ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rovni qabul qiluvchi vakolatli organi. 2-modda Mazkur Bitimning qo‘llanilish sohasi Tomonlar o‘z davlatlari soliq qonunchiligining lozim darajada bajarilishini ta’minlash maqsadida, o‘zlarining vakolatli organlari orqali bir-birlariga quyidagilarda o‘zaro ko‘mak ko‘rsatadilar: Tomonlar davlatlarining soliq qonunchiligi buzilishining oldini olish va uni bartaraf etish; yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan Tomonlar davlatlarining soliq qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan axborotlarni taqdim etish; so‘rov bo‘yicha yoki tashabbus ko‘rsatish tartibida milliy soliq tizimlari va soliq qonunchiligidagi joriy o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish; soliq organlari ishini ta’minlovchi kompyuter tizimlarini tajriba almashish yo‘li bilan yaratish va ishlatish; soliq to‘lovchilari va soliq organlari bilan ishlashda tajriba almashish orqali ishlarni tashkil etish, shu jumladan soliq qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlash bo‘yicha uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqish; kadrlarni o‘qitish sohasida; birgalikdagi harakatlarni talab etuvchi boshqa masalalar bo‘yicha. 3-modda Ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rovning shakli va mazmuni Ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rov rasmiy yozma ko‘rinishda uning ko‘rib chiqilishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlar ilova qilingan holda yuboriladi. Favqulodda vaziyatda ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rov keyinchalik 30 kun muddatda yozma shaklda tasdiqlash sharti bilan og‘zaki shaklda qilinishi mumkin. Ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rov o‘z ichiga quyidagilarni olishi lozim: so‘rayotgan vakolatli organ nomi; so‘ralayotgan vakolatli organ nomi; berilayotgan so‘rovdagi soliq to‘lovchining rekvizitlari: soliq to‘lovchining nomi (familiya, ismi, sharifi), manzili (joylashgan yoki yashash joyi) va identifikatsion raqami; so‘rovning mohiyati va asoslari; Tomonlarning soliq qonunchiligiga asosan aniq majburiyatlar tavsifi; huquqbuzarlikni tasniflash; shuningdek, so‘rovning ijrosi uchun lozim bo‘lgan boshqa ma’lumotlar. Ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rov va unga javob rus tilida tuziladi. 4-modda Ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rovni ijro etish tartibi Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari bir-birlariga Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga va mazkur Bitim qoidalariga muvofiq o‘zlarining vakolatlari doirasida yordam ko‘rsatadilar. So‘rov ijro uchun zudlik bilan qabul qilinadi. Agar so‘ralayotgan vakolatli organ so‘rovni ijro etish uchun oydinlik kiritish lozim bo‘lsa qo‘shimcha ma’lumotlar so‘rashi mumkin. So‘rovni ijro etishning imkoni bo‘lmaganda so‘ralayotgan vakolatli organ so‘rayotgan vakolatli organni zudlik bilan xabardor qiladi. Agar ko‘maklashish to‘g‘risidagi so‘rovning bajarilishi so‘ralayotgan vakolatli organ davlatining milliy suverenitetiga yoki xavfsizligiga ziyon yetkazsa yoki ushbu davlatning milliy qonunchiligiga, xalqaro majburiyatlariga va manfaatlariga zid bo‘lsa, shuningdek ushbu davlat fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarining buzilishiga olib kelsa ko‘maklashish to‘g‘risidagi so‘rovning bajarilishi to‘liq yoki qisman rad etilishi mumkin. Ko‘maklashish to‘g‘risidagi so‘rovning bajarilishini to‘liq yoki qisman rad etish yoki uning bajarilishini kechiktirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan holda, so‘ralayotgan vakolatli organ 10 ish kuni ichida bu haqda bunday qaror sabablarini ko‘rsatgan holda so‘rayotgan vakolatli organni xabardor qiladi. So‘ralayotgan vakolatli organ uning davlati hududida ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rov bajarilishi bilan bog‘liq barcha xarajatlarni qoplaydi. 5-modda Taqdim etiladigan ma’lumotning mazmuni Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari o‘z tashabbusi yoki ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rov bo‘yicha quyidagilarga oid ma’lumotlarni taqdim etadilar: tashkilotlar, ularning filiallari va vakolatxonalarini ro‘yxatga olish, jumladan joylashgan joyi, bo‘ysunishi, mulkchilik shakli haqida ma’lumot; jismoniy shaxslar, shuningdek ularning joylashgan joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hisobini; agar ushbu ma’lumotlarni taqdim qilish Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga zid bo‘lmasa, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan davlat va tijorat banklarida hisob raqamlarining ochilishi, shuningdek ularda pul mablag‘larining mavjudligi va aylanishini; tegishli ma’lumotlarni taqdim qilgan Tomon davlati hududida yuridik va jismoniy shaxslarning barcha turdagi soliq solish obyektlari, shuningdek to‘langan soliq summalari yoki soliqqa tortish bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni. 6-modda Hujjat va boshqa materiallarni taqdim etish Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari bir-birlariga ko‘maklashish to‘g‘risidagi so‘rovga asosan normativ-huquqiy hujjatlarni, yuridik va jismoniy shaxslarni soliqqa tortishga aloqador hujjatlarning tasdiqlangan nusxalarini, shuningdek soliqqa oid huquqbuzarlik masalalariga aloqador tegishli hujjatlarni taqdim etadilar. Nusxalar vakolatli shaxsning imzosi va so‘ralayotgan vakolatli organning muhri bilan tasdiqlanadi. Tekshiruv uchun tasdiqlangan nusxalar yetarli bo‘lmagan hollarda, hujjatlarning asl nusxalari va boshqa materiallar talab qilinishi mumkin. Berilayotgan hujjatlarning asl nusxalari va boshqa materiallar kelishilgan muddatlarda qaytarilishi lozim. Zarur hollarda, bir Tomon davlatining vakolatli organi o‘z davlatining milliy qonunchiligiga asosan boshqa davlat hududida soliq solish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslarning lozim bo‘lgan hujjatlarini tasdiqlaydi. 7-modda Maxfiylikka rioya qilish Muayyan soliq to‘lovchilarga taalluqli ma’lumotlar maxfiy hisoblanadi va tegishli axborotlarni taqdim qilgan Tomon davlatining milliy qonunchiligiga muvofiq hamda so‘ralayotgan vakolatli organning talabiga binoan himoya rejimi bilan ta’minlanadi. Olingan ma’lumotlar Tomonlar tarafidan faqatgina mazkur Bitimda nazarda tutilgan maqsadlarda, shu jumladan, ma’muriy yoki sud ishlarida foydalanilishi mumkin. Olingan ma’lumotni faqat axborot taqdim qilgan Tomonning yozma ravishdagi roziligi bilan boshqa maqsadlarda foydalanish yoki uchinchi tomonga taqdim qilish mumkin. 8-modda Bitimning ijro etilishi Tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik va o‘zaro yordamning aniq shakllari va usullari Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tomonidan tayinlangan mansabdor shaxslarning to‘g‘ridan to‘g‘rialoqalari orqali aniqlanadi va amalga oshiriladi. Bu maqsadda vakolatli soliq organlari mansabdor shaxslarni belgilaydilar va ular to‘g‘risida bir-birlarini xabardor qiladilar. Mazkur Bitimni talqin qilishda hamda amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar va kelishmovchiliklar Tomonlar o‘rtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal qilinadi. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari zaruriyat bo‘lganda mazkur Bitimning qanday bajarilayotganligini baholash yoki unga o‘zgartishlar kiritish maqsadga muvofiqligi masalasida maslahatlashuvlar o‘tkazadilar. Bunday maslahatlashuvlar muddati Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tomonidan qo‘shimcha ravishda belgilanadi. Mazkur Bitim O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlariga daxl qilmaydi. 9-modda O‘zgartish va qo‘shimchalar Tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra mazkur Bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin, ular mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblangan va mazkur Bitimning 10-moddasiga binoan kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi. 10-modda Bitimning kuchga kirishi va amal qilishining tugatilishi Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun lozim bo‘lgan ichki davlat protseduralarini Tomonlar bajarganliklari to‘g‘risidagi diplomatik kanallar orqali so‘nggi yozma xabarnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi. Mazkur Bitim 5 (besh) yil muddatga tuziladi. Agar Tomonlardan biri o‘zining mazkur Bitimni bekor qilish niyati to‘g‘risida tegishli muddat tugashidan kamida olti oy avval yozma shaklda xabardor qilmasa, mazkur Bitimning amal qilish muddati o‘z- o‘zidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayaveradi. Bishkek shahrida 2017-yil 5-sentabrda ikki asl nusxada o‘zbek, qirg‘iz va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil yuridik kuchga egadir. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda rus tilidagi matndan foydalaniladi. (imzolar) Download 28.35 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling